Sultonlikdagi ijtimoiy hayot. Dehli sultonligida ham barcha yerlar davlatning mulki hisoblangan. Yerlarning ma’lum qismini sulton iqto’ sifatida in’om etgan. Iqto’ yerlar musulmon zodagonlariga harbiy xizmatlari uchun berilgan. Iqto’dor boyligining asosiy qismini iqto’ yerlarida yashovchi aholidan olinadigan soliq tashkil etgan. Shuningdek, xolisa yerlar ham bo’lib, u sultonga qarashli bo’lgan. Undan yig’ilgan soliq sultonlik xazinasiga tushgan. Ayni paytda mahalliy knyazliklar saqlanib qolingan. Rojalar ularni amalda mustaqil idora etganlar. Ularning Dehli sultonligiga qaramligi belgilangan soliqni to’lab turishdan iborat bo’lgan. O’rta va mayda hind yer egalari o’zlarining meros yerlarida, shuningdek, harbiy xizmatlari evaziga hukmdordan in’om sifatida olgan yerlarida xo’jalik ishlarini yuritganlar. Har ikki diniy tashkilot (islom va hinduiylik) katta-katta yerlarga egalik qilgan. Bu yerlar vaqf yerlari deb atalgan. Bundan tashqari, Hindistonda jamoachi dehqon xo’jaligiga qarashli yerlar ham mavjud bo’lgan.
Sultonlikning zaiflashuvi. Bir tomondan, viloyatlar markaziy hokimiyatga bo’ysunmaslikka intilar edilar. Ikkinchi tomondan, sulton mustaqillikka intilayotgan vassal hind rojalariga qarshi muttasil urush olib borishga majbur bo’lgan. Bu urushlar jamoachi dehqonlardan olinadigan soliqlarning yanada oshirilishiga olib kelgan. Hosilning 1/4 qismi hajmida soliq to’lagan jamoachi dehqonlar endilikda 1/2 qismi hajmida to’lashga majbur etilgan. Bu sultonlikdagi ichki vaziyatni yanada keskinlashtirgan. XIV asrning 30- yillariga kelib, aholi hatto 1/4 hajmdagi soliqni ham to’lay olmay qolgan. Muttasil yetti yil davom etgan qurg’oqchilik iqtisodiyotni butunlay xonavayron qilgan. Mamlakatda ocharchilik yuz bergan. Aholi yoppasiga qirila boshlagan. Bu ham yetmagandek, sulton
Muhammad Tug’luq puxta o’ylamay o’tkazgan ikki islohot mamlakatni halokat yoqasiga keltirib qo’ygan. Ulardan biri mamlakat poytaxtining Dehlidan Davlatobodga ko’chirilganligi bo’lsa, ikkinchisi mis pulning joriy etilishi edi. Mis pul tezda qadrsizlangan. Shunday qilib, to’xtovsiz davom etgan o’zaro urushlar va mamlakat iqtisodiyotining izdan chiqishi Dehli sultonligining inqirozga yuz tutishiga olib kelgan. Oxir-oqibatda Dehli sultoni o’z qo’lida qolgan ozgina hududni ham himoya qilishga qodir bo’lmay qolgan. Sulton hokimiyatining zaiflashuvi salbiy oqibatlarga olib kelgan. Endi Hindiston chetdan bo’ladigan hujumlarni qaytarishga ojiz edi.