8.Хетт подшолиги дипломатияси. Kichik Osiyo erlarining katta qismida tashkil topgan va mil. avv. XVII - XII asrlar davomida mavjud bo‘lgan Xett podsholigi (yoki Xatti mamlakati) qadimgi Sharqning eng qudratli davlatlaridan biri bo‘lgan. Xettlar poytaxti bo‘lgan Xattusa shahri arxivlarida topilgan mixxat bilan yozilgan sopol parchalari (tablichkalar) ushbu podsholik diplomatiyasi tarixiga oid asosiy manbalar deb hisoblanadi. Xett podsholarining solnomalarida ham qiziqarli ma’lumotlar mavjud. Hatti mamlakati podsholarining faol tashqi siyosati Qadimgi podsholikning ilk hukmdorlari davrida boshlandi. Xettlar “dengizdan - dengizgacha yoyilgan mamlakat” konsepsiyasining o‘zini Markaziy Anatoliyada ulardan avval mavjud bo‘lgan aholining an’analaridan meros qilib olganlar. Xett podsholigi harbiy jihatdan qudratli mamlakatga aylandi va Yaqin Sharqning buyuk davlatlari qatoriga qo‘shildi. Xatti mamlakatining asosan harbiy kuch tufayli erishgan tashqi siyosiy muvaffaqiyatlarini xett hukmdorlari diplomatik aktlar - shartnomalar orqali mustahkamlashga intilardilar. Muayyan majburiyatlar bilan qo‘li bog‘langan, harakatlari esa ayg‘oqchilar va kichik garnizonlar yordamida nazorat qilinadigan mahalliy sulola vakilining ihtiyorida qo‘shni shahar yoki mamlakatning taxtini saqlab qolish ishonchliroq yo‘l ekanligini ular yaxshi tushunishgan. Sheriklar o‘rtasidagi munosabatlarning xususiyatiga mos keladigan turli xil shartnomalar mavjud edi. SHartnomalarda davlatlar o‘rtasidagi chegaralar kelishib olingan, ularni buzmaslik, birovning hududida yangi shaharlarga asos solmaslik va biror tomonning shunga o‘xshash urinishlariga yo‘l qo‘ymaslik kabi majburiyatlar belgilangan. Qaram bo‘lgan podshoga uchinchi tomon bilan ittifoq tuzish man etilgan. Xett podshosi urushga kirgan paytda u bilan shartnoma tuzgan tomonning “betarafligi” yoki xettlar dushmani bilan maxfiy aloqalarda bo‘lganligi g‘animlik harakati deb baholangan. Shartnomalarning ko‘plab moddalari ichki va tashqi dushmanlarning har qanday tajovuzlariga qarshi birgalikda kurashishga bag‘ishlangan. Birinchi da’vatning o‘zida kontragent (shartnoma tuzgan har ikki tomonning biri) o‘zining qo‘shinlari bilan yordamga kelishi lozim edi. Shartnomaning ayrim bandlari faqat bir tomon uchun taaluqli bo‘lishi mumkin edi. Shartnomada ko‘zda tutilgan shartlarning to‘liq bajarilishi ustidan nazorat qilish asosan guvox - xudolar zimmasiga yuklatilgan. Xatti mamlakatining tashqi siyosatida sulolaviy nikohlar muhim o‘rin egallagan. Xett podsholarining qizlariga bosh xotin, ya’ni mamlakat malikasi maqomini kafolotlovchi shartlar ilgari surilardi. Xettlarning sulolaviy nikohlariga oid konsepsiyasi aynan shunda o‘z ifodasini topgan. Xett podsholigining tashqi siyosatida elchilar, vakillar, choparlar va boshqalar muhim rol o‘ynagan. Xett an’analarida diplomatik elchilik vazifasini ado etuvchi mansabdor shaxs, “aso odami” (gerold) unvoniga ega bo‘lgan inson uchraydi. Ushbu daraja elchi va vakil darajasidan yuqori hisoblangan, chunki “aso odami” unvoniga ko‘p hollarda podsho urug‘iga a’zo bo‘lgan amaldorlar ega edi. Hukmdorlarning diplomatik munosabatlarida mirzalar (kotiblar) muhim rol o‘ynagan. Aynan ular nafaqat o‘z hukmdorining ko‘rsatmalariga, balki, birinchi galda xettlarning o‘zida shakllangan mezonlarga tayanib, shartnomalar va xatlarning matnlarini tayyorlashgan. Xett jamiyatining talabalaridan kelib chiqib, mirzalar bir necha tillarni bilishlari lozim edi. Bunga ularni maxsus mirzalik maktablarida o‘rgatishgan.