www.ziyouz.com
kutubxonasi
42
— Bunda zo‘r tuhmat bor, taqsir, — dedi, — otamni qipchoq dushmani va meni
Marg‘ilon og‘aynilarini isyonga hozirlash uchun kelgan, deb o‘ylaysizmi?
— O‘ylamaymiz, ammo yaxshi bilamiz. Qutidorning sizga nima uchun qizini berib,
kuyav qilg‘anig‘a ham yaxshi tushunamiz.
Qutidor suratdek qotib qoldi, Otabek bo‘lsa o‘zidagi hayajonni kuch hol bilan
tarqatishg‘a tirishar edi. Qushbegi bilan qo‘rboshi bu ikki gunohkorni ta’qib etar, ulardagi
har bir harakatni o‘zlaricha bir narsaga yo‘yar edilar.
Uch-to‘rt daqiqalik sukutdan keyin Otabek tilga keldi:
— Biz bu daqiqada sizning fikringizcha go‘yo bir ig‘vogar, go‘yo bir isyonchi bo‘lib
tanilib turibmiz, — dedi bek, — chindan ham shundog‘ kishilarmizmi, yo‘qmi, buni
albatta sizning tekshirishlaringiz, haqiqat-laringiz ko‘rsatar. Men sizning qilichingiz ostida
o‘lim-dan qo‘rqib yoki sizga xushomad uchun so‘zlamay hukumat kishilarimiz orasida
tushunadirg‘an bir odam bo‘lg‘anlig‘ingiz vajidan otamning ham o‘zimning qanday fikr va
maslak kishisi ekanligimizni aytib o‘tmakchi bo‘laman: biz na qipchoqlarg‘a tarafdor bir
kishi va na shaharlik og‘aynilarg‘a. Bu ikki firqa bizning nazari-mizda bir-birisidan
mumtoz, idora ishida biri-biridan ortiqroq xalqlar emasdir. Shunga binoan Turkiston
xalqlarining istiqbollarini bu ikki firqaning bittasiga havola qilish baayni qo‘yni bo‘riga
topshirish qabilida bo‘ladir. Nega desangiz, har ikki tomonning ish boshig‘a intilgan
kishilarining ko‘kragiga qo‘l solib ko‘rsangiz, birisining faqat el talamoq, boyliq
ortdirmoqqag‘ina bo‘lg‘an g‘arazini, ikkinchisining ko‘rkli xotinlar, yuqori turmishlar
uchun bo‘lg‘an maqsadinig‘ina ko‘rib, ikki oradan «elni tinchitay, el ham rohat-tirikchilik
qilsin» degan uchunchi bir oliy maqsadni charog‘ yoqib axtarsangiz ham topolmassiz.
Mana biz, taqsir, shu keyingi ishda ko‘rilmasa ham faqat shirin xayollardagina yurgan
oliy firqag‘a o‘zimizda tarafdorlik his etamiz. Otamning Azizbekka yaqin turishi qipchoq
dushmani, qora chopon tarafdori bo‘lg‘anidan emas, balki boyag‘i maslakka bir xizmat
qilmoq uchundir. Taassufki, otam-ning Azizbekdan bo‘lg‘an umidi bo‘shka ketdi: bu kun
ul o‘zining yaramas xayoli yo‘lida xondan yuz o‘girdi va bu orada qancha gunohsizning
qoni to‘kilishiga sabab bo‘lmoqdadir. Manim bu so‘zlarimga ishoning-ishonmang, ixtiyor
albatta sizdadir. Ammo bundog‘ eng jo‘n bo‘hton bilan qoralanishimg‘a vijdonim
qarshisida so‘ng daraja muazzabman, taqsir!
Qushbegi Otabekning bu gaplaridan yaxshig‘ina taraddudga tushkan edi, ammo —
«Azizbekning otalig‘i va kengashchisi» bo‘lg‘an Yusufbek hojining o‘g‘li bo‘lishi uning
miyasini qotirg‘an, balki, bu gaplar shunday ehtimollarga qarshi dastur qilib berilgan
bo‘lmasin, degan fikrga kelgan edi. Otabekning yuqoridag‘i gapla-ridan so‘ng bo‘lg‘an
undagi o‘zgarish ham faqat bu ishni yaxshilab tekshirish va hozirdan bir hukm
bermaslikkina bo‘ldi.
— Har holda sizning yaxshi niyatlik kishilar bo‘lmag‘anlig‘ingiz ko‘zimiz o‘ngidadir, —
dedi qushbegi,— shuning uchun to haqiqat oshkor bo‘lg‘unchalik har ikkingiz zindonda
qolarsiz.
Otabek bir so‘z aytmay sukut qildi. Qutidor «chora yo‘qmi?» degandek qilib kuyaviga
qaradi. Qushbegining ishorati bilan yigitlar hozir bo‘lib, gunohkorlar zindonga
jo‘natildilar. Qushbegining — «Ertaga uyida majlis qurilg‘anlarni va bu majlisda ishtirok
qilg‘an boshqalarni ham qo‘lg‘a olib, huzurimga keltiringiz!» degan amridan so‘ng
qo‘rboshi ham ruxsat olib chiqdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |