Abdulla Qahhor hikoyalari
Abdulla Qahhor-mohir hikoyanavis. Zamonaviy o‘zbek hikoyachiligining rivojida Qahhorning o‘rni, hissasi nihoyatda katta. XX asr yangi o‘zbek adabiyotida realistik hikoya janrining shakllanishi va rivoji, avvalo, shu adibning nomi bilan bog‘liq. To‘g‘ri, Qahhorga qadar ham ayrim yaxshi hikoyalar yozilgan. A. Qodiriyning «Uloqda», Cho‘lponning «Oydin kechalarda», «Qor qo‘ynida lola», «Novvoy qiz» asarlari o‘zbek adabiyotida realistik hikoyalar yaratish yo‘lidagi dadil intilishlar bo‘lgan edi. Qahhor ana shu tajribalarga tayanib, o‘zbek hikoyachiligini zamonaviy jahon hikoyachiligi darajasiga ko‘tardi va o‘zbek realistik hikoyachiligining asoschisi degan nom oldi. «Abdulla Qahhorning shunday hikoyalari borki, ularni jahon novellistik adabiyotining eng yaxshi namunalari bilan bir qatorga qo‘yish mumkin», -deb yozgan edi rus tanqidchisi V. Smirnova.
Shunday savol tug‘iladi: Nega yozuvchining ilhom to‘la mahorat bilan yozilgan eng barkamol hikoyalari, xususan, o‘tmishdan olib yozilgan novellalari 30-yillarning ikkinchi yarmida maydonga keldi? Bu hikoyalar maydonga kelgan davrni eslaylik. Totalitar rejim siyosati, Stalin qatag‘onlari, inson haq-huquqlari sha’nini toptash avjiga chiqqan yillar edi bu davr. Ana shunday bir sharoitda ko‘plab qalamkashlar sho‘ro davrini, partiya siyosatini, xalqlar dohiysini sharaflab asarlar bitayotgan bir pallada Qahhorning sovet voqeligini qo‘yib, kechmishga yuz o‘girishi, zamonning ilg‘or kishilari, ijobiy qahramonlari qolib, qandaydir kichik odamlar, qoloq kimsalar hayotidan asarlar yozishini qanday baholash mumkin? 30-yillarda Qahhorni kechmish haqida, haq-huquqi, insonlik sha’ni poymol etilayotgan, xo‘rlangan, tahqirlangan kichik odamlar, nodon kimsalar haqida yozishga ilhomlantirgan bosh omil aslida adibning zamonasiga munosabati emasmikan? Bunday tamoyil 40-yillarda yozilgan qator asarlarida ham davom etdi.
Adib dunyoga kelib, esini tanib, ilk bor ko‘nglida og‘ir taassurot qoldirgan narsa-hayotda keng tarqalgan tengsizlik, mutelik, fikrlashdan mahrumlik, qullik psixologiyasidir. Yozuvchining ilk muvaffaqiyatli chiqqan hikoyasi «Boshsiz odam»dayoq mustaqil fikrlashdan mahrum, mute bir kimsaning hajviy xarakteri yaratilgan. Shundan keyin yozuvchi butun ijodi davomida bu toifa nomustaqil, mute odamlar obraziga takror-takror murojaat etadi. Har gal bu ijtimoiy illatning qandaydir yangi bir qirrasini ochadi.
«Bemor»dagi Sotiboldining boshiga tushgan kulfat-og‘ir kasal yotgan xotini dardiga davo izlab yelib-yugurishlari, bu soddadil odamning omonat dalda, maslahatlarga umid bog‘lab yanada xarob, nochor holga tushishi; «O‘g‘ri»dagi jabrdiyda cholning najot kutib mansabdorlar huzurida dovdirab, dildirab turishlari, himmat o‘rniga tahqirlanishi, kamsitish-u xo‘rlashlarga befarqligi; ,,O‘tmishdan ertaklar»dagi Babarning ro‘y bergan falokatlardan gangib, o‘zini yo‘qotar holga tushishi, o‘g‘irlikda gumon qilinib, otqorovul yur desa yurib, tur desa turib, o‘q uzganda kiprik qoqmay jovdirashi, siyosat uchun do‘konga qamab qo‘yganida, ochiq turgan eshikdan chiqib ketmay, qish sovug‘ida tarashadek qotishi-mana shunday jabrdiyda, mute, nochor, xo‘rlangan odamlar qismati bilan tanishganda, bir tomondan, ular holiga behad achinasiz, ikkinchi tomondan, beixtiyor Cho‘lponning
«Na faryoding, na doding bor,
Nechun sen buncha sustlashding?
Haqorat dilni og‘ritmas,
Tubanlik mangu ketmasmi?
Tiriksan, o‘lmagansan.
Sen-da odam, sen-da insonsan»
degan satrlari yodga tushadi.
Shaxs erki, huquqi, mutelik, qullik psixologiyasi ifodasi, talqini bobida XX asr adabiyotida Cho‘lpon an’analarini eng izchil davom ettirgan adib ayni shu Qahhorning o‘zidir. Qahhorning yuqorida tilga olingan asarlari, personajlari xuddi Cho‘lpondagi kabi mustabid tuzum sharoitida inson haq-huquqining poymol etilishiga qarshi o‘ziga xos isyondir.
Abdulla Qahhorning XX asr o‘zbek adabiyotida realistik hikoya ustasi bo‘lib yetishishi, shuhrat qozonishi tasodifiy emas. Birinchidan, Qahhor ko‘p asrlik o‘zbek adabiyoti real hayotga keskin yuz o‘girgan, bu davrda Ovrupa zamonaviy jahon adabiyoti tajribalariga tayanayotgan, Qodiriy romanlari, Cho‘lpon lirikasi, hikoyalari, Fitrat, Hamza dramalari orqali yangi yo‘lga tushib olgan, realizm milliy adabiyotda yetakchi oqimga aylanib borayotgan bir pallada ijod maydoniga tushdi. Garchi Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat, qolaversa, tengdoshlari Oybek bilan G‘afur G‘ulomlar hikoya janrida qalam tebratayotgan bo‘lsalar-da, ular iste’dodi, tabiati, badiiy tafakkur tarziga ko‘ra bu Janrning odami» emas edilar. Qahhorning «yozuvchi janrni emas, janr yozuvchini tanlaydi», degan gapi bor. Qahhor iste’dodi, badiiy tafakkur tarzi har jihatdan hayot hodisalarini hikoya shaklida ko‘rish, idrok etishga moyildir. Go‘yo u hikoya uchun tug‘ilgan edi, roman, qissa, dramalarida ham adibning hikoya shakliga xos fikrlash tarzi shundoq sezilib, ko‘rinib turadi; uning roman, qissa, dramalari o‘ziga xos alohida-alohida epizodlar, bir-biri bilan bog‘langan hikoyalar majmuasidan iboratga o‘xshaydi. Xullas, Alloh in’om etgan iste’dodi, tabiati Qahhor zimmasiga milliy adabiyotimizda realistik hikoyachilikning asoschisi bo‘lish mas’uliyatini yukladi.
Qahhor hikoyalari, birinchi navbatda, samimiyligi, ishontirish kuchi bilan kishini hayratda qoldiradi. Yozuvchi tasviridagi hamma narsa hayot hodisasi, aynan bo‘lib o‘tgan voqea, real hayotning bir bo‘lagi, epizodi bo‘lib gavdalanadi; hikoyalarning ko‘pchiligi real hayotiy asosga ega, ular adibning turmushda o‘zi ko‘rgan, eshitgan hodisalardan, tanish kishilar hayotidan olingan. Biroq ular hayotning aynan nusxasi emas. «Agar yozuvchilik turmushdan nusxa ko‘chirishdan iborat bo‘lsa, dunyoda bundan oson ish bo‘lmas edi, -deydi adib.-Hayotdan aynan ko‘chirish kitobdan ko‘chirishday gap. Nusxa nusxa bo‘lib qolaveradi. Bunday narsalardan originallik kutib bo‘lmaydi. Griginallik hayot haqiqatini dildan o‘tkazish, uni his qilish, unga o‘ylab yurgan gaplarni singdirish, tilaklaringni qo‘shib ifodalash bilan yuzaga keladi». Zotan, yozuvchi hikoyalaridagi hayotiylik, ishontirish kuchi, siri ana shunda. Bundan ham muhimi, yozuvchining o‘sha hayot hodisalarini o‘ziga xos tarzda badiiy idrok etishi, mag‘zini chaqib, ulardan xilma-xil original va teran ma’nolar topishi-kashf etishi hikoyalariga o‘ziga xos joziba baxsh etgan.
Birgina misol. «Bemor»da tasvirlagan voqeaga o‘xshash voqeani yozuvchi bolaligida o‘z boshidan kechirgan. «Biz Qo‘qonga yaqin Yaypan qishlog‘ida turar edik, -deya eslaydi adib.-Onam g‘ira-shira qorong‘i uyda to‘lg‘oq tutib yotar, ichkarida ingragan, dodlagan tovushi eshitilar edi. Yaypan katta qishloq, lekin u vaqtda doktor, tibbiy yordam degan gaplar birovning tushiga ham kirgan emas. Bunday kezlarda qo‘ni-qo‘shnilardan biror keksa ayol chaqirilar edi. Uning tajribali momo bo‘lishi shart emas, qariligining o‘zi kifoya edi. Biz Yaypanga yaqinda ko‘chib kelgan, u yerda qarindosh-urug‘larimiz yo‘q edi, shu sababli dadam qo‘shni bir kampirni chaqirib chiqdi. Kampir ayam yotgan uyga kirib ketdi. Dadam ikkovimiz hovlida o‘tirdik... Qorong‘i tushdi. Meni uyqu bosa boshladi.
Yonimda o‘tirgan dadam birdan o‘rnidan turdi. Ko‘zimni ochdim. Tepamda boyagi qo‘shni kampir turar edi.
Qalay?-dedi dadam hovliqib.
Qiynalyapti bechora, -dedi kampir va biroz jim turgandan keyin menga ishora qildi, -bolaga ayting, ayasini duo qilsin, go‘dakning duosi ijobat bo‘ladi.
Dadam engashib mening qulog‘imga shivirladi:
- Xudoyo ayamga najot bergin, degin! Ayt!
Dadam qo‘rquv va jahl aralash meni qistar edi. Duo qila boshladim. Bu orada bir-ikki yig‘lab ham oldim. Keyin uxlab qoldim. Ertalab uyg‘onsam ayamning ko‘zi yoribdi».
Bu voqea «Bemor»ga asos bo‘lgan. Lekin muallif voqeani hikoyaga aylantirishda unga qator jiddiy o‘zgartirishlar kiritgan. Hikoyada tasvirlanishicha, Sotiboldining xotini og‘rib qoladi. Sotiboldi qurbi yetgan chora-tadbirlarning hammasini qiladi: domlaga o‘qitadi, tabibga qaratadi, baxshiga, kinnachiga ko‘rsatadi, bulardan hech narsa chiqmaydi. Doktorga qaratish uchun esa qurbi yetmaydi. Vaziyat yanada keskinlashadi, bemor bora-bora og‘irlashadi, Sotiboldi esa najot qidirishda davom etadi, Bahouddinga narsa ko‘taradi, «ko‘ngilga armon bo‘lmasin» deb chilyosin qildiradi, hatto qo‘shni kampirning «begunoh go‘dakning saharda qilgan duosi ijobat bo‘ladi» degan maslahatiga amal qilib, har kuni saharda to‘rt yashar qizchasini uyg‘otadi va uyqu g‘ashligi bilan yig‘lab turgan qizchasiga duo o‘qitib, uni takrorlashga majbur etadi. Voqea xotimasi juda ayanchli-bemor o‘ladi. Sotiboldi o‘lik yonidan olayotganda qizcha uyg‘onadi va ko‘zini ochmasdan odatdagicha «Xudoyo ayamdi daydiga davo beygin», deb duo qiladi.
Ko‘rinib turibdiki, hayotdagi hodisa hikoyada xiyla keskinlashtirilgan: to‘lg‘oq dardi tutgan ayol o‘rniga uzoq dard chekkan ayol olingan, dard chekkan ayolning nochor holati, so‘nib borayotgan bemorning ayanchli raftori ta’sirchan ifodalangan. Bunday paytda er boshiga tushadigan musibatlar birma-bir ko‘rsatilgan; qo‘li qisqa g‘amguzor er najot yo‘lida qo‘lidan kelgan barcha chora-tadbirlarni ko‘radi, ammo bu chora-tadbirlarning hech biri naf keltirmaydi. Agar hayotda ayol darddan forig‘ bo‘lsa, hikoyada dard ayolni olib ketadi. Bola duosi bilan bog‘liq hodisa hikoya dramatizmini oliy pardaga-fojeiy pafos darajasiga ko‘taradi.
Yozuvchi faktni bekorga o‘zgartirgan, uni atayin keskinlashtirgan emas. Muallif hodisaga o‘zgartish kiritayotganda hayot mantig‘iga, badiiyat qonuniyatiga asoslangan, hayot haqiqati mohiyatini mukammalroq, ta’sirchanroq ochish payida bo‘lgan. Jaholat hukm surgan sharoitda umr kechirgan, boshiga musibat tushgan, qo‘li qisqa, qashshoq bir oilaning nochor ahvolini, fojiali qismatini butun keskinligi bilan ko‘rsatishga muvaffaq bo‘lgan.
Qahhor tabiati, iste’dod yo‘nalishi jihatidan hayotdagi, odamlar qismatidagi fojeiylikni teran his etadigan adibdir. Uning eng yetuk hikoyalari ayni fojiali holat, qismatlar ifodalangan asarlardir. Hikoyalaridagi personajlar, hayotdan olingan epizodlar, lavhalar garchi muayyan intiho, badiiy yechim bilan yakunlansa-da, bunday yakun galdagi fojialar, ko‘rguliklarning debochasi vazifasini o‘taydi. «Bemor»dagi Sotiboldi xotinining o‘limi, uyqu aralash ayasining dardiga davo tilagan qizaloq va xotini dardiga davo qidirib bor-budidan judo bo‘lgan erning yangidan yangi sarson-sargardonliklari ibtidosidir. Sizga oldindan tanish ,,O‘g‘ri»-dagi cholning najot izlab mansab-martabaning turli zinapoyalarida turgan yulg‘ichlarga duch kelib, shilinib oxirida «najot» topishi -Egamberdi paxtafurushning «himmati»ga sazovor bo‘lishi, bu himmat esa kelgusida yuz berajak avvalgilardan-da og‘irroq talonchilikning o‘zginasidir. «Dahshat» hikoyasida «tiriklar go‘ristoni» Olimbek dodxoh xonadonidan qutulish yo‘lidagi mislsiz jasorati qahramonning halokati bilan tugaydi, biroq qahramon o‘limi dodxoh xonadonini izdan chiqaradi, talotumlarga giriftor etadi. Yozuvchining komik hodisalar, hajviy xarakterlar ifodalangan «Adabiyot muallimi», «San’atkor» hikoyalarida ham fojeiy ruh ustuvor. Har ikki asardagi o‘zlarini dono, bilimdon, madaniyatli qilib ko‘rsatishga intilgan kimsalar o‘zgalarning achchiq istehzolariga, nadomatlariga loyiqdirlar. Bir umrga o‘zgalarga kulgi bo‘lib yashash ham aslida o‘ziga xos fojiadir.
VI va VII sinflarda Abdulla Qahhorning «Bemor», ,,O‘g‘ri», «Dahshat» hikoyalari, ulardagi yozuvchining tasvir mahorati bilan tanishgansiz. Yozuvchi personajlar bisotini, ularning qanday odam ekanligini birinchi galda xatti-harakati, kechinmalari orqali ko‘rsatadi. Bu jarayonlar esa yorqin badiiy detallar orqali namoyon bo‘ladi. Bu xususiyat yozuvchining hajviy hikoyalariga ham xosdir.
«Adabiyot muallimi» hikoyasi bosh personaji Boqijon Baqoyev nodon, o‘ta madaniyatsiz bir kimsa. Hikoyada yozuvchi biron o‘rinda uni nodon, madaniyatsiz deb atamaydi, oshkora qoralamaydi. Personaj o‘zining nodon, madaniyatsizligini har qadamda xatti-harakatlari, fikrlash tarzi, gap-so‘zlari orqali o‘zi fosh etadi. Nafis, ya’ni badiiy adabiyot muallimi bo‘la turib jiyani, talaba Hamidaning Chexov va uning «Uyqu istagi» hikoyasi haqidagi oddiy savollariga tayinli javob berolmaydi, aslida u javob berishga qodir emas. Bu odamning fojiasi shundaki, aybini tan olgisi kelmaydi, o‘zini har bop bilan bilimdon qilib ko‘rsatishga urinadi, aravani quruq olib qochadi: uning xayolida, tilida bir-biriga qovushmagan nomlar, har xil atamalar, ilmiy tushunchalar... Uning fikrlash yo‘sini gap-so‘zlarida aniqlik, izchillik yo‘q, duch kelgan tomonga o‘tib ketaveradi. Yozuvchi hikoyani yakunlar ekan, savol beruvchi talaba qizning «g‘uvillab turgan boshida shundan boshqa hech narsa yo‘q edi», deb yozadi: «praktikum, minimum, maksimum, Deterding, Stending, Shelling, Mering, Demping...»
Shu tariqa ko‘z oldingizda nodon, notayin odamning nihoyatda aniq hajviy qiyofasi, ichki dunyosi, qolaversa ma’nisiz fojiali hayoti namoyon bo‘ladi.
Xullas, odamlar turmushidan olingan epizodlarda, lavhalarda ular hayotiga, qismatiga daxldor fojeiy mohiyatni ko‘rish, teran his etish, personajlar xarakteri va qismatini ularning ruhiyati ifodasi orqali yorqin badiiy detallar vositasida gavdalantirish Qahhor hikoyanavislik san’atining eng muhim jihatlaridir.
Sarob» romani « Sarob» romani kitob bo‘lib chiqqandan buyon to hozirga qadar uning tevaragida qizg‘in bahs-munozaralar davom etib keladi. U haqda ko‘pgina nohaq ta’nalar ham aytilgan. Adib tarjimayi holida shunday yozadi: «Sarob»ni to‘rt yilda yozib tugatdim... Uni kitobxon xush qabul qildi, lekin ba’zan arzon shuhratparastlik, ba’zan siyosiy demagoglik, ba’zan esa to‘g‘ridan to‘g‘ri jaholat natijasi bo‘lgan tanqid nayza ko‘tarib qarshi oldi. Bu narsa hatto farosatli odamlarni ham chalg‘itdi». Adabiy davralardan birida «Sarob» tanqidi munosabati bilan berilgan savolga yozuvchi: «Tanqid shu paytga qadar «Sarob»dan nuqul siyosat izladi. Romandagi odamlarning dardi-dunyosini, oh-u zorini eshitadigan bir azamat topilmadi», deya afsus bildirgan edi.
To‘g‘ri. “Sarob»da XX asr 20-yillaridagi ziddiyatli ijtimoiy-siyosiy hodisalar, mafkuraviy siyosiy kurashlar ifodasi ham bor. Davr siyosati ta’sirida, inqilobga qarshi chiqqanlarni tarafkashlik bilan qoralashga urinish ham mavjud. Biroq «Sarob» siyosat asari emas. Romandagi asosiy narsa undagi yetakchi personajlar -Saidiy bilan Munisxon qismati, ruhiyati tahlili ifodasidir. Bu roman birinchi galda xazon bo‘lgan muhabbat, uvol bo‘lgan umr dostonidir. Ikki ko‘rkam yoshning, bir-biriga munosib, aslida baxt uchun tug‘ilgan, ammo shaxsiyatidagi, tabiatidagi ojizliklar, qolaversa, jamiyatdagi ziddiyatlar tufayli hayotda o‘z o‘rnini, baxtini topolmagan navqiron avlodning achchiq fojeiy qismati, ruhiy iztiroblari, oh-zorlari to‘g‘risidagi asardir.
Saidiy bilan Munisxon muhabbati, ular umrining zavol topishida, shubhasiz, bu yoshlar tushib qolgan sharoit, vaziyatning, ziddiyatlarga to‘la davrning hissasi, ta’siri katta. Ayni paytda inson bolasi nomukammal bir zot. Taqdiri azalning o‘yinimi, peshonaga yozilganning ro‘yobga chiqishimi yoki insoniy ojizliklar oqibatimi -ro‘y bergan omadsizlik va baxtsizliklar uchun birinchi galda ularning o‘zlari aybdordirlar; o‘z taqdirlariga nisbatan loqaydlik, xudbinlik, maqsad yo‘lida sobitsizlik, mutelik ixtiyorni o‘zgalar qo‘liga topshirib, razolat bilan ittifoq tutinish, bundan ham yomoni, razolatga ko‘nikish inson bolasi uchun eng og‘ir gunoh, ko‘rgilik, katta fojia. Asarda siz Saidiy va Munisxonning achchiq sevgi va umr savdosi, ruhiy iztiroblari, dramalarga to‘la qalb daftari bilan tanishib, alamli o‘ylarga tolasiz. Bu jihatdan «Sarob» jahon adabiyotidagi ayni shu xil ruhiy fojialar tasvir va tahlil etilgan eng yetuk asarlar bilan bir qatorda turadi. Saidiy yozuvchi nasridagi yetakchi personajlar kabi hayot shafqatsizliklari toptab tashlagan, xo‘rlangan, tahqirlangan, mute, itoatkor, omadsiz shaxs. U «Sarob»dan oldin yozilgan «Boshsiz odam» va undan keyin yaratilgan «Bemor», «O‘g‘ri», «Anor», «O‘tmishdan ertaklar» qahramonlarining boshqa bir sharoitdagi, yirik janrdagi «ongli»-ziyoli qiyofasidagi ko‘rinishidir. Garchi Saidiy ziyoli-jurnalist, yozuvchi bo‘lsa-da, mohiyatan Sotiboldi, Turobjon, Qobil bobo, Babarlardan aytarli farq qilmaydi... Unda alloh bergan bir inson bolasiga loyiq aql-idrok, insoniy tuyg‘u, husn, kuch-qudrat bor-u, biroq unda qat’iyat, sabot yo‘q. Cho‘lpon iborasi bilan aytganda, u muhit girdobida bir somon parcha, hayot oqimida bamisoli oqar suv yuzasidagi poxol cho‘pdek qalqib boradi, har amal, har ishni «haq» deb biladi va shu tariqa o‘z vazni-qadrini boy beradi. Boshlagan biror ishini, orzu-niyat yo‘lidagi intilishini oxiriga yetkaza olmaydi: o‘qishni ora yo‘lda tashlab ketadi, komsomol safida, sho‘rolar idorasida ishlab, ular tarafida turib, buni ham yolchitmaydi, «sho‘ro odami” bo‘lolmaydi; aksilinqilobiy millatchilar guruhi tomon og‘ib, noshudligi, og‘zi bo‘shligi tufayli bu yerda bir necha bor qovun tushiradi, qisqasi, u bu muhitning ham odami bo‘lolmaydi. Ijodda ham nuqul birovlarning irodasi, maslahati, taqdim etgan mavzusi, tuzib bergan rejasi asosida ish ko‘radi. Unda chin iste’dod sohibi uchun zarur shart-mustaqillik, jur’at, jasorat yetishmaydi. Ozgina qarshilikka duch keldimi, darhol ijodiy niyatidan voz kechadi.
