§4.3. Naqd pulsiz hisob-kitoblar tushunchasi, ularni joriy etish zarurati va afzalliklari
Naqd pulsiz hisob-kitoblar pulning toʻlov vositasi vazifasidan kelib chiqadi. Naqd pulsiz hisob-kitoblar juda qadim zamonlardan kelib chiqqan. Soʻng pul muomalasidan keyin kelib chiqqan. Hozirgi bankirlarning oʻtmishdagi kasbdoshlari boʻlmish sarroflar pul almashtirish va pul saqlash bilan bir qatorda naqd pulsiz hisob kitoblarni ham amalga oshirganlar.
Naqd pulsiz hisob - kitoblar deganda, pul mablag’larining bankdagi bir hisob raqamidan boshqa hisob raqamiga naqd pul ishtirokisiz, faqat hujjatlar asosida oʻtkazish tushuniladi. Odatda, naqd pulsiz hisob - kitoblarni koʻpchilik «pul koʻchirish» yoki «pul oʻtkazish» deb tushunishadi.
Boshqacha qilib aytganda, pul mablag’lari mahsulot sotib oluvchining bankdagi hisob raqamidan mahsulot yetkazib beruvchining hisob raqamiga oʻtkaziladi. Ya’ni,, birinchi hisob raqamidagi mablag’lar kamaytiriladi, ikkinchisidagi esa koʻpaytiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida toʻlovlar quyidagilar orqali amalga oshiriladi:
naqd pul mablag’larini oʻtkazish;
elektron pullarni oʻtkazish;
pul mablag’larini toʻlov vositalaridan foydalangan holda oʻtkazish;
pul majburiyatini yoki pul mablag’larini toʻlash toʻg’risidagi farmoyishni oʻz ichiga olgan toʻlov hujjatini berish;
elektron toʻlov vositalaridan foydalanish.13
Naqd pulsiz hisob - kitoblar quyidagi hollarda qoʻllaniladi:
korxonalar, tashkilotlar va xoʻjaliklar oʻrtasidagi yetkazib berilgan mahsulotlar va koʻrsatilgan xizmatlar uchun haq toʻlanganda:
korxonalar, tashkilotlar va xoʻjaliklar bilan davlat muassasalari oʻrtasida soliqlarni toʻlashda, byudjetdan mablag’larni olishda:
korxona, tashkilotlar va xoʻjaliklar bilan banklar oʻrtasida kreditlar olish va qaytarishda, foizlarni toʻlashda, depozitlar qoʻyish va olishda:
korxonalar, tashkilotlar va xoʻjaliklar bilan fuqarolar oʻrtasida tovarlar sotib olishda, koʻrsatilgan xizmatlarga haq toʻlashda:
Toʻlovni boshlash quyidagi yoʻllar bilan amalga oshiriladi:
toʻlovchi tomonidan toʻlov hujjatini taqdim etish;
saqlovchi tomonidan elektron toʻlov vositasidan foydalanish;
toʻlovchi tomonidan naqd pul mablag’larini bank kassalari, elektron terminallar va boshqa qurilmalar orqali oʻtkazish uchun kiritish;
toʻlovchining toʻlovni masofaviy xizmat koʻrsatish tizimlaridan foydalangan holda amalga oshirishga boʻlgan roziligini yuborish14.
Naqd pulsiz hisob-kitoblar naqd pul muomalasiga nisbatan quyidagi afzalliklarga ega:
korxonalar, tashkilotlar va xoʻjaliklarning naqd pulga boʻlgan ehtiyoji keskin qisqaradi;
naqd pulsiz hisob-kitoblardan foydalanish naqd puldan
foydalanishga nisbatan arzonga tushadi;
pul mablag’larining xavfsizligi ta’minlanadi;
pul harakati tezlashadi;
hisob-kitoblar banklar orqali amalga oshirilishi tufayli, ularning qonuniyligini nazorat qilish imkoniyati tug’iladi va boshqalar.
Naqd pulsiz hisob-kitoblar qoʻyidagi asosiy tamoyillar asosida tashkil etiladi:
1.barcha korxona, tashkilotlar va xoʻjaliklar banklarda oʻz hisob raqamlarini ochishlari va mablagʻlarine shu hisob raqamlarida saqlashlari shart.
2.barcha hisob-kitoblar faqat banklar orqali amalga oshiriladi
3. tovarlar va xizmatlar uchun to`lovalar pul egsining roziligi bilan amalga oshiriladi.
Toʻlov hujjati qog’ozda tuzilgan yoki elektron shaklda shakllantirilgan hujjat boʻlib, toʻlov uning asosida yoki yordamida amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida toʻlovlarni amalga oshirishda quyidagi toʻlov hujjatlaridan foydalaniladi:
toʻlov topshiriqnomasi;
toʻlov talabnomasi;
inkasso topshiriqnomasi;
memorial order;
akkreditivga ariza;
kirim va chiqim kassa toʻlov hujjatlari.15
Mamlakatimizda 90-yillardan boshlab hukumatimiz tomonidan Markaziy bank oldiga toʻlov tizimini xalqaro andozalar asosida tashkil etish, toʻlovlarning amalga oshirilishini keskin jadallashtirish masalasi qoʻyilgan edi.
Mazkur ishning iqtisodiyot rivojida nechog’lik muhim ahamiyatga ega ekanligini inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan noan’anaviy choralar taklif etildi.
Xususan, banklar bir qator soliqlardan ozod qilindi va ularning soliqdan ozod qilingan mablag’lari moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga yoʻnaltirildi. Dunyo bank amaliyotida kamdan-kam uchraydigan bu tadbir mamlakat rahbari tomonidan bank tizimiga bildirilgan ulkan ishonch boʻlib, u bank tizimining moddiy-texnika bazasini jahon andozalari darajasiga yetkazish va respublikamizda Hamdoʻstlik mamlakatlari ichida birinchi boʻlib, yagona elektron toʻlov tizimini yaratish imkonini berdi.
Bunda, mijozlar taqdim etgan toʻlov hujjatlarini bir bank muassasasidan boshqasiga pochta orqali yetkazish usuliga asoslangan eski toʻlov tizimi oʻrniga har tomonlama qulay, tizimdagi transaksizlar sonidan qat’i nazar, sanoqli daqiqalar ichida mamlakatdagi istalgan bankka toʻlovlarni oʻtkazib berishga qodir boʻlgan zamonaviy toʻlov tizimi ishga tushirildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |