General shtatlar (Bosh shtatlar) – Fransiya qiroli Filipp IV Chiroyli tomonidan 1302-yilda tashkil qilingan toifaviy kengash. G.Sh. qirol domenidagi 3 ta toifa vakillaridan – ruhoniylar, dvoryanlar va uchinchi toifa vakillarini oʻz ichiga olgan. Shu sabab u 3 palatadan iborat boʻlib, 1-palata ruhoniylar (arxiyepiskoplar, yepiskoplar yirik monastirlarning abbatlari), 2-palatada oʻrta va mayda dvoryanlar, 3-palatada shaharlar merlari, munsipalitet vakillari oʻrin egallagan. G.Sh. doimiy ravishda faoliyat olib bormagan va uning faoliyat muddati qirol tomonidan belgilab berilgan. Fransiyada G.Sh. bilan birga Provinsiya shtatlari ham faoliyat olib borgan. Shuning uchun ham qirol tomonidan chaqirilganligi uchun ham bu yigʻilish G.Sh. deb ataladigan boʻldi.
Genikon – Vizantiyada soliqlarni joriy etish va yigʻishga mas’ul boʻlgan bosh soliq va moliya devonxonasi. VII asrda paydo boʻlgan. Bu idoraga soliq toʻlanishi bilan bogʻliq ishlarni sud tartibida koʻrib chiqish vakolatiga ega boʻlgan G. logofeti boshchilik qilgan.
Genitlar – Angliyada rivojlangan oʻrta asrlar boʻsagʻasida oʻz yeriga ega boʻlgan dehqonlar toifasi. Ular senor yerida ishlash majburiyatidan holi boʻlgan, faqatgina hosil yigʻib olish va pichan oʻrimida jalb qilingan. Mahsulot shaklida renta toʻlagan, senorni kuzatib yurgan, ov tashkil qilgan, shaxsiy topshiriqlarini bajargan, yavlovdan foydalanganligi uchun bitta choʻchqa bergan.
Genuya – Apennin yarim orolida oʻrta asrlar davridagi respublika boʻlib, XII asrda tashkil topgan. Oʻrtayer dengizidagi savdo uchun Venetsiyaning asosiy raqibi boʻlgan. XIII va XIV asrlarda G. Qrim yarim orolida bir nechta koloniyalarga ega boʻlgan. Kaodjidagi magʻlubiyatdan keyin G. inqirozga uchray boshlagan.
Geogrlar – Vizantiyada "Dehqonchilik qonuni" ga koʻra jamoaning erkin a’zolari.
Geptarxiya (yunon. hepta – yetti va archi – katta) – Angliyada VI asr oxirlari va VII asr boshlarida boshlanib, IX asrga qadar davom etgan siyosiy boshqaruv davri. Mamlakatning siyosiy tarqoqlik davrini bildirgan mazkur atama XVI asrda ingliz tarixchilari tomonidan yetti qirollikni nomlanishi bilan kiritilgan. Sakslarning – Uesseks, Susseks, Esseks va angllarning – Mersiya, Nortumbriya, Sharqiy Angliya va yutlarning Kent qirolliklari umumiy tarzda G. deb nomlangan. VIII asr 2-yarmida vaqtincha boʻlsada, Angliyaning bir qismi Mersiya qiroli Off tomonidan birlashtirilgan. IX asrdan boshlab, boʻlgʻusi Angliya davlatining tashkil qilinishi Uesseks qirolligi bilan bogʻliq boʻlib qoldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |