Insonda ijtimoiy ong shakllangandan boshlab u farovon jamiyatni orzu qilib kelgan. Bunday jamiyatga erishish odamlar ongiga, madaniyatiga bog‘liq bo‘lib kelgan. Odamlarning ongi, madaniyati qanchalik yuqori bo‘lsa, jamiyat rivojlanishi shunchalik tez bo‘lgan. Bu jarayon ayniqsa odamlarning siyosiy ongiga ham bog‘liq. Uning darajasi esa, odamlar ongiga demokratik qadriyatlarni singdirish bilan bog‘liqdir. Demokratiya ijtimoiy siyosatni kuchaytiruvchi omildir. Demak, hozirgi zamon ijtimoiy tizimining shakllanishida demokratik jarayonlarni chuqurlashtirish muhim ahamiyatga ega. Xalq hayotining farovonlashuvi ijtimoiy siyosatni kuchaytirishga olib keladi.
Hozirgi kunda jamiyat rivojlanishi chinakam demokratik tamoyillar negiziga qurilmasa, taraqqiyotni ta’minlab bo‘lmaydi. Davlatlar rivojlanishining darajasi turli ijtimoiy tuzumda bo‘lishiga qaramasdan ular o‘z taraqqiyotini demokratik tamoyillar asosiga qurishlari zarur. Boshqa davlatlar kabi O‘zbekiston ham hozirgi zamon jamiyati tizimiga demokratik tamoyillarga tayangan holda kirib bormoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisidagi ma’ruzasida jamiyatimizni demokratlashtirish va yangilashning kontseptsiyasini, mamlakatimizni modernizatsiya va isloh etish bo‘yicha asosiy vazifalarni bayon etib shunday dedi: “Bizning asosiy uzoq muddatli va strategik vazifamiz avvalgicha qoladi-bu demokratik davlat, fuqarolik jamiyati qurish jarayonlari va bozor islohotlarini yanada chuqurlashtirish, odamlar ongida demokratik qadriyatlarni mustahkamlash yo‘lidan og‘ishmay, izchil va qat’iyat bilan borishdir” (“Ma’rifat” gazetasi, 2005 yil 29 yanvar). Hozirgi kunda dunyoning deyarli hamma mamlakatlari demokratik tamoyillarga tayangan holda o‘z taraqqiyotlarini ta’minlamoqdalar. Demak, faqat zamon bilan teng qadam tashlayotgan,tez o‘zgarayotgan dunyoning qat’iy shart va talablariga javob berishga intilayotgan mamlakatning kelajagi yorug‘ bo‘lishi mumkinligini hamma anglab olishi kerak. O‘zbekiston davlati ham hozirgi zamon jamiyat tizimiga ishonch bilan kirib bormoqda. Umuman, demokratik tizimning umume’tirof etgan xalqaro mezonlari O‘zbekiston jamiyatiga kirib kelmoqda va jamiyat boshqaruv tizimida o‘zining real ifodasini topmoqda. Chinakam demokratiyaga asoslangan davlat boshqaruv tizimi taraqqiyot lakomotivi ekanligini xalqaro tajriba tasdiqlamoqda.
O‘zbekiston jamiyati qiyofasining o‘zgarishi, mamlakatimizni modernizatsiya qilish borasida uzoqni ko‘zlaydigan “Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari” degan tamoyilda, aniqrog‘i, uni amalga oshirishda namoyon bo‘lmoqda.
Bular hokimiyat vakolatlarining ma’lum bir qismini markazdan mahalliy hokimiyat organlariga o‘tkazishda, o‘zini-o‘zi boshqarish organlari-mahalla,
mahalla qo‘mitalari va qishloq fuqarolari yig‘inlarining roli, hamda vakolatlarini amalda kuchayishida, siyosiy partiyalar va fuqarolik institutlarining Davlat ahamiyatiga molik eng muhim qarorlari qabul qilishdagi roli va ta’sirini kuchayishida yaqqol ko‘rinib turibdi. Aholining turli ijtimoiy va sotsial guruhlari manfaatlarini ifodalovchi, mamlakatimizda shakllanayotgan fuqorolik jamiyatining asosiy institutlari bo‘lgan nodavlat va notijorat tashkilotlarning roli oshib bormoqda.
Bu tashkilotlar odamlar ongida demokratik qadiriyatlarni mustahkamlashda, ularning siyosiy va fuqarolik faolligini oshirishda, mamlakatda ro‘y berayotgan demokratik o‘zgarishlarning ko‘lamini kengaytirishda muhim rol o‘ynamoqda. Hozirgi kunda deputatlar korpusi, siyosiy partiyalar va nodavlat, nohukumat jamoat tashkilotlarining mavqei ortib borib, ular davlat va hokimiyat tuzilmalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratining ta’sirchan vositasiga aylanmoqda.
O‘z navbatida ijtimoiy sohaning ahvoli to‘g‘risida umumjahon standartlari nimadan iborat, degan savol tug‘iladi. Mutaxassislar fikricha, bu sohada ham bir necha modellar amal qiladi. Ularni umumiy tarzda ijtimoiy kafolat tizimining ayrim elementlarini o‘zida ifoda etuvchi skandinaviyacha model, Bismark modeli va Beverij modeli tariqasida tasniflash mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |