Innovatsiyalarni rejalashtirish jarayonida ilmiy-texnik ishlanmalarga bo‘lgan aniqlangan ehtiyojni yillar bo‘yicha shunday taqsimlash kerakki, rejadagi davr oxiriga borib strategik rivojlanishning yakuniy maqsadlari erishilsin. Tashkilot innovatsion ishlarining batafsil istiqbolli tematik rejasi tuziladi. Uning asosiy vazifalari: innovatsion ishlar nomenklaturasi va hajmini butun rejalashtirilgan davrga asosli belgilash; ushbu ishlarni (mehnat, moliyaviy, moddiy) resurslar bilan bog‘lash; ishlar bajarilishi va amalga oshirilishi, ijtimoiy-iqtisodiy samaradorlik nazorati; ishlarning vaqt va mazmuniga ko‘ra zaruriy tartibga solinishi. Innovatsiyalarning istiqbolli tematik rejasida mavzularning aniq ro‘yxati, ularning boshlanishi va tugallanishi muddatlari, istiqbolli davr yillari bo‘yicha barcha mavzular xarajatlari hajmi, hamda bajarishga mo‘ljallangan ishlarning kutilgan samaradorligi belgilanadi. Bunda mavzular bo‘yicha xarajatlar smetasini to‘g‘ri hisoblab chiqish muhimdir, chunki smeta qiymati rejasi mehnat, innovatsion ishlarni moliyalashtirish, material va yarim tayyor mahsulotlarda ehtiyoj bo‘yicha rejalar bilan bog‘lanadi (shu jumladan, ilmiy kadrlar tayyorlash bo‘yicha reja bilan).
Korxona (kompaniya, firma) va tashkilotlarda innovatsion ishlar istiqbolli rejalari bosqichma-bosqich ishlab chiqiladi. Asosiy bosqichlarga quyidagilar kiradi:
korxonaning ilmiy-texnik kengashida reja loyihasining asosiy mavzu yo‘nalishlarining uning omillari va shakllanish manbalarini, alohida davrlarda uning bajarilishi imkoniyatlari va optimal resurs ta’minotini hisobga olgan holda dastlabki muhokamasi;
korxona va kompaniyalarning ilmiy-texnik bo‘linmalarida bajarilishga mo‘ljallangan ishlarning, ularni mavjud resurslardan kelib chiqqan holda bajarish imkoniyatlarini tahlil qilish va muhokama etish;
alohida ishlar va loyihalar mazmunining konkretizatsiyasi, ularning asosiy bosqichlari va bajarilish muddatlarini belgilash;
tegishli bo‘linma tomonidan innovatsion ishlarning xulosa rejasining tuzilishi va uni korxona yoki tashkilotning ilmiy-texnik kengashida ko‘rib chiqish;
reja loyihasining oxirgi variantini buyurtmachilar, investorlar va hamkorlar bilan muvofiqlashtirish.
Yangilik kiritish bo‘yicha ishlar tematikasini rejalashtirish va shakllantirish umumiy jarayonida yillik mavzu rejasining ahamiyati kattadir. Yillik mavzu rejalar istiqbolli reja pozitsiyalarining konkretlashtirilishi va detallashtirilishini nazarda tutadi. Innovatsion ishlar tematikasining shakllanish jarayoni murakkab va uzluksizdir, bu holat bozorning yangi ehtiyojlarining paydo bo‘lishi, noyob ilmiy-texnik g‘oyalarning vujudga kelishi va yangilik yaratishning an’anaviy tamoyillarini qayta ko‘rib chiqish yoki aniqlashtirishni talab etadigan qiziqarli ilmiy xulosalarni olish bilan tushuntiriladi.
Shu munosabat bilan yillik mavzu rejalarga haqiqiy bozor va ijtimoiy ehtiyojlardan kelib chiqadigan ba’zi yangi mavzu (loyiha) lar kiritilishi mumkin. Ushbu loyiha (mavzu) lar yillik mavzu rejalariga faqatgina istiqbolliligini va dolzarbligini yo‘qotgan mavzularni almashtirish yo‘li bilan yoki innovatsion ishlanmalarga ehtiyojni belgilashda nazarda tutilgan rezervlar hisobidan kiritilishi mumkin. Bunda yillik mavzu reja tuzilmasining rejaga qo‘yilgan talablar (mavzu-loyihalarning dolzarbliligi, istiqbolliligi va samaradorligi) va cheklovlar (moliyaviy, mehnat resurslari, tajriba- eksperimental baza mavjudligi va h.k.) ni hisobga olgan holdagi optimizatsiyasi amalga oshiriladi. Mavzular bo‘yicha takliflar oqimi ko‘p holatlarda korxona (firma) va innovatsion tashkilotlar ilmiy-texnik bo‘linmalarining o‘tkazish qobiliyatidan oshganini hisobga olganda, bu g‘oyat muhimdir.
Innovatsion ishlar yillik mavzu rejasi tuzilmasining optimizatsiyasidagi birinchi qadam – ishlarni guruhlash va har bir mavzu ratsionalizatsiyasidir. Yillik mavzu rejaga kiritilgan ishlarni yo‘nalishlar bo‘yicha quyidagi tartibda guruhlash mumkin:
yangi turdagi mahsulot (mahsulot yangilik) larni yaratish, o‘zlashtirish va realizatsiya qilish;
butkul yangi texnologik jarayonlarni ishlab chiqish va tadbiq etish, hamda mavjudlarini takomillashtirish;
ishlab chiqariladigan mahsulotlarni, mexanizatsiya vositalarini va ishlab chiqarish avtomatizatsiyasini modifikatsiya (modernizatsiya) qilish;
yangi materiallar yaratish va ularning an’anaviy turlarining fizik-kimyoviy va mexanik xossalarini yaxshilash;
prinsipial yangi konstruktiv yechimlardan, material (masalan, polimer, metallokeramik va b.) yaratishning yangi usullaridan foydalanish imkoniyatlarini topish.
Izlanish innovatsion ishlarni tanlashda muammo qo‘yishdagi va uni yechish usullaridagi o‘ziga xoslik bilan ajralib turadigan va tajribalarni rejalashtirish, zamonaviy iqtisodiy-matematik metodlar, axborot va kompyuter texnologiyalarga asoslangan mavzular afzal ko‘riladi. Tajriba shuni ko‘rsatadiki, yirik korxona (birlashma) va kompaniyalarda ilmiy modelning barqaror darajasini yaratish maqsadida izlanish ishlarining solishtirma hajmi 10-12% dan kam bo‘lmasligi lozim.
Yillik mavzu reja tuzilmasining optimizatsiyasidagi keyingi qadam – bu loyiha (mavzu) larning dolzarbliligi, yangiligi va ijtimoiy-iqtisodiy samaradorligini tasdiqlashdir, bu esa mavzularni kompleksli texnik-iqtisodiy asoslash bilan amalga oshiriladi. Innovatsion loyiha (mavzu) larning texnik-iqtisodiy asoslanishi quyidagilardan iborat bo‘lishi lozim:
ishlanma ob’ektlarining yangiligi va istiqbolliligi darajasini baholash;
ko‘zda tutilgan ishlarni amalga oshirish jarayonida yakuniy strategik maqsadlarga erishish imkoniyatlarini tahlil etish;
innovatsion ishlanmalar natijalarini bozorda realizatsiya qilish imkoniyatlarini (marketing tadqiqotlar asosida) topish;
ayrim ilmiy-texnik ishlanmalarning patent layoqatliligini aniqlashtirish va patent tozaligini tasdiqlash;
ishlab chiqiladigan yangiliklarni kelajakda sanoat ishlab chiqarishi prinsipial texnologiyasi (mashina, stanok, uskuna, material va hokazolar) tanlovini asoslab berish;
yangiliklarni keng (seriyali) ishlab chiqarish sharoitida mexanizatsiya va avtomatizatsiya, texnologiklik, xavfsizlik va ekologiklik darajasini baholash;
innovatsion ishlarni o‘tkazishga ketadigan xarajatlar umumiy hajmi (moliyalashtirish manbalarini ko‘rsatgan holda) va ularni bajarish muddatlari;
kutilayotgan (iqtisodiy, ijtimoiy, ekologik, informatsion) samaradorlik.
Bunda texnik-iqtisodiy asoslashning har bir bo‘limi bo‘yicha alohida masalalarning ko‘p variantli ishlab chiqilishi amalga oshiriladi, bu esa rejaning optimal variantini ishlab chiqishga ma’lum sharoitlarni ta’minlaydi.
Korxona (kompaniya) va ilmiy-texnik tashkilotlar innovatsion ishlarining yillik mavzu rejasi o‘z ichiga quyidagilarni oladi:
istiqbolli reja tomonidan belgilanadigan mavzular;
oldingi davr rejasidan ularni ishlab chiqish uchun texnik tayyorgarlikni ko‘rsatgan holda rejalashtirilayotgan yil boshiga o‘tadigan mavzular;
hukumat va yuqori tashkilotlar qarorlari bilan belgilanadigan yangi buyurtmalar;
mavzu reja tuzilishidan oldin kiritilishi maqsadga muvofiq ekanligi isbotlangan va ma’qullangan ishlarning bir qismi korxonalar va tashabbusli mavzular buyurtmalari bo‘yicha.
Innovatsion ishlar yillik mavzu rejasining muhim tarkibiy qismi – ularning natijalarini realizatsiya qilish rejasidir. Bunda ishlanmalar natijalarini qisqa muddatda realizatsiya qilish imkoniyatlarini, tarqalish tezligini va ularni qo‘llash ko‘lamlarini hisobga olish lozim. Innovatsion ishlar yillik mavzu rejasiga tushuntirish xati ilova qilinadi.
Innovatsion ishlarni rejalashtirishdagi yakuniy bosqich – mavzuni rejalashtirishdir. Innovatsion ishlar mavzusi – bu moliyalashtirishning, tannarx kalkulyasiyasining asosiy reja-hisob birligi va asosiy ob’ekti. Har bir mavzu bo‘yicha ishlarning bajarilishi asosan byurtmachi talablari va dastlabki ilmiy-axborot,
texnik-ishlab chiqarish ma’lumotlari asosida ishlab chiqiladigan texnik topshiriqni tuzish va muvofiqlashtirishdan boshlanadi. U o‘z ichiga: mavzu nomi, texnik, ishlab chiqarish, iqtisodiy va ekologik talablar, mavjud ilmiy model; xarajatlar va bajarilish muddatlari; kutiladigan natijalar va ularni qo‘llash sohasi; ijrochilar ro‘yxati va hokazolarni o‘z ichiga oladi. Ishlar bosqich va davrlari va ularning mazmuni ham texnik topshiriq bilan belgilanadi va ilmiy-tadqiqot va tajribaviy-konstruktorlik ishlarning namunaviy bosqich va davrlarini hisobga olgan holda tavsiflanadi. Har bir mavzu bo‘yicha ishlar tarkibiga ilmiy-texnik va informatsion hujjatlarni rasmiylashtirish kiritilishi lozim, ularga patent, formulalar, stend va poligon sinovlar materiallari, texnik darajadagi xaritalar, ixtirolar uchun talabnomalar kiradi. Ishlar tarkibi va o‘zaro bog‘liqliklarni to‘g‘ri aniqlash, ijrochilar faoliyatini koordinatsiya qilish, shuningdek, alohida turdagi ishlarning bajarilish muddatlarini aniqroq belgilash va har bir mavzuni amaliy nazorat qilish maqsadida tarmoqli jadval tuzish maqsadga muvofiqdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |