7. Қадимги Олд Осиё давлатлари халқаро муносабатлар тизимида.
Al - Amarna arxividan topilgan xatlarda Old Osiyo hukmdorlarining fir’avn bilan do‘stona munosabatlarni mustahkamlash maqsadida tuzilgan sulolaviy nikohlari to‘g‘risida ma’lumotlar mavjud. Misr va Old Osiyoning mustaqil, do‘stona davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarda bir - biriga teng podsholar vaqti - vaqti bilan bir - biroviga qimmatbaho sovg‘alar yuborishi odat edi, ayniqsa sovg‘a oluvchining taxtga o‘tirishi yoki hukmronligi davrida uning uchun muhim voqealar ro‘y bergan paytlarda. Misrga tobe bo‘lgan erlarning hokimlari o‘lpondan tashqari fir’avnga turli sovg‘alar yuborishlari lozim edi. Mustaqil davlatlarining hukmdorlari ham, fir’avnning iltifotiga sazovor bo‘lish maqsadida, unga qimmatbaho sovg‘alar jo‘natishgan. Misrdan Old Osiyoning mustaqil va do‘stona davlatlari hukmdorlariga asosan oltin va qora daraxtdan yasalgan buyumlar yuborilardi. Fir’avnning alohida ishonchini qozongan shaxslar, ularning ayrimlari “jirkanch Rechenu mamlakatida Yuqori Misr podshosining ko‘zlari, Quyi Misr podshosining qulog‘lari” deb nomlangan rasmiy unvonga ham ega bo‘lib, Osiyoda ro‘y berayotgan jarayonlarni kuzatishardi. Aksariyat hollarda ular fir’avnning mahfiy topshirig‘i bilan Misrning Osiyodagi egaliklariga jo‘natilgan vakillari edi. Hech qanday rasmiy unvoni yo‘q ayrim shaxslar ham fir’avnning xabarchilari bo‘lishi mumkin edi. Tarix faniga ma’lum bo‘lgan abadiy tinchlik, birodarlik, tashqi tajovuzni qaytarish va ichki siyosiy ixtiloflarni hal etish yo‘lida hamkorlik to‘g‘risidagi eng qadimgi shartnomalardan biri mil. avv. XIII asrda Misr fir’avini Ramzes II va xettlar podshosi Xattusili III tomonidan tuzilgan. Uzoq muddatli, lekin natijasiz urushdan so‘ng ushbu shartnoma muvofiqlashtirildi va tasdiqlandi. Unda abadiy tinchlik, do‘stlik va birodarlik, hamkorlik, tajovuzdan o‘zaro voz kechish, ittifoqchilik va biror - bir tomon harbiy tajovuzga uchraganda unga ko‘maklashish ichki tartibsizliklar yuzaga kelganda o‘zaro yordam berish, qochoqlarni, oqsuyak yoki oddiy inson bo‘lishidan qat’iy nazar, ularga muruvvatli munosabatda bo‘lish sharti bilan, qaytarib berish to‘g‘risida shartnoma imzolanganligi ta’kidlanardi. Kichik Osiyo erlarining katta qismida tashkil topgan va mil. avv. XVII - XII asrlar davomida mavjud bo‘lgan Xett podsholigi (yoki Xatti mamlakati) qadimgi Sharqning eng qudratli davlatlaridan biri bo‘lgan. Xettlar poytaxti bo‘lgan Xattusa shahri arxivlarida topilgan mixxat bilan yozilgan sopol parchalari (tablichkalar) ushbu podsholik diplomatiyasi tarixiga oid asosiy manbalar deb hisoblanadi. Xett podsholarining solnomalarida ham qiziqarli ma’lumotlar mavjud. Hatti mamlakati podsholarining faol tashqi siyosati Qadimgi podsholikning ilk hukmdorlari davrida boshlandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |