Asosiy tushunchalar: ssuda, ssuda foizi, nominal ssuda. suzib yuruvchi ssuda, real ssuda, sudxoʻrlik krediti, kredit sub`yektlari, kredit ob`yektlari, kredit resurslari, kreditning tamoyillari, qaytarib berishlik, muddatlilik, ta’minlanganlik, toʻlovlilik, maqsadlilik
Mavzuni mustahkamlash uchun savollar:
Ssuda soʻzining ma’nosi nima?
Ssuda foizi deb nimaga aytiladi?
Ssuda foizi qanday belgilaniladi?
Ssuda foizi qanday vazifalarni bajaradi?
Ssuda foizining turlari qanday?
Nominal ssuda foiziga ta’rif bering
Suzib yuruvchi ssuda foiziga ta’rif bering
Real ssuda foiziga ta’rif bering
Ssuda foiziga ta’sir etuvchi omillar nimalardan iborat?
Oʻzbekistonda tijorat banklari tomonidan ssuda foizlari belgilanayotganda qanday omillar e’tiborga olinmoqda?
III-BOB: BANKLAR VA BANK TIZIMI 12-mavzu. BANKLARNING KELIB CHIQISHI VA BANK TIZIMI §12.1. Banklarning paydo boʻlishi va ularning pul-tovar munosabatlarini rivojlantirishdagi oʻrni
«Bank» soʻzi italyancha «banko» soʻzidan olingan boʻlib, pul muomalasi va kredit munosabatlari amalga oshiriladigan «stol», «peshtaxta», «kursi» ma’nolarini bildiradi. Banklar dastlab G’arbiy Yevropaning Genuya, Florensiya va Venesiya shaharlarida oʻrta asrlarda paydo boʻlgan.
Banklarning paydo boʻlishiga asosiy sabab, tovar-pul munosabatlarining rivojlanishi hisoblanadi. Tovar-pul munosabatlarining mavjudligi va ularning rivojlanib borishi barcha ijtimoiy-iqtisodiy tuzumlarda ham banklarni faoliyat koʻrsatishlarini taqozo qiladi.
Banklarni paydo boʻlishiga asosiy sabablardan quyidagilarni koʻrib chiqamiz:
1.Ma’lumki, qadimda kishilar ancha tarqoq, bir-birlaridan uzoqda yashaganlar. Ular turli urushlar, bosqinchilik va talonchilik natijasida koʻp jabrlanganlar. Dastlabki banklar ana shu zamonlarda paydo boʻlgan. Ular yirik shaharlar, aholi kecha-yu-kunduz gavjum boʻladigan bozorlar, karvonsaroylar, ibodatxonalar va portlarda mustahkam binolarda joylashganlar. Puldorlar oʻz pullari va boyliklarini ma’lum haq toʻlash evaziga ana shu banklarda saqlaganlar. Shunday tarzda banklarning birinchi-pulni saqlash operasiyalari vujudga kelgan.
2. Oʻrta asrlarda yirik davlatlar juda kam, aksincha, mayda feodal davlatlar – knyazlik, graflik, xonlik, amirlik va shu kabilar juda koʻp boʻlgan. Har bir hukmdor taxtga oʻtirgach, birinchi navbatda oʻz nomidan tanga zarb etgan. Bu tangalar avvalgilaridan oʻzgacha boʻlgan. Ana shu sababli savdo-sotiqda turli-tuman tangalar ishlatilgan. Ular bir-birlaridan vazni, shakli, koʻrinishi va tarkibi jihatidan farq qilganlar. Bu tangalarning haqiqiyligi, tarkibi va qiymatini aniqlash, ularni bir-biriga taqqoslash, shuningdek, almashtirish zarurati tug’ilgan. Bu vazifalarni dastlab sarroflar, Keyinroq esa banklar bajara boshlaganlar. Pul almashtirish qadimiy banklarning ikkinchi operasiyalaridir.
3. Pul saqlash va almashtirish bilan shug’ullanish natijasida banklarda katta miqdorda pul mablag’lari jamg’arila borgan. Ammo bu pullar harakatsiz yotgan. Asta-sekin bank egalari bu pullarni ma’lum haq evaziga oʻz nomlaridan qarzga bera boshlaganlar. Qarzni oʻz muddatida qaytarilishini kafolatlash uchun qarz oluvchining mol-mulki (uy-joyi, yeri, kemalari va boshqalar) garovga olingan. Ana shunday tarzda banklarning uchinchi operasiyalari, ya’ni,, kredit operasiyalari kelib chiqqan. Endi banklar sudxoʻrlik bilan ham shug’ullana boshlaganlar.
4. Ma’lumki, bank egasi tomonidan bankka pul qoʻygan har bir kishining pul qoʻyishi va olishi hisob-kitobi «temir daftarda» olib borilgan. Shunday hollar ham boʻlganki, bir-biri bilan savdo-sotiq yoki «oldi-berdi» qiluvchi ikki va undan ortiq kishilar bir bankda oʻz pullarini saqlaganlar. Ular har safar bankdan naqd pul olishlari, oʻzaro hisob-kitob qilgandan soʻng, uni yana qaytarib bankka qoʻyishlari lozim boʻlgan. Boshqacha qilib aytganda, bank egasi yertoʻladagi sandiqlarni ochib, pulni egasiga bergan, u esa oʻz navbatida ikkinchi kishiga bergan. Ikkinchi kishi esa pulni yana bankka qoʻygan, ya’ni, sertashvish «pulni shamollatish operasiyasi» oʻtkazilgan, xolos.
Bu ovoragarchilikdan koʻra, bank egasi tomonidan «Temir daftar» dagi pul beruvchining pulini ma’lum miqdorga kamaytirib, pul oluvchinikiga qoʻshib qoʻysa boʻladiku! Ana shunday qilib kishilar banklar orqali naqd pulsiz hisob-kitoblar qila boshlaganlar.
Koʻrib chiqqanimizdek, qadimgi banklarning dastlabki operasiyalari quyidagicha rivojlangan:
Do'stlaringiz bilan baham: |