TANQIDCHILARGA HAZIL
Antiteza yo‘li bilan
Absurdlarni yaratdik.
Real hamda virtualni
Modernga qaratdik.
Kontseptual eklektika
Aralashdi har gapga.
Tushimizga kirib chiqar
Ekzyuperi va Kafka.
– Yosh ijodkorlarga qanday istaklarni aytgan bo‘lardingiz?
– Birinchidan, yosh qalamkashlar o‘z adabiyotini teran bilishlari kerak, ikkinchidan, ular jahon adabiyotini o‘rganishi zarur. Uchinchi shart – ular mehnatga tashna bo‘lishlari kerak. O‘rni kelganida yosh shoir ukalarimizga bir gapni aytib o‘tay, zinhor bitta she’rni bir o‘tirishda yozdim, deb maqtanib yurmang, she’r, ya’ni undagi so‘zlar unli va undoshlariga qadar tinimsiz sayqal topgandagina va ayni chog‘da birinchi yozilishdagi ruhiy quvvati va sehrini yo‘qotmagan taqdirdagina mukammal asarga aylanishi mumkin. Albatta, men bundoq kamolotga erishganman demoqchi emasman. Lekin mumtoz adabiyotimizni o‘qib-o‘rganib, Dante singari shoirlarni tarjima qilib, shu xulosaga kelganman.
– Sizda she’r tug‘ilishi jarayoni qanday kechadi? Dastlabki uchqun misra tarzida namoyon bo‘ladimi, fikr yoki majoz bo‘libmi? Buni bilish o‘zim uchun ham qiziqarli...
– Menda she’r dastlab fikr tarzida, ba’zan majoz tarzida namoyon bo‘ladi. Keyin u she’r bo‘lib shakllanadi. Boya aytganimdek, qattiq mehnat natijasida, albatta. Lekin mehnatda zavq bo‘lishi kerak. Ilohiy zavq. Zero, qattiq mehnatni yuk tashuvchi jonvor ham qiladi. Bu ilohiy zavq sizga uyqu bermasin. Bu ilohiy zavq bo‘g‘zingizga qadar kelsin, ichingizdan toshib tursin. Ko‘zingiz yumilib ketayotgan esa-da, qo‘lingiz qalamga talpinsin. Xullas, mehnat, yana mehnat... Cho‘ntagida ikkita she’r qoralamasi yurmagan shoirni men shoir sanamayman: kezi kelganda tuzatish kiritish uchun «ammo»ning o‘rniga «lekin»ni qo‘yish kerak bo‘lar, masalan. Yoshligimda men uxlamaslikdan qo‘rqmasdim, endilikda uxlamagan tunim ertasiga darhol o‘z ta’sirini bildiradi.
– Abdulla aka, hozir ko‘nglingiz ko‘proq nimani tusaydi?
– Samimiy, beg‘ubor do‘st suhbatini. Bir to‘rtligimda aytganman: do‘stlashgan ikki odamning boyligi boyligiga teng bo‘lishi shart emas, bo‘yi bo‘yiga teng bo‘lishi shart emas, mansabi mansabiga teng bo‘lishi shart emas, ularning ko‘ngillari bir-biriga teng bo‘lsa, bas...
– Abdulla aka, Vatanimiz o‘z mustaqilligining yigirma yilligini nishonlash arafasida, xalqimiz istiqloldan quvvat olib, hurriyat nashidasidan il-homlanib istiqbol sari dadil qadam tashlayotgan bir pallada shoirman, yozuvchiman degan qalam sohiblarining vazifasi nimadan iborat bo‘lishi kerak, deb o‘ylaysiz?
– Qalam sohiblari, o‘tkir tafakkur egalari har bir zamonda ham davrning eng oldingi marralarida bo‘lishgan. Kerak bo‘lsa, xalq saodati, Vatan ozodligi uchun jonlarini fido qilishgan. Buni tarixdan yaxshi bilamiz. Bugungi kunda mamlakatimiz mustaqil, xalqimiz buyuk bunyodkorlik ishlarini amalga oshirmoqda. Biz ijodkorlar mana shu manzaraning shohidi bo‘lib turibmiz. Ammo bizlar mana shu ruhga, mana shu shiddatga munosib asarlar yaratayotibmizmi? Davrimizning qahramonlarini yuksak ohanglarda tarannum eta oldikmi? Mana shu tuyg‘u barchamizni bezovta qilishi zarur, tunlar uyqu bermasligi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |