www.ziyouz.com
kutubxonasi
181
so‘ng hammaning ko‘zi ittifoq qilg‘andek Kumushka tushdi. Kumush uyalib yerga qaradi.
Bir necha vaqt jim qolishib Mohira oyim Oftob oyimdan so‘radi:
— Marg‘ilondan yetib kelguncha ham juda bir yerga yetkandirsizlar?
— Uncha charchag‘animiz yo‘q, — dedi Oftob oyim,— o‘zi Marg‘ilondan
Toshkandgacha arava yo‘li o‘n kunlik ekan, biz charchamayliq, deb sekin-sekin o‘n ikki
kunda keldik.
— Yo‘l loydir? — deb so‘radi Mahinabonu.
— Loy emas, — dedi Oftob oyim, — yo‘l juda yaxshi ekan — ikki yoqda ko‘m-ko‘k
maysa, qirlarda lolalar, yo‘lning juda ham tomosha vaqti ekan.
So‘z navbati O‘zbek oyimg‘a keldi:
— Kelmaganlaringizda Otabekni endi sira ham yubormasliqqa qaror qo‘yg‘an edim, —
dedi, — booo xudo, o‘g‘lim, uch yildan beri oy sayin Marg‘ilong‘a qatnab zerikmadingmi,
endi ular ham kelsin axir, deb yo‘ldan to‘xtatqan edim.
Kumush Otabek ismini eshitkach, sekingina ko‘tari-lib qo‘ydi. Oftob oyim Hasanalidan
hamma sirni o‘rganib olg‘an, shuning uchun O‘zbek oyimning dovdirashiga tushundi:
— Yuzimizga solmasangiz ham juda uyatlik bo‘l-g‘anmiz, — dedi.
Zaynab dasturxon ko‘tarib kirdi va mehmonlarga «Xush kelibsiz» aytkandan so‘ng
dasturxonni yozdi. Dahlizdan — Oybodoq qo‘lidan yasalg‘an barkashlarni olar ekan, bir-
ikki qayta yer ostidan Kumushka ko‘z yubordi va Kumushning ko‘zi ham uning keyingi
qarashida to‘qnashib oldi. Barkashlar qo‘yilib bo‘ldi. Oybodoq to‘rt choydish choyni mis
tekligi bilan kirgu-zib berdi. Zaynab choydishlar yoniga mehmonlarga choy quyish uchun
o‘ltirdi. O‘zbek oyim chiqib borg‘an Oybodoqni to‘xtatib so‘radi:
— Qassob kelganmikin?
— Boya kelgan edi. Oyimlardin fotiha olib bersangiz, qo‘yni chiqarib berar edim.
O‘zbek oyim qudachasig‘a qaradi:
— Fotiha berasizmi, quda!
Oftob oyim Mohira oyimg‘a qaradi.
— Fotiha beringiz, oyi!
— Qo‘y sizga atalg‘an, — dedi Mohira oyim. — Fotiha berish sizning haqqingiz, biz
bo‘lsaq fotihani ko‘b berganmiz...
O‘zbek oyim ham «siz bering» degandek qilib Oftob oyimg‘a imladi. Oftob oyim
uyalinqirab fotiha berdi. Oybodoq chiqg‘andan keyin dasturxonga qaradilar va «oling-
oling» bilan bir-birlarini qistasha boshladilar. Boyag‘idek ko‘bchilikning ko‘zi Kumushda
edi. Ayniqsa O‘zbek oyim suqlanib unga qarar va tomoqqa qistar edi:
— Ol bolam, ol! Men tomoqdan uyalaturg‘an kishini yomon ko‘raman. Yoki eshikdan
kirishingdanoq sansi-ray boshlag‘anim uchun xafa bo‘ldingmi?
— Xafa bo‘lish emas, so‘yindim, — dedi Kumush va dasturxondan cho‘qindi.
Oftob oyim:
— Sansirashingiz uch yildan beri Kumushni bolam, deb yurganingizni bizga ochiq
onglatdi. Ayniqsa men buning uchun sizdan minnatdorman.
Karima otin:
— Kishi o‘z bolasini sansiraydir, begonani ham sansirasin-chi.
Zaynab:
— Meni ham chimildiqdan chiqishim bilanoq sansi-ragan edilar...
O‘zbek oyim:
— Men yaqin ko‘rgan kishimni sizsiray olmayman.— deb maxtang‘an sumol bo‘lib oldi,
— hoy Kumush, ol, jilla qurisa anuv varaqidan bir-ikkita ye, yuraging uzilg‘andir.
Kumush uzr aytdi:
— Charchadim shekillik, — dedi, — ishtihom bo‘g‘il-g‘ang‘a o‘xshaydir...
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
Do'stlaringiz bilan baham: |