Angliya - Daniya munosabatlari. Birlashgan angl-saks qirolligining asosiy dushmani IX asrda tashkil topgan Daniya qirolligi edi. Daniya qirolligi salkam uch asr davomida Angliyaga hujum uyushtirib turdi. 866-yilgi hujum natijasida Daniya Angliyaning katta qismini bosib oldi. Angliya qiroli Buyuk Alfred 879-yilda daniyaliklar bilan sulh shartnomasi tuzishga erishdi. Unga ko’ra Angliya ikki qismga bo’lindi. Mamlakatning shimoli-sharqiy qismi Daniyaga berildi. X asroxiri - XI asr boshlarida Daniyaning tajovuzi yanada kuchaydi. Buning oqibatida Angliya davlat mustaqilligini butunlay yo’qotdi. Bu hodisa Daniya qiroli Kanut hukmronligi davrida (1017-1035) yuz berdi. U bu istilo natijasida Daniya, Norvegiya, Shvetsiya, Angliya va Shotlandiyadan iborat Shimoliy davlat deb ataluvchi davlat tuzdi. Angliya Daniyaga katta miqdorda soliq to’lashga majbur etildi. Biroq kuch bilan birlashtirilgan davlat uzoq yashamadi. Qirol Kanut vafotidan so’ng u parchalanib ketdi. 1042-yilda Angliyada yana angl-saks sulolasi hukmronligi tiklandi. Qirollik taxtini Eduard egalladi. Uning hokimiyati mustahkam emas edi. Shu tufayli u Normandiya gersogligi (Fransiyada) bilan yaqinlashish yo’lini tutgan. Normandiya gersogi Vilgelm qirol Eduardning vafotidan so’ng Angliya taxtini bosib oldi. 1066- yili u Angliya qiroli deb e’lon qilindi. Shu tariqa Angliya tarixida angl-saks sulolasi hukmronligi davri barham topdi.
Ijtimoiy hayot. Angl-sakslarda urug’chilik munosabatlari uzoq davom etgan. Aholining asosiy qismi erkin kishilardan tashkil topgan. Ular mustaqil dehqonlar bo’lib, gaydalarga ega bo’lganlar. Ayni paytda jamiyatda tabaqalanish jarayoni ham kuchayib borgan. Chunonchi, katta yer egasining xuni mustaqil dehqon xunidan 6 marta ko’p bo’lgan. Aholi tarkibida yarim erkin kishilar qatlami ham mavjud bo’lgan. Ular o’z yerlariga ega emasdilar. Erkin kishilar ma’lum shartlar evaziga erllar yerini ishlab berganlar. Angl-saks jamiyatida jamoa boshqaruvi mavjud edi. Uning asosi qishloq bo’lib, oqsoqol boshqargan. Mamlakat grafliklarga bo’lingan. Ularni sherif deb ataluvchi davlat amaldori boshqargan. Sheriflar qishloq jamoalari vakillarining majlisi (u yuzboshilar majlisi deb atalgan) bilan hisoblashishga majbur bo’lganlar. Qirol huzurida "Donolar kengashi" (vitenagemont) chaqirilib turilgan. Bu kengash katta vakolatlarga ega edi. Chunonchi, u qirol chiqargan qonunlarni tasdiqlagan. Kengashning tasdig’isiz qirolning biror-bir in’omi amalga oshmas edi. Kengash, ayni paytda, davlatning Oliy sudi hisoblanardi. U qirol saylash va uni taxtdan mahrum etish vakolatiga ham ega bo’lgan. X asrga kelib ijtimoiy hayotda chuqur o’zgarishlar yuz bergan. Katta yer egaligi tobora avj ola boshlagan. Qirol maxsus yorliqlari bilan yirik feodallar va cherkovga ular foydalanib kelgan yerlarni xususiy mulk qilib bera boshlagan. Bundan tashqari, katta yer egalariga dehqonlarni sud qilish va ulardan soliq yig’ish huquqi ham berilgan. Feodal munosabatlarning chuqurlashib borishi dehqonlar chek yerlari hajmining kamayishiga olib kelgan. Oqibatda dehqonlar o’z yerlarining 3/4 qismini yo’qotganlar. Dehqonlar katta yer egalari "homiyligiga" o’tishga majbur edilar. Qirol Etelstanning 930-yilda chiqargan farmoniga ko’ra, har bir erkin kishi o’ziga xo’jayin (lord) topishi shart edi. Davlat shu tariqa dehqonlarning katta yer egalariga qaram bo’ lib borishini qonunlashtirib qo’ygan.