Asosiy tushunchalar: bevosita ayirboshlash, natural xoʻjalik yuritish, tovarning qiymati, maxsus tovar, umumiy ekvivalent, barter, pul,tovar
Mavzuni mustahkamlash uchun savollar:
1.Fanning maqsadi, vazifalari va predmeti.
2. Fanning boshqa iqtisodiy fanlar bilan oʻzaro aloqadorligi.
2-mavzu. PULNING PAYDO BOʻLISHI, ZARURLIGI VA FUNKSIYALARI §2.1.Pulning kelib chiqishi va mohiyati. Jamiyat taraqqiyotida tovar ishlab chiqarish va pulning zarurati
Hozirda jamiyatni pulsiz tasavvur etib boʻlmaydi. Pul ilmiy muloqotlarning predmeti, oddiy oilaning orzusi, biznesmenning bosh og’rig’i, mafiyaning yoʻlchi yulduzi. Pul jamiyatni kambag’al va boylarga ajratadi, baxt va kulfat olib keladi, amalga koʻtaradi va jahannamga yetaklaydi. Bernard Shou oʻz vaqtida “Kambag’allikning asosiy ildizi pulning kamchiligiga borib taqaladi” deb oʻtgan edi. Unda nima uchun davlatda “haddan koʻp pul” boʻlsa barcha iqtisodchilar vahimaga va odamlar norozichilikka tushadilar?
Pul oʻzi nima? Uning jamiyatdagi oʻrni qanday? Pul yordamida davlatning iqtisodiy rivojlanishiga ta’sir koʻrsatish mumkinmi? Shu va shu kabi savollar ilm dunyosida juda qizg’in muzokaralarga olib keladi. Bunday savollarga javob berish uchun pulning kelib chiqish tarixiga bir nazar solsak5.
Siz hayotni pulsiz tasavvur eta olasizmi?
Bir koʻz oldingizga keltirib koʻringchi! Siz kitob sotib olmoqchisiz, doʻkondor esa sizdan pul oʻrniga bir bog’ oʻtin soʻraydi. Non olish uchun bug’doy, sut olish uchun xashak olib borish kerak. Agar avtobusga chiqsangiz yoʻl kira oʻrniga yoqilg’i, poyabzal doʻkonida esa teri talab qilishsa! Kulgulimi? Toʻg’risini aytganda, hatto tasavvur ham qila olmaysiz.
Insoniyatning eng buyuk kashfiyotlaridan biri boʻlgan pul qachon, qayerda va qanday qilib paydo boʻlgan?
Pul juda qadim zamonlarda paydo boʻlgan va uning kelib chiqishiga quyidagilar sabab boʻlgan:
1-sabab. Qadimgi qabilalarda vaqti-vaqti bilan oʻz ehtiyojlaridan ortiqcha mahsulotlar paydo boʻlgan va ularni boshqa mahsulotlarga almashtirish imkoniyati tug’ilgan. Masalan, daryo boʻyida yashovchi kishilarning ovi baroridan kelib, juda koʻp baliq ovlangan. Ular ortiqcha baliqni qoʻshni jamoaga don, tuz yoki boshqa mahsulotlarga almashtirganlar.
Buyuk vatandoshimiz Abu Rayhon Beruniy oʻzining «Javohirlar» kitobida javohirlar bilan bog’liq boʻlgan voqyealarni ham kyeltirib oʻtadi. U natural almashuv toʻg’risida shunday bir voqeani hikoya qiladi: Kunlardan bir kun notanish orolga kelib qolgan sayyoh u yerlik odamning qoʻlida oʻzi uchun kerakli narsani koʻrib, bir oltin dinor beradi. Mahalliy odam dinorni olib aylantirib koʻradi, soʻngra hidlaydi va ta’mini bilmoqchi boʻladi. Dinorda hech qanday foydali belgilarni va ta’mni sezmaydi, uni egasiga qaytarib beradi:
«Sen bergan narsaning men uchun hech qanday foydasi yoʻq ekan» - deydi.6 Ana shu hikoya orqali Abu Rayhon Beruniy qadimiy davrlarda odamlar oʻz mahsulotlarini faqat oʻzi uchun zarur va ehtiyojli boʻlgan buyumlar bilan ayirboshlaganini koʻrsatadi.
Yoki boshqa bir misol, oʻrmonda yashovchi va ovchilik bilan shug’ullanuvchi jamoa oʻzidagi ortiqcha hayvonlarni yoki goʻshtni boshqa jamoalarga kiyim-kechak yoki baliqqa almashtirganlar.
Dastlabki davrlarda mahsulotlar bir - biriga bevosita almashtirilgan va tasodifiy hollarda roʻy bergan. Shunday qilib, kishilarning oʻz ehtiyojlaridan ortiqcha mahsulotlarni oʻzaro ayirboshlashlari pulning vujudga kelishiga dastlabki turtki, ya’ni, sabab boʻlgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |