7 mavzu. XVIII asr oxiri – XX asr boshida xalqaro
munosabatlar va diplomatiya.
1789 yilda Fransiyada Lyudovik XVI absolyut monarxiyasining qulashiga olib
kelgan inqilob ro‘y berdi. Ushbu voqea inqilobiy Fransiyaga qarshi birlashtirgan
butun Evropani harakatga keltirdi. 1791 yil 27 avgustda Saksoniyaning Pilnits qasrida
Avstriya va Prussiya o‘rtasida deklaratsiya imzolandi, 1792 yilning 7 fevralida esa –
Fransiyaga qarshi harbiy ittifoq. Shu tariqa Fransiyaga qarshi Evropa davlatlarining
birinchi koalitsiyasiga (ittifoqiga) asos solindi.
Fransiyaning o‘zida ushbu xabar vatanparvarlik harakatini keltirib chiqardi.
Federatlarning qurollangan otryadlari tuzila boshlandi. Qonun chiqaruvchi majlis
“Vatan xavf ostida!” deb e’lon qildi va hujumni kutib o‘tirmasdan, Avstriyaga urush
e’lon qildi. Harbiy harakatlar Fransiya uchun muvaffaqiyatsiz boshlandi. Avstriya
bilan ittifoqda Prussiya ham harakatlar olib bordi. Uning armiyasi Fransiyaga bostirib
68
kirdi va bir qator qal’alarni ishg‘ol etdi. Biroq, Fransiya qurollanmoqda va
safarbarlikni amalga oshirmoqda edi. Va 1792 yilning 20 sentyabridayoq fransuzlar
Valmi qishlog‘i yonida pruslarning hujumini qaytarishdi. Ushbu jangdan so‘ng,
Fransiyaning inqilobiy armiyasi Belgiyani, Reyn daryosining chap sohilini, Nitssani,
Savoyyani egalladi. Ushbu erlarning bir qismi Fransiyaga qo‘shib olindi. Ammo
qirolning qatl qilinishi Evropa monarxlarini hayajonga soldi. Koalitsiyaga Angliya va
Ispaniya qo‘shildi. Rossiya emigrantlar armiyasiga moliyaviy yordam ko‘rsatdi.
Yakobinchilar diktaturasi o‘rnatilishi bilan, fransuz qo‘shinlari 1794 yilning
boshiga kelib o‘z davlatining erlarini interventlardan tozalashga erishdi va urush
dushman hududlariga ko‘chirildi. Iyun oyida Fleryus qishlog‘i (Belgiya) yonida
fransuzlar Avstriya armiyasining asosiy kuchlarini tor - mor etishdi. Koalitsiya
(ittifoq) mag‘lubiyatga uchradi.
Fransiyaning o‘zida esa 9 termidor aksilinqilobiy to‘ntarilishi ro‘y berdi,
yakobinchilar diktaturasi quladi. Biroq ushbu hokimiyat almashuvi ham uzoqqa
cho‘zilmadi. Direktoriyaning o‘rniga Napoleon Bonapart keldi va o‘zining yakka
hokimiyatini o‘rnatdi. Konsullik va Birinchi imperiya davrida Fransiya to‘xtovsiz
urushlar olib bordi. Bosib olingan mamlakatlarni fransuz mollari sotiladigan
bozorlarga va Fransiya sanoati uchun xomashyo manbasiga aylantirish siyosati olib
borildi.
Shuni ta’kidlash lozim-ki, Napoleon olib borgan urushlarning asosiy maqsadi
- Evropada Fransiyaning ustunligini o‘rnatish uchun kurash edi. Fransiyaga qarshi
ittifoqlarga kirgan mamlakatlar - Angliya, Rossiya, Avstriya va Prussiya - nafaqat
fransuz gegemoniyasiga qarshi kurashdilar, balki o‘zlarining maqsadlariga ham ega
edilar. Lekin XIX asr boshida xalqaro munosabatlarning markazida Angliya va
Fransiya o‘rtasidagi raqobat turardi.
1800 yilda ichki ziddiyatlar tufayli Fransiyaga qarshi ikkinchi koalitsiya tarqab
ketdi. 1801 yilda Rossiya va Avstriya bilan tinchlik shartnomalari imzolandi.
Natijada Fransiyaning hokimiyatini endilikda butun Italiya, Belgiya, Gollandiya va
bir qator german knyazliklariga yoyildi.
1802 yilda Amen shahrida Angliya bilan xalqaro shartnoma imzolandi. Uning
bandlariga ko‘ra Fransiya va Angliya Evropada yuzaga kelgan tartibni saqlash
majburiyatini oldilar. Biroq tinchlikning umri qisqa bo‘ldi. Va 1803 yilda harbiy
harakatlar qaytadan boshlanib ketdi. 1805 yilda Evropa davlatlarining uchinchi
koalitsiyasi (ittifoqi) shakllandi. Unga Angliya, Rossiya, Avstriya va Neapolitan
qirolligi kirdi.
1805 yil 21 oktyabrda Trafalgar burni yonidagi jangda admiral Nelson
qo‘mondonligidagi ingliz floti birlashgan fransuz - ispani flotini mag‘lub etganidan
so‘ng, Napoleon barcha kuchlarini avstiryaliklarga qarshi qaratdi. 1805 yilning
oktyabrida Avstriya armiyasi taslim bo‘ldi va fransuz qo‘shinlari Venaga kirib
kelishdi.
Dekabr boshida Austerlits yonidagi jangda Rossiya va Avstriyaning birlashgan
kuchlari mag‘lubiyatga uchradi. Tez orada Avstriya va Fransiya o‘rtasida tinchlik
shartnomasi imzolandi. 1806 yilda Napoleon protektorati ostida 16 german
69
davlatidan iborat Reyn ittifoqi tashkil etildi. Shu tariqa German millatining Muqaddas
Rim imperiyasi yo‘q qilindi.
1806 yilda Fransiyaga qarshi to‘rtinchi (Angliya, Prussiya, Rossiya va
Shvetsiya) koalitsiya shakllandi. Lekin o‘sha yilning o‘zida Yena va Auershtedt
yonidagi janglarda Prussiya armiyasi tor - mor etildi. 1806 yilning oktyabrida
Bonapart Berlinga kirib keldi va bu erda, Evropa davlatlari iqtisodiyotiga jiddiy zarba
bergan, kontinental (qit’aviy) qamal to‘g‘risidagi dekretni imzoladi (1806 yil 21
noyabr). Dekretga ko‘ra butun Fransiyada va unga qaram bo‘lgan mamlakatlarda
Buyuk Britaniya bilan savdo qilish man etildi.
O‘zining asosiy vazifasini - Angliyani tor - mor etish va Fransiyaning
gegemoniyasini o‘rnatishni - Napoleon Rossiya bilan vaqtinchalik murosaga kelish
yo‘li orqali xal etishga urindi. Tilzit shartnomasiga (1807 yil 7 iyul) binoan Rossiya
Evropada Bonapart tomonidan amalga oshirilgan o‘zgarishlarni tan oldi va
kontinental (qit’aviy) qamalga qo‘shildi. Shu erning o‘zida Fransiya - Prussiya
tinchlik shartnomasi ham imzolandi-ki, unga ko‘ra Prussiya davlati qisqartirilgan
ko‘rinishda saqlab qolindi. Prussiya ham kontinental (qit’aviy) qamalga qo‘shildi.
1808 yilda boshlangan Ispaniyaning okkupatsiyasi natijasida, Napoleon
Fransiyasiga qarshi beshinchi koalitsiya tuzildi (1809 y.) va uning tarkibiga faqat
Angliya va Avstriya kirdi. 1809 yilning iyulida Vagram yonidagi jangda fransuzlar
armiyasi avstriyaliklarni mag‘lub etdi. O‘sha yilning oktyabr oyida Shenburunn
tinchlik shartnomasi imzolandi. Unga binoan Avstriya hududlari qisqartirildi.
Bundan tashqari, u armiyasining sonini kamaytirishi, kontributsiya (urushda engilgan
davlat tomonidan g‘olib davlatga to‘lanadigan tovon) to‘lashi va kontinental
(qit’aviy) qamalga qo‘shilishi majbur edi.
1812 yilning boshiga kelib Fransiya - Rossiya munosabatlarinng keskinlashishi
oqibatda urushga sabab bo‘ldi. Urush 1812 yil 24 iyunda boshlandi. 26 avgustda
bo‘lib o‘tgan Borodino jangida fransuzlarning talafoti 60 ming askarni tashkil etdi.
Garchand rus armiyasi chekingan bo‘lsa ham, lekin o‘z jangovarligini saqlab qoldi.
1812 yilning 14 sentyabrida fransuzlar Moskvaga kirib kelishdi, biroq atrofda
partizan urushi, xalq urushi avj olayotgan edi. 1812 yilning 12 oktyabrida Napoleon
armiyasi Moskvani tark etishga majbur bo‘ldi. Keyinchalik Bonapartning o‘zi ham
armiyasini tashlab, Parijga jo‘nab ketdi. Fransuzlar armiyasining Rossiyadagi
mag‘lubiyati “engilmas” Napoleon imperiyasining qulashini boshlab berdi.
1813 yilning bahorida Fransiyaga qarshi oltinchi kaolitsiya tashkil etildi. Uning
tarkibiga Rossiya, Angliya, Shvetsiya, Prussiya, Ispaniya, Portugaliya, Avstriya
mamlakatlari kirdi. Hal qiluvchi jang 1813 yil 16 - 19 oktyabrda Leypsig shahri
yonida ro‘y berdi. “Xalqlar jangi” natijasida Napoleon mag‘lub bo‘ldi va Reyn
daryosi ortiga chekindi.
1814 yil mart oyining boshida ittifoqchilar Napoleonni to‘la tor - mor
qilmaguncha urush harakatlarini olib borish to‘g‘risidagi Shomon shartnomasini
imzolashdi.
31 martda ittifoqchilar Parijga kirib kelishdi. Napoleon o‘z o‘g‘li foydasiga
taxtdan voz kechdi. Biroq, senat va Evropa davlatlari Fransiya taxtida Burbonlarni
tiklashdi. Napoleon Elba oroliga badarg‘a qilindi. 1814 yil 30 mayda Parijda tinchlik
70
shartnomasi imzolandi. Unga binoan Fransiya 1792 yil chegaralariga qaytarildi.
Napoleonga hayrixoh bo‘lgan kayfiyatlar yana jonlandi. 1815 yil 1 martda Napoleon
Fransiyaning janubiga borib tushdi va 20 martda Parijga qaytib keldi. Imperiya
tiklandi.
Napoleonga qarshi oxirgi, ettinchi kaolitsiya tashkil etildi. 1815 yil 18 iyunda
Vaterloo yonidagi jangda Napoleon armiyasi batamom tor - mor etildi. Napoleonning
o‘zi Muqaddas Elena oroliga surgun qilindi va bu erda 1821 yilda vafot etdi.
Napoleon ag‘darib tashlanganidan so‘ng Evropa davlatlari vakillari 1814 yilda
Vena kongressiga yig‘ilishdi. Kongress qatnashchilari avvalgi sulolalarni va
dvoryanlar hokimiyatini tiklashga, g‘olib chiqqan koalitsiya manfaatlariga mos tarzda
erlarni qayta taqsimlashga intilishdi. Asosiy rolni Avstriya, Prussiya, Angliya va
Rossiya vakillari o‘ynadi.
Natijada, Rossiya Polshaning bir qismini - Varshava gersogligini oldi;
Prussiyaga boy va iqtisodiy rivojlangan viloyatlar - Reyn viloyati va Vestfaliya,
hamda polyaklarning g‘arbiy erlarni tegdi. Italiyaning ikki viloyati - Lombardiya va
Venetsiya Avstriyaga o‘tdi. 200 mayda knyazliklar o‘rniga 38 davlatdan iborat
German ittifoqi barpo etildi. Ular orasida eng yiriklari Prussiya va Avstriya edi.
Angliya O‘rta er dengizida muhim tayanch nuqtasi hisoblanmish Malta orolini va
sobiq mustamlakalari - Hindiston qirg‘oqlari yonidagi Seylon orolini va Afrika
janubidagi Kapa erini o‘zida saqlab qoldi. Lekin Angliyaning asosiy muvaffaqiyati
uning asosiy raqibi - Fransiyaning zaiflashishi edi.
Papaning Rim viloyati ustidan dunyoviy hokimiyati tiklandi, Neapolitan
qirolligida esa avvalgi Burbonlar sulolasi taxtga chiqarildi. Burbonlar hokimiyati
Ispaniyada ham tiklandi. Fransiya erlari avvalgi chegaralariga qaytarildi. Bundan
tashqari, Fransiya ulkan kontributsiyani to‘lashga majbur edi.
Vena kongressida, “din yo‘lida” inqilobiy harakatlar bilan kurashish uchun,
Rossiya va Avstriya imperatorlari, hamda Prussiya qiroli “ Muqaddas ittifoqni”
(Aleksandr I tashabbusi bilan) tuzishdi. Unga keyinchalik Evropa davlatlarining
deyarli barcha monarxlari qo‘shildi. Birgalikda amalga oshirilgan harakatlar
natijasida Ispaniya va Italiyada ro‘y bergan inqiloblar bo‘g‘ib tashlandi.
“Vena tizimi” ning mustahkam emasligi 1815 yilda barpo etishi davridan
boshlab ayon bo‘lib qoldi. Muqaddas ittifoq ishtrokchilari uni inqilobiy jarayonlariga
qarshi samarali qurolga va ixtilofli xalqaro muammolarni hal etadigan forumga
aylantira olmadilar.
Axen kongressidan ( 1818 y. ) so‘ng Evropa davlatlari oldida turgan eng jiddiy
masala - bu ko‘tarilib borayotgan inqilobiy to‘lqinni bartaraf etish muammosi edi.
1819 yildan boshlab Evropaning qator mamlakatlarida ( german va italyan davlatlari,
Ispaniya, Portugaliya va boshq ) feodal - absolyutik tartiblarga qarshi chiqishlar
ko‘payib bordi. Muqaddas ittifoqning ushbu inqiloblarga nisbatan munosabatini
belgilash maqsadida 1820 yilning oktyabrida Troppau (Opava) shahrida, Axen
kongressidan keyin, ikkinchi kongress chaqirildi va u o‘z ishini 1821 yilda Laybaxda
(Lyublyane) davom ettirdi. Avstriya, Rossiya, Prussiya, Angliya va Fransiya
davlatlari qatnashgan kongressda markaziy o‘rinni Neopolitan qirolligidan
voqealarning muhokamasi egalladi. Metternix inqilobni bostirish uchun Avstriya
71
qo‘shinlaridan foydalanishni taklif etdi. Ushbu masala bo‘yicha munozaralardan
davlatlarning ichki ishlariga aralashishga qaratilgan aksilinqilobiy doktrinani
qonunlashtirdi. 1821 yil 12 mayda uch davlat (Avstriya, Rossiya, Prussiya)
monarxlari Muqaddas ittifoqning butun dunyoda inqilobiy harakatlar bilan ochiqdan -
ochiq harbiy kurash olib borish to‘g‘risidagi deklaratsiyani qabul qilishdi.
Muqaddas ittifoqning uchinchi kongressi Verona shahrida 1822 yilning
okryabrida inqilobiy Ispaniyaga qarshi harbiy intervensiyani tashkil etish uchun
to‘plandi. Rossiya, Avstriya va Prussiya yakdillik bilan harakat qilishdi. Veronada
Fransiya ham ularga qo‘shildi. Ammo Angliya o‘zgacha nuqtai nazarga ega edi.
Verona kongressining boshlanishi Yaqin Sharqda ingliz - rus ziddiyatlarning
keskinlashishiga to‘g‘ri keldi. Angliya - Fransiya raqobati ham, qaytadan boshlandi-
ki, bu ayniqsa Pireney yarimorolida va Lotin Amerikasida ko‘zga tashlandi.
Veronadagi kongress asosiy e’tiborni Pireneydagi inqiloblarga qaratdi.
Muqaddas ittifoq ishtrokchilari inqiloblarni Fransiya kuchlari vositasida bostirish
qarorini qabul qilishdi. Bunga faqat Angliya qarshi chiqdi. 1823 yilning bahorida
fransuzlarning ekspeditsion korpusi Pireneylarni kesib o‘tdi va 1823 yilning may
oyida Madridni egalladi. Inqilob bostrildi. Pentarxiya tomonidan amalga
oshiriladigan muvofiqlashtirilgan harkatlardan Angliyaning chetga chiqishi jiddiy
oqibatlarga ega edi; bunday holat Evropani separat itifoqlariga bo‘linib ketishiga olib
kelardi.
1848 - 1849 yillar inqiloblari “ 1815 yil traktatlari” ni (shartnoma, bitim
ma’nosida) qo‘riqlash va “inqilobiy ruh” bilan kurashish bo‘yicha besh buyuk
davlatning birgalikdagi harakatlarini nazarda tutgan “Vena tizimi” ning tamoyillariga
yangi zarba berdi. Angliya boshqa buyuk davlatlar bilan umumiy siyosat yuritishda
chetga chqib bo‘lgandi 30-yillarda shunga o‘xshash siyosatni Fransiya ham olib
bordi. Prussiya va Avstriya hukmron doiralarining ruhi esa 1848 - 1849 yy.
inqiloblari natijasida tushib ketgandi.
40 - yillar inqiloblaridan so‘ng Germaniyada keskinlashib ketgan Prussiya -
Avstriya raqobati Muqaddas ittifoqning oxirgi tayanchi – Rossiya, Prussiya va
Avstriya monarxlarining ittifoqchiligiga tarqab ketish tahdidini soldi. 1850 yilda
Germaniyada raqobatning qaytadan o‘t olishi natijasida Avstriya - Prussiya urushi
boshlanib ketishga sal qoldi. Biroq, Prussiya yon berishga majbur bo‘ldi. 1850 yilda
Olmyusda Prussiyaning to‘la mag‘lubiyatini anglatgan Avstriya -Prussiya bitimi
imzolandi. 1851 yilda Drezden shahrida umumgerman seymi (parlamenti) Avstriya
boshchiligidagi German ittifoqini tikladi.
20 - 30 va 40 chi yillarda ro‘y bergan inqiloblar XIX asrning o‘rtalariga kelib
“Vena tizimi”-ning asoslarini qo‘porib tashladi va uning chuqur inqirozini keltirib
chiqardi.
Napoleon urushlaridan so‘ng sharqiy masalaning birinchi keskinlashishi
yunonlar qo‘zg‘oloni (1821 y.) bilan bog‘liq edi. Yunonistonda turk sultoni
hokimiyatiga qarshi inqilobning dastlabki muhokamasi Muqaddas ittifoqning Verona
kongressida (1822 yil oktyabr - dekabr) bo‘lib o‘tdi va hech qanday natija bermadi.
Biroq vaziyat o‘zgardi. Sharqiy masala bo‘yicha inglizlarning harakatlari rus
diplomatiyasini faollashtirdi. Rossiya yunon - turk to‘qnashuviga ittifoqchi
72
davlatlarning birgalikdagi aralashishiga erishmoqchi edi. Ammo Rossiyaning
urinishlari Angliya va Avstriyaning qarshililigiga uchradi. Biroq, Angliya o‘z
manfaatlari yo‘lida yunon masalasi bo‘yicha Rossiya bilan ikki tomonlama
kelishuvga (1824 yilning 4 aprelida imzolangan Peterburg protokoli) bordi. Ushbu
kelishuvga ko‘ra Yunoniston muxtoriyatga ega bo‘lishi va Turkiyaga har yili o‘lpon
to‘lashi lozim edi. Angliya esa yunon - turk ixtilofida vositachilik qilishi nazarda
tutilgandi.
Sulton bunga rad javobni berdi va keng qamrovli harbiy harakatlarni boshladi.
1827 yilning iyunida Londonda yunon masalasi bo‘yicha Angliya, Rossiya va
Fransiya o‘rtasida bitim imzolandi. Ittifoqchilavr urushga kirdilar va 20 oktyabrda
Navarin yonidagi jangda turk - misr flotini tor - mor etdilar.
1828 yil may oyida Rossiya Turkiyaga urush e’lon qildi va g‘alabaga erishdi.
1829 yil 14 sentyabrda Andrianopol shartnomasi imzolandi. Unga binoan Serbiya,
Valaxiya va Moldovaning muxtoriyatiga ega bo‘lish huquqlari tasdiqlandi. Rossiya
Qora dengizda, Kavkazda va Kavkaz ortida mustahkam o‘rnashib oldi. Turkiyaning
xristian aholisidan iborat qator erlari (Kars va boshq) Rossiya tasarrufiga o‘tdi. 1830
yil 3 fevralda Londonda Bolqonda yunon qirolligini barpo etish to‘g‘risidagi protokol
imzolandi.
Biroq, Usmoniylar imperiyasining ichkarisida sulton hokimiyatiga qarshi Misr
podshosi bosh ko‘tardi. Bu 1832 yilda Suriyaning egallanishi bilan boshlandi; 1833
yilda Misr qo‘shinlari Koniya yonidagi jangda sulton armiyasini mag‘lub etishdi.
Sulton yordam so‘rab Angliya, Fransiya va Rossiyaga murojaat qildi. Ko‘mak faqat
Rossiyadan keldi. 1833 yil 8 iyulda Unkyar - Iskelesida rus-turk shartnomasi
imzolandi. Unda, misrliklarning Yangi bosqini ro‘y bergan taqdirda Rossiya
Turkiyaga harbiy yordam berishi kafolatlangandi. Buning evaziga Maxmud II rus
savdo va harbiy kemalarini bo‘g‘ozlardan o‘tkazish majburiyatini oldi.
Angliya va Fransiya ushbu shartnomani Qora dengiz bo‘g‘ozlariga oid boshqa
bitim bilan almashtirishga harakat qilishdiki, bu erda ularning ta’siri ustunlikka
erishish lozim edi. Angliya Turkiya va Misr o‘rtasida 1839 yilda Yangi urushning
boshlanishiga erishdi. Ushbu urushda turklar to‘la mag‘lub bo‘ldilar. Sulton inglizlar
ta’siri ostiga ko‘proq tushib bordi. Shu tariqa Usmoniylar imperiyasining hududiy
yaxlitligi va Qora dengiz bo‘g‘ozlarining xalqaro huquqiy tartibga oid buyuk
davlatlarning birgalikdagi kafolatlar to‘g‘risidagi London konvensiyalari (1840 -
1841 yy.) paydo bo‘ldi.
Sharqiy masalining keskinlashishiga oid keyingi bosqich Qrim urushi (1853 -
1856 yy.) bilan bog‘liqdir. Urushga bahona - Rossiyaning Turkiyadagi pravoslav
xristianlariga va “Muqaddas joylar” ga (“Iso payg‘ambar qabri”) homiyligi edi. 1853
yil yanvar oyida Rossiya Turkiyaga ultimatum talabini qo‘ydi. Turkiya uni rad etdi.
1853 yilning oktyabrida Turkiya Rossiyaga urush e’lon qildi. 1853 yil 30 noyabrda
Turklar floti Sinop ko‘rfazida admiral Naximov tomonidan cho‘ktirildi. Rossiyaning
ushbu g‘alabasidan so‘ng, Angliya va Fransiya birgalikda harakatlar olib borish
to‘g‘risida kelishib olishdi va 1854 yilning boshida o‘z eskadralarini Qora dengizga
kiritishdi. 1854 yilning sentyabrida fransuz-ingliz-turk qo‘shinlari Qrimga tushirildi.
73
Urush natijasida Rossiya mag‘lubiyatga uchradi. 1856 yil 30 martda Parijda
imzolangan tinchlik shartnomasiga ko‘ra Rossiya Qora dengizda harbiy flotga ega
bo‘lish huquqidan mahrum bo‘ldi. Aslini olganda, ushbu shartnoma “Vena tizimi”
ning batamom barbod bo‘lganligini va Rossiya Evropa masalalariga nisbatan avvalgi
ta’sirini yo‘qotganligini anglatardi.
Italiya va Germaniyadagi birlashish jarayoni “Vena tizimi” qulaganligining
natijalaridan biri bo‘ldi. Modomiki Sardiniya qirolligi va Prussiyaning hukmron
doiralari ushbu harakatni “yuqori” dan amalga oshiriladigan birlashtirish sifatida
tasavvur qilishar ekan, ular bitta yoki bir necha buyuk davlatning ko‘magiga muhtoj
edilar. Bunday siyosat ushbu mamlakatlardagi birlashish jarayonlarini xalqaro
qarama - qarshiliklar ob’ektiga, diplomatik savdolashish va siyosiy murosalar
mavzuiga aylantirishi muqarrar edi.
1861 yilda Sardiniya qirolligi atrofida aksariyat italyan erlarining
birlashtirilishi Prussiyaning rejalari va niyatlari uchun o‘rnak, misol bo‘larli hodisa
edi. XIX asrning 60 yillaridagi xalqaro vaziyat ham Germaniya davlatini barpo etish
uchun qulay keldi. 1863 yilda Polshada qo‘zg‘olon ko‘tarildi. 1863 yilning yanvar
oyida Prussiya va Rossiya qo‘zg‘olonchilariga qarshi birgalikda harakat qilish
to‘g‘risidagi mahfiy konvensiyani imzolashdi. 1866 yilda Prussiya Avstriyaga qarshi
urush olib bordi. Avstriya va Prussiya o‘rtasida imzolangan Praga sulhiga (1866 y. 24
avgust) binoan Avstriya boshchiligidagi German ittifoqi yo‘q qilindi. Uning o‘rnida
yuzaga kelgan Shimoliy Germaniya ittifoqi Prussiya boshchiligida kuchli davlatni
barpo etardiki, uning chegaralaridan tashqarida janubiy german davlatlari (Bavariya,
Vyurtemberg, Baden va boshq) qolgan edi.
Vena tartiblari batamom ko‘mib tashlandi.
Evropa davlatlarining Amerika masalalariga faol aralashishi Meksikaga
nisbatan harbiy intervensiyani amalga oshirish bilan boshlandi. Ushbu mamlakatda
1854 - 1860 yillarda inqilob ro‘y bergandi. 1861 yilda Angliya, Fransiya va Ispaniya
Meksikaning Atlantika sohillarini preventiv
1
tarzda harbiy okkupatsiya qilish
to‘g‘risida konvensiya tuzishdi. Ushbu harakat Meksika qarzlarining to‘planishini
ta’minlaydigan kafolat sifatida e’lon qilindi. 1861 yil dekabr oyida Meksika
qirg‘oqlariga avval ispan, keyin esa ingliz va fransuz qo‘shinlari tushirildi. Biroq
Napoleon III Meksikani Fransiya protektorati ostidagi “lotin imperiyasi”-ning
tayanch nuqtasiga aylantirish rejalariga ega edi. Lekin Fransiyaning Yangi Dunyoda
kuchayishi Angliya va Ispaniyaning niyatlariga to‘g‘ri kelmasdi. 1862 yilning
fevralida ular o‘z qo‘shinlarini Meksikadan olib chiqishdi va Xuares hukumati bilan
qarzlarni to‘lanishini kechiktirish to‘g‘risidagi bitimni imzolashdi. Ammo Fransiya
Angliya va Ispaniyadan o‘rnak olmadi va uzoqqa cho‘zilgan Meksika avantyurasiga
(hatarli, qaltis ish) aralashib ketdi. Natijada Fransiya 1867 yilda mag‘lubiyatga
uchradi.
1862 yilda AQSH ga nisbatan qurollangan intervensiya tahdidi yuzaga keldi.
Garchand Angliya 1861 yilda shimol va janub o‘rtasidagi urushga nisbatan o‘zining
betarafligini e’lon qilgan bo‘lsa ham, amalda janubliklarni qo‘llab-quvvatladi,
1
Preventiv - oldini oluvchi, ogohlantiruvchi.
74
Konfederatsiya tomonida turib fuqarolar urushida bevosita qatnashishga tayyorgarlik
ko‘rgan holda. Fransiya ham Yangi Dunyo ishlariga qurol bilan aralashishga
intilmoqda edi. Biroq Rossiya 1862 yilning noyabrida shimolliklarga qarshi
intervensiyada qatnashishni rad etdi. Napoleon III ning shimolliklarga nisbatan
bo‘lgan maqsadlari Evropa va Amerika demokratik jamoatchiligi orasida katta
g‘azablanishni keltirib chiqardi. Bu holat ham yuzaga kelgan vaziyatga o‘z ta’sirini
o‘tkazdi. Natijada Evropa davlatlarining AQSH ishlariga qurolli aralashish rejasi
barbod bo‘ldi.
XIX asr 60 - yillarning oxirida Fransiya imperiyasi inqirozni boshidan
kechirmoqda edi. Mamlakat ichkarisida respublikaning o‘rnatilishini talab qilgan
muholifat kuchaymoqda edi. Napoleon III hokimiyati mustahkam emasdi. Ushbu
sharoitda Fransiyaga g‘olibona urush zarur edi. Bismark ham tezroq urush bo‘lishni
xohlardi. CHunki Germaniyaning g‘alabasi natijasida janubiy german erlari o‘z
ixtiyoriga ko‘ra Shimoliy Germaniya ittifoqiga, qo‘shilishi ya’ni Prussiyaga
qo‘shilishi mumkin edi. Biroq kansler urushni Fransiya boshlashini xohlardi. Va
Napoleon III Bismarkning ushbu tuzog‘iga tushdi.
1868 yilda Ispaniyada inqilob boshlandi. Qirolicha Izabella II Fransiyaga
qochdi. Fransiya imperatorining xotini ispaniyalik ayol bo‘lganligi sababli Izabellaga
taxtni qaytarib olishda yordam bermoqchi bo‘ldi. Lekin buning imkoniyati yo‘q edi,
Evropada ispan toji uchun kurash boshlandi.
Napoleon III Ispaniya taxtiga shahzoda Ferdinand Saksen - Kaburskiyni
o‘tkazib, do‘stona munosabatdagi Ispaniyaga ega bo‘lishni rejalashtirgandi. Bismark
esa, Fransiyaning kuchayishidan qo‘rqib, ispan tojini qirol Vilgelmning qarindoshi
bo‘lgan shahzoda Leopold Gogensollernga topshirishga intildi.
Voqealar 1870 yilning yozida avj oldi. Vilgelm I ning huzuriga kelgan
Fransiya elchisi Leopold Gogensollernning nomzodini ispan tojiga da’vogarlikdan
olib tashlashni taklif etdi. Vilgelm, Bismarkdan farqliroq, urushdan xavfsirab
iltimosni bajarishni va’da qildi. Ammo masalani tinch yo‘l bilan hal etish mumkinligi
Ikkinchi imperiya hukumatini qoniqtirmasdi. Fransiya elchisi Benedetti ikkinchi
marotaba kayzer bilan uchrashdi va undan kelgusida qirol ispan taxtiga
Gogensollernlar
sulolasidan
bo‘lgan
shahzodaning
nomzodini
qo‘llab
-
quvvatlamasligi to‘g‘risida yozma ishontirshnoma berishni talab qildi. Vilgelm
bunday va’dani bermadi, lekin ushbu masala bilan Emsdan Berlinga qaytib kelganida
shug‘ullanishini aytdi. Biroq bunday qaror ikkala tomonga ham to‘g‘ri kelmasdi.
Bismark harbiy vazir Roon va bosh shtab boshlig‘i Moltke bilan kengashib
oldi. U, armiya urushga tayyor ekanligini bilgach, Vilgelm I va fransuz elchisi
o‘rtasidagi uchrashuv haqida soxta ma’lumotlarni gazetalarga etkazdi, go‘yoki qirol
elchiga orqasini o‘chirib oldi va u bilan hatto gaplashmadi. Ushbu xabar butun
Evropaga tarqaldi. Prussiya elchisi Berlinga qaytarib chaqirib olindi. Parijda xavotir
oshib bordi.
1870 yil 19 iyulda Fransiya Prussiyaga urush e’lon qildi. Angliya va Rossiya
masalani tinch yo‘l bilan hal etish uchun xalqaro konferensiya chaqirishni taklif
etishdi. Napoleon III urushda o‘ziga ittifoqchi qilib olmoqchi bo‘lgan Italiya va
Avstro - Vengriya davlatlarining hukumatlari “qurollangan vositachilik” pozitsiyasini
75
egallashdi. Ular avval Fransiyaning g‘alabasiga ishonch hosil qilib, keyin esa
Prussiyaga qarshi harakatlarni boshlashga umid bog‘lashgandi. Lekin Fransiya
imperatori urushga intilmoqda edi.
Biroq birinchi janglar Fransiyaga ayanchli mag‘lubiyatlarni keltirdi. 1
sentyabrda Sedan yonidagi jangda fransuzlar tor - mor etildi. 2 sentyabrda Napoleon
III oq bayrog‘ni ko‘tarishni buyurdi va taslim bo‘ldi. Ikkinchi imperiya tugadi.
Fransiyada inqilob boshlandi.
1870 yil 27 oktyabrda marshal Bazen qo‘mondonligidagi fransuzlar armiyasi
ham taslim bo‘ldi. Nemis qo‘shinlari Parij tomon harakatlanishdi va uni 1871 yilning
yanvarida qurshab olishdi. Fransiyaning Muvaqqat hukumati mamlakatni,
kamsitadigan shartlar asosida, Prussiya bilan yarash ahdini tuzdi. 26 fevralda Ter va
Bismark tinchlik bitimini imzolashdi-ki, unda Elzas va Lotaringiyani Germaniyaga
berilishi, hamda 5 milliard frank miqdorida kontributsiya to‘lanishi ko‘zda tutilgandi.
Nemis qo‘shinlari esa kontributsiya batamom to‘lalgunga qadar Fransiyaning
shimolida joylashtirildi. Fransiyaning Milliy kengashi ushbu shartlarni tasdiqladi.
1871 yilning yanvar oyida Versal saroyining oynali zalida Vilgelm I
Germaniya imperiyasi barpo etilganligini e’lon qildi. Mamlakatni birlashtirish uchun
olib borilgan kurash yakunlandi.
Fransiya - Prussiya urushining muhim oqibatlaridan biri Italiyada ham
birlashish jarayonining yakunlanishi edi. Urush natijalari Germaniya va Avstro -
Vengriya o‘rtasidagi munosabatlarga ta’sir etdi. Avstriya - Vengriyaning hukmron
doiralari Avstriya - Prussiya urushidagi mag‘lubiyati uchun revansh olish (qarimta
qaytarish) g‘oyasidan voz kechishdan va Germaniya imperiyasi bilan yaqinlashishga
qaror qilishdi.
Germaniya qudratining oshganligi ingliz - german munosabatlarining
keskinlashuviga olib keldi, chunki mustamlakachilik siyosatida Angliyaga nisbatan
yangi raqib paydo bo‘ldi. Yangi buyuk davlatning vujudga kelishi natijasida barcha
qo‘shni davlatlar o‘z xavfsizligi uchun havotirga tushdi. Ayniqsa bunday holat
yaqindagina prus armiyasining bosqinini boshidan kechirgan Fransiya uchun taaluqli
edi.
Germaniya kanslerining tashqi siyosati Fransiyaga qarshi qaratilgan edi-ki, bu
1873 yilda uch imperator ittifoqining tashkil etilishida o‘z ifodasini topdi. Bismark
Fransiyani Rossiya va Avstro - Vengriya bilan ittifoq tuzish ehtimolidan mahrum
qilish uchun, monarxlar birdamligi g‘oyasidan Evropada tartibni mustahkamlash
yo‘lida foydalandi. Biroq Ittifoqqa kirgan har bir mamlakat o‘zining maqsadlariga
ega edi. Jumladan Rossiya Fransiyani Germaniyaga qarshi turadigan kuch sifatida
qo‘llab-quvvatlardi. Uch imperator ittifoqi tuzilganligiga qaramasdan, Rossiya va
Germaniya o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashib borardi. Rossiya - Turkiya urushi
(1877 - 1878 yy.) va Berlin kongressi ittifoqni qo‘porib tashladi.
Bismark, “rus tahdidi” to‘g‘risidagi fikrlarni ilgari surib, 1879 yilda Rossiyaga
qarshi qaratilgan ittifoqni Avstro - Vengriya bilan tuzishga erishdi.
Fransiyani yakkalab qo‘yish bo‘yicha Bismarkning keyingi faoliyati Italiyani
Germaniya tomoniga jalb etishda namoyon bo‘ldi. Bismark Italiyaning Tunisga
nisbatan qiziqishini qo‘zg‘atardi va shu paytning o‘zida uni Fransiya tomonidan
76
bosib olinishi yoqlab chiqardi. Italiya 1882 yilda Germaniya va Avstro - Vengriya
bilan birga Uchlar ittifoqini tuzishni afzal ko‘rganligiga ajablanmasa ham bo‘ladi.
Bitim 5 yillik muddatga tuzilib, keyinchalik bir - necha bor qaytadan takrorlandi va
1915 yilgacha mavjud bo‘ldi. Yangi koalitsiya (ittifoq), bir tomondan, - Fransiyaga,
ikkinchi tomondan Rossiyaga qarshi qaratilgan edi.
Tabiyki, umumiy dushman paydo bo‘lgan vaziyatda Fransiya va Rossiya bir -
birovi bilan yaqinlashishga intilishdi. Bismark barcha vositalarni ishga solib Fransiya
- Rossiya ittifoqining tashkil etilishini oldini olishga harakat qildi. Nemis
diplomatiyasining urinishlari natijasida ittifoqning tuzilishi keyinga surildi. Fransiya
va Rossiya o‘rtasidagi ittifoq faqatgina 1893 yilda shakllandi.
Uchlar va Fransiya - Rossiya ittifoqlarining tashkil topishi bilan Evropa
qit’asida buyuk davlatlarning kuch jihatidan deyarli teng bo‘lgan ikki guruhi yuzaga
keldi.
Ammo Angliya biron - bir harbiy ittifoqqa yoki guruhga qo‘shilmadi. Ingliz
hukumati, an’anaviy “ajoyib yakkalanish” siyosatiga amal qilib, hech qanday
majburiyatlar bilan o‘zini bog‘lamaslikni afzal ko‘rdi. Angliya o‘z manfaatlarini
o‘zgalar qo‘li bilan himoya qilishga intildi. “Ajoyib yakkalanish” siyosati
tarafdorlarining fikriga ko‘ra, bunga erishish uchun eng yaxshi vosita - bu boshqa
buyuk davlatlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni qo‘zg‘atish edi. Birisining qo‘llab -
quvvatlashiga ega bo‘lib, boshqalarini zaiflashtirishga intildi. Angliya Uchlar
ittifoqiga Fransiya va Rossiya uchun mo‘ljallangan jilov sifatida qarardi. Chunki XIX
asrning 80 - 90 yillarida aynan ushbu mamlakatlar bilan Britaniyaning ko‘plab
muammolari mavjud edi.
“Ajoyib yakkalanish” siyosati Britaniyaning orol sifatida mustahkamligi va
dengiz qudratiga tayanardi.
XIX asrda eng kuchli qarama - qarshilik Angliya va Fransiya o‘rtasida edi. Nil
daryosining quyilishi joyi uchun olib borilgan uzoq muddatli kurash 1882 yilda
Misrni Angliya tomonidan bosib olinishi bilan yakunlandi. Suvaysh, Malta va Kipr
bilan birgalikda, Angliyaning Sharqiy O‘rta er dengizi mintaqasidagi strategik
ustunligini mustahkamladi. 1881 yilda Fransiya Tunisni o‘z mustamlakasi deb e’lon
qildi.
Angliya va Fransiya o‘rtasidagi keyingi kurash Afrika va janubi - Sharqiy
Osiyo uchun olib borildi. Inglizlarning Sudan mamlakatiga uyushtirilgan birinchi
harbiy ekspeditsiyasi 1885 yilda muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Ikkinchi ekspeditsiya
esa 1896 - 1897 yillarda arablarning tor - mor etilishi va Sudanning bo‘ysundirilishi
bilan tugadi. Inglizlarning Nil daryosi bo‘ylab, yuqoriga harakatlanishi Fashoda
yonida kapitan Marshan qo‘mondonligidagi fransuzlar otryadi bilan to‘qnashuviga
olib keldi. Angliyaning flotini safarbar qilish to‘g‘risidagi qarori Fransiyaga nisbatan
urush tahdidi keltirib chiqardi. Fransiya hukumati yon berishga majbur bo‘ldi. 1899
yilda tuzilgan bitimga binoan Fransiya Fashoda va Nil daryosining butun vodiysidan
voz kechdi, ammo Sudanning g‘arbiy viloyatlariga nisbatan “haq -huquq” ga ega
bo‘ldi.
Tunisni Fransiya tomonidan bosib olinishi fransuz - italyan munosabatlarning
keskinlashishiga sabab bo‘ldi. Italiya - Efiopiya urushi (1895 - 1896 yy.) davrida
77
Fransiya va Rossiya Efiopiya negusiga diplomatik yordam ko‘rsatdi. Urush 1896
yilda Adua yonidagi jangda italiyaliklarning mag‘lubiyati bilan yakunlandi. Efiopiya
o‘z mustaqilligini saqlab qoldi.
To‘qnashuvning yana bir mintaqasi janubiy - sharqiy Osiyo edi. Hindixitoyda
Fransiya Tonkin va Annamni bosib olishga intildi. Ammo bu hududlar Xitoyning
suveriniteti ostida edi. Fransiyaning Xitoyga qarshi olib borgan urushi natijasida
Annam va Tonkin fransuzlarning mustamlakasiga aylantirildi. 1887 yilda ushbu erlar,
Nambo, Kambodja, hamda Laos (1898 y.) Fransiya tomonidan barpo etilgan
Hindixitoy ittifoqiga kirdi. Fransiyaning Hindixitoydagi ekspansiyasi Angliyani
tashvishga solardi. XIX asr 90 - yillarning boshida ikkala davlat ekspeditsiyalarni
amalga oshirdi va Siamgacha etib borishdi. Ushbu mamlakatni egallashga bo‘lgan
intilish urushni keltirib chiqarishiga sal qoldi. 1896 yilda imzolangan bitimga ko‘ra
Siam mustaqil deb tan olindi va fransuzlar va inglizlarning erlari o‘rtasidagi qalqonga
o‘xshab qoldi.
Ingliz - rus raqobati O‘rta Osiyo va O‘rta Sharqda bo‘lib o‘tardi. 1880 yilda
ulkan harbiy urinishlar natijasida Afg‘oniston ustidan ingliz protektorati o‘rnatildi.
Rossiya esa ushbu yillarda Turkmanistonni va Marvni qo‘shib oldi. 1885 yilda
Londonda Afg‘onistonning shimoli - g‘arbiy chegarasini belgilash to‘g‘risida kelishib
olindi, va 1887 yilda esa rus - afg‘on chegarasini belgilash to‘g‘risidagi yakuniy
protokol imzolandi.
Xalqaro maydonda ro‘y bergan voqealar Angliyani “ajoyib yakalanish”
siyosatini o‘zgartirishga majbur qildi. Sanoat gegemoniyasini yo‘qotgan va qit’aviy
davlatlar o‘rtasidagi ziddiyatlardan foydalanish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan
Angliya endilikda yakkalanish siyosatini ishga solaolmasdi. Eski raqiblari - Fransiya
va Rossiya qatoriga yangi va yanada xavfli dushman - Germaniya qo‘shildi.
80 - yillarning oxiridan german mollari jahon bozorida ingliz fabrikalarining
mahsulotlarini siqib chiqarishni boshladi. Qolaversa, Vilgelm II va uning
atrofdagilari Germaniyani qudratli dengiz davlatiga aylantirishga intildilar. Bunga esa
Angliya yo‘l qo‘ymoqchi emasdi.
1905 yilda Angliyaning harbiy - dengiz vazirligi german flotining
imkoniyatlaridan uzoq davrgacha ustunlikka erishishni niyat qilib, drednoutlar
(linkorlar, ya’ni harbiy flotda - ko‘pincha yirik to‘plar bilan qurollangan qalin zirxli
katta kemalar) qurilishni boshlab yubordi. Lekin bu niyatlar uchga aylandi. 1908
yilda Angliyada tayyor bo‘lgan va qurilayotgan drednoutlarning umumiy soni 12 ga
etgan bo‘lsa, Germaniyada esa - 9 edi. Angliya va Germaniya o‘rtasida dengizda
qurollanish poygasi boshlandi. Britaniya hukumati Germaniyada qurilayotgan har bir
dretnoutga 2 ingliz kemasi bilan javob berish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Germaniya, imkoniyati mavjud joylarda, Angliyaning mustamlakachilik
siyosatiga qarshi harakat qilishni boshladi. 1898 yilda Germaniya kayzeri Turkiyaga
keldi. Ushbu tashrif natijasida nemis banki Bag‘dod temir yo‘lini qurishga buyurtma
oldi. Angliyaning hukmron doiralari Germaniyaning Turkiyaga kirib kelishini
o‘zlarining Hindiston va Misrdagi mavqelariga nisbatan tahdid deb hisoblashardi.
Germaniya va Angliya o‘rtasidagi ziddiyatlar murosaga kelmaydigan holatga kirib
78
qolaverdi. Endi Angliya o‘ziga ittifoqchi qidirishni boshladi, chunki urush bo‘lishi
turgan gap edi.
1904 yilning aprelida Angliya va Fransiya o‘rtasida asosiy mustamlakachilik
masalalari bo‘yicha bitim tuzildi. Angliyaning Misrda hukmronlik qilish huquqi
tasdiqlandi, Fransiyaning esa - Marokash Britaniya va Fransiya o‘rtasida harbiy -
siyosiy ittifoq Antanta shakllandi. 1907 yilda Rossiya va Angliya o‘rtasida tuzilgan
bitimga muvofiq Eron ta’sir doiralariga bo‘lib olindi; mamlakatning shimoliy qismi
Rossiyaga, janubiy qismi Angliyaga tegdi, markaziy qismi esa xolis zona sifatida
e’tirof qilindi. Afg‘oniston Angliyaning ta’sir doirasiga kiritildi. 1907 yil bitimi
Antantaning yoki boshqacha qilib aytganlaridek, “uch davlat inoqligining”
shakllanishini nihoyaga etkazdi. Ikki harbiy - siyosiy blokning barpo etilishi
yakunlandi.
Yangi davr XIX – XX asrlar chegarasida taqsimlanib bo‘lgan dunyoni qayta
bo‘lib olishgacha qaratilgan urushlar olib keldi. Bular qatoriga Ispaniya - AQSH
urushini (1898 y.), ingliz - burlar urushini (1898 - 1902 yy.) va rus - Yapon urushini
(1904 - 1905 yy.) kiritish mumkin. 1895 yilda Kubada, 1896 yilda esa Filippinda
ispan hukmronligiga qarshi qo‘zg‘olonlar ko‘tarildi. AQSH ushbu voqealarni diqqat
bilan kuzatardi. 1898 yil 25 aprelda AQSH Ispaniyaga urush e’lon qildi.
Amerikaliklar floti ispan flotini tor - mor etdi. Amerika qo‘shinlari Kuba va Filippin
orollarida tushirildi va mahalliy aholi bilan birgalikda ispanlarni mag‘lub etdi.
Ispaniya tinchlikni so‘radi va sulh 1898 yilda imzolandi. Unga binoan AQSH Guam
va Puerto - Riko orollarini qo‘lga kiritdi. Rasman “mustaqil respublika” deb
hisoblangan Kuba AQSH ning protektoratiga aylandi. Keyin esa, AQSH, Ispaniyaga
20 mln dollar to‘lab Filippin orollarini qo‘lga kiritdi.
Dunyo XX asrni ingliz - burlar urushi bilan ( 1899 - 1902 yy. ) kutib oldi.
Ushbu urushni ko‘plar “I jahon urushining shafqatsiz repetitsiyasi” deb atardi. 1902
yilda Angliya burlar respublikalarini bosib oldi. 1910 yilda ularning erlarida
Britaniyaning dominioni - Janubi - Afrika ittifoqi tuzildi va uning tarkibiga ingliz
mustamlakalari Kapa va Natal kiritildi.
1908 yilda xalqaro munosabatlarda yana inqiroz holati yuzaga keldi. Avstro -
Vengriya Turkiyaga tegishli bo‘lgan Bosniya va Gersegovinani bosib oldi. Bu esa
Turkiya va Serbiyaning noroziligini keltirib chiqardi. Ushbu hududlarning
egallanishi, Germaniya va Avstro - Vengriyaning mavqeini kuchaytirib, Antanta
davlatlari manfaatlariga daxl qilardi va yagona mustaqil davlatga birlashishga intilgan
janubiy slavyan xalqlarining xayotiy manfaatlariga zid edi.
Germaniya Rossiyadan Bosniya va Gersegovinaning bosib olinganligini tan
olishni talab qildi. Urushga tayyor bo‘lmagan Rossiya bunga rozi bo‘ldi. Ushbu
inqiroz Bolqonda ayniqsa Rossiya va Serbiya bir tomondan, hamda Avstro -
Vengriya ikkinchi tomondan o‘rtasidagi ziddiyatlarning o‘ta keskinlashishiga olib
keldi.
1912 yilda Antantaning ko‘magida Bolgariya, Serbiya, Yunoniston,
CHernogoriya ittifoq tuzishdi. Maqsad - Usmoniylar imperiyasiga qarshi kurash olib
borish. 1912 yilning oktyabr oyida Bolqon ittifoqi davlatlari Turkiyaga qarshi urush
boshladilar. Noyabr oyida bolgar qo‘shinlari Konstantinopolga (Stambul) yaqin
79
kelishdi. Turkiya sulh tuzishni so‘radi. Tinchlik muzokaralari Londonda dekabr oyida
boshlandi, biroq faqat 1913 yilning may oyida tinchlik shartnomasi imzolandi.
Turkiya Bolqon ittifoqiga Bolqon yarimorolidagi Enos - Midiya chizig‘i
bo‘ylab joylashgan egaliklarini topshirdi. Xaritada yangi davlat - Albaniya paydo
bo‘ldi. Ushbu davlat de - fakto ( amalda ) Avstro - Vengriya va Italiyaga qaram
bo‘lib qoldi.
Turkiyaning mag‘lubiyati Avstriya - Germaniya blokining mavqeini
zaiflashtirdi. Serbiya va Yunoniston Turkiyadan olingan erlarni bo‘lib olish paytida
o‘zlarining ulushlarini ko‘paytirishni Bolgariyadan talab qildi. Avstro - Vengriya va
Germaniya Bolgariya podshosini o‘zining sobiq ittifoqchilariga hujum qilishga
turtkiladilar. Rossiya harbiy to‘qnashuvning oldini olishga va Bolqon ittifoqini saqlab
qolishga iloji boricha harakat qildi.
1913 yil iyun oyida Bolgariya Serbiyaga qarshi urush boshladi. Ikkinchi
Bolqon urushi Bolqon ittifoqining ichki ziddiyatlari va unga qarshi amalga oshirilgan
qo‘poruvchilik ishi oqibati boshlandi. Bolgariyadan Janubiy Dobrudjani tortib olishni
niyat qilgan Ruminiya Serbiya va Yunonistonga qo‘shildi. Turkiya ham,
Adrianopolni qaytarib qo‘lga kiritish umidida bo‘lib, Bolgariyaga qarshi urush
boshladi. Bolgariya bir necha kun ichida tor - mor etildi. 1913 yilning avgust oyida
Buxarestda Bolgariyaning obro‘sini to‘kadigan shartnoma imzolandi. Unga binoan
Makedoniya va Frakiyaning bir qismi Serbiya va Turkiyaga o‘tdi. Ruminiya Janubiy
Dobrudjani qo‘lga kiritdi, Turkiyaga esa Adrianopol qaytarildi. Bolqon ittifoqi tarqab
ketdi. Biroq Buxarestda o‘rnatilgan tinchlik uzoqqa cho‘zilmadi. Bolqonda yuzaga
kelgan vaziyat “o‘z uchqunini” kutib turgan “Evropa qo‘rxonasini” eslatardi. 1914 yil
28 iyunda Saraevo shahrida Avstriya ersgersogi taxt vorisi Frans Ferdinandning
“Mlada Bosna” deb nomlangan serb millatchilik tashkilotining a’zosi G. Prinsip
tomonidan o‘ldirilishi aynan shunday uchqun vazifasini bajardi. Ushbu voqea Avstro
- Vengriyanning Serbiyaga urush e’lon qilishiga bahona bo‘ldi. Rossiya slavyan
xalqlarini yordamsiz qoldira olmasdi va 31 iyulda mamlakatda umumiy safarbarlik
boshlandi. Germaniya ultimativ tarzda uni to‘xtatishni talab qildi. Hech qanday javob
olmagach, 1914 yil 1 avgustda Rossiyaga urush e’lon qildi; 3 avgustda - Fransiya, 4
avgustda esa Angliya Germaniyaga urush e’lon qildilar.
Tez orada urush Evropadan tashqari mintaqalarni qamrab oldi. Yaponiya,
urushdan foydalanib, Xitoyni bo‘ysundirmoqchi, Tinch okeanidagi german
mustamlakalarini bosib olmoqchi va Uzoq Sharqda o‘z hukmronligini o‘rnatmoqchi
edi. 1914 yilning avgust oyida Yaponiya Germaniyaga urush e’lon qildi.
Asta - sekin urush umumiy aholisi 1,5 mlrd kishini tashkil etgan 38 ta davlatni
qamrab oldi va jahon urushiga aylandi.
1914 - 1915 yillarda Germaniya va Avstro - Vengriya blokiga Turkiya va
Bolgariya qo‘shildi. Shu tariqa To‘rtlar ittifoqi yuzaga keldi. Antanta tomonida turib
Italiya, Portugaliya, Ruminiya, AQSH, Yunoniston urush olib borishdi. Urushga
kirgan buyuk davlatlar qanday maqsadlarni ko‘zlagan edilar?
Germaniya Evropa va Yaqin Sharqning katta qismini bosib olishga intildi, shu
jumladan ittifoqchi Turkiyani ham. Angliya, Fransiya va Belgiyadan ularning
mustamlakalarini, Rossiyadan esa - Ukraina va Boltiq bo‘yini olmoqchi edi.
80
Avstro - Vengriya Serbiya, Bolgariya va Chernogoriyani bo‘ysundirishni,
Bolqon yarimorolida, hamda Qora, Adriatik va egey dengizlarida o‘z hukmronligini
o‘rnatishni ko‘zlagandi.
Angliya o‘z mustamlakalarini saqlab qolish va asosiy raqibi - Germaniyani
zaiflashtirish uchun kurash olib bordi. Bundan tashqari, Angliya Turkiyadan
Mesopotamiyani, Falastinni tortib olishni va Misrda mustahkam o‘rnashib olishni
niyat qilgandi.
Fransiya undan 1871 yilda Germaniya tomonidan tortib olingan Elzas va
Lotaringiyani qaytarib olishga, hamda Saar ko‘mir havzasini va Reyn daryosining
chap sohilidagi boshqa german viloyatlarni qo‘lga kiritishga intildi.
Rossiya Konstantinopolni, Marmar dengizining g‘arbiy sohilini va
Dardanellani o‘z ta’sir doirasiga kiritmoqchi edi. Avstro - Vengriyaning tarkibiy
qismi Galitsiyani bosib olish ham Rossiyaning rejalariga kiritilgandi.
German qo‘mondonligi o‘zi uchun qulay kelgan sharoitlarga asoslanib, “yashin
tezligidagi urush” - “blitskrig” ga yoki “Shliffen rejasi” ga tayandi. Rejada dastavval
betaraf Belgiya hududlari orqali Fransiyaga bostirib kirish ko‘zda tutilgandi. Fransiya
tor - mor etilganidan so‘ng Rossiyaga yopirilmoq rejalashtirilgandi. Germaniya
Avstriya - Vengriya bilan birgalikda hal qiluvchi zarbani shu erda bermoqchi edi.
Nemislar, Belgiyaliklarning qarshiligini engib o‘tib, 1914 yilda tez orada
Fransiya - Belgiya chegarasiga chiqdilar. Parij xavf ostida edi. Biroq voqealarning
borishi german qo‘mondonligining rejalarini o‘zgartirib yubordi. Rus qo‘shinlarining
Sharqiy Prussiyadagi faolligi, nemislarning yirik kuchlari orqada qolgan qal’alarni
qamal qilish bilan ipsiz bog‘lanib qolganligi, Marna daryosi yonidagi jang ( 5 – 9
sentyabr 1914 y. ), Polsha va Germaniyadagi shiddatli janglar “blitskrigning” barbod
bo‘lishiga olib keldi.
Italiya hukumati Antanta tomonida turib urushga kirishga qaror qildi. Buyuk
davlatlar urushdan so‘ng Bolqondagi bir qator erlarni Italiyaga beradi deb umid
qilgan Italiya davlati 1915 yilning may oyida Avstro - Vengriyaga urush e’lon qildi.
1915 va 1916 yillarda urush o‘ta rahmsizlik va ulkan talafotlar bilan olib
borildi. Sharqiy frontda rus qo‘shinlariga qarshi Avstro - Vengriya armiyasining katta
qismi va saralangan german qo‘shinlari urushayotgan bo‘lsa, g‘arbiy frontda esa
Fransiya va ingliz armiyasi nemislarga qarshi turardi. Ikki frontda urush olib borish
Germaniya uchun tez orada mag‘lubiyatga uchrash bilan teng edi. Shuning uchun
Germaniya rahbariyati va bosh shtab Antantaga kiruvchi mamlakatlarni bir -
birovidan ajratib yuborishga qaror qabul qildi. Sharqda harbiy g‘alabalarga erishish
orqali Rossiyani separat sulh (ittifoqdoshlar bilan kelishmay tuzilgan sulh; bir
tomonlama sulh ) to‘g‘risida muzokaralar olib borishga majburlash mo‘ljallangandi.
Shunga asoslanib, Germaniya 1915 yilda harbiy harakatlar og‘irligining markazini
Sharqqa olib o‘tdi. 1915 yil 2 mayda nemislar Gorlitsa va Tarnovo oralig‘ida rus
frontini yorib o‘tdilar. Iyul oyida ular Polsha va Litvada katta hujum boshladilar.
Avgustda Varshava ishg‘ol etildi. Biroq rus qo‘shinlari nemislarning siljishini
to‘xtatishdi. Rossiyani separat sulhini tuzishga majburlash imkoni bo‘lmadi.
1915 yilda G‘arbiy frontdagi harbiy harakatlar SHampani, Artua va
Flandriyada nemislarning hujumlarini Antanta tomonidan qaytarishi bilan
81
ifodalanardi. Germaniya “suv osti urushi” yordamida Antantani tiz cho‘ktirishga
urindi. “Luzitaniya” deb nomlangan ingliz kemasining cho‘ktirlishi oqibatida ko‘plab
AQSH fuqarolari ham xalok bo‘lgan edi. AQSH va boshqa mamlakatlarning qat’iy
noroziligi natijasida german qo‘mondonligi passajir ( yo‘lovchi ) kemalariga faqat
ogohlantirishdan so‘ng hujum qilishni buyurdi.
1916 yilga kelib urushning cho‘zilib ketishi Germaniyani muqarrar halokatga
olib kelishi german qo‘mondonligiga mutlaqo ravshan bo‘lib qolgandi. Boshi berk
ko‘chadan chiqib ketishi yo‘lini izlagan nemislar hal qiluvchi zarbani g‘arb tomon
olib o‘tishga qaror qilishdi. Bunday zarba beriladigan joy sifatida fransuzlar
mudofaasining muhim bo‘g‘ini sanalmish Verden tanlab olindi. 1916 yil 21 fevralda
boshlangan va o‘sha yilning oxirida yakunlangan “Verden qirg‘ini” zaxiradagi
ko‘plab diviziyalarni yutib yubordi va german qo‘mondonligining hisob - kitoblarini
oqlamadi.
May oyida Avstro - Vengriya Trentino yo‘nalishida hujumni amalga oshirdi va
italyan armiyasini mag‘lubiyatga uchratdi. Antanta Rossiyadan yordam so‘radi. 1916
yil 3 - 4 iyunda general Brusilov qo‘mondonligidagi janubi - g‘arbiy front qo‘shinlari
Avstro -Vengriyaga qarshi katta hujum boshladi. Ular Lutsk, Chernovsi va boshqa
shaharlarni egallashdi. Tarixga “Brusilov yorib o‘tishi” nomi bilan kirgan bu jang I
jahon urushining eng yorqin hodisalaridan biri bo‘ldi. Ushbu yorib o‘tish ingliz -
fransuz armiyalari Somma daryosida boshlagan ( 1916 y. 1 iyul ) qayta hujum uchun
zamin yaratib berdi. Somma daryosidagi jang noyabrgacha davom etdi va harbiy
harakatlarning umumiy ko‘rinishiga kam ta’sir etdi.
Ikki yarim yil davomida olib borilgan janglar biror tomonga hal qiluvchi
ustunlikni keltirmadi. Kurashni davom ettirish istiqbollari Germaniya uchun qayg‘uli
ko‘rinish kasb etaverdi. Angliya va uning ittifoqchilari nafaqat barcha german
mustamlakalarini egallashdi, balki yanada shiddatli tarzda dengiz qamali siyosatini
olib borishdi. 1916 yilning oxirida Germaniyaning ahvoli “g‘oyat og‘ir va deyarli
chorasiz” deb baholanardi. Ushbu sharoitlarda 1916 yilning 12 dekabrida kansler
Betman reyxstagda “sulhparvar” bayonot bilan chiqdi. Shunga o‘xshash takliflarni
AQSH prezidenti Vilson ham ilgari surdi. Ammo Antant mamlkatlari Betman va
Vilson bayonotlari asosida har qanday muzokaralarni boshlashni rad etishdi.
Natijada, 1917 yilning bahoriga kelib sulh tuzish to‘g‘risidagi muzokaralar
boshlanmadi, urushning ko‘lamlari esa kengayib bordi.
1917 yil 6 aprelda AQSH Germaniyaga urush e’lon qildi. German suv osti
kemalarning Amerika kemalariga hujumlari bunga bahona bo‘ldi. AQSH ning
Germaniya bilan ziddiyatlari Antanta bilan ziddiyatlarga nisbatan chuqurroq
bo‘lganligi va nemislarning g‘alabasi Antantaning g‘alabasiga qaraganda Amerika
manfaatlariga ko‘proq ziyon etkazishi urushga kirish uchun asosiy sabab edi.
AQSH dan so‘ng Kuba, Panama, Braziliya, Gvatemala, Gonduras, Nikaragua,
Peru, Urugvay, Kosta - Riko va Gaiti Germaniyaga urush e’lon qilishdi. 1917 yil 17
avgustda ittifoqchilar tomonida turib, Xitoy ham urushga kirdi.
Biroq, 1917 yilda Rossiyada ro‘y bergan inqilobiy voqealar ushbu mamlakatni
urushdan chiqishiga sabab bo‘ldi. Rossiyaning sovet hukumati juda og‘ir shartlar
asosida Germaniya va uning ittifoqchilari bilan Brest - Litovsk shartnomasini (1918
82
y.) imzoladi. Rossiyaning urushdan chiqishi bilan Germaniya oldida faqat g‘arbiy
front qoldi.
1918 yilning mart oyida nemislar hujum boshlashdi. German qo‘shinlari yirik
taktik muvaffaqiyatlarga erishdilar, ittifoqchilarning mudofaasini yorib o‘tishdi va
iyun oyida Marna daryosi qirg‘oqlariga yana bir bor chiqishdi. Parij o‘qqa tutildi.
Biroq, fransuzlar iyul oyida general Fosh qo‘mondonligi ostida qayta hujumni tashkil
etishdi. Tashabbus Antanta qo‘liga o‘tdi.
Germaniyaning ittifoqchilari, ichki ziddiyatlar natijasida tang ahvolga tushib
qolib, urushdan chiqishdi. 29 sentyabrda - Bolgariya, 30 oktyabrda Turkiya taslim
bo‘lish to‘g‘risidagi shartnomani imzolashdi. 1918 yil 3 noyabrda Gabsburglar
generalitetining vakillari Antantaga taslim bo‘lishdi. Imperiya tarkibiy qismlarga
bo‘linib ketdi. Chexlar, xorvatlar, serblar, slovenlar va vengrlar oktyabrda o‘z
mustaqilligini e’lon qildilar.
5 oktyabrda Germaniya “Vilsonning 14 bandi” asosida muzokaralar boshlashga
rozi ekanligi haqidabayon qildi. 3 noyabrda Germaniyada inqilob sodir bo‘ldi.
Kayzer Vilgelm II ag‘darilganidan so‘ng Germaniyaning yangi hukumati urushni
to‘xtatishga qaratilgan muzokaralarni yakunlashga shoshildi. 1918 yil 11 noyabrda
Kompen o‘rmonida, marshal Foshning shtab poezdi turgan Retond stansiyasida
Germaniya delegatsiyasi yarash ahdini imzoladi. Bitim 34 moddadan iborat edi:
German qo‘shinlarining 15 kun ichida Fransiya, Lyuksemburg, Elzas va
Lotaringiyadan chiqib ketishi; Germaniyaning Brest - Litovsk va Buxarest
shartnomalaridan voz kechishi; harbiy aslaha - anjomlarni g‘olib mamlakatlarga
topshirilishi va boshq.
Birinchi jahon urushi ( 1914 - 1918 yy. ) yakunlandi. Germaniya va uning
ittifoqchilari mag‘lubiyatga uchradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |