4. Trasologik ekspertiza va uning uslublarining ilmiy asoslari
Trasologik tekshiruvning ilmiy-nazariy usullarini ishlab chiqishda
dialektik akslanish nazariyasi, kriminalistik identifikatsiya
(aynanlashtirish) nazariyasi, belgilar va tizimli yondashuv to‘g‘risidagi
kriminalistik ta’limga tayaniladi.
Izlar to‘g‘risidagi trasologik bilimlar quyidagi asosiy tamoyillarga
asoslanadi:
I. Moddiy borliq, shuningdek obyekt (buyum)lar tashqi tuzilishining
individualligi (alohidaligi). Turdosh obyektlar (buyumlar)ning tashqi
tuzilishi umumiy belgilar (shakl, hajm va boshq.) bo‘yicha mos kelsa-da,
xususiy belgilariga ko‘ra bir-biridan farqlanishi mumkin. Trasologiyaning
xususiy belgilariga obyekt yuzasining relyefiga tegishli o‘ziga xos belgilar
kiradi:
1. Kesish (bo‘lish)dan hosil bo‘lgan relyef qismlari (detallari)ga bolta
tig‘ining notekisligi va g‘adir-budurligi sababli qoldirilgan chuqurcha va
do‘ngchalarning mavjudligi. Avtomobil g‘ildiragining izlaridagi xususiy
belgilarga projektorning tashqi belgilari (g‘ildirak rezinasining
uvalanganligi turli yoriqlarning borligi) misol bo‘ladi.
2. Buyumning tashqi tuzilishi, shuningdek undagi xususiy belgilar
tasvir izlar ko‘rinishida boshqa obyektlarda akslanishi mumkin. Xususiy
belgilarning aniq va to‘liq aks etishi iz hosil bo‘lish sharoitiga bog‘liq
bo‘ladi. Ular orasida obyekt materiali – iz hosil qiluvchi va iz hosil
bo‘luvchi material hamda obyektlar o‘zaro ta’sirining mexanizmi kabi
fizikaviy xususiyatlar asosiy hisoblanadi. Iz qabul qiluvchi obyekt tekis va
uning tarkibiy tuzilishi qanchalik mayda bo‘lsa, iz detallari shunchalik
aniq va jonli chiqadi.
3. Obyekt tashqi ko‘rinishining izda aks etishi doimo teskari ko‘zgu
kabi ifodalanadi. Chunonchi, hajmli obyekt (poyafzal tagcharmi) yumshoq
material (qum, ho‘l loysimon tuproq)da chuqur iz qoldiradi. Iz hosil
bo‘lish holati nuqtai nazaridan boshqa turdagi o‘zgarishlar izda aks etishi
mumkin, masalan, notekis relyef tirnalgan kabi izlar qoldiradi.
Shunday qilib, akslanuvchi izlar trasologik ekspertizaning asosiy
obyekti bo‘lib, ikkita obyektning o‘zaro ta’siri natijasida yuzaga keladi.
Akslangan iz hosil qilish bilan tugallangan jarayon iz hosil bo‘lish
mexanizmi, deb ataladi. Bunda o‘zaro ta’sir qiluvchi elementlar
quyidagicha: iz hosil qiluvchi obyekt, iz qabul qiluvchi obyekt,
shuningdek obyektlarga u yoki bu turdagi energiya bilan ta’sir qilish
natijasida hosil bo‘lgan iz kontakti (aloqasi). Iz kontakti obyektlarning
17
hajmlari va sifati to‘g‘risidagi ma’lumotga ega bo‘ladi. Zero, u izdagi
o‘zaro ko‘chish (sirg‘alish) yo‘nalishining kuchlar tizimi bilan shartlanadi.
Trasologiyaning muhim nazariy asoslariga turli xil trasologik
obyektlarni o‘rganishning uslublar tizimi kiradi. Hozirgi kunda
kriminalistikada boshqa fanlardagi kabi umumilmiy va maxsus tasnifga
asoslangan quyidagi uslublar tizimi qabul qilingan:
1. Dialektik uslub – dialektik (falsafiy) mantiq va rasmiy mantiqiy
bilish toifalari va qonuniyatlarini o‘z ichiga oluvchi fanning umumiy
uslubi.
2. Umumilmiy uslublar – kuzatish, o‘lchash, tasvirlash, taqqoslash,
tajriba-sinov, modellashtirish, tadqiqotning matematik usullari.
3. Kriminalistikaning maxsus usullari. Ular kriminalistika oldida
turgan vazifalarni muvaffaqiyatli hal qilish maqsadida boshqa fanlardan
olingan bo‘lishi yoki kriminalistika doirasida yangi kashf etilgan bo‘ladi.
Mazkur barcha usullarni turlicha kompleks va majmuada trasologik
obyektlarni tadqiq qilish uchun qo‘llasa bo‘ladi. Ikkinchi va uchinchi
guruhdagi usullarni detallashtirish (aniqlashtirish) ekspert-trasolog
tomonidan qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan turli usullar to‘g‘risida tasavvur
hosil qilishga imkon beradi. Trasologik ekspertizada ilmiy usullar bilan bir
qatorda, morfologik belgilarni o‘rganish usuli keng qo‘llaniladi. Zarur
hollarda u bilan birgalikda ichki tuzilish, atomli va molekulali tarkibni
o‘rganish usullari ham qo‘llanilishi mumkin. Kompleks tadqiqotlar
qismlarning bir butunga tegishliligini aniqlash uchun (shuningdek
trasologik jihatdan) qo‘llaniladi. Shunday qilib, trasologik ekspertizaning
usullariga: kuzatish, o‘lchash, ta’riflash (ta’riflab yozish), tajriba
(eksperiment), taqqoslash, modellashtirish, fizikaviy, kimyoviy, matematik
usullar va fotosuratga olish kabilar kiradi.
Kuzatish – har qanday trasologik ekspertizani boshlash usullaridan
biridir. Kuzatish rejali va maqsadli bo‘lishi kerak. Aynan shundagina u
tekshirilayotgan belgilarni ajratib olish va tadqiq etish imkonini beradi.
Kuzatish oddiy tarzda (ko‘z bilan) va ko‘rish qobiliyatini oshirish
maqsadida turli usul va moslamalarni qo‘llash orqali amalga oshirilishi
mumkin. Bunga lupa, mikroskop, ko‘ndalang tushuvchi nurda tekshirish,
izlarni bo‘yash, elektron-optik o‘zgartirgich, ultrabinafsha nur va boshqa
yoritgichlardan foydalanish kiradi.
Kattalashtirish darajasi trasologik obyektning turi va hal qilinayotgan
kriminologik vazifalar nuqtai nazaridan tanlanadi.
O‘lchash – obyektning miqdoriy o‘lchamlarini olish uchun qo‘llanadi.
Olingan ko‘rsatkichlar metrologiyada qabul qilingan o‘lchov birliklari
18
(bunda olingan o‘lchamlar mavhum bo‘lishi mumkin, masalan, bir sm
maydondagi trassalar soni), chiziqli va burchak, maydon va chuqurlikni
o‘lchash birliklari bilan qiyoslanadi. O‘lchashning aniqligi belgilarning
izlarda to‘liq aks etganligi, o‘lchash uchun qo‘llanadigan usullar va texnik
vositalarning (chizg‘ich, ruletka, shtangensirkul, mikrometr, o‘lchash
lupasi, okulyarli mikrometr va h.k.) mukammalligiga bog‘liq bo‘ladi.
Trasologik ekspertizada ta’riflash (ta’riflab yozish) ? ekspertning o‘z
xulosalarida asoslanadigan obyektlar, belgilar va ekspertiza jarayonining
o‘zini yozma nutq, jadval, chizma, fotosurat va ularga ishora qo‘yib
chiqish orqali ifodalashidir. Bunda boshqa usullar yordamida olingan
tekshiruv manbalari ham yozib qo‘yiladi. Fotosurat yordamida qayd qilish
ekspertiza natijalarini yaqqol ko‘rsatib berish imkonini beradi.
Tajriba (Eksperiment) – trasologik ekspertizada izlarning
(identifikatsion masalalarni hal qilishda) qiyosiy namunalarini olish,
shuningdek izlarning yuzaga kelish mexanizmlari to‘g‘risidagi farazning
to‘g‘riligini isbotlash (diagnostik masalalarni hal qilish)da qo‘llaniladi.
Eksperiment izda akslangan obyektning belgilarini qayta aks ettirish, iz
hosil bo‘lishida mazkur belgilar qay tarzda o‘zgarishini aniqlash, jinoyat
sodir etilgan sharoitga yaqin sharoitda izlarni hosil qilish imkonini beradi.
Bunda obyektning o‘lchamlari va qay maqsadlarda qo‘llanilishi, izlarning
yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan holatlar to‘g‘risida fikr yuritish imkoni
mavjud.
Taqqoslash tadqiqoti – trasologik obyektlarni identifikatsiya qilish
jarayonidagi asosiy usullardan biri hisoblanadi. U bir-biriga mos keladigan
belgilarni ajratish, ularning mazmunini o‘rganish, identifikatsion
ahamiyatini aniqlash, ularning o‘zaro o‘xshashligi va farqlarini tushuntirib
berishga imkon yaratadi. Taqqoslash ikkita asosiy guruhga ajratish
mumkin bo‘lgan usullar yordamida amalga oshiriladi:
1. Bevosita taqqoslash usullari: ikkita solishtirilayotgan obyektlar
(haqiqiy va eksperimental iz, iz va tekshirilayotgan obyekt) fotosuratlarini
yoki optik tasvirlarini oddiy solishtirish, yonma-yon tushirish yoki ustma-
ust tushirish usullari orqali taqqoslash.
2. Baholash ko‘rsatkichlarini taqqoslash usullari – belgilarni o‘lchash
yoki ko‘zdan kechirishdan olingan ko‘rsatkichlarni solishtirish.
Qiyosiy taqqoslash usulini tanlash obyektning turi, izda aks etgan
belgilar buzilishining xususiyatlari va kattaligi, tadqiqot aniqligi va
tezligiga bog‘liq bo‘ladi.
Bevosita solishtirish tadqiqotning yuqori darajada aniqligi va natijalar
ko‘rgazmaliligini ta’minlaydi. Biroq, u belgilari yetarli darajada turg‘un
19
aks etadigan obyektlarga, shuningdek yuzaga keladigan farqlar surunkali
xususiyatga ega bo‘lib, eksperiment orqali ularni qayta aks ettirish
mumkin bo‘lgan izlarga nisbatan qo‘llanilishi mumkin. Bevosita
taqqoslash nolga teng yoki ayniyatli bo‘lishi mumkin. Nolga teng
taqqoslash tekshirilayotgan iz va eksperimental izning to‘liq ravishda bir-
biriga mos kelishiga erishiladi (chiziqlar to‘liq ravishda bir-biriga
qoplanadi va bir chiziqqa tutashib ketadi, relyef detallari bir-birining ustiga
qo‘yilganda, to‘liq ravishda o‘zaro qoplanadi). Mazkur holatda belgilar
orasidagi farqlarni ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydi, ya’ni ular nolga teng
bo‘ladi.
Ayniyatli (farqli) taqqoslashda eng muhim belgilarning bir-biriga mos
kelishining o‘zi yetarli hisoblanadi. Qolgan farqlar, basharti tegishli
namunalarni yasash orqali isbotlanmasa, tushuntirib berilishi zarur. Busiz
bir-biriga o‘xshashlik to‘g‘risida xulosa qilib bo‘lmaydi.
Bevosita taqqoslash uchun taqqoslovchi mikroskoplar, komparatorlar,
optik qoplash uskunalari (PON), kompyuter tizimlari qo‘llaniladi.
Modellashtirish – trasologik uslub sifatida modellarni qurish, zarur
bo‘lgan o‘zgartirishning uslub va texnik vositalarini qamrab oladi. Model
deb, ashyoviy dalillar ekspertiza namunalari va boshqa obyektlari
belgilarini qayd etuvchi maxsus yasalgan buyum (idoimatematik tasvir)ga
aytiladi. Model tekshiruv jarayonida haqiqiy izlarning o‘rnini bosishi va
yangi isbotlash ma’lumotini olish, unga baho berish va undan
foydalanishga imkon beradi. Modellar haqiqiy buyumga o‘xshash bo‘lishi
(ya’ni undagi belgilarni to‘liq ravishda aks ettirishi), o‘zgarmas bo‘lishi
(ya’ni undagi belgilar uzoq muddat davomida saqlanib turishi) zarur.
Modellar turlicha vazifalarni bajarishi mumkin: izlarni qayd etish
(masalan, poyafzal izlaridan gipsli qolip yasash), buzish qurollari va
boshqa obyektlarning iz hosil qiluvchi relyefining belgilarini ajratib
ko‘rsatish (masalan, boltaning muayyan yuzasi bilan yog‘ochni bo‘lish
izlarini olish), tekshirish va baholashni yengillashtiruvchi ko‘rgazmalilik
va tasvirlilik (masalan, tekshirilayotgan iz va eksperimental izning
fotosuratlari), moddellashtirilayotgan obyektni tekshirish (relyef detallarini
mikrofotosuratga tushirish).
Trasologiyada modellashtirish jarayoni bir nechta bosqichlarga
bo‘linadi: modellashtirish maqsadini aniqlash, modellashtirilayotgan
obyektni o‘rganish, modellashtirishga tegishli belgilarni ajratish,
modellashtirish usullarini tanlash va nihoyat, model yasash.
Modellashtirish usullari fizikaviy va matematik usullarga bo‘linadi.
Fizikaviy usulga tez o‘zgaradigan izlar yoki iz hosil bo‘lgan obyektdan
20
izlarni olish imkoni bo‘lmagan hollar kiradi, masalan, sariyog‘dagi tish
izlari, poyafzal izlari va h.k.). Bunga poyafzal izlarini maxsus plyonkalar
yoki qayd etilgan fotosurat yordamida modellashtirish, turli xil qoliplovchi
moddalar (polimer pastali gips) yordamida uch o‘lchovli hajmli izlarni
yasash kiradi. Polimerlar relyef belgilarining yetarlicha aniq nusxasini
olish imkonini beradi.
Profilogrammalash modellashtirish usuli sifatida profilogrammaning
kesishma izini olish va izlarda aks etgan uchinchi o‘lcham (balandlik va
chuqurlik) detallarini tahlil qilish imkonini beradi. Profilogrammalar optik
(soyali), lazerli, mexanik (paypaslovchi) bo‘lishi mumkin.
Profillash matematik usulda va kompyuterda qayta ishlanganda, eng
muhim dalil sifatida qo‘llanilishi mumkin.
Golografik model – muayyan tarzda yoritilgan modellashtiruvchi
obyektdan chiquvchi nur oqimini tashkil etadi. Gologrammada obyekt
relyefining eng kichik detallari (parchalari) to‘g‘risida aniq ma’lumotni
ko‘rish mumkin. Bunday model hajmli, go‘yoki havoda muallaq turgandek
tasvirlangani bois, uni har tomondan ko‘rish imkoniyati vujudga keladi.
Optik modellashtirish – taqqoslovchi mikroskopda tekshirish yoki iz
va namuna fotosuratlarini solishtirishdan iborat bo‘ladi. Bunda iz hosil
qiluvchi obyektning nuqtali relyefini chiziqlarga aylantirish imkonini
beruvchi maxsus usullar qo‘llanadi.
Tadqiqotning fizikaviy usullari. Ularga mikroskopda ko‘rish,
yorug‘lik spektrining ko‘rinmas sohasidagi nurlarda tekshirish, iz hosil
qilgan moddaning yopishqoqligi va turlicha singdirish qobiliyatiga
asoslangan holda tadqiq qilish kiradi.
Mikroskopik tadqiqotlar (mikroskopiya) – izning oddiy, ko‘zga
ko‘rinmaydigan va ilg‘ab bo‘lmaydigan mikrozarralari va mayda
qismlarini ko‘rishdir. Ko‘zning ko‘rish qobiliyatini oshirishga xizmat
qiluvchi moslamalarga lupalar, turli binokulyar, stereoskopik, instru-
mantal, biologik, kattalashtiruvchi, elektron kriminalistik mikroskoplar
kiradi. Trasologik obyektlarni mikroskopik tadqiq etish qaytuvchi va
o‘tuvchi nurda amalga oshirilishi mumkin. Relyefning notekis joylarini
tekshirishda soya kontrastini kuchaytirish maqsadida qiya tushuvchi
nurdan foydalaniladi. Iz hosil bo‘lgan obyekt va izdagi ranglar kontrastini
aniqlash maqsadida rangli filtrlar qo‘llanadi (masalan, qorong‘i yuzada
qoldirilgan qon izlari, qotib qolgan poyafzal izlari).
Infraqizil nurlarda tekshirish ko‘rinmas izlarni aniqlash, qon qotib
qolgan kiyim-kechakni tekshirishda foydalaniladi.
21
Ultrabinafsha rang nurlarda tekshirish, odatda oddiy sharoitda
ko‘rinmaydigan izlarni topishda qo‘llaniladi. Bunda lyuminissensiya
hodisasini hisobga olgan holda, nur manbasi sifatida simob-kvarsli lampa
yoki elektron-optik o‘zgartirgichdan foydalaniladi. Izlarni ko‘rinarli qilish
uchun tarkibiga lyuminoforlar kiruvchi mexanik reaktivlardan
foydalaniladi.
Rentgen nurlarida tekshirish mazkur nurlarning buyumlar yaxlitligini
buzmay, ularning ichidan o‘tish qobiliyatini hisobga olgan holda (qulf,
plomba, poyafzallar), nurlantirish orqali amalga oshiriladi. Bunday
tekshirish buyumlarning ichki tuzilishi, qismlarining o‘zaro joylashuvi,
ichki buzilishlar va izlar to‘g‘risida xulosa qilish imkoniyatini beradi.
Radioaktiv moddalarni qo‘llagan holda tekshirish gamma nurlardagi
trasologik ekspertizalarga nisbatan qo‘llanilishi mumkin. Gamma nurlar
rentgen nurlari kabi obyektlarni nurlantirish (asosan yirik) maqsadida
qo‘llaniladi.
Trasologik ekspertizada sud tekshiruvi uchun fotosuratga olishning
ko‘pgina uslublari qo‘llaniladi: masshtabli, kontrastli va ranglarga
bo‘linuvchi suratga olish, mikrosuratga olish, infraqizil, ultrabinafsha rang
va rentgen nurlarida suratga olish, stereosuratga olish (shuningdek,
mikrostereo), qiyosiy suratga olish, raqamli fotosuratga olish va hokazo.
Trasologiyada matematik usullar ham matematik modellashtirish, ham
olingan natijalarni baholash uchun qo‘llaniladi.
Matematik modellashtirishda obyektlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning
rasmiylashishi va soddalashishiga erishiladi. Matematik belgilar modelda
tekshirilayotgan obyektning tarkibini tashkil qiluvchi asosiy belgilari va
aloqalarni aks ettirish imkonini beradi. Masalan, izlar yo‘lagining
elementlari (o‘ng va chap qadamning uzunligi, qadam kengligi, qadam
burchagi, tovon burilishining burchagi – chap va o‘ng).
Matematik modellar ikkita katta guruhga bo‘linadi: xayoliy
(mukammal) va moddiy. Birinchisiga belgili matematik model-tasvirlar,
moddiyga shakllarni mashinada aniqlash kiradi.
Matematik uslublarga o‘lchovlar natijalarini baholash, belgilarning
identifikatsion ahamiyatini baholashning ehtimolli usullari kiradi.
Yuqorida keltirilgan katta miqdordagi usullar trasologik ekspertizada
ham identifikatsion, ham diagnostik masalalarni yechish uchun qo‘llanadi.
Trasologiyada ommaviy ishlab chiqarish mahsulotlarining kelib
chiqish manbaini aniqlash masalalari o‘rganiladi, masalan, mixlar bitta
guruhga mansubmi va bitta mix yasash avtomatida ishlab chiqarilganmi,
sim bo‘laklari muayyan stanokda ishlab chiqarilgan butun simga tegishlimi
22
va hokazo. Shuni ta’kidlash joizki, umumiy «yuzaga kelish manbai»
degan tushuncha tekshirilayotgan belgilar soniga nisbatan toraytirilishi
mumkin. Bu – modda tarkibi, uning tuzilishi, yot jismlarning borligi va
boshqalar bo‘lishi mumkin. Ularni o‘rganish maqsadida kompleks
tekshiruvlar amalga oshiriladi.
Ekspert trasologiya identifikatsiya qilish bosqichlari. Hozirgi kunda
sud ekspertizasi nazariyasida ekspert tekshiruvini to‘rt bosqichga bo‘lish
rusum bo‘lgan:
Dastlabki tadqiqot (tayyorgarlik bosqichi).
Batafsil tadqiqot (analitik bosqich). U uchta kichik bosqichdan iborat:
a) alohida tekshiruv;
b) ekspert tajribasi;
v) taqqoslash tadqiqotlari.
3. Tadqiqot natijalarini baholash (sintez qilish bosqichi) va xulosalar
chiqarish.
4. Tekshiruv natijalarini rasmiylashtirish (yakuniy bosqich). Har bir
avvalgi bosqich keyingisini o‘tkazishga tayyorlanadi va ko‘mak beradi.
Shu bois, mazkur bosqichlar o‘rtasidagi chegaralar shartli hisoblanadi.
Dastlabki tadqiqot. Ekspertiza tayinlangani to‘g‘risidagi qaror va
tekshirish zarur bo‘lgan obyekt (buyumlar)ni olgandan so‘ng, ekspert eng
avvalo, qo‘yilgan masalalarning mohiyatini aniqlab oladi, tekshirish zarur
bo‘lgan obyektlarni ko‘zdan kechiradi (o‘ramning borligi va holati,
obyektlar turi va maqsadi, ularning holati va soni), ularning saqlanganligi,
ekspertiza tayinlash to‘g‘risidagi qarorda ko‘rsatilgan ro‘yxatga
muvofiqligiga ishonch hosil qiladi. Sodir etilgan hodisa tafsilotlari, izlarni
olish sharti va vaqti, ularni qayd etish usullarini aniqlangandan so‘ng,
tadqiqotning maqsadi va hajmini belgilaydi. Tayyorlov bosqichi tekshiruv
o‘tkazish rejasini tuzish va keltirilgan obyektlarni (ashyoviy dalillarni)
fotosuratga olish bilan yakunlanadi.
Batafsil tadqiqot. Mazkur bosqichda eng ko‘p mehnat talab qiladigan
bosqich alohida tadqiqot bosqichi hisoblanib, uning asosiy vazifasi –
izlarda identifikatsion belgilarni aniqlash va ularni keyinchalik tahlil qilish
hisoblanadi. Tekshiruv jarayonida har bir taqdim etilgan obyekt bir-biridan
alohida o‘rganiladi, ya’ni boshida predmet va uning izi, izning o‘zi,
so‘ngra faraz qilingan iz hosil qiluvchi buyum. Belgilangan maqsadlar
uchun optik moslamalar, izning ko‘rinishi va kontrastini kuchaytiruvchi
usullar, o‘lchov asboblari qo‘llanadi.
Iz chegarasini aniqlash bir qator qiyinchiliklarni tug‘diradi. Buni
obyekt chegarasi ayniqsa hajmli hajmli izlarda shartli bo‘lishi bilan
23
tushuntiriladi. Iz qabul qiluvchi obyektlarning o‘zi ichki (obyektning
buzilishi) va tashqi (iz hosil bo‘lish) omillari ta’sirida o‘zgarishi
mumkinligini nazarda tutish lozim. Iz chegarasini uning modeli yoki
fotosuratiga qarab aniqlash undanda murakkab vazifa hisoblanadi. Shu
munosabat bilan izlarning o‘lchamlari qarama-qarshi chegaralar orasidagi
o‘lchamlarining o‘rtacha kattaligini hisoblash orqali aniqlanadi.
Buyum relyefini tahlil qilishda ham sifat, ham son ko‘rsatkichlariga
e’tibor beriladi. Bu kabi tahlil jarayonida relyefning bo‘rtib turishi, aniqligi
va o‘rtacha joylashuvi tekshiriladi.
Agar, avval trasologlar iz detallari uzunligi va kengligini o‘lchash
bilan kifoyalangan bo‘lsalar, hozirgi kunga kelib har bir belgini o‘lchash
son ko‘rsatkichi birmuncha oshgan. Bunda bo‘rtib turgan detallarning
maydoni va balandligi, chuqurchalar (o‘yilgan joy) chuqurligi, nishab
(qiyalik) burchaklari o‘lchanadi. Identifikatsiya qilinayotgan obyekt
relyefining morfomometrik xususiyatlarini aks ettiruvchi miqdoriy
ko‘rsatkichlari identifikatsiya qilishning zaruriy vositasi sifatida
qo‘llaniladi.
Obyektlarni alohida tekshirishning muhim jihatlaridan biri
tekshirilayotgan buyumning qaysi sirti bilan iz hosil qilinganini aniqlash
hisoblanadi (pichoq qinining qaysi maydoni yoki bolta tig‘ining qaysi
qismi).
Izlar, uning shakllari, aks etgan relyef o‘lchamini tekshirishdan
olingan manbalar asosida iz qoldirgan obyekt muayyan guruhga
tegishliligi to‘g‘risida xulosa qilish imkoni yaratildi. Masalan, buzish
uchun ishlatiladigan qurol turi (kesuvchi, parmalovchi, arralovchi va h.k.),
odam urib ketgan avtomashina modeli va hokazo. Ko‘zga tashlanadigan
belgilar (alohida, maxsus)ning mavjudligi guruh sonini qisqartirishga
imkon beradi: ishchi qismining bir bo‘lagi singan randa, o‘ng orqa
g‘ildirak protektorida yoriqning mavjudligi va hokazo.
Alohida tekshirish o‘tkazish xulosasida aniqlangan belgilarga baho
beriladi, iz hosil qilgan obyektning muayyan guruhga tegishliligi
aniqlanadi, va nihoyat, iz hosil qiluvchi obyektning u orqali izni
identifikatsiya qilishga yaroqliligi yoki yaroqsizligi va hokazo.
Bu bosqichdagi ekspert tekshiruvining asosiy vazifasi quyidagilardan
iborat: iz hosil bo‘lish mexanizmini aniqlash, belgilarning akslanish
turg‘unligini aniqlash va qiyosiy tahlil qilish uchun namuna izlarini
yasash. Eksperiment o‘tkazishning zaruriy shartlaridan biri ? bir
tomondan jinoyat sodir bo‘lishida iz hosil qilish vaziyatiga maksimal
yaqinlashtirilgan shart-sharoitlar yaratish, boshqa tarafdan iz hosil qiluvchi
24
obyekt individual xususiyatlarining akslanishi va hokazo. Basharti chiziqli
(dinamik) izlarni qiyoslash kerak bo‘ladigan bo‘lsa, eksperiment o‘tkazish
muhim hisoblanadi. Bu holatda tekshirilayotgan iz hosil qiluvchi obyekt iz
hosil qiluvchi mexanizmlari eksperimental iz qoldirishlari zarur (frontal va
qarama-qarshi burchaklar).
Ekspertga qiyosiy tekshiruv uchun yuborilayotgan qiyosiy namu-
nalarga ham boshqa kriminalistik modellar oldiga qo‘yiladigan talablar
qo‘yiladi: belgilarning izomorf akslanishi, o‘z navbatida iz hosil qiluvchi
obyektni aynanlashtirish uchun muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Bu kabi
izomorf akslanish qiyoslanayotgan obyektlar o‘lchamlarini birxillashtirish
to‘g‘risidagi talabning amalga oshirilishini ta’minlashi zarur.
Obyektlar belgilarini taqqoslash usullari tekshirilayotgan iz (uning
nusxasi)ni iz hosil qiluvchi obyekt yoki eksperimental iz bilan bevosita
taqqoslashda o‘z aksini topadi. Avval bir turdagi umumiy, so‘ngra xususiy
belgilar tekshiriladi, qiyoslash belgilarning shakli, o‘lchami, o‘rni va
o‘zaro joylashishiga ko‘ra amalga oshiriladi. Bunda sanab o‘tilgan
belgilarning buzilish ehtimolligi hisobga olinib, ular iz hosil qiluvchi
buyum yoki iz hosil bo‘luvchi yuzaning o‘ziga xos xususiyatlari,
shuningdek iz hosil bo‘lish sharti va mexanizmlari bilan shartlanishi
mumkin. Qiyoslashda geometrik jismlarni qurish prinsipidan foydalanish
mumkin bo‘lib, u bir xil belgilarni to‘g‘ri chiziqlar bilan tutashtirish va
ulardagi belgilardan olingan geometrik jismlar (shakl, hajm, tomon,
tomonlar o‘rtasidagi burchak)ni qiyosiy taqqoslashdan iborat bo‘ladi.
Ba’zida koordinata to‘ri, fotosuratlar va bir xil masshtabli tasvirlardan
foydalaniladi.
Belgilarni qiyoslash usuli asosan dinamik izlarni qiyoslash uchun
qo‘llaniladi.
Bunda izlardagi trassalar (do‘ngcha va chuqurchalar)ning o‘rni va
o‘zaro joylashishi, ko‘ndalang kesimining shakli qiyoslanadi. Ikki
o‘lchamli tekislikda qiyoslashda «MSK-1» yoki uning mukammalroq
analogi «MSK-3» yoki «Peleng MS-22» mikroskopidan foydalaniladi.
Mazkur asbob buzilgan izlar profili va sirtining yuzasi kichik bo‘lgan
izlarni yuqori darajada aniq ko‘rish hamda 1:8000 gacha berilgan
masshtab diapazonda mikrorelyef profilining obyektiv belgilarini ajratib
ko‘rsatish imkonini beradi.
Bir qator hollarda ekspertiza o‘tkazishda qoplash usuli amalga
oshirilib, unda quyidagi usullar qo‘llanadi:
a) tiniq tasvirlar (izlar, obyektlar)ni ustma-ust qo‘yish;
b) tiniq tasvirlarni xira tasvirlar ustiga qo‘yish;
25
v) ekranga proyeksiya qilinadigan tasvirlarni ustma-ust qo‘yish.
Bunda bir xil belgilar, imkoni boricha bir-birining ustiga qoplanishi zarur.
Ustma-ust qoplash natijalariga ko‘ra o‘xshash va farq qiluvchi jihatlar
(shakl, o‘lcham, o‘rni) aniqlanadi.
Darhaqiqat, olingan natijalarni baholash eng murakkab va mas’u-
liyatli bosqichlardan biri hisoblanadi. Bu tadqiqotchi tomonidan har bir
identifikatsiya bosqichida muayyan o‘xshashlik bo‘yicha falsafiy talqin
nuqtai nazaridan bir-biriga mos va farq qiluvchi belgilarni aniqlashi
zarurligi shartidan kelib chiqadi. Biroq, obyektning tashqi ko‘rinishidagi
belgilar va iz orasidagi o‘xshashlik va farqni tahlil qilishda uchrashi
mumkin bo‘lgan o‘zgarishlar to‘g‘risida unutmaslik zarur.
O‘zgarishlarni tahlil qilishda ularning surunkali (tizimli) va tasodifiy
bo‘lishini nazarda tutish lozim. Surunkali o‘zgarishlar doimiy bo‘ladi va
muayyan sharoitlarda vujudga kelib, ular bilan uzviy aloqadorlikda
bo‘ladi. Surunkali (tizimli) o‘zgarishlarga, masalan, daraxt kesilganda
hosil bo‘lgan izlarning daraxt keyinchalik quriganida o‘zgarishi
(buzilishi)ni misol qilish mumkin.
Obyekt tashqi tuzilishini qiyosiy tadqiqot qilish jarayonida topilgan
belgilari ulardagi o‘xshash va farq qiluvchi belgilar nuqtai nazaridan
o‘rganib chiqiladi. Bunda muayyan ketma-ketlikda quyidagi vazifalarni
hal qilishga to‘g‘ri keladi:
1. Belgilar bir-biriga o‘xshashmi yoki farq qiladimi?
2. Identifikatsiya qilinuvchi obyektni alohidalashtirish imkonini
beruvchi belgilar bir-biriga mos kelgan holda majmuani hosil qiladimi?
3. Qiyoslash jarayonida topilgan farqlar nimasi bilan farqlanadi va ular
qanday ahamiyatga ega?
4. Topilgan farqlar o‘xshashlikni inkor etish uchun yetarlicha asos
bo‘la oladimi?
Kriminalistik diagnostika jinoyat sodir etish mexanizmi to‘g‘risida
moddiy borliq obyektlarida qoldirilgan izlarni ilmiy tekshirish asosida
tasavvur hosil qilish bilan bog‘liq jarayonni tashkil qiladi. Bu kabi
trasologik ekspertiza masalalarini hal qilishda jinoyat sodir etilishida
ishlatilgan obyektlarga ta’sir qilish mexanizmi, tabiiy jarayonlarning
akslanishini tahlil qilish muhim hisoblanadi. Bu kabi diagnostik tahlil
asosida jinoyat sodir etish jarayonida qanday harakatlar qay tarzda sodir
etilganligi, ularning ketma-ketligi to‘g‘risida tasavvur hosil qilish mumkin.
Trasologiya bo‘yicha amalga oshiriladigan ekspert diagnostik
tadqiqotlar sirasiga quyidagilar kiradi:
1. Obyekt holati va xossalarini tadqiq etish.
26
1.1. Obyekt xossalarini uning ba’zi bir xususiyatlariga mos kelishi
bo‘yicha tekshirish. Masalan, muayyan qulf qurilmasi uning
ishonchliligini ta’minlaydimi va otmichka bilan buzish imkoniyatini inkor
etadimi?
1.2. Obyektning faktik holatini aniqlash, muayyan me’yorga mos
kelishi yoki mos kelmasligini aniqlash. Masalan, plomba qayta
yopilganmi, qulf qayta sozlanganmi, uning qismlari bir-biriga mos
keladimi?
1.3. Obyektning birlamchi holatini aniqlash. Masalan, avtomobil
kuzoviga tushirilgan va keyinchalik jinoyatchi tomonidan o‘zgartirilgan
raqam avval qanday ko‘rinishga ega bo‘lgan?
1.4. Obyekt xususiyati va holatlarini o‘zgartirish sabablari va
shartlarini aniqlash. Masalan, qulfning ichki mexanizmlarida tartibsiz
joylashgan tirnalishlarning yuzaga kelish sabablari qanday? Ular qulfni
otmichka bilan ochishga urinish natijasida yuzaga kelmaganmi?
2. Obyekt tasvirlari (akslanishi)ni tadqiq etish.
2.1. Obyektning moddiy akslanishi, ya’ni izning mavjudligini
aniqlash. Masalan, eshik sirtida buzish izlari mavjudmi?
2.2. Identifikatsion masalalarni yechish maqsadida uning xususiyatlari
akslangan obyekt to‘g‘risida fikr yuritish imkoniyati. Masalan, poyafzal
tagining izlari qay tarzda ifodalangan, iz identifikatsiya qilish uchun
tayyormi?
2.3. Obyekt akslanishi vaqtida uning tabiiy vaziyatini aniqlash (ya’ni,
iz hosil bo‘lishiga sabab bo‘lgan iz kontakti). Masalan, jinoyat sodir
etilgan joyda iz qoldirgan shaxs oyoq izlarining elementlari qanday?
3. Harakat (hodisa) natijalarini tadqiq etish.
3.1. Hodisa mexanizmlari va holatlari, uning natijalari to‘g‘risida fikr
yuritish imkoniyatini aniqlash. Masalan, izlarga qaraganda, transport
vositasi qaysi yo‘nalishda harakatlangan, uning harakatlanish tartibi
(to‘xtaganligi, burilganligi, orqaga yurganligi), to‘siq qaysi tomondan va
qay tarzda buzilgan?
3.2. Hodisaning alohida elementlari, bosqichlarini aniqlash. Masalan,
hodisa sodir bo‘lgan joyda qoldirilgan qon izlariga ko‘ra, jabrlanuvchiga
qanday ziyon yetkazilgan, tana qay tarzda bir joydan boshqa joyga
ko‘chirilgan (ko‘tarib ko‘chirilganmi, sudralganmi), u qayerda yotgan?
3.3. Hodisa mexanizmini uning dinamikasi bo‘yicha aniqlash.
Masalan, transport vositalari qaysi tomonlari bilan urilgan, ular bir-biriga
nisbatan qanday joylashgan va hokazo.
27
3.4. Hodisaning vaqt bo‘yicha davomiyligi va xronologik ketma-
ketligini aniqlash. Masalan, hodisa sodir bo‘lgan joydagi izlar yomg‘ir
yoqquniga qadar qoldirilganmi yoki undan keyinmi? Buzishda nima
yuzaga kelgan: arralash izlarimi yoki kesish (chopish) izlarimi?
3.5. Hodisa sodir bo‘lgan joyni aniqlash. Masalan, transport vositalari
yo‘lning qaysi tomonida to‘qnashganlar?
3.6. Hodisa sodir bo‘lishiga ko‘mak bergan holatlar. Masalan, buzish
qurolini ishlatish va buzishda qo‘llangan qurollar nuqtai nazaridan
jinoyatchi muayyan kasbiy va jinoiy ko‘nikmalarga ega bo‘lganmi?
4. Yuzaga kelgan harakatlar (hodisalar, dalillar) o‘rtasidagi
aloqadorlikni tekshirish.
4.1. Jinoyat sodir etilishi natijasida yuzaga keladigan oqibatlarni
aniqlash. Masalan, osma qulfga ilgaklar mahkamlanish ishonchliligi
ta’minlaganmi, ilgaklar texnologik qoidalarni buzib qo‘yilganligi, ularning
uzib olinishiga sabab bo‘lganmi?
4.2. Yuzaga kelgan oqibatlarning sabablarini aniqlash. Masalan,
ko‘zoynak gardishining sinishi ularga og‘ir jism bilan urish natijasida
yuzaga kelganmi?
4.3. Muayyan sharoitlarda dalil (fakt)ning mavjudligini aniqlash.
Masalan, N. ning kiyim-kechagidagi qon izlari fuqaro V. ning jasadini
avtomobil yukxonasiga yuklashga ko‘maklashish chog‘ida yuzaga
kelganmi yoki V. ga bevosita jarohat yetkazish sababli paydo bo‘lganmi?
Yuqorida keltirilgan ro‘yxat obyektlarni tekshirishda diagnostik
vazifalarni hal qilish, ularning qay tarzda obyektlarda akslanishini aniqlash
imkonini beradi. Diagnostika qilishda identifikatsiya jarayonidagi kabi iz
belgilari va ularning axborot-ma’lumot tomoni tadqiqot obyekti bo‘lib
hisoblanadi. Biroq izlarni o‘rganish (umumiy, xususiy, zaruriy va
tasodifiy) obyektni identifikatsiya qilish maqsadida emas, aksincha, izlarni
hosil bo‘lish mexanizmlarini batafsil o‘rganish maqsadida amalga
oshiriladi.
Trasologik vazifalarni diagnostik nuqtai nazardan hal qilish
imkoniyatini hisobga olgan holda, professor G. L. Granovskiy tomonidan
hodisa sodir bo‘lgan joyni vaziyatli tahlil qilish taklif qilingan. Mazkur
tahlilning alohida tomonlaridan biri uning obyekti jinoyat sodir etilgan
joyning izlar akslangan moddiy tomonidan iborat ekanligi bilan ajralib
turadi.
Jinoyat sodir bo‘lgan joyni tekshirish quyidagi tartibdagi oraliq
vaziyatlar ketma-ketligini o‘z ichiga olishi zarur: a) bo‘lishi ham mumkin;
b) bo‘lish ehtimoli bor; v) bo‘lishi mumkin emas. Bu kabi ketma-ketlik
28
sodir etilgan jinoyat mexanizmini ochishga qaratilgan, ya’ni qanday ish-
harakat qanday ketma-ketlikda bajarilgan, qanday vositalar yordamida
amalga oshirilgan, qanday maqsadlarda amalga oshirilgan?
Bu kabi vazifalarni hal qilish uchun turli mutaxassis ekspertlarni jalb
etish talab qilinadi, masalan, kriminalistlar (trasologlar, ballistlar), sud
tibbiyoti mutaxassislari, avtotexnik ekspertlar va hokazo.
Tadqiqot quyidagi chizma asosida amalga oshiriladi: hodisaning
dastlabki umumiy tahlili, narsa-buyum holati (turdosh izlar guruhi)ni
ajratib ko‘rish mumkin bo‘lgan hodisa sodir bo‘lgan joyning joylashishi:
narsa-buyum vaziyatini ajratib olish imkoniyati (har xil turlarga mansub
alohida izlar), izlarni alohida o‘rganish imkoniyati, iz tuzilishini umumiy
o‘rganish, xulosalar chiqarish.
Do'stlaringiz bilan baham: |