III.Yangi mavzu bayoni: Xonlikning tashkil topishi. Oltin O’rda xonligi XIII asrning 40- yillarida Chingizxonning nabirasi Botuxon (Jo’jining o’g’li) tomonidan tashkil etilgan. Bu davlat Rus manbalarida "Oltin O’rda", sharq manbalarida esa "Jo’ji ulusi" deb atalgan. Botuxon keyinchalik olib borgan istilochilik urushlari natijasida Dashti Qipchoqni, Volga, Qrim va G’arbiy Sibirni Jo’ji ulusiga qo ‘shib olgan. Shu tariqa Oltin O’rda davlati tashkil topgan. Quyi Volga Oltin O’rdanirig markaziga, xon qarorgohiga aylantirilgan. Botuxon tez orada o’z davlati poytaxti - Saroy Botu shahrini bunyod ettirgan. Botuxon o’ta tadbirkor, uddaburon va uzoqni ko’ra oluvchi chingiziy hukmdor edi. U imperiyada Buyuk xondan so’ng ikkinchi shaxsga aylangan.
Berkaxon hukmdorligi davrida Oltin O’rda.Botuxon 1255-yilda 48 yoshida vafot etgan. O’g’illarining qisqa vaqt hukmronliklaridan so’ng Oltin O’rda taxtini Botuxonning ukasi Berkaxon egallagan (1257-1266). Berkaxon tez orada yangi poytaxt - Saroy Berka shahrini qurdirgan. Berkaxon davrida Oltin O’rda to’la mustaqil davlatga aylangan. Berkaxon Misr sultonligi bilan qizg’in aloqalar o’rnatgan. Misr xon uchun boshqa chingiziylarga qarshi kurashda zarur edi. Ayni paytda Xuloku Eronining Suriya va Iroqni ishg’ol etganligi Misr sultoni Beybarsni tashvishga solib qo’ygan. Eron Misr sultonligiga ham tahdid sola boshlangan. Binobarin, har ikki hukmdor yaqinlashishdan manfaatdor edi. Berkaxon islom dinini qabul qilgan. U 1257-yilda Rusda umumiy aholini ro’yxatga olish tadbirini o’tkazgan. Bundan ko’zlangan maqsad - o’lpon to’lovchilarning sonini aniq bilish edi. Berkaxon Xulokuga qarshi Kavkazga yurish qilgan vaqtida 1266-yilda vafot etdi. U Saroy Botu shahriga dafn etilgan.
Imperiyada ziddiyatlarning kuchayishi.Buyuk xon Munke vafot etgach, (1259-y.) imperiyada ichki kurash yanada avj oldi. Bundan foydalangan Chig’atoy va O’qtoy xonadonlari o’z uluslarini yana qaytarib olishga erishganlar. Oltin O’rdaning Movarounnahrga ta’siri butunlay barham topgan. XIV asrda O’rdaning gullab-yashnashi O’zbekxon (1312-1342) nomi bilan bog’liq. U Oltin O’rda taraqqiyotiga xizmat qilishi mumkin bo’lgan barcha ishlarni amalga oshirgan. Saroy Berka shahrini obod qildirib, poytaxtni shu shaharga ko’chirgan.