§20.4. Savdo balansi, toʻlov balansi va ularning holati Toʻlov balansi bu – mamlakatga xorijdan kelib tushgan va xorijga toʻlab berilgan valyutalarning haqiqatdagi summasi aks ettiriladigan hujjatdir.
XVF toʻlov balansini statistik hisobot shakli deb hisoblaydi. Toʻlov balansi xalqaro hisob-kitoblar balansining muhim shakllaridan biri hisoblanadi.
Toʻlov balansida ikki yoʻnalishdagi valyuta oqimi oʻz ifodasini topadi: 1. Xorijiy valyutalardagi tushumlar
2. Xorijiy valyutalardagi toʻlovlar
Toʻlov balansi mamlakatning tashqi iqtisodiy munosabatlarining rivojlanish darajasini, jahon savdosidagi, xalqaro kapitallar va kreditlar harakatidagi oʻrnini koʻrsatadi. Masalan, toʻlov balansida import qilingan tovarlar va xizmatlar uchun toʻlov summasini eksport tushumidan yuqori boʻlishi mamlakatning xalqaro savdodagi mavqeining pasayayotganligidan dalolat beradi.
Yoki mamlakatda xorijiy investitsiyalarga boʻlgan talabning oshishi xorijiy investitsiyalar kirimining ularning chiqimidan yuqori boʻlishiga olib keladi. Xalqaro kreditlarning harakati boʻyicha ham shunday holatni kuzatish mumkin.
Toʻlov balansining holati bevosita milliy valyutaning nominal almashuv kursiga, ishlab chiqarishga, iste’molga, aholi bandligi va inflyasiya darajasiga ta’sir koʻrsatadi.
Toʻlov balansida toʻlovlar summasini tushumlar summasidan katta boʻlishi mamlakatning oltin-valyuta zahiralari miqdorining kamayishiga olib keladi. Buning natijasida mamlakat milliy valyutasining nominal almashuv kursiga nisbatan kuchli bosim yuzaga keladi. Buning natijasida milliy valyuta qadrsizlanishi mumkin. Shuningdek, toʻlov balansida toʻlovlar summasini tushumlar summasidan katta boʻlishi inflyasiya darajasini oshirishga xizmat qiluvchi omil boʻlishi mumkin.
Yuqorida qayd etilgan holatlar toʻlov balansining holatini mamlakat iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega ekanligini koʻrsatadi. Shu sababli, toʻlov balansining muvozanatlashgan holatini, ya’ni, xorijiy valyutadagi toʻlovlar va tushumlar oʻrtasidagi mutanosiblikni ta’minlash har qanday mamlakat iqtisodiy siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.
Toʻlov balansini tuzish ikki yoqlama yozuvga asoslanadi. Ya’ni, bunda har bir operatsiya ikki marta aks ettiriladi: bir hisob raqamning debetida, ikkinchi hisob raqamning esa kreditida aks ettiriladi. Bunda kreditli oʻtkazmalarning jami summasi debetli oʻtkazmalarning jami summasiga teng boʻlishi va yakuniy saldo 0 ga teng boʻlishi shart.
Kreditli va debetli oʻtkazmalar oʻrtasidagi farq summasi sof xatoliklar deb ataladi.