2.2 Oilada qiz bolalarni mustaqil oilaviy hayotga tayyorlashning shakl va vositalari.
Qizlarni oilaviy hayotga tarbiyalash jarayoni juda uzoq muddatli jarayon bo’lib, u insondan chidam, sabr, matonat, oqillik va adolatlilikni talab qiladi. Shunga ko’ra qiz bolalarda vatanparvarlik, mehnatsevarlik, ahillik, ilm va kasb-hunarga mehr-muhabbat, adolatlilik, ziyraklik, tashabbuskorlik, e’tiqod va sadoqatlilik, oqibatlilik, odoblilik kabi fazilatlarga ega bo’lishi, shu bilan birga chuqur ilm egallashi, vaqtning qadriga yetishi, xalq udumlari va milliy urf-odatlarini yaxshi bilishi va qadrlashi, diniy ta’limotlarini to’g’ri tushunishi, muomala odobi va kiyinish madaniyatiga rioya qilishi lozimligi uqtiriladi.
Bu fazilatlarning aksi bo’lgan nodonlik, badxulqlik, manmanlik, qo’rqoqlik, yolg’onchilik, odobsizlik, insofsizlik, sabrsizlik, baxillik, kibru-havo,hasadgo’ylik, farosatsizlik kabi illatlardan xoli bo’lishi talab etilgan. Ana shu ijobiy fazilatlarni qiz bolalar tarbiyasiga singdirish va illatlardan yiroq tutish yoki holi qilish bo’yicha qator tarbiya metodlari, usul va vositalari mavjud.
Oilada qizlarni mustaqil oilaviy hayotga tarbiyalash murakkab, uzoq muddatli hamda o’ziga xos xususiyatlarni namoyon etuvchi faoliyat jarayoni bo’lib, mazkur jarayon quyidagi yo’nalishlarda yo’lga qo’yiluvchi ijtimoiy-oilaviy munosabatlar negizida amalga oshiriladi:
1. Oilaning moddiy ta’minotini yo’lga qo’yish (oila budjetini yaratish, oilaga tegishli shaxsiy xo’jalik (tomorqa hamda chorvachilik)ni barpo etish, undagi ishlarni yuritish, qo’shimcha daromad manbalari (hunarmandchilik, ijara dehqonchiligi yoki chorvachilikni tashkil etish)ni izlab topish, kasbiy faoliyatni olib borish va xokazolar).
2. Oila a’zolari (keksa, o’rta va yosh avlod vakillari) o’rtasida muomala munosabatlarini yo’lga qo’yish.
3. Oilaviy hordiq (maishiy hamda ma’naviy mazmundagi)ni tashkil etish (bo’sh vaqt hamda ta’til davrlarini birgalikda o’tkazish).
4. Oilaviy tadbirlarni uyushtirish (tug’ilgan kun, beshik, sunnat, muchal, nikox, kumush va oltin to’ylar, turli o’quv yurtlarini tamomlaganlik, birinchi maoshni olganlik, hukumat mukofotlari bilan taqdirlanganlik, xizmat yoki ilmiy sohada muayyan yutuqqa (xususan, ilmiy daraja yoki unvonga ega bo’lganlik munosabati bilan tashkil etiluvchi tadbirlar, a’za bilan bog’liq marosimlar).
5. Farzandlar tarbiyasini tashkil etish, ularga ilm va hunar sirlarini o’rgatish.
6. Oila a’zolarining ijtimoiy munosabatlar jarayoni (qo’ni-qo’shni, qarindosh- urug’, hamkasb hamda do’stlar bilan ijtimoiy aloqani tashkil etish)dagi qatnashuvi. Mazkur yo’nalishlarda olib boriladigan oilaviy hayotning bir maromda kechishini ta’minlash bir qator omillar mavjudligini taqozo etadi. Xususan:
a) oila a’zolarining ma’naviy axloqiy qiyofasi, muayyan axloqiy e’tiqodga egaliklari, ularning dunyoqarash hamda tafakkurlari ko’lamining kengligi;
b) oila a’zolari o’rtasida bir birini tushunish, shaxsiy istaklardan o’zgalar xohish istaklarini yuqori qo’yish, ularni qadrlash, xurmat qilish, o’zaro yordamni tashkil etish tuyg’ularining qaror topganligi;
v) oila a’zolarining ijtimoiylashuv (ijtimoiy munosabatlar jarayonidagi ishtiroklari) darajasi. Tadqiqot muammosi doirasida tashkil etilgan tajriba sinov ishlari jarayonida ushbu omillarga tayanib ish ko’rildi. Tajriba sinov ishlarini olib borish chog’ida biz qizlarni oila sharoitida mustaqil oilaviy hayotga tarbiyalash oila tarbiyasining asos bo’lishi lozim degan xulosaga keldik. Zero, qizlarda dastlabki ma’naviy axloqiy sifatlar, mehnat hamda o’qish faoliyatini tashkil etish borasidagi ko’nikma va malakalarning shakllanishi ularni mustaqil hayotga tarbiyalash jarayoni uchun poydevor bo’lib xizmat qiladi.
Tadqiqot jarayonida oila sharoitida qizlarni mustaqil oilaviy hayotga tayyorlashga yo’naltirilgan faoliyat quyidagi shakllar asosida tashkil etilganda kutilgan natijani berishi mumkinligiga guvoh bo’ldik:
a) nikox va oilani shakllantiruvchi asoslar, nikox va oila qurish shartlari, oilaviy munosabatlar mazmuni, oila mustahkamlligini ta’minlovchi hamda oilada sog’lom psixologik muhitni yuzaga keltiruvchi omillar, shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilish, shaxsiy, shuningdek, oilaning boshqa a’zolari salomatligini saqlash, oila byudjetini shakllantirish, undan oqilona foydalanish, oila muhitida farzandlar tarbiyasini tashkil etish, uy ro’zg’or yumushlari va oila xo’jaligini boshqarish, er-xotin munosabatlari, ota-ona va bolalarning burchlari kabi mavzularda uyushtiriluvchi suhbatlar.
b) “Qizlar tarbiyasining o’ziga xos xususiyatlari”, “Qizlarni mustaqil oilaviy hayotga tayyorlash jarayonida nimalarga e’tibor berish lozim?”, “Ginekologik kasalliklarni keltirib chiqaruvchi omillar”, “Balog’at davri murakkab jarayon”, “Komillikning ma’naviy asoslari”, “Muomala madaniyati va uni shakllantirish shartlari”, “Oila an’analari muqaddasdir”, “Oilaviy ajrimlarning oldini olish”, “Xalq pedagogikasida qizlarni oilaviy hayotga tarbiyalash masalalarining yoritilishi”, “Qizlarni mustaqil oilaviy hayotga tarbiyalash jarayonida jamoatchilikning ishtiroki” kabi mavzularda tashkil etilgan ma’ruzalar.
v) “Qizlarni mustaqil oilaviy hayotga tayyorlashda nimalarga e’tibor berish lozim?”, “To’kis baxtning mezoni moddiy farovonlikmi?”, “Ibratli oila qanday bo’lmog’i kerak?”, “Namunali qaynona (kelin) o’zida qanday xususiyatlarni aks ettira olishi lozim?” kabi mavzularda o’tkazilgan baxs munozalar.
g) “Qizlar davrasi”, “Eng namunali kelin”, “Ibratli oila”, “Tadbirkor ayol”, “Ijodkor ayol” kabi mavzularda tashkil etilgan ko’rik (tanlov)lar;
d) “Oilaviy byudjetni qanday shakllantirmoqchisiz?”, “Oila xo’jaligini qanday yo’lga qo’ymoqchisiz?”, “Oilaviy munosabatlarda yuzaga kelgan ziddiyatlarni bartaraf eta olasizmi?” mavzularidagi seminar-treninglar tashkil etish
Qizlarni oila sharoitida mustaqil oilaviy hayotga tayyorlash jarayonida yuqorida qayd etilgan shakllarda tashkil etilgan faoliyat samaradorligini mazkur jarayonda qo’llanilgan quyidagi metodlar ta’minlaydi:
1) kuzatish metodi- faoliyatni tashkil etishda ushbu metoddan foydalanish oilada tarbiya topayotgan qizlarning xatti harakatlarini ko’zatish ularda hosil bo’layotgan ma’naviy axloqiy sifatlar to’g’risida muayyan ma’lumotlarga ega, shuningdek, qizlarning fiziologik hamda ruxiy xolatida ro’y berayotgan o’zgarishlardan xabardor bo’lish imkonini beradi;
2) suhbat metodi- mazkur metod yordamida qizlarning o’y fikrlari, ichki ruxiy kechinmalari, xis tuyg’ulari, orzu niyatlari, hayotiy intilishlari, maqsadlari, ularning hayotlarida sodir bo’layotgan o’zgarish yoki xodisalar (yangi tanishlar orttirish, dugonalari bilan xafalashib qolish, o’zi tanlagan kasbni o’zgartirish to’g’risidagi fikrning paydo bo’lishi, o’zi yoqtirgan to’garak (kurs)ga qatnashish istagidan voz kechish va xokazolar), hayotiy ideallari, oilaning boshqa a’zolari, do’stlari, tengdoshlari hamda sinfdoshlari bilan bo’lgan munosabatlarining mazmuni, o’quv predmetlari asoslarining o’zlashtirishdagi muvaffaqiyatlari yoki muammolari va xokazolar yuzasidan o’zaro fikr almashish, ma’lum ma’lumotlarga ega bo’lishni ta’minlaydi;
3) tushuntirish metodi- ushbu metod yordamida qizlarga mustaqil oilaviy hayotni yo’lga qo’yish jarayonida qo’l keladigan va oilaviy munosabatlarni tashkil etish, oila xo’jaligini boshqarish, turli taomlar tayyorlash, bichish tikish ishlarini bajarish, o’zining hamda oila a’zolarining salomatliklarini saqlash, er xotin munosabatlarini yo’lga qo’yish, oila byudjetini yaratish, undan maqsadga muvofiq foydalanish, farzandlar tarbiyasini tashkil etish chog’ida bilish zarur bo’lgan nazariy va amaliy ma’lumot (bilim)lar beriladi;
4) namoyish etish metodi- mazkur metod qizlarda mustaqil oilaviy hayotni tashkil etish jarayonida muhim ahamiyatga ega bo’ladigan amaliy faoliyat ko’nikma hamda malakalarni hosil qilish uchun xizmat qiladi;
5) namuna ko’rsatish metodi-tadqiqot muammosi doirasida olib borilgan tajriba sinov ishlari jarayonida mazkur metoddan foydalanish ham qizlarda mustaqil oilaviy hayotni tashkil etish jarayonida muhim ahamiyat kasb etuvchi amaliy faoliyat ko’nikma hamda malakalarini shakllantirish imkonini beradi. Bu metodni ikki xil yo’nalishda amalga oshirish mumkin. Birinchisi, yaxshi fazilatlarga ega bo’lgan insonlarning ibratli jihatlarini ko’rsatish orqali undan o’rnak olishga undalsa, ikkinchisi salbiy axloqli kishilarning nojo’ya ishlarini ko’rsatish bilan undan nafratlanishga o’rgatiladi. Buyuk allomalar va mutafakkirlarning hayot yo’li bizga doim ibrat maktabi bo’lib qoladi. Chunonchi, oiladagi kattalar ham o’z farzandlari uchun doimo o’rnak ko’zgusi bo’lmoqliklari kerak. Chunki qiz bolalar barcha yaxshi fazilatlarni ham, yomon illatlarni ham avvalo oiladan o’rganadi, zero xalqimiz “Qush uyasida ko’rganini qiladi”, deb bejiz aytishmagan.
6) bahs, munozara metodi- mazkur metod yordamida qizlarda ommaviy axborot vositalari sahifalarida oilaviy turmush va uni tashkil etish, mustahkaml oilani shakllantirish, oilaviy munosabatlarni yo’lga qo’yish, oilaviy mojaro hamda ajrimlar, ularni keltirib chiqaruvchi sabablar, farzandlar tarbiyasini yo’lga qo’yish, salomatlikni saqlash, pazandalik hamda bichish-tikish sirlari xususida yoritilgan materiallar mazmuni bilan tanishish, ular to’g’risida fikr almashish, shuningdek, atrofda sodir bo’layotgan hamda oilaviy munosabatlar bilan bog’liq voqea va hodisalar mohiyatidan o’zlariga tegishli xulosalar chiqarib olish, ularga nisbatan shaxsiy munosabat bildirish ko’nikmalarini hosil qilish mumkin. Oila a’zolari davrasida tashkil etilayotgan suhbatlar chog’ida bahs, munozara metodidan foydalanish yanada samaralidir.
7) manbalar bilan ishlash- nikoh, oila, oilaviy munosabatlar, oila tarbiyasi va uning mohiyati, Ota-onalar va bolalar o’rtasidagi ijtimoiy aloqalar, mustahkam oilani barpo etish, oilalarda sog’lom turmush tarzini shakllantirish sir asrorlari yuzasidan fikr yuritilgan, ulug’ mutafakkirlar, tajribali oila sohiblari, mutaxassislarning qarashlari bitilgan adabiyot (manba)lar mazmuni bilan tanishish, ulardan muayyan nazariy va amaliy bilimlarni o’rganish qizlar uchun mustaqil oilaviy hayotni yo’lga qo’yish borasida ma’lum tajribalarni orttirishga imkon beruvchi ushbu metod qizlarning tafakkur va dunyoqarashlarini boyib borishini ham ta’minlaydi.
8) rag’batlantirish metodi- bizga yaxshi ma’lumki, rag’bat shaxsga istiqbol faoliyatini tashkil etish uchun ma’naviy ruh, kuch bag’ishlaydi. Shu bois oila sharoitida qizlarni mustaqil oilaviy hayotga tarbiyalash jarayonida ular tomonidan amalga oshirilgan, ma’lum ma’noda muvaffaqiyatli bo’lgan xatti-harakat, faoliyat to’g’risida oila a’zolari davrasida qayd etib o’tilishi, bunday harakatlarning ma’qullanishi, chunonchi, “barakalla”. “buning uddasidan chiqishingga ishonar edim”, “men ham buni (muayyan harakat, faoliyatni) bajara olishingga ko’zim yetgan edi”, “bu yumushni sifatli bajarilishi uchun astoydil harakat qilganing ko’rinib turibdi, yasha” va xokazo kabi so’zlarning e’tirof etilishi qizlarda o’z kuchlari, layoqatlariga ishonchni tug’diribgina qolmay, balki ularni o’z ustilarida tinimsiz izlanishga undaydi. Rag’batlantirish metodi yordamida qizlarda ijobiy sifatlar shakllanadi. Uning quyidagi ijobiy shakllari:
- tushuntirish;
- o’rgatish, mashq qildirish;
- odatlantirish;
- kun tartibini rejalashtirish;
- yaxshi xislat va ishlarga undash;
- iltimos qilish;
- istak bildirish;
- maqtash;
- rahmat aytish, minnatdorchilik bildirish;
- ma’qullash;
-olqish aytish;
- duo qilish;
- alqash;
- tasalli berish;
-mukofatlash, taqdirlash;
- ishonch bildirish;
- oqlash;
- vasiyat qilish kabilar shular jumlasidandir.
9) jazolash metodi (qizlarni mustaqil oilaviy hayotga tarbiyalash jarayonida jazolash metodidan samarali, maqsadga muvofiq foydalanish ham pedagogik jihatdan to’g’ri sanaladi. Biroq jazolash metodining mohiyati qizlarga jismoniy azob berishdan iborat emasligini yoddan chiqarmaslik lozim. Jazolash metodidan foydalanish oilaviy munosabatlarni tashkil etish, oila xo’jaligini boshqarish chog’ida qizlar tomonidan bajarilgan, biroq muvaffaqiyatsiz xatti-harakat yoki faoliyatlar yuzasidan o’z fikrlarini bildirish, qoniqmaganlik yoki norozilik tuyg’ularini bildirish, tanbeh berish, yo’l qo’yilgan xato yoki kamchiliklarni ularning o’zlariga ko’rsatish, oila a’zolari o’rtasida izza qilish, uyaltirish kabi harakatlar asosida bo’lishi maqsadga muvofiqdir). Shuningdek, tarbiya metodlarida quyidagi holatlar qoralanadi:
- ta’qiqlash, ma’n etish;
- buyurish;
- talab qilish;
- ta’na, o’pka-gina qilish;
- talab qilish;
- uyaltirish;
- yolvorish va ko’ndirish;
- tanbeh berish;
- majbur qilish;
- nafrat bildirish;
- masxara qilish;
-duoyibad qilish;
- koyish va qarg’ash;
- ayblash va uyaltirish;
- oq qilish;
- ont-qasam ichirish;
-aybiga iqror qildirish;
- ishonchsizlik bildirish;
- zarda qilish;
- ko’r-ko’rona ishonish;
- yomonlash va vaysash;
-urishish;
-qo’rqitish;
-gapirmasdan qo’yish;
- jismoniy jazo berish va boshqalardir.
10. Interfaol metodlar (qizlarda shaxsiy va ijtimoiy faollikni kuchaytirish maqsadida qo’llaniluvchi interfaol metodlar ayni vaqtda ularda mustaqil fikrlash, o’z-o’zini tarbiyalash, faoliyatiga tanqidiy baho berish kabi sifatlarning shakl anishiga zamin yaratadi. Tajriba jarayonida respondentlarda oilaviy hayotni tashkil etish layoqatini shakllantirish maqsadida ular ishtirokida «Muammoli vaziyat», «Aqliy xujum», «Klaster», hamda «Rolli o’yin» kabi metodlar asosida amaliy faoliyat tashkil etildi.
11.Muammoli vaziyat metodi - o’smir qizlar tomonidan ular e’tiboriga xavola etilgan oilaviy-hayotiy vaziyatlar (xususan, qaynona va kelin o’rtasida yuzaga kelgan muammoning oldini olish, farzandning otasi tomonidan inkor etilgan buyumni sotib olishga bo’lgan ishtiyoqning so’nishi yoki buning oqibatida uning xarakterida yuzaga kelgan qaysarlik, atrofdagilarga nafrat bilan qarash tuyg’usini bartaraf etish, oilaviy byudjetning ko’tarmaganligi bois qizni tug’ilgan kunini dugonalari bilan o’tkaza olmaslikka tayyorlash va xokazo vaziyatlarni tahlil qilish hamda ularning yechimini topishga asoslangan metod.
12.Aqliy xujum metodi - oilaviy turmushga oid muammolarni hal etishda respondentlar tomonidan bildirilgan mustaqil fikr va mulohazalarni o’zaro umumlashtirib, ular asosida ma’lum, yagona yechimga kelishni ta’minlovchi metod.
13.Klaster metodi - yaxlit holda olingan oilaviy hayot yoki uning ma’lum yo’nalishi (masalan, oila byudjetini yaratish, ota-onalar va farzandlarning birbirlari oldidagi huquqiy majburiyatlarini klaster (asosiy tushuncha)lar yordamida ifodalash asosida o’smir qizlarda ular borasidagi umumiy tushunchalarni hosil qilishga yo’naltirilgan metod.
14.Rolli o’yin metodi – o’smir qizlar tomonidan hayotiy vaziyatlarning turli shart-sharoitlarini sahnalashtirish asosida ko’rsatib beruvchi metod bo’lib, muayyan rollarni ijro etish jarayonida ularda oilaviy hayot borasidagi ma’lum ko’nikmalar shakllanadi.
Hayotning mazmunini to’g’ri tushuntirish, qiz bolalarga odob-axloqni o’rgatish, ezgu ishlarga odatlantirishda tarbiya metodlaridan foydalaniladi. O’git va nasihat metodi xalq og’zaki ijodining turli janrlarida o’z aksini topgan. Masalan, xalq maqollari o’git va nasihat shaklida beriladi:
Yaxshi bo’lsang kelinchak, bo’la ko’rma erinchak.
Eling senga cho’zsa qo’l, unga doim sodiq bo’l.
Ko’kka boqma, ko’pga boq.
Mehnat qilsang yasharsan, katta-katta osharsan.
Yo’qni borday qil, borni bolday qil.
Yaxshilik qilsang yashir, yaxshilik ko’rsang oshir.
Obro’ topaman desang- kamtar bo’l.
Ko’rib turganimizdek, maqollardagi odob-axloq mazmuni o’git-nasihat tarzida berilgan. Xalq dostonlarida ham tarbiyaning bu shaklini ko’p uchratamiz. Masalan, “Erali va Sherali” dostonida ustoz o’z shogirdlariga quyidagicha nasihat qiladi:
Yaxshilikdan ajratmasin dilingni,
Ham yaxshilik ustun qilar qo’lingni,
Miskinlarga sarf ayla, ber pulingni,
Men sening qurboning bo’lay, Erali.
G’ariblarning manglayini silagin,
Sen ulardan oltin-duo tilagin,
Duo oltin bo’lar, bilgin Erali.
Mulla Haydar berdi shu nasihatni,
Sen ham bo’lding mening bir farzandim,
Qulog’ingda tursin shu nasihatim,
Ming yashagin, also o’lma Erali.
Quyida berilgan dostondan parcha orqali xalqimizning qanchalik so’zomon va tarbiya berishga usta ekanliklarini ko’rishimiz mumkin
Tarbiya metodlaridagi rag’batlantirish metodiga maqtash, ma’qullash, alqash, mukofatlash kabi shakllarni kiritishimiz mumkin. Bolalarning yaxshi fazilat ila amalga oshirgan ibratli ishlari kattalar tomonidan ma’qullansa, maqtalsa, olqishlansa, rahmat aytilsa, alqansa va imkon doirasida taqdirlansa, ular yanada yaxshi xislatlarga ega bo’lishga, yaxshi ishlarni bajarishga harakat qiladilar. Bunga o’zbek xalq og’zaki ijodidan ko’plab misollar keltirishimiz mumkin. Asar qahramonlari xalqni zolimning zulmidan qutqarib xalqning olqishi va rahmatiga sazovor bo’lganligi, munosib taqdirlanganligi haqidagi ertak, rivoyat, afsona, asotir va dostonlar behisob. Maqtash, alqash paytida:
“Tarbiya bergan ota-onangga rahmat”;
“Ta’lim bergan ustozingga rahmat”;
“Ustozdan ibrat olgan aqllaringga rahmat”;
“Barakalla, o’g’lim, qizim”;
“Aql-u hushing idrokingga ofarin”;
“Oqilaligingga tahsinlar bo’lsin” kabi jumlalardan foydalanish qiz bolalarda paydo bo’lgan ijobiy hissiyotlarning yanada shakllanishiga yordam beradi. Asosan, yoshi ulug’lar, ota-onalar qiz bolalarining ijobiy ishlaridan minnatdor bo’lishganda o’zlarining chuqur ichki istak va niyatlarini alqash orqali amalga oshirganlar. Keyinchalik bu istak va niyatlarini Ollohdan so’raydigan bo’lganlar va shu tariqa alqash-duolar yuzaga kelgan, alqashdan oldin “ilohim” so’zi ishlatila boshlangan. Quyida alqash-duolarga misollar keltiramiz:
-ilohim umringdan baraka top;
-qo’ling dard ko’rmasin;
-tani-joning sog’ bo’lsin;
-tuproq olsang oltin bo’lsin;
-uying bug’doyga to’lsin;
-topganing to’yga buyursin;
-fayz-barakangni bersin;
-baxtiyor bo’l;
-ilohim niyatingga yet;
-ulug’ martabalar nasib qilsin;
-qasd qilganlar past bo’lsin, yer bilan yakson bo’lsin;
-do’stga zor, dushmanga xor qilma;
-o’ylagan niyatlaringga yet;
-boshing toshdan bo’lsin;
-to’y bo’lsinu, g’am bo’lmasin;
-yaxshi kunlarga yetkazsin;
-ko’p bersin, ko’l bersin, keng fe’l, ketmas davlat bersin;
-biring ikki, ikking tuman bo’lsin;
-yegan noning halol bo’lsin;
-yomonning yuzini teskari qilsin;
-farishtalar omin desin va shu kani qiz bolalarni oilaviy hayotga tayyorlovchi duolar juda ko’pdir.
Qiz bolalarni yaxshi xulqi-odobi, yaxshi o’qishi, umuman, yaxshi inson bo’lib yetishi uchun alqash, maqtash, rahmat aytish, duo qilish, yaxshi tilak-istak, niyat bildirish, rag’batlantirish va mukofatlash hozirgi kunda ham keng qo’llaniladi, chunonchi, qiz bolalarni shunday chiroyli alqash-duolarga mos qilib tarbiyalash bugungi kunnning dolzarb vazifasidandir.
Xalqimizda qarg’ish va duo-olqishning ta’siri, ya’ni uning “tegishi” haqida “Falonchini qarg’ish urgan”; alqash olganlar haqida esa “Falonchi kam bo’lmaydi, chunk iota-onasining duosini olgan ” deyishadi. Qarg’ishning zarari va olqish-duolarning ahamiyati quyidagi maqollarda o’z aksini topgan:
Qarg’ish yaralaydi, olqish davolaydi;
Kiyim dog’i ketar, qarg’ish dog’i ketmas;
Otilgan o’qdan qo’rqma, qarg’ishdan qo’rq;
Olqish yaxshiga, qarg’ish yomonga;
Dili to’g’ridan olqish chiqadi, dili qing’irdan qarg’ish;
El qarg’asa, tog’ qulaydi, el alqasa bog’ bo’ladi;
Ota-ona olqishi o’t-suvga oldirmas;
Ota-ona qarg’ishi chohga tiqmay qoldirmas.
Demak, tarbiya usulining bosh shiori: “Olqish olgan omondir, qarg’ish olgan yomondir”.
Darhaqiqat, qarg’ish ishlatgan ota-ona va kattalarning obro’si yo’qoladi , ota-ona va qiz bolalar o’rtasidagi mehribonlikka putur yetadi, oila ahilligiga dars ketadi. Ayniqsa, ota-ona g’azab, oq qilsa uning oqibati har ikkala tomon uchun yomon bo’ladi. Xalqimizning “Uraversak eti qotar, qarg’ayversak beti qotar” degan maqoli ham qarg’ishning zaharini ta’kidlaydi. Demak, qarg’ishlarni umuman nutqdan chiqarib tashlash va ayniqsa qiz bola tarbiyasida ishlatmaslik zarur.
Tarbiya usullarida va uning manbalarida jismoniy jazo tarbiyaviy ta’sir ko’rsatuvchi vosita sifatida uchramaydi, aksincha jismoniy jazo yomon oqibatlarga olib kelishi ta’kidlanadi. Lekin tarbiya usullari tarixida tarbiya nuqtai nazaridan jismoniy jazoning shapoloq urish va quloq cho’zish shakllari ishlatilganligi ma’lum. Xalqimiz tarbiyaning turli metod, usul va shakllarini amalga oshirishda xilma-xil tarbiya vositalarida foydalanganlar.Xususan, xalq o’yinlari va o’yinchoqlar, xalq og’zaki ijodi, tabiat va insonning munosabatlari, xalq tabobati xususiyatlari, turli to’y-tomosha marosimlari, sayil, yig’in, bazm, bayramlarda kattalar va qiz bolalarning birgalikda bo’lishi ham tarbiya usullaridan hisoblanadi.
Tarbiya vositalaridan biri bo’lgan qiz bolalar o’yinlarining o’z qoidalari bo’lgan. Shu qoidalarga rioya qilmagan qiz bolalarni “o’yin buzuqi” deb o’yindan chetlatishgan. Ya’ni o’yin jarayonidaqiz bolalarning yaxshi va yomon jihatlari namoyon bo’lgan. E’tibor bergan bo’lsangiz, tarbiya vositalarining barchasi ko’pchilik ishtirokida amalga oshiriladi va shubhasiz, bu juda muhim tarbiyaviy ahamiyat kasb etadi. Bunday bayram, sayil, gap-gashtak, yig’inlarda qiz bolalarningyaxshi va yomon xatti-harakati ko’pchilikning ko’z o’ngida namoyon bo’ladi va shu ko’pchilik tomonidan baholanadi. Ota-onalar qiz bolalar tarbiyasiga oid xulosa chiqaradilar.Qiz bolalarining odob-axloqi haqidagi yaxshi fikrlar ota-onani quvontirsa, aksincha, qiz bolalarining odob-axloqi haqidagi ta’na va isnodlar ularni tashvishga soladi. Bunda ota-onalar yoki keksalar: “Qizim, bu yurish-turishingni ko’rganlar, gap-so’zingni eshitganlar nima deydi?”, “Mahalladagilardan uyat emasmi?” deb aziyat chekishadi.
Oilada qiz bolalarni oilaviy hayotga tarbiyalash vositalaridan yana biri mehmondo’stlikdir. Mehmondo’stlik xalqimiz hayotiga singib ketgan eng yuksak kishilik fazilatlaridan iborat bo’lib, qiz bolalarni oilaviy hayotga tarbiyalashda eng muhim tarbiya vositasi sifatida xizmat qiladi. Xonadon mezbonlari mehmonnning ko’nglini olish uchun eng yaxshi idish- tovoqlarni ishlatadilar, tansiq taomlar pishiradilar. Bu orqali qiz bolalarga mehmon kutish odobi o’rgatiladi. Shu tariqa oilada qiz bolalarni oilaviy hayotga tarbiyalashda tarbiya metodlari, shakllari va vositalari orqali qiz bolalarni oilaviy hayotga tarbiyalab insoniy fazilatlarga o’rgatganlar. Qizlarni oila sharoitida mustaqil oilaviy hayotga tayyorlashga yo’naltirilgan faoliyat jarayonida pedagogik ta’sir vositalarining kuchiga murojaat etilishi maqsadga muvofiqdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |