www.ziyouz.com
kutubxonasi
128
istiqboli uchun o‘rnidan turdi: «Eyy, usta Farfi, keling-keling, bormisiz!» dedi. Usta Farfi
salom berib, usta Alim bilan ko‘rishdi. Otabek ko‘rishishga hozirlanmagan ham edi,
ammo kelguchining o‘zi qo‘l uzatdida, «salomatmisiz, mehmon» deb ko‘rishib oldi.
Ayvong‘a o‘lturgach, fotiha o‘quldi. Usta Alim kelguchini xush omadi qilar ekan:
— Siz ham kelar ekansiz-a, usta Farfi, — deb pi-ching otib qo‘ydi. Sog‘u salomatlik
so‘ralib bo‘ling‘andan so‘ng usta Farfi qarshidag‘i yangi qurilg‘an to‘quv do‘konlariga
ishorat qilib dedi:
— Ishlar katta-ku, usta. Do‘konlarni ham qurib yuboribsiz.
— Do‘konni qurg‘animizg‘a endi o‘n besh kuncha bo‘lib qoldi. Fotiha o‘qishg‘a
kelarmisiz, deb kutdim, shu choqg‘acha daragingiz bo‘lmadi.
— O‘zingizning boshingizdan o‘tkan, usta, — dedi biravning kafilini olg‘andan so‘ng
ishni tashlab chiqish qiyin, jum’aning sharofatlari bilan oshna-og‘aynilarnikiga borilmasa
boshqa iloji yo‘q, axir o‘zingizning ham boshingizdan o‘tkan-ku.
— Yo‘q-yo‘q, — deb kuldi usta Alim, — men sizga o‘xshab do‘konning ustida sira
tuxum bosqan emasman, simkorni ko‘zim qiymaydir desangiz, men ishonar edim.
— Bu gapingiz to‘g‘ri, — dedi kulib usta Farfi, — jo‘jalari tushkir yildan-yilga ko‘payib
boradirlar, qozonni suvga tashlag‘an kunimiz janjal.
Usta Alim dasturxon yozish uchun hujrasiga kirganda usta Farfi Otabekka qaradi.
— Sizniki qayerdan, mehmon?
— Toshkanddan.
— Juda yaxshi, qani yuqoriga chiqing, mehmon, — dedi. Otabek rahmat aytib joyidan
qo‘zg‘almadi. Usta Farfi uni yana bir qat ko‘zdan kechirib olg‘ach, cho‘k-kalashini buzib
chordana qurib oldi. Dasturxon yozilib, ertangi nonishta uchun damlab qo‘yilg‘an choy
olinib kelindi. Usta Alim Shokirbekni yuqorig‘a chiqishg‘a qistasa ham ul kavshini
yeshmay eskicha o‘ltura berdi. Un-dan-bundan so‘zlashib choy ichishka boshladilar. Usta
Alim bilan usta Farfining so‘zlaridan ilgarida bir ustakor-nikida ishlaganliklari, mundan
yigirma kunlar burun usta Alimning ustakor bilan nima uchundir urishkanligi va shundan
so‘ng o‘z uyiga do‘kon qurib o‘zicha ishlay boshlag‘anlig‘i onglashilar edi. Usta Farfi
undan achchig‘lanish sababini so‘rasa ham ul qanoatlandirarlik javob bermas, faqat
«yomon odam ekan, to‘ng‘iz» bilan kifoyalanar edi. Shu vaqt Otabek qo‘lidag‘i piyolasini
bo‘shatdi-da, usta Alimga dedi:
— Endi menga ruxsat berasiz, usta. Men jo‘nayman.
Usta Alim ajabsinib unga qaradi va:
— Nega tag‘in ketmakchi bo‘lib qoldingiz? Uch-to‘rt kun turmoqchi emasmi edingiz? —
deb so‘radi.
— Marg‘ilondag‘i ishlarim bitib qoldi, o‘zim ham zerikib boshladim...
— Bo‘lmasa choy tugalsin, shundan so‘ng sizga ruxsat,— dedi usta Alim va bir piyola
choy to‘ldirib berdi. Otabekning izn so‘rashi bilan bo‘linib qolg‘an savolini usta Farfi
davom etdirdi:
— To‘g‘risini aytingiz-chi, usta, nima uchun ustakor bilan achig‘lashdingiz?
— U sizga aniq aytmadimi?
— Aytmadi. So‘rasam, gapni boshqa tarafka chalg‘i-tadi.
— Imonsiz, aytishka uyalg‘an, — dedi usta Alim va kimgadir nafratlanib qarag‘andek
bujmayib qo‘ydi.
— Haytovur siz bilan achchig‘lashqan sababini so‘ra-sam, gapni chetka buradi.
Usta Alim qo‘lidag‘i piyolasini qult etib bo‘shatdi-da, ustakori bilan achchig‘lashish
sababini so‘zlab berdi:
— Men Homidning qaynim Sayfiga yomon ko‘z bilan qarab yurganini sal-pal sezib
yurar edim... Urisha-turg‘on kunimizning ertalabida Sayfini ilgariroq ishka jo‘natdim-da,
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
Do'stlaringiz bilan baham: |