Gallikan cherkovi (lot. Gallia – hozirgi Fransiyaning qadimgi nomidan olingan) – oʻrta asrlarning soʻnggi davrlarida Rim katolik cherkovidan mustaqil boʻlgan fransuz milliy cherkovi. Cherkovning avtonom huquqqa ega boʻlishi uchun kurashi XIII asrda Parij universiteti jamoasi tomonidan boshlangan. Fransiya qiroli Filipp IV va papa Bonifatsiy VIII lar oʻrtasidagi ziddiyat natijasida fransuz ruhoniylari papaga qaraganda oʻz qirollariga boʻysinishi ma’lum boʻldi.
Ganza (nem. hansa – ittifoq, birodarlik) – о’rta asrlar Gʻarbiy Yevropa davlatlaridagi eng yirik savdo va siyosiy ittifoq. Ittifoqning shakllanishi XII asrdan savdogarlar va savdo birlashmalari hamkorligi natijasida boshlangan. 1241-yilda Lyubek va Gamburg shaharlari Boltiq va Shimoliy dengizdagi savdo yoʻllarini birgalikda himoya qilish maqsadida shartnoma imzolashdi. 1256-yilda dengiz boʻyi shaharlari Lyubek, Gamburg, Lyuneburn, Vismar, Rostok birlashdilar. 1356-yil G. ittifoqining rasman tashkil qilingan sanasi sifatida koʻrsatiladi. Ganza shaharlari Lyubek boshchiligida 1367-1370-yillarda yagona ittifoqqa birlashishdi. Ular shimoldagi Novgorod, London, Skandinaviya shaharlari bilan savdo aloqalarini oʻz qoʻllarida ushlab turganlar. G. ittifoqining birinchi umumiy sye’zdi 1356-yilda chaqirilgan. XIV-XV asr oʻrtalarida ittifoq gullab yashnagan va uning tarkibiga 160 dan ortiq shahar kirgan. G. ittifoqi amalda 1669-yilga qadar mavjud boʻlib, taxminan 500 yillar faoliyat olib borgan. Non, moʻyna, teri, tuz, baliq, asal, mis rudasi, yogʻoch va boshqalar asosiy savdo buyumlari boʻlgan. Ittifoqning boshqaruvi Lyubek shahri savdogarlari qoʻlida boʻlgan. Umumiy armiya va xazina mavjud boʻlmagan. 1478-yilda G. savdogarlari Novgoroddan quvib chiqarilgan. Amerika va Hindistonga savdo yoʻllarining ochilishi natijasida oʻz mavqeyini yoʻqotgan. Uning oxirgi sye’zdi 1669-yilda chaqirilgan.
Gayda – 120 akr yoki 48 ga teng boʻlgan ingliz yer oʻlchovi. Bunday hajmli yer bir xoʻjalik hayotiy ehtiyojlari uchun yetarli hisoblangan. Ilk oʻrta asrlarda Angliyada jamoa a’zosiga ajratilgan kesim yer boʻlagi boʻlgan. Soʻnggi oʻrta asrlarga kelganda u endi odatdagi kesim yer boʻlagi boʻlmasdan, balki 120 akr yer maydonini anglatuvchi oʻlchov birligiga aylangan.
Gayduklar (vengr.hajduk – piyoda askar) – usmoniy turklarning Bolqon va Gʻarbiy Armanistondagi hukmronligiga qarshi kurashgan shu hudud xalqlarining qurolli qatnashchilari.
Geburlar – Angliyada oʻz yeri yoʻq, lord yerida ijarada mehnat qiluvchi, ayni vaqtda xoʻjayin yerida haftasiga 3-4 kun ogʻir barshina, shuningdek mahsulot rentasi toʻlovchi dehqonlar qatlami. Bu majburiyati evaziga ularga mehnat qurollari, kesim yer boʻlagi va chorva berilgan. Taxminan u gaydaning 4/1 qism yerga egalik qilgan, oʻlimidan keyin barcha mulklar senorga oʻtib ketgan.
Geliosentrizm (yunon.hyelios – quyosh va markaz) – yer sharining quyosh atrofida aylanishi, ya’ni dunyoning markazi quyosh ekanligi haqidagi ta’limot. To bu ta’limot ilgari surilgunga qadar quyosh yerning atrofida aylanishi (geosentrizm) ta’limoti mavjud boʻlgan va cherkov ushbu ta’limotni qoʻllab-quvvatlab kelgan. G. ta’limoti N.Kopernikning (1473-1543) “Osmon jismlarining harakati haqida” degan asaridan keyin toʻliq tasdiqlandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |