www.ziyouz.com
kutubxonasi
172
gunoh, sizdan — kechirish. O‘tkan ishga salavot. Chunki shu ikki yil ichida kechirgan
qora kunlarni eska olish manim uchun o‘sha kunlarni qaytadan boshdan kechirishlik
singari, ul kunlarni siz unuting, unutmang, ammo men unutdim. Shuning uchun so‘zimni
o‘zimni oxirg‘i, ham chin baxt islari hidlagan tariximdan boshlayman.
Siz — qochoqsiz, nari-beri til uchida menga bir narsa yozg‘andek bo‘lib qochqansiz,
ikki yil bo‘ldi Marg‘ilon kelib yurishlaringizni men o‘zimcha yeshdim, lekin topib yeshdim:
sizning barcha mashaqqatlaringiz — dushmanlaringizdan o‘ch olish uchun bo‘lg‘anini
ongladim. Yo‘qsa, meni ko‘rar edingiz, ko‘rgingiz kelmaganda ham boshqalar sizni ko‘rar
edilar, to‘yar edilar... Men kabi baxtsiz, men kabi g‘ovg‘asi ko‘b sizni zeriktirib, jondan
to‘ydirg‘an bo‘lsa ajab emaski, qocha boshlag‘ansiz... Qochsangiz qochib ko‘ringiz,
ammo men bu kundan boshlab biravlarni quvishqa bel bog‘ladim: otam bilan onam ra-
foqatlarida xizmatingizg‘a — cho‘riliqingizg‘a erta-indin yuraman, suyganingiz kundoshim
oldida qadru-qiymatimning nima bo‘lishini ham bilaman... Siz olijanobsiz: eski
qadrdonliq hurmatiga ko‘ngil uchun kulib boqarsiz... Loaqal shugina bilan ham baxtsizni
mas’uda qilarsiz. Ammo... suyganingiz — kenjangizning jerkishlaridan, qarg‘inishlaridan
behad qo‘rqaman, o‘zimda yo‘q qo‘rqaman. Shu yaqin oradag‘i uning bilan bo‘ladirg‘an
mas’ud daqiqalaringizda xudo yo‘lig‘a va’da olingiz — meni og‘ritmasin, raqibam keldi
deb o‘ylamasin. Nihoyati maqsadim ikki do‘stka bir cho‘rilik va shu munosabat bilan
biravlarini ko‘rib yurish...
Xatim oxirinda shuni ham aytib qo‘yay: o‘ch qaytib, men ham ko‘chadan
haydalmasam edi, degan xavf hamisha ko‘nglimda. Agar xudo yarlaqab eshikingizda
o‘rinlashib olsam, uyog‘ini o‘zim bilar edim...
Erta-indin ko‘zimga yo‘l ko‘rinur,
Yo‘l bosishliq ko‘ngilga bir umr ko‘rinur...
3-inchi hamal, Marg‘ilon, Kumushingiz yozdi».
Otabekning suyunchi ichiga sig‘masliq, o‘zini yo‘qo-tib qo‘yg‘an holda iljayar edi. Xatni
ikkinchi qayta o‘qub chiqib yana so‘yina boshlag‘an edi, kechagi manzaralar unga
ko‘rinish bergandek bo‘ldilar. Ul seskandi, ko‘z o‘ngidan kechagi mazlum gavdalar
birma-bir o‘tib, ul oshig‘ich ravishda xatni bukladi va ulardan yashirg‘andek cho‘nchagiga
tiqdi, irg‘ib o‘rnidan turib ketdi...
Ko‘chani bir aylanib kelgandan so‘ng, boyag‘i manzaralardan bir oz qutilg‘andek bo‘lib
yana maktub esiga tushdi. Mehmonxonaning darichasiga qiya turg‘an holda xatni yana
o‘qub chiqdi. Lekin bu gal ham xat boyag‘idek so‘yinch emas, kechagi mazlumlarga
ta’ziya tutqandek og‘ir ma’no berdi:
«Ammo... suyganingiz — jekirishlaridan,
qarg‘inishlaridan behad qo‘rqaman...»
Boya nima uchun so‘yinganiga o‘z-o‘zidan hayron
bo‘la boshladi. Chindan ham maktubning muncha ko‘chirilgan jumlasi, o‘ylab
qarag‘anda, hech qanday quvonchg‘a yo‘l qo‘ymasliq darajada qora ma’nolik edi. Bu
jumla kelasidagi onglashilib bitmagan, lekin bo‘lishi aniqg‘a o‘xshag‘an yaramas va
tinchsiz bir hayotning go‘yo muqaddimasi edi...
Otabek Kumush aytkandek kundash, ya’ni Zaynabdan uncha qo‘rqmasa ham, ammo
dardning eng davosizi bo‘lg‘an onasi to‘g‘risida yuragi titradi. Umrining eng qiymatlik
kunlarini og‘ulag‘an, ikki yil bo‘yi davosiz dardga mubtalo qilg‘an, yaramas va ishonch-
siz yo‘llarda sanqishig‘a sabab bo‘lg‘an o‘z onasi emasmidi? Va raqiblarga, dushmanlarga
yo‘l ochib bergan shu onaning orzusi emasmidi?
Butun shaharni alg‘oq-dalg‘oq qilib ko‘hliq qiz qidirg‘an, nihoyat chiroylilikda tanho,
aqllilikda yakto topib, to‘ylar, tomoshalar, orzu va havaslar bilan o‘g‘lig‘a «xotin bu
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
Do'stlaringiz bilan baham: |