www.ziyouz.com
kutubxonasi
48
— O‘shanga hozir bo‘lmoq kerak.
— Davlatlari yori bersa, albatta bizning muddao ham shunda...
Azizbek o‘z og‘zi bilan mudofi’larga «Men sizlardan rozi!» deb qichqirdi va
mudofi’larning qiy-chuv duolari ostida sipohlari bilan Samarqand darbozasiga tomon
harakat qildi.
Bu kun Azizbek g‘olibiyat daldasida qo‘rg‘onlardan bir aylanib chiqmoqchi edi.
Shuning uchun Samarqand darbozasidan o‘tib qo‘rg‘on osti bilan Chaqarg‘a qarab
yurishdilar. Qo‘rg‘on Chaqarning chuqur jarlik arig‘ig‘a taqalib tugalar edi. Chaqar suvi
ustiga qo‘rg‘on tiklash mumkin bo‘lmay, jarning usti qo‘rg‘ondan tabi’iy bo‘sh edi. Ammo
jarning narigi tomoni bir tepadan iborat bo‘lib, janub biqini ma’lum Chaqar suvi bilan,
g‘arbi Bo‘z suv va Ko‘kcha arig‘i bilan o‘ralg‘an burun kabi bu tepa qo‘rg‘onsiz ham
dushmanning hujumiga o‘ngg‘aysiz edi. Tepa ustida sipoh turishi uchun bir necha binolar
soling‘an, janubi-g‘arbig‘a qaratib bir, g‘arbg‘a qaratib bir va shimoli-g‘arbig‘a qaratib
yana bir; barisi uchta to‘p qo‘yilg‘an edi. Bu tepa ustida doimiy to‘pchi va qorovullar
turar edilar.
Azizbek sipohlari ila jarga tushdi va suv kechib haligi tepaga yuzlandi. To‘pchi,
qorovullar ko‘zdan kechi-rilib, ularga bir necha tangadan in’om berildi. Shundan keyin
tepaning kun chiqishig‘a qarab qaytdilar. Chunki tepaning boshqa tomonlari yuqorida
aytilgandek bir necha terak bo‘yi jarlik bo‘lg‘anliqdan Ko‘kcha darbozasiga o‘tish uchun
Suzuk ota mozori yaqini bilan Ko‘kcha arig‘ig‘a tushilar va undan keyin Ko‘kcha
qo‘rg‘onlarig‘a qaytib kelinur edi.
Ko‘kcha qo‘rg‘onlari qo‘rug‘ida anovi qo‘rg‘onlarni-kidek mudofi’lar ko‘b bo‘lmasa
ham, yo‘q ham emas edilar. Hudaychi Azizbekdan ilgariroqda qo‘riqchilarni ogohlantirib
borar, miltiq, shashvar tutkan yosh va keksa muhofizlar uni salomlab qarshi olar edilar
va Azizbekning «Rahmat fuqarolarim!» so‘zini eshitib yaxshig‘ina talta-yishib qolar
edilar. Shu ravishda Ko‘kcha, Chig‘atoy, Sag‘bon, Qorasaroy, Taxtapul, Labzax
darbozalarini o‘tib, eng keyin Qashqar darbozasiga yetdilar. Qashqar darbozasi o‘rdaga
yaqin bo‘lg‘ani uchun munda muhofiz va sipohlar talayg‘ina bor edilar. Ularning
salomlariga ko‘milib, Azizbek Qashqar darbozasining muyushiga yetkan ham edi,
tashqaridan kimningdir darbozani oshig‘ich taq-taq urgani eshitilib, Azizbekning oti
hurkibmi, qo‘rqibmi ketiga burulib to‘xtadi. Boshqalar ham to‘xtashg‘a majbur bo‘ldilar.
Azizbek qarshisida qo‘l bog‘lab turg‘an darboza begig‘a baqirdi:
— Nega qarab turasan, darboza ustiga chiq, kim ekan u it?! Darboza begi yugurib
qo‘rg‘on devoriga chiqdi:
— Taqsir, bir chol!
— Darbozangni ochib, ichkariga ol! — dedi Azizbek. Darboza ochildi. Tashqaridan
saman otini yetaklab Hasanali kirdida, kutilmagan ish ustidan chiqg‘ani uchun qo‘rqib,
Azizbekka salom berdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |