www.ziyouz.com
kutubxonasi
175
— Qaysi uyni bo‘shatdirsaq ekan? — deb so‘radi va javob kutmasdan, — qudalaringni
nima bilan kutishni bo‘lsa o‘zing bilasan: tuya so‘yib chorlag‘aningda ham kelmaydirgan
kishilar, — dedi.
O‘zbek oyimning miyasi aynadimi yoki o‘zi aytgan sihirchi hindining duosi asar qildimi,
har nuchuk uch yillik adovatlar va kina-kuduratlar barchasi ham allaqa-yoqg‘a qarab
uchib ketdilar va ularning o‘rnini «ikki kelinlik bo‘lish» masalasi kelib oldi. Uzoq-yaqin
xotinlarning «Hoy, O‘zbek oyimning marg‘ilonliq kelini ham kelibdur, xuddi to‘tining
bolasi emish. Yuringlar, bir ko‘raylik», degan so‘zlari eshitilgandek bo‘ldi. Shu
chog‘qacha Zaynabka yalinib, yalpog‘lanib kun ko‘rib kelgan bo‘lsa, mundan so‘ng bir
qo‘sha kelinni o‘zining oyog‘lari ostida yalinib yurgan holda ko‘rdi.
— Har nima bo‘lganda ham tegi nozik,— dedi oyim,— izzati uchun shu uyimizni
bo‘shatib beramizmi?
— O‘zing bilasan.
— Biz to‘rdagi uyga ko‘chib o‘tsak ham bo‘ladir. Axir tegi nozik..
Uch yillik kina va adovat o‘rnida nihoyatda oliy marhamat va mehribonchilik kelib
o‘lturgan edi. Uch yillik emas, uch daqiqalik o‘zgarishdan O‘zbek oyimning yuzi qizarmas
va qizarishni ham bilmas, hatto o‘g‘ul-qiz o‘sdirishni bilmaguchi Yusufbek hojidan
allaqancha yuqorilarda yurar edi. Yusufbek hoji esa xotinidagi bu kulgulik o‘zgarish
uchun ajablanmadi va kulmadi, chunki bu kulki tabi’atka molik bo‘lgan xotin bilan endi
o‘ttuz besh yillab birga yashar edi.
O‘zbek oyimni shu holga keltirgandan keyin undan so‘rab qo‘ydi:
— Zaynabka ham bu xabarni yotig‘i bilan aytib qo‘yamizmi?
— Siz bilan men bir ishni muvofiq ko‘rganimizdan keyin Zaynabka chikora, — dedi
O‘zbek oyim. Mundan uch daqiqa ilgari saodati uchun tirishilgan orzuliq Zaynabning
oqibati ham shu bo‘lib qolg‘an edi.
— Gap unda emas, — dedi hoji, — umr, murosa degan gaplar bor, ayniqsa kundashlik
ishi qiyin, kosa kosaga tekkanda g‘idi-g‘idi gaplar ko‘paysa, bizga emas, o‘g‘lingga ham
tatimay qoladir.
— Chaqir deysizmi?
— Chaqir.
O‘zbek oyim Zaynab bilan Otabekning kutilmagan ravishda ochilib so‘zlashib
o‘lturganlari ustidan chiqdi.
— O‘g‘ul-qizning kengashimi?
Otabek kulimsirab Zaynabka qaradi, Zaynab esa tuzatinib o‘rnidan turdi va qayin
onasiga joy ko‘rsatib:
— Shunaqag‘a o‘xshaydir, oyi. O‘g‘ul-qizning kengashi xudda shu kunga yig‘ilib
qolg‘an ekan, — dedi va kulimsirab eriga qaradi.
O‘zbek oyim o‘lturmadi va uni-buni surishtirib, o‘ylab turmadi:
— Ikkalasiga bir pardan ko‘ylaklik ol! Birini past, birini baland qilma, bu xotining
bo‘lg‘anda ul ham ko‘z ochib ko‘rganing... Zaynab, sen men bilan jurchi, hoji otang
chaqiryaptilar, — dedi.
Tomdan tarasha tushkandek qilib so‘zlangan yuqo-ridag‘i gaplarga boshda ularning
ikkavi ham tushunmadi. Ammo bir ozdan so‘ng Otabek aytilgan telva-teskari so‘zlarning
ma’nosini onglab oldi, onasining nima bo‘lsa ham Marg‘ilon tarafka og‘ishqanini va
o‘zining kuchlik bir dushmandan qutilayozganini bilib Zaynabni nima uchun
chaqirilg‘anini ham payqadi. Zaynab esa bir nar-sa tushunmagan holda qayin onasi bilan
chiqdi.
Qayin ona, kelin qarshisig‘a kelib o‘lturishkandan keyin, hoji Zaynabka qarab oldi.
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
Do'stlaringiz bilan baham: |