§11.2. Ssuda foizi turlari
Kredit turlari va shakllari xilma-xil boʻlgani kabi, ular uchun toʻlanadigan ssuda foizlari ham turlicha boʻladi. Ulardan ayrimlarini koʻrib chiqamiz:
Kreditni qaytarish vaqtida birdan toʻlanadigan ssuda foizi. Masalan, kredit summasi – 1000 000 soʻm, muddati - 3 oy (90 kun), yillik ssuda foizi darajasi - 60 % (360 kun uchun). Kredit oluvchi kredit muddati bitgach, Kreditni qaytaradi va 150 ming soʻm ssuda foizi toʻlaydi.
Kredit berilgan muddatda 1 me’yorda toʻlab boriladigan ssuda foizi. Yuqoridagi misolga qaytadigan boʻlsak, endi qarzdor ssuda foizini oyma – oy 50.000 soʻmdan toʻlab boradi.
Kredit berilayotgan paytda birdan toʻlanadigan ssuda foizi. Yuqoridagi misolga qaytamiz, faqat kredit muddati 1 oy (30 kun) deb olamiz. Bu holda qarz oluvchi avvaldan 1 oylik ssuda foizini, ya’ni, 50000 soʻm toʻlaydi yoki qarz beruvchi kredit summasidan 50000 soʻm ushlab qolib (1000000 soʻm–50000 soʻm) 950000 soʻm beradi.
Qat’iy belgilab qoʻyiladigan ssuda foizi odatda, kredit shartnomasi amal qilgan muddatda oʻzgarmasdan qoladi. Bunday ssuda foizlarini nominal ssuda foizi ham deyiladi. Mazkur ssuda foizi kredit beruvchi manfaatlariga zid kelishi ham mumkin. Ayniqsa, inflyasiya sharoitida bunga yoʻl qoʻyilmaydi.
Suzib yuruvchi, ya’ni, oʻzgaruvchan ssuda foizi. Bu holda kredit beruvchi tomonidan ssuda foizi har oyda kredit resurslari bozoridagi talab va taklifga qarab qayta hisoblab boriladi.
Real ssuda foizi deganda inflyasiya darajasini hisobga olgan holda belgilanadigan ssuda foizi tushuniladi. Masalan, oylik nominal ssuda foizi – 5 %, oylik inflyasiya darajasi – 2 %. Bu holda real ssuda foizi 7 % (5 %+2 %) ni tashkil etadi.
§11.3. Ssuda foiziga ta’sir etuvchi omillar
Ssuda foizi darajasiga koʻp omillar ta’sir etadi, ulardan asosiylari quyidagilardan iborat:
17-Chizma.Ssuda foiziga ta’sir qiluvchi omillar
1.Pul bozoridagi, ya’ni, kredit resurslari «kim oshdi» savdosidagi (auksioni) kredit resurslariga boʻlgan talab va taklif nisbati. Agar talab ortsa, ssuda foizi yuqori va aksincha taklif koʻpaysa, ssuda foizi past boʻladi. Oʻzbekistonda kredit resurslari «kim ochdi» savdosi 1995-yildan beri faoliyat koʻrsatmoqda, unda asosan tijorat banklari qatnashmoqdalar.
2.Kreditga olinadigan mablag’larni ishlatishdan olinadigan foyda darajasi, ya’ni, kredit samaradorligi. Agar tadbirkor kreditni 10 % hisobidan olsa-yu, uni ishlatish 20 % foyda bersa, u qarzni 12 % ga ham olishi mumkin.
3.Kredit muddati va shartlari. Agar kredit uzoq muddatga berilsa va uni qismlarga boʻlib toʻlash mumkin boʻlsa, ssuda foizi yuqori boʻladi. Agar kredit qisqa muddatga berilsa va uni birdaniga qaytarish lozim boʻlsa, ssuda foizi darajasi past boʻladi.
4. Kredit qanday valyutada berilganligi. Agar kredit erkin muomaladagi valyutada berilsa, ssuda foizi darajasi yuqori boʻladi va aksincha erkin muomalada boʻlmagan valyutada berilsa, ssuda foizi darajasi past boʻladi.
5. Pulni muqobil ishlatish imkoniyati. Agar pulni qarzga berish oʻrniga boshqacha ishlatish koʻproq foyda keltirsa, kredit taklifi qisqaradi va ssuda foizi darajasi ortadi.
6. Kredit xavf-xatari darajasi. Agar kredit xavf-xatari yuqori boʻlsa, ssuda foizi darajasi yuqori belgilanadi va aksincha, xavf-xatar darajasi past boʻlsa, ssuda foizi darajasi ham past darajada belgilanadi.
Inflyasiya darajasi. Agar iqtisodiyotda inflyasiya darajasi yuqori boʻlsa, ssuda foizi ham yuqori, aksincha inflyasiya darajasi past boʻlsa, ssuda foizi darajasi ham past boʻladi.
Jalb qilingan mablag’lar uchun toʻlanadigan foizlar darajasi. Agar depozit va omonatlar uchun toʻlanadigan foizlar yuqori boʻlsa, ssuda foiz darajasi ham yuqori boʻladi.
Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasi. Hozirgi paytda Oʻzbekiston Markaziy banki tijorat banklari tomonidan beriladigan kreditlar boʻyicha ssuda foizining eng yuqori darajasini chegaralab qoʻymoqda. Agar Markaziy bank qayta moliyalashtirish stavkasi oyiga 14 % deb belgilangan boʻlsa, tijorat banklari tomonidan beriladigan kreditlar uchun ssuda foizi undan 1,5 barobarga koʻp, ya’ni, 18 % gacha belgilanishi mumkin.
Hozirda Oʻzbekistonda tijorat banklari tomonidan ssuda foizlari belgilanayotganda yuqoridagi omillardan oxirgi 3 tasi e’tiborga olinmoqda, ya’ni:
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalashtirish stavkasi;
jalb etilgan mablag’lar uchun toʻlanadigan foizlar darajasi;
inflyasiya darajasi.
Do'stlaringiz bilan baham: |