Mana, Onaga berilgan baho.
– Abdulla aka, siz tarjima sohasida ham ulkan faoliyat ko‘rsatdingiz. Aniqsa, Dantening “Ilohiy komediya”sini tarjima qilganingiz tarixiy ish bo‘ldi.
– Hozircha uning “Do‘zax” qismi tarjima qilinib, nashr etildi. Tarjima jarayoni men uchun ulug‘ maktab bo‘ldi. Agar qog‘oz ustida eng ko‘p ter to‘kkan bo‘lsam, o‘sha tarjima ustida to‘kkanman. Ona tilimizning naqadar boy ekanligiga imon keltirgan bo‘lsam, o‘sha tarjima jarayonida imon keltirganman. Azbaroyi tarjima asl nusxadan kam bo‘lmasligi uchun tilimiz boyligidan imkon boricha to‘liq foydalanish uchun izlandim, til xazinamizdan so‘zlar axtardim.
– Nega bu ulug‘ asar tarjimasini nihoyasiga yetkazmayabsiz? Oldinda hali “A’rof” va “Jannat” qismlari turibdi...
– Buning o‘ziga xos sabablari bor... Bir sababi asarning nihoyatda buyukligi va murakkabligidir. Uning tarjimasini bir kirishganda poyoniga yetkazmoqlik mumkin bo‘lmagan ish. Bu asarning ulug‘ligini, zalvorini ro‘y-rost, qalbdan his qilish kerak. Orada ma’lum bir tanaffus bo‘lmasa, bu ezib tashlaydi odamni. “Do‘zax”ni tarjima qilganimda, tushlarimda odamlarning suyaklarini qazib yurardim. Bunday tush ko‘rish – ketmon bilan qabrlarni kavlab, kallalar, suyaklar bilan gaplashib chiqish – kimga yoqadi, deysiz.
Dante aytishicha, do‘zax darvozasiga “Ey banda, bu yerga umidlaringni tashlab kir”, deb yozib qo‘yilgan ekan. Bu gap aynan tarjimonga ham tegishlidir. Ya’ni tarjimon ham jahannamiy mehnatni bo‘yniga olib, bu ishga kirishmog‘i shart. Men “Do‘zax” tarjimasida ana shu uqubatlarni boshdan o‘tkazdim. Endilikda “A’rof”ning ham anchagina qo‘shiqlari o‘girildi. Xudo umr bersa, tarjimani to‘la-to‘kis nihoyalashni niyat qilganman.
– Abdulla aka, shoir uchun qachon oson bo‘lgan – besh yuz yil oldinmi, hozirmi yoki besh yuz yil keyinmi?
– Shoir uchun hech qachon oson bo‘lgan emas, hech bir zamonda oson bo‘lmaydi.
– Umr yo‘lingizga qarab, ba’zan armon va pushaymon ham tuyasizmi?
– Albatta. Armonim – behuda kechgan vaqtlarim, pushaymonlarim – sobiq tuzum siyosatiga mahliyo bo‘lib yozganlarim...
– Ko‘nglingizda ba’zan bisotingizdagi she’rlarni saralash niyati uyg‘onmaydimi?
– Vaqt saralagani ma’qul, meningcha...
– Boshqa janrda nega ijod qilmaysiz?.. Masalan, prozada...
– Prozada ham yozish niyatim bo‘lgan, hozir ham yo‘q emas, lekin o‘quvchini zeriktirib qo‘yishdan qo‘rqaman. She’r boshqa, proza boshqa, She’r menga o‘z yotog‘imga, nasr esa mehmonning uyiga o‘xshab ko‘rinadi.
– “Dunyo bu – quvg‘indi ohuday yelar...” degansiz bir she’ringizda. Mana shu bezovta dunyo, yugurik umr ko‘nglingizda qanday tuyg‘ular uyg‘otadi?
– Umrning yugurikligini qabristonlarga yo‘lim tushganda sezib qolaman va yuragim titrab ketadi... Goh-gohida Forobiy qabristoniga o‘tib turaman, tilovat qilaman. Ajabo, o‘ngimga burilsam – ustozim yotibdi, chapimda esa – shogirdim! “Umr buncha yugurik, dunyo buncha bevafo!..” degan tuyg‘u kechadi ko‘nglimdan.
– Tug‘ilgan yurt mehri degan tushuncha bor. Shoir uchun esa bu ayniqsa qadrli. Sizni ham tug‘ilgan zaminingiz – Qashqadaryo mehri bot-bot tortib turadimi?
– Nimadandir siqilsam, kayfiyatimda so‘niqlik paydo bo‘lsa, ko‘nglim Qashqadaryo kengliklarini qo‘msab qoladi. Bu diyorning soddadil, samimiy, jo‘mard odamlari ko‘z o‘ngimdan ketmaydi. Qitmirlikni bilmaydigan, faqat mehnat bilan umrguzaronlik qiladigan ezgu insonlar haqida o‘ylaganimda dastlab ko‘zim o‘ngida men bolaligimdan bilgan o‘sha odamlar gavdalanadi.
– Abdulla aka, jahon adabiyoti sahnasiga o‘zbek adiblari ham chiqadigan kunlar kelishiga ishonasizmi? Toki, dunyoda turli jarayonlar davom etar ekan, ularga baho berishda katta doiradagi odamlar, kelinglar, bu borada bir o‘zbek adibi bor, uning fikriga ham quloq solib ko‘raylik-chi, deyiladigan davr ham kelarmikin?
– Nega kelmas ekan? Bizning xalqimizning iqtidori jahonning boshqa xalqlarinikidan kammi? Albatta, shunday ijodkorlar bizdan chiqadi. Chiqishi kerak. Bobolarimiz dunyoni o‘ziga qaratgandi-ku, axir. Muhtaram Yurtboshimizning ijodkorlarga ko‘rsatayotgan ulkan g‘amxo‘rliklari zaminida shu muddao bor emasmi?
– Modern she’riyatiga munosabatingiz qanday?
– Men hamisha aytib kelganman, ko‘k she’r yozasanmi, oq she’r yozasanmi yoki qizil she’r yozasanmi uni, avvalo, odam tushunib, o‘qib bahra olsin.
Amerikalik Robert Frost degan shoir bor. Uning bir she’ri yodimda qolgan. Qafasdagi maymunga bir masalani yechishga berishadi. U yecholmaydi. Keyin u katalakda har yonga sakray boshlaydi. Bu bilan maymun, ko‘rib qo‘yinglar, aql birinchi o‘rinda emas, chaqqonlik birinchi o‘rinda turadi, demoqchi bo‘ladi. Ayrim “modern” she’rlarni o‘qisam, ana shu muqom esimga tushadi. Aytmoqchimanki, umr qisqa, uni tajribalar uchungina isrof qilib qo‘ymaslik kerak. Adabiyotdagi muvaffaqiyatni faqat shakliy izlanishlargina ta’minlamaydi. Ular nechog‘li zamonaviy va ilg‘or bo‘lmasin, she’rda ruh va mazmun muhimdir.
– Lekin, afsuski, adabiy tanqidchiligimizda bu muamolarni chuqur tahlil qila oladigan, to‘g‘ri yo‘nalishlarni ko‘rsatib beradigan tanqidchilarimiz, adabiyotshunoslarimiz ham yo‘q-da. Buni ham tan olishimiz kerak.
– Mana bu she’rga quloq tutsangiz, o‘zingiz xulosa chiqarib olasiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |