Asosiy tushunchalar: Pul tizimi, monometallizm, bimetallizm, pul birligi, baholar masshtabi, pul belgilari, emissiya tizimi, emitent bank
Mavzuni mustahkamlash uchun savollar:
Pul tizimi deb nimaga aytiladi?
Metall tangalar muomalada bulgan pul tizimida tangalar necha xil metallardan zarb qilingan?
Kredit va qog’oz pullar muomalada boʻlgan pul tizimi davrida nima oʻzgargan?
Pul tizimining tarkibiy qismlari nimalardan iborat?
Pul birligi deb nimaga aytiladi?
Baholar masshtabi nima sababdan oʻz iqtisodiy mohiyatini yoʻqotgan?
Toʻlov kuchiga ega boʻlgan pul belgilariga nimalar kiradi?
7-mavzu. OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA PUL TIZIMI VA UNING OʻZIGA XOS XUSUSIYATLARI
§7.1.Milliy pul tizimi elementlarining shakllanishi. Milliy valyuta soʻmning muomalaga kiritilishi.
Pul tizimi mamlakatda pul muomalasini tashkil qilishning qonun yoʻli bilan belgilangan shaklidir
O.Lavrushin tahriri ostida chop etilgan “Pul, kredit, banklar” darsligida pul tizimining elementlariga quyidagilar kiritilgan:
pulning mohiyati va funksiyalari;
pulning shakli va turlari; pul birligi;
pul massasi va uning tarkibi;
pul aylanmasi, uning tarkibi va tashkil etish;
pul tizimini tashkil qilish prinsiplari;
pul tizimini boshqarish prinsiplari;
emissiya mexanizmi;
valyuta kursi;
kassa intizomi;
naqd pulsiz hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibi;
pul tizimining me’yoriy-huquqiy bazasi;
axborot-tahliliy element;
texnologik element;
institutsional element16. 1
Oʻzbekiston Respublikasida “Pul tizimi toʻg‘risida”gi qonun mavjud emas. Ammo, Markaziy bank toʻg‘risidagi qonunda, Hukumatning tegishli qarorlarida pul tizimi va uning elementlari oʻz aksini topgan.
“Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki toʻg‘risida”gi qonunning 23-moddasiga muvofiq, Markaziy bank “pul massasi yillik oʻsish sur’atining aniq maqsadli koʻrsatkichlarini” belgilaydi. Ushbu qonunning beshinchi boʻlimida pul tizimi va uning elementlaridan foydalanish mexanizmining huquqiy asoslari oʻz ifodasini topgan. Qonunning beshinchi boʻlimi 32-moddasida milliy pul tizimining Oʻzbekiston Respublikasining pul birligi, pul muomalasini tashkil etish va uni tartibga solishdan iborat ekanligi e’tirof etilgan.17
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 4-fevraldagi 63-sonli “Pul-kredit koʻrsatkichlarini tartibga solish mexanizmini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻg‘risida”gi qaroriga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining zimmasiga pul massasining oʻsishini nazorat qilish boʻyicha majburiyatlar yuklatilgan.18 3
Pul tizimi valyuta tizimiga qaraganda keng tushuncha. Biroq, pul tizimining ayrim elementlari valyuta tizimining elementlari boʻlishi ham mumkin. Masalan, milliy valyuta. Har qanday mamlakatning milliy puli oʻsha mamlakat uchun milliy valyuta hisoblanadi. Demak, milliy valyuta pul tizimi uchun ham, valyuta tizimi uchun ham element hisoblanadi. Ammo pul tizimining shunday elementlari mavjudki, ular, valyuta tizimi uchun element boʻlib hisoblanmaydi. Ana shunday elementlar sifatida quyidagilarni ajratib koʻrsatish mumkin:
– pul aylanmasi tarkibi;
– pul aylanmasini tashkil qilish va tartibga solish;
– pul massasi va tarkibi;
– pul tizimini tashkil qilish prinsiplari.
Oʻz navbatida, valyuta tizimining ayrim elementlari ham pul tizimi uchun element boʻlib hisoblanmaydi. Ana shunday elementlardan biri –milliy valyuta bozorining rejimi hisoblanadi. Masalan, Oʻzbekiston Respublikasida valyuta bozori ikki qismdan, ya’ni, Respublika valyuta birjasi va birjadan tashqari bozordan iborat. Valyuta bozorida AQSH dollari va evro bitim valyutasi hisoblanadi, soʻm esa, baholovchi valyuta vazifasini bajaradi.19
Oʻzbekistonning mustaqil davlat sifatida tanilishi uning mustaqil pul tizimiga ega boʻlishini taqozo etdi. Mustaqil pul tizimi tashkil topishining I-bosqichi 1993- yildan e’tiboran, muomalaga «soʻm-kupon»larning chiqarilishi, II-bosqichi esa 1994-yil 1-iyuldan boshlab muomalaga milliy valyuta «soʻm»ning kiritilishi hisoblanadi.
Bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasida pul tizimi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitusiyasi20, «Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki toʻg‘risida»gi21, «Banklar va bank faoliyati toʻg‘risida»gi22 yangi taxrirdagi qonunlariga muvofiq amal qilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasining pul birligi – soʻm, 1 soʻm = 100 tiyin. Soʻm Oʻzbekistonda yagona cheklanmagan va qonuniy toʻlov vositasi hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki muomalaga banknot va tangalar chiqarishda mutlaq huquqqa ega boʻlib, mamlakatda pul muomalasi holatiga javobgardir. Markaziy bank banknot va tangalarning yangi namunalarini tasdiqlaydi, ularning tasvirini ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qiladi.
Hozirda muomalada 200, 500, 1000, 5000, 10000, 50000 va 100000 soʻmlik banknotlar, 100, 200, 500, 1000 soʻmlikk tangalar amal qilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki pul, kredit va valyuta boshqaruvi, naqd pulsiz hisob-kitoblar va xalqaro hisob-kitoblarni amalga oshirish, milliy valyutani chet el valyutasiga almashtirish tartib- qoidalarini va boshqalarni ishlab chiqadi, hamda joriy etadi.
Shuningdek, Markaziy bank huzurida uning bosh funksiyalaridan biri boʻlgan pul emissiyasi siyosatini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan muhim yordamchi korxonalar: Qog‘oz fabrikasi, Bosmaxona, Zarbxona, shuningdek, qimmatbaho metallar Agentligi va Respublika Inkassatsiya birlashmasi tashkil etilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |