inson sha’ni, qadri bilan bog‘liq alamli o‘y-tuyg‘ular, jaholatga qarshi isyon bu qissada adibning so‘nggi faryodi-fig‘oni kabi yangradi.
Ayni shunday asarni ayni 60-yillar o‘rtasida yaratilish sababi nimada? ,,O‘tmishdan ertaklar» shunchaki adabiyotdagi an’ana ta’sirida muallifning bolalik xotiralarini qog‘ozga tushirish niyatida vujudga kelganmi? Nega bu asar adabiyotdagi mavjud bolalik qissalaridan farqli o‘laroq, asosan, xo‘rlangan. sha’ni toptalgan kimsalar, jaholat qurbonlari haqidagi hikoyalardan iborat bo‘lib chiqdi? Buning sabablarini. jumladan, yozuvchining asar yozilish oldidagi ruhiy holati, kayfiyatlaridan izlash darkor. Adibning o‘sha kezlarda yon daftarda yozib qoldirgan qaydlaridan birida shu so‘zlarni o‘qiymiz:
«Mamlakatimizda Stalindan so‘ng uzundan uzun momaqaldiroq bo‘lib o‘tdi. Bu momaqaldiroqning birinchi sadosi xalqlar ko‘nglida juda katta orzu-umidlar uyg‘otdi, xalqlar buning ketidan keladigan obi rahmatni kutdi, biroq momaqaldiroq, shamol-to‘polon ko‘tardi-yu, obi rahmatdan bir tomchi ham tommadi».
Darhaqiqat, Stalin vafotidan so‘ng momaqaldiroq sadosi tufayli ko‘plar qatori yozuvchi ko‘nglida katta orzu-umidlar uyg‘ondi, odamlar qullik. mutelik zanjirlaridan xalos bo‘lishga, o‘z sha’ni, erki uchun dadil kurash yo‘liga kirishiga umid bog‘ladi. Adibning bu orzu-umidlari ..Ming bir jon», «Sinchalak» kabi asarlarida, romantik ruhdagi qahramonlarida muayyan darajada ifodasini ham topdi. Biroq bu umid-ishonchlar sekin-asta yo‘qqa chiqa bordi; chunki totalitar rejim mohiyat-e’tibori bilan o‘zgarishsiz qoldi, inson haq-huquqini, erkini, sha’nini toptash davom etdi, ijtimoiy adolat yo‘lida kurashga otlanganlar ta’qib, tazyiq ostiga olindi; jumladan, yozuvchining har bir haq gapi, dadil chiqishi qattiq qarshiliklarga uchradi. Itoatkor, mute olamon, maddoh qalamkashlar rahbariyat, totalitar rejim siyosatini ko‘r-ko‘rona olqishlar bilan qo‘llab-quvvatlashda davom etdi. Adibning yaqin safdoshlari dildan uining tomonida tursalar-da, ko‘p hollarda, qaltis daqiqalarda oshkora himoya qilishga jur’at etolmadilar, shunchaki ko‘ngil so‘rash bilan cheklandilar, sukut saqlashga majbur bo‘ldilar. Yozuvchi bu telba dunyoning bu xildagi telbaliklaridan iztirobda yurdi. «Tobutdan tovush» komediyasi tevaragidagi mashmashalar payti bu hol yaqqol namoyon bo‘ldi. Ana shunday kezlarda tug‘ilgan ,,O‘tmishdan ertaklar»da o‘z-o‘zidan adibning kayfiyatiga mos kechmishining g‘am-g‘ussaga tola malomatli lavhalari qog‘ozga tushishi tabiiy edi; asarda yarim asr burungi voqealar oltmish yosh bo‘sag‘asida turgan adibning og‘ir ruhiy kayfiyatlari-armonlari, alamli o‘y-tuyg‘ulari izhori uchun qulay vosita xizmatini o‘tadi. ,,O‘tmishdan ertaklar» nafaqat yozuvchi ijodiy bisotidagi. balkim XX asr o‘zbek adabiyotidagi Cho‘lpon lirikasidan keyingi eng fojeiy, eng g‘amgin, eng mungli asardir. Qissaga A.Oripovning «Munojot» she’ridagi :
«Eshilib. to‘lg‘anib, ingranadi kuy.
Asrlar g‘amini so‘zlar «Munojot».
Kuyi shunday bo‘lsa, g‘amning o‘ziga
Qanday chiday olgan ekan odamzod»
degan satrlari epigraf-bosh so‘z qilib olinganligi bejiz emas. Asar qo‘lyozmasi bilan tanishgan yetuk tanqidchilardan biri muallifga «Juda zulmat-ku, kitob o‘quvchida og‘ir taassurot qoldirmas-mikin?» deya e’tiroz bildiradi. Muallif buni tan oladi, asar xususida bundan ham keskinroq ta’nalar aytilishini biladi, biroq, baribir, o‘z ijodiy aqidasiga sodiq qoladi, o‘shanday kishilar ko‘ngli uchun asarga avval mo‘ljallaganidek. ,,O‘tmishdan lavhalar» emas, ,,O‘tmishdan ertaklar» degan ramziy-majoziy nom berish bilan cheklanadi.
90-yillar tanqidchiligi bot-bot XX asr o‘zbek adabiyoti jahon zamonaviy adabiyotidagi jarayonlardan ajralib, ortda qolib ketgan, jumladan, Qahhor va uning avlodi kommunistik mafkura va sotsialistik realizm doirasidagina ijod etgan, degan ta’nalar aytildi. Bunday ta’nalarda asos bor, albatta. Ayni paytda mustabid mafkura tazyiqlariga, sotsialistik realizm qat’iy talablariga qaramay, ayni shu mafkura, shu metodga mansub, deb qaralgan qator so‘z ustalari ijodida XX asr jahon modernistik adabiyotidagi yetakchi tamoyillarga hamohang ayrim jihatlar borligi hayratomuz hodisa. Aslida Qahhor va Qahhor avlodi kommunistik dunyoqarash, sotsialistik realizm doirasida butunlay qolib ketgan emaslar. Oybek she’riyatida, Qahhor nasrida bu hol yaqqol ko‘rinadi. «Sarob» romanida, xususan, bosh qahramon Saidiy ruhiyati, ma’naviy inqirozi tasvirida ekzistensializm falsafasiga asoslangan adabiy tamoyilning mavjudligi, ya’ni shaxsni faqat ijtimoiy munosabatlar mahsuli, shaxs fojiasini esa ijtimoiy, siyosiy-mafkuraviy kurashlar oqibati sifatidagina emas, ayni paytda, shaxs tabiatidagi tug‘ma, tabiiy, sirli-sehrli xususiyatlar, insoniy ojizliklar samarasi, ijtimoiyot, tarixiy sharoit, siyosat, mafkuraga bo‘ysunmaydigan ong-idrokdan tashqaridagi anglab yetilmagan holatlarning zuhuri tarzida berilishi yozuvchining katta ijodiy jasoratidir. Shuningdek, Abdulla Qahhor ijodidagi, jumladan, ,,O‘tmishdan ertaklar»dagi «o‘quvchida juda og‘ir taassurot qoldiruvchi» zulmat-»tarixning malomatli sahifalari», «qora bo‘yoqlar»ning quyuqligi, nurli jihatlarning zaifligi nuqson emas, asarning o‘ziga xos xususiyati va fazilatidir.
Bir joyda qo‘nim topolmay, qishloqma-qishloq ko‘chib, azondan kechgacha ter to‘kib ishlab, tinimsiz temir taqillatib, kichkina xonadon dasturxonini to‘kin qilolmay, armonda yurgan omadsiz ota, sakkizta bolasini qora yer bag‘riga berib, o‘jar qaynona dag‘dag‘alari, darbadar hayot mashaqqatlari tufayli ozib-to‘zib, «arvak» holiga tushgan mushtipar ona. shafqatsiz darbadar turmush, tahqir-u xo‘rliklardan «indamas». ..soqovga aylangan bola haqidagi lavhalar o‘quvchining yurak-bag‘rini ezib yuboradi. O‘zgalarning hayoti-chi? Yozuvchi mehnatkashlar hayotiga oid biri biridan ayanchli, biri biridan dahshatli lavhalar keltiradi. Yo‘qchilik, jaholat qurboni Babarning mudhish taqdiri, ochilmasdan gul g‘unchaligida xazon etilgan «hur qiz» -Sarviniso halokati-har biri dahshat, fojia! Qonsiz, shaxs halokatidan xoli, biroq gumrohlik, jaholat bilan bog‘liq, bir qarashda kulgili tuyulgan hodisalar ham aslida o‘zicha bir fojia! Chunonchi, katta shahar Qo‘qondan bor-yo‘g‘i yigirma chaqirim naridagi qishloq ahli German bilan urush boshlanganligi xabarini ikki oydan keyin, o‘shanda ham tasodifiy suratda eshitadi; kishilarning ko‘ziga oddiy hodisalar-mashinaning chok tikishi, patefonning qo‘shiq aytishi, bir palla tarvuzning po‘chog‘ida ko‘rsatilgan oddiy «nayrang», ohanraboning temir kalitni o‘ziga tortishi, tug‘ruqxonada odamning tug‘ilishi, «shayton arava»-velosiped mingan kishining harakati barcha-barchasi g‘ayritabiiy, mo‘jiza bo‘lib ko‘rinaveradi. Jo‘n, ba’zan tasodifiy xatti-harakatlar juda ko‘ngilsiz va dahshatli oqibatlarga olib keladi. «O‘likning yog‘ini, tirikning tirnog‘ini yeyishga tayyor» turgan «ajdaho» To‘raqul vofurush, o‘jar, dog‘uli Valixon so‘fi, olg‘ir, mug‘ambir ellikboshi, oqposhshoning arzandasi yuzboshi bilan bog‘liq hikoyalar dillarni larzaga soladi. Qissada goho ko‘ngilga huzur baxsh etuvchi nurli lavhalar, kishilararo hazil-mutoyibalar ham uchraydi, biroq bu quvonchli daqiqalar uzoqqa bormaydi, tezda avvalgisidan battarroq, dahshatliroq hodisalar bilan almashadi. Oqdomlaning jinnixonasi yonida umrguzorlik qilish azobidan qutulib, Yaypanga ko‘chgan oilaning yo‘ldagi holatini eslaylik: yo‘l bo‘yidagi devorsiz, devori qulagan, nuragan bog‘lar, qing‘ir-qiyshiq uylarini quchoqlab yotgan chorbog‘lar, qiyg‘os gulga kirgan daraxtlar... Butun qishloq kattakon bog‘ga o‘xshaydi. Shu damlarda oila a’zolari qatori Abdullaning ham ko‘ngli chog‘, o‘rik g‘o‘rasini yeganda hamma yoqni bahor hidi tutib ketadi, butun bahor shu chigitdakkina g‘o‘raning ichiga qamab qo‘yilganday tuyuladi... Afsus, bu quvonch uzoqqa bormaydi. Mana shu go‘zal makonda oila manfur kimsa Vofurush xonadoniga tushib qoladi, oilaning galdagi ko‘rguliklari boshlanadi... Oilaning yana bir ko‘chgan joyi-Oqqo‘rg‘on qishloq emas, anjirzor bog‘lar, chorbog‘larda nuqul anjir. Oila tushgan hovli sahnida ikki tup anjir, shoxlarida shig‘il mevalar, kindigidan sap-sariq sharbat oqib yotibdi; ochlik bo‘lishiga qaramasdan, unga hech kim tegmagan... Quvonchli hodisa, vaziyat; biroq shu zahoti dilni g‘ash qiladigan holat; hovlining egasi bulturgi vaboda bola-chaqasi bilan qirilib ketgan; oila mana shu xosiyatsiz maskanda yashashga majbur...
Butun asar mana shunaqa ko‘ngilsiz voqealar tizimidan tashkil topgan.
Ijtimoiy tengsizlik, adolatsizlik, qonunsizlik, jaholat avj olgan yurtda ma’rifat, ijtimoiy adolat uchun olib borilgan kurash usuli ko‘pincha ma’nisiz, behuda, hattoki vahshiyona tus oladi: «Qishloqqa ilm-ma’rifat urug‘ini sochgani kelgan» Muhammadjon qorining yangicha usuldagi ta’lim maktabi johil kimsalar tomonidan xonavayron etiladi. Usta Abduqahhorning akasi qizi Sarvinisoni urib o‘ldirib qo‘yganda bu qotillik uchun hech kim hech narsa demaydi, aksincha bu ishni yaqin kishilar «yopti-yopti» qilishga urinadilar. Qasoskorlar oqposhshoning arzandasi-yuzboshini avval tillalarini yutishga majbur etadilar, zo‘rlab og‘ziga tiqadilar, so‘ng jodida uch bo‘lak qilib, keyin o‘sha bo‘lingan jasadga kerosin sepib o‘t qo‘yadilar. Musulmonchilikda zo‘rlash man etilgan. Bir yoz chillasida ro‘zasini buzgan temirchi oilasi a’zolari ta’qib ostiga olinib, sazoyi etiladi. Temirchi Abduqahhorning johillar jabriga qarshi chiqishi-bid’atga berilgan ayollarga azoyimxonlik qilib dam solishi, ularga tegishishi, raqibi Valixon so‘figa eshakning miyasini yedirib, jinniga aylanishini kutishi, nihoyat shogirdi bilan uni «chirog‘poya» qilishi; o‘g‘li og‘riganida Allohga, aziz-avliyolarga qilgan iltijolari ijobat bo‘lmay, go‘dak joni uzilganida alam, jahl ustida aziz-avliyolarni bo‘ralab so‘kishi, telba ahvolda tokchada turgan Qur’onni olib, qulochkashlab yerga urishi, bu ham yetmaganday, yerda yotgan Qur’onni tepib yuborishi, begunoh buzoqni chavaqlab tashlashi-o‘sha johil, mudhish muhitga munosib isyon, behuda, ma’nisiz xatti-harakatlardir.
Qisqasi, o‘zbek adabiyotida ma’nisiz hayotning bu xildagi mudhish manzaralari hech qachon bu qadar shafqatsizlik bilan ifoda etilgan emas. Yozuvchi haqiqat oldida hatto o‘z yaqinlari, otasini ham ayamaydi. Bu jihatdan ,,O‘tmishdan ertaklar» XX asr jahon yangi adabiyotining noyob badiiy durdonalari qatoridan o‘rin olishga haqlidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |