Nechun kulfatlarga to‘la bu hayot,
Nechun mujik holin bo‘lmaydi kuylab?
So‘ngsiz hasratlarga ko‘milgan bu zot
Kezadi kimsasiz Peterburg bo‘ylab.
Nekrasov hasrati, o, rus hasrati,
Poyoning bormikan, hadding bormikan?
Sensan – bu ayovsiz Sibir dahshati
Va mujik qalbiga sanchilgan tikan.
U Nekrasov bahonasida o‘z dardini, millat orzusini izhor etgan edi. Ko‘pchilik mavjud jamiyatni olqishlab yurgan bir paytda yosh shoir “Yuzma-yuz” she’rida “ura”larni ko‘p ham jini suymasligi, turmush ko‘ngildagidek emasligi haqidagi fikrni ifodalay olgan edi:
Ha, men istiqbolni o‘ylayman,balki,
Unda xalq yo‘liga tutashar yo‘lim.
Biroq “ura”larni sevmayman hali,
“Ura”demaklikka qisqadir tilim.
M.Qo‘shjonov va Suvon Meli isbotlashicha, bu she’r A.Oripov ijodini muhim bosqichga olib chiqdi. “Yuzma-yuz” odatdagi, biz ko‘p o‘qiydigan, yakka planli she’rlardan farq qiladi. U ko‘p ma’noli murakkab she’r. Bu jihatdan u G‘afur G‘ulomning yirik ijtimoiy masalalarni qamrab olgan she’rlarini eslatadi. “Yuzma-yuz” faqat shakl jihatdan emas, mazmuniga ko‘ra jihatdan ham murakkabdir (Qo‘shjonov M., Suvon Meli. Abdulla Oripov. T., “Ma’naviyat”, 2000.).
Shu tariqa Abdulla Oripovning adabiy jasorati,dadilligi borgan sari insoniy tuyg‘ular ifodasidan ijtimoiy hodisalar tomon yuksalishda davom etdi. A. Oripovning Vatan, el-yurt, ona xalq va millat to‘g‘risidagi ko‘plab she’rlarini tahlildan o‘tkazgan tanqidchi U. Normatov o‘z mushohadalaridan quyidagi xulosani chiqaradi: “Dadil aytish mumkinki, milliy she’riyatimizda el-yurt qayg‘usi, binobarin, ijtimoiy motiv bilan shaxsiy mayllarning uyg‘un kelishi bobida Cho‘lpondan keyin A. Oripov eng yuksak maqomga ko‘tarila oldi” (Normatov U. Vatanning otashin kuychisi. “O‘zAS”, 2011 yil 25 mart).
Vatnni ulug‘lashda, milliy istiqlolni madh etishda shoir hamisha “bor ovoz bilan kuylash”ni o‘zining ijodiy mezoniga aylantirdi. Shu sababli bo‘lsa kerak ,shoir qalbi ehtirosga to‘lib ketgan onlar:
Qani ,nay ber menga,do‘stginam,
Bergil,mayli rubob bo‘lsa ham,
Ber,bir nafas bo‘shatib olay,
To‘lib ketgan yuragimni man,-
deydiki, bu san’atkor ilxomining jo‘shqinligidan dalolatdir. Adabiyotshunos F.Hamroev kuzatishlaridan anglashilishicha, Abdulla Oripov she’riyatida yuqoridagi fazilatlarining samarador omilga aylanishida V.V.Mayakovskiy, G‘afur G‘ulom va Mirtemir poeziyasining ta’siri kuchli bo‘lgan (Hamroev F). (Hamroev F. Hayot falsafasi va shoir muhabbati. Jahon adabiyoti. 2007, №12, 150-162 bet.)
Shoirning aksariyat asarlarida she’riy intonatsiya, betakror, shiddatkor ohang bilan sokin, osoyishta, samimiy ruh uyg‘unlashib ketadi. Uning 1965 yilda yozilgan “Tilla baliqcha” she’ri fikrimizning dalili bo‘la oladi. U yozilganidanoq har xil talqin qilinib, turli-tuman qarashlar uyg‘otib keladi. Ba’zi munaqqidlar she’r yozilgan davrlar uchun tilla baliqcha timsolida yaratilgan obraz sovet hayoti uchun tipik hodisa emas demoqchi bo‘ldilar. Buning tagida “hayotga tuxmat” degan ma’no yotardi. Bunday xulosa mafkuraviy qatag‘onning mahsuli ekanligi o‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdi. Keyingi yillarda boshqa bir munaqqidlar tilla baliqcha timsoli vositasida shoir sho‘ro davrida dimiqqan muhitni qoralagan, degan fikrlarni so‘rdilar. Asar mohiyatini shoirning o‘zi quyidagicha izohlaydi: “Ishxonamiz yonida bir sassiq hovuz bo‘lib, unda uch-to‘rtta tilla baliq og‘zini katta-katta ochganicha o‘lar holda kun o‘tkazardi. Boshqa shoirlar qatori o‘sha baliqlarning holiga achinib, men ham “Tilla baliqcha” degan she’r yozib, baloga qolganman. Emishki, sassiq hovuz deganda sovet tuzumini nazarda tutganman. Demakkim, haqiqatdan ham bir gap bor ekanki, arqon ularning ko‘ziga ilon bo‘lib ko‘rinibdi”. Aslida tilla baliqcha timsoli vositasida bu she’rda noyob iste’dodga ega bo‘lgan buyuk shaxslarning sho‘ro jamiyatda kamsitilayotgani, oyoqosti qilinayotganligi to‘g‘risidagi g‘oya mahorat bilan ifodalangan edi..
Do'stlaringiz bilan baham: |