Bu yigit shaxsiy-intim hayotda ham o‘ta no‘noq. U go‘zal qiz Munisxonga ko‘ngil berib, uning mehrini qozonadi. Sevgi deb atalmish ilohiy ne’matdan bahramand bo‘lish imkoniyati tug‘iladi. Hayotidagi eng quvonchli, totli onlari uning Munisxon bilan ilk uchrashuv, muloqot damlaridir. Biroq mana shu baxtni ham asrab qolishiga qurbi yetmaydi. Bu noshud-notavon bandayi mo‘min xom xayollarga uchib, kitoblardagiday farovon turmushga erishish, mashhur yozuvchi bo‘lib yetishish orzusida tayanch-sharoit qidirib, badavlat odam-Murodxo‘ja domla xonadoniga ichkuyov bo‘lib keladi. Munisxondek farishta qolib, o‘z taqdirini Soraxondek tasqara bilan bog‘laydi. Bu hol Saidiy tabiatidagi ojizlik, subutsizlik, hayotda yo‘l qo‘ygan xatolarning eng qaltisi va xatarlisi, shaxsiy inqirozining avj nuqtasidir. Saidiyning eng jo‘shqin mehnat, ijodiy faoliyat onlari ezgu maqsadlarga emas, Murodxo‘ja domlaning moddiy manfaatlariga xizmat qiladi.
Qaltis vaziyatlarda bosh personaj qismatida, ruhiyatida yuz bergan o‘ta ziddiyatli, fojiali holatlar asarda katta mahorat bilan ko‘rsatilgan. Inson bolasi uchun eng og‘ir ko‘rgulik, fojia o‘zining ko‘ngil mayliga zid borish, ta’bi suymagan ishni qilish, bundan ham og‘iri-jirkanch vaziyatga o‘zini moslash, taqdirning shafqatsizligiga, omadsizlikka ko‘nikish, omonat asoslar orqali o‘zini ovutishdan iborat. Saidiy domla xonadonida ana shunday mushkulotga duch keladi: aqlga-tasavvurga sig‘maydigan hol yuz beradi-sekin-asta Saidiy qalbidagi barkamol go‘zal qiz Munisxon o‘rnini ma’naviy qashshoq, jismoniy xasta, o‘ta xunuk-tasqara Soraxon egallay boshlaydi. Yozuvchi bu ruhiy jarayonni butun mushkuloti, og‘riqlari, azob-iztiroblari bilan ifoda etadi.
