www.ziyouz.com
kutubxonasi
133
Otabek qaytib o‘lturmadi va havlining o‘rtasidan turib uzr aytdi:
— Rahmat, usta, men bu kun oshig‘ich yurib, erta-lab jo‘nab ketgan yuklarning
ketidan yetib olmasam bo‘l-maydir.
— Oshni tashlab ketsangiz xafa bo‘laman, qirqqa chidagan qirq biriga ham chiday
oladir.
— O‘lturing-o‘lturing, mehmon, — dedi usta Farfi.— Oshg‘a savzi bosildi — pishdi!
— Men ustaning oshini birinchi martaba yeb yot-qanim yo‘q, agar savdogarchilik
omon bo‘lsa, har o‘n besh kunda bir kelib ustaning jonig‘a ham tegaman, — dedi Otabek
va boqchag‘a qarab yuriy berdi.
Usta Alim oshg‘a savzi bosish bilan ovora edi:
— Men sizni zo‘rlamayman, lekin yo‘l ustida qorningiz ochib qolsa, o‘zingizdan
o‘pkalang, — dedi.
Otabek maydonda otini supirib egarlar ekan, maydonning g‘arbidagi xaroba uyning
devoridan bir bosh ko‘tarilib munga qarab turar edi. Mundan uning xabari bormidi,
yo‘qmi, lekin ul bu tomong‘a qaramasdan otini egarlash bilan mashg‘ul edi. Ul egarlanib
bo‘ling‘an otini havlig‘a qarab yetaklay boshlag‘anda, havliga qarab turg‘an bosh ham
devordan quyig‘a tushib yo‘qoldi. Ul otini havlining o‘rtasig‘a qantarib qo‘yib ayvondag‘i
xurjun va po‘stunini olar ekan, usta Farfi bilan xayrlashdi. Otni Sayfi yetaklagani holda
usta Alim Otabekni ko‘chaga uzatib chiqdi va uning qo‘ltug‘idan olib otka mindirar ekan,
o‘pkalash ohangida dedi:
— Oshni tashlab ketkaningizni unutmang, bek.
Otabek egarga o‘lturib olg‘ach so‘radi:
— Xafa bo‘ldingizmi?
— Nega xafa bo‘layin, ammo yo‘lda ochiqib qo-lishingiz uchun sizga achinayotibman.
— Tayyor oshni tashlab ketib, yo‘lda ochliqdan qiynalishimni o‘zim ham tushunib
turibman, usta, — dedi Otabek va, — biroq tuyakashlar bilan Andijonda bu kunga
uchrashish uchun va’dalashkan edim, ularga yetib olib yo‘l xarajatlar uchun bir oz aqcha
bermasam, ya’ni o‘z rohatimni ko‘zlab sizni oshingizni kutib qolsam, besh kishini ko‘ra-
bila turib och qo‘yg‘an bo‘laman.
Usta Alim otning jilovidan qo‘lini olib so‘radi:
— Andijon o‘tkan kezlaringizda yo‘l ustidan kirib turishka va’da berasizmi?
— Bo‘lmasa-chi, — dedi Otabek, — shu o‘n besh kunning ichida sakkiz tepki atlasdan
loaqal ikki ko‘ra yig‘ib qo‘yingiz, yodingizdan chiqarmangiz!
— Yodimda bor, xotirjam’ bo‘lingiz!
— Xayr, xo‘sh!
— Yaxshi qol, Sayfi!
Saman yo‘rg‘a yo‘lga tushdi, chovig‘a odatdan tashqari bir-ikki qayta kelib tushkan
achchig‘ qamchi zarbi bilan bir onda ko‘zdan g‘oyib bo‘lib ketdi. Otabekni uzoqlatib usta
Alim uyga kirgan ham edi, Jannat opaning eshigi ochildi-da, Sodiq ot yetaklagan holda
chiqib keldi. Ul otqa minar ekan, eshik ichida ko‘ringan Homid — «tezroq!» — degan
amrni berdi. Sodiq ham Otabek izicha otini haydab yubordi...
Usta Alim Otabekni kuzatib kelib, ayvon peshonasiga o‘lturar ekan:
— Tabi’ati juda qiziq yigit-da, — deb qo‘ydi.
Usta Farfi so‘radi:
— Bu yigit bilan qanday oshnalig‘ingiz bor?
— Men sizga o‘zog‘i yili bir yigitning Homidning darbozasida adashib yurganligini va
men bilan birga havlig‘a kelib bir kun yotib ketkanligini so‘zlab edim shekillik?
— Ha, ha, hali o‘sha yigit shumi?
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
Do'stlaringiz bilan baham: |