Ayniqsa Saidiyning ko‘ngilsiz vaziyatga o‘zini ko‘niktirish, Soraxondan «fazilat»lar qidirish jarayoni tasviri yozuvchining noyob badiiy kashfiyotidir. Deyarli shunday hol Munisxonda ham yuz beradi. Munisxon ham, o‘z navbatida, Saidiydek ko‘rkam, iste’dodli yigit qolib, vaziyat taqozosi, aka xohishi, amri bilan ma’naviy tuban, ko‘rimsiz, jirkanch odamga zo‘rlab uzatiladi. Munisxon ham bu vaziyatga ko‘nikish, jirkanch kimsadan «fazilat» qidirish azobini chekadi. «Ikkovining farqi shundaki, Munisxon o‘zini alday olmagan-fazilatdan nuqson va nuqsondan fazilat yasashdan ojiz qolgan minutlar»da alamini yig‘idan, Saidiy esa ichkilikdan oladi. Ayniqsa, bir-birining vasliga yeta olmagan, ikki baxtsiz , omadsiz yoshning bir-biriga ro‘para kelgandagi holati-qalblarda kechayotgan iztirob, uni yashirishga qanchalik urinmasinlar, baribir oshkor bo‘lib turishi ifodasi yozuvchi san’atining benazir ehsonlaridandir. Ikki yosh to‘ydan keyin bir-birlariga duch kelganida ikkovi ham uzoq jim qoladi, so‘ng Saidiy «Qutlashim mumkinmi?»-deb so‘raydi. Shu o‘rinda yozuvchi: «Bu so‘zni u juda tez aytdi, ammo aytib bo‘lguncha, ko‘zidan yosh chiqib ketayozdi» deb yozadi. O‘sha kezlardagi qahramon qalbidagi iztirob naqadar nozik, ta’sirchan ifodalangan! «Mumkin!»-deydi sir boy bermagan Munisxon boyagi savolga javob tarzida o‘zini xursand va baxtiyor ko‘rsatishga tirishib. Saidiy bunga ishonmaydi, Munisxonning shu harakati uning yurak-bag‘rini ezib yuboradi. Munisxon yana uzoq vaqt shu mushkul yumushni davom ettiradi, har gal Saidiyni ko‘rganda o‘zini turmushidan, oilaviy hayotidan mamnun ko‘rsatishga intiladi. Buning oqibati ayon. Muallif yozadi : «Bu uzoqqa cho‘zilgan dard natijasi shu bo‘ldiki, Munisxonning go‘zalligi har kimning quchog‘ida bir qatradan qolaverib, tugayozdi».
Yozuvchi Saidiyning, ya’ni qabohatga moslashgan bandayi mo‘minning bu xonadondagi xo‘rliklari, insonlik sha’ni, nafsoniyatining oyoq osti etilishi, tasqara xotin, bulbuligo‘yo qaynona, makkor qaynata tomonidan tahqirlanishi, xasta opasi boshiga tushgan chidab bo‘lmas xo‘rliklar, bularning ustiga ishdagi, ijoddagi omadsizlik, tanazzul tarixini batafsil ko‘rsatadi. Saidiyning o‘sha kezlardagi nochor holati, iztiroblari o‘quvchi qalbini larzaga soladi. Yozuvchi qahramonning ayanchli qismati xususida bir personaj tilidan lo‘nda qilib shunday deydi: «Rahimjon hozir shalag‘i chiqqan aravaday Murodxo‘ja domlaning tomorqasida ag‘anab yotibdi». Nihoyat, Saidiyning ichki hayoti bilan tashqi hayoti orasidagi kundan kun o‘sib borayotgan qarama-qarshilik uning joniga qasd qilar darajasiga yetadi; u telba holga tushadi, o‘lim qidirib, bu dargohdan bosh olib ketadi.
«Sarob» romanida zamonning o‘tkinchi dovullari ta’sirida bitilgan zaif o‘rinlar ham bor; biroq bu roman bosh personajlar fojeiy qismati, ruhiyati dramasi tasviri va badiiy tahlilidan kelib chiqadigan achchiq saboqlari bilan hamma davr kitobxoni uchun qimmatlidir. «Sarob»ni o‘qigan kitobxon inson farzandi hayotda hamisha mustaqil, o‘z taqdiri uchun mas’ul, yuksak e’tiqod yo‘lida sobit va kurashchi bo‘lishi darkor, degan xulosaga keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |