III.Yangi mavzu bayoni: Mo’g’ullar hujumi. XIII asr boshlarida Osiyoda qudratli Mo’g’ullar davlati tashkil topdi. Bosqinchilik urushlari natijasida u qisqa vaqt ichida ulkan imperiyaga aylandi. 1237-yilda esa mo’g’ullar Rusga hujum boshlaganlar. 140 ming kishilik qo’shinga Botuxon boshchilik qildi. Mo’g’ullar uchun feodal tarqoqlikni boshidan kechirayotgan Rusni bo’ysundirish qiyin kechmadi. Rus knyazlari umumiy dushmanga qarshi kurashda bir-birlariga yordamga kelmaganlar.
Ryazan mudofaachilari qattiq qarshilik ko’rsatsalar-da, kuchlar teng bo’lmaganligi sababli jangda tor-mor etilgan. Mo’g’ullar tez orada Moskvani ham egalladilar. Navbat Vladimir-Suzdal knyazligiga kelgan. 1238-yilning mart oyida bu knyazlik ham tor-mor keltirildi. Knyaz Yuriy Vsevolodichning o’zi ham jangda halok bo’lgan. Botuxon qo’shini 1240-yilda Kiyev knyazligini o’ziga bo’ysundirdi. Shu tariqa Rusning uch knyazligi (Polosk-Minsk, Smolensk va Novgorod-Pskov knyazliklari)dan boshqa barcha knyazliklar birin-ketin bo’ysundirildi. Botuxon Rusdan boshqa istilo etilgan hududlarda Oltin O’rda xonligini tuzgan. Rus yerlari Oltin O’rda tarkibiga kiritilmagan. Lekin ular Oltin O’rdaga tobe etilgan. Har bir knyazlik har yili katta miqdorda o’lpon to’lab turishga majbur qilingan. Rusning qaysi knyazligida kimning knyaz bo’lishi masalasini ham Oltin O’rda xonlari hal etganlar. Ma’qul ko’rilgan nomzod xondan yorliq olgachgina knyazlik taxtiga o’tira olgan. Knyazliklardan biriga barcha knyazliklardan Oltin O’rdaga to’lanadigan o’lponni yig’ish huquqi berilgan. O’sha knyazlik o’lponlarni to’plab, Oltin O’rdaga topshirgan. Oltin O’rda xonlari cherkovning kuchi va ta’sirini yaxshi bilganlar. Shuning uchun ham pravoslav cherkovidan madad olish maqsadida ruhoniylarga katta imtiyozlar berganlar.
Shved va nemis bosqinchilarining hujumi.Rus bu davrda faqat mo’g’ullar hujumigagina uchrab qolmadi. 1240-yilda mo’g’ullar oyog’i yetmagan Novgorod-Pskov knyazligiga shved qo’shinlari hujum qildi. Bu davrda Novgorodda 18 yoshli dovyurak sarkarda Aleksandr Yaroslavich knyazlik qilardi. Aleksandr qo’shini shvedlar ustidan g’alaba qozongan. Bu g’alaba tufayli knyazga Nevskiy degan (Neva daryosi nomidan olingan) faxriy nom berilgan. Endi u Aleksandr Nevskiy deb atala boshlangan. Shvedlar xavfi bartaraf etilgach, shu yilning o’zida endi nemis ritsarlari Rus yeriga bostirib kirdi. Ular butun Pskov yerlarini egalladi. Nemis ritsarlariga qarshi kurashga ham Aleksandr Nevskiy rahbarlik qildi. 1242-yilning 5-aprelida nemis ritsarlari kuchlarini odatdagi jangovar tartibda - pona shaklida safga tizdilar. Markazda eng kuchli qism harakat qilgan. Ular bir zarba bilan ruslarning mudofaa chizig’ini yorib o’tmoqchi, rus qo’shinini parchalab yubormoqchi, uni qismlarga bo’lib, qirib tashlamoqchi bo’lganlar. Aleksandr bularning hammasini oldindan ko’rib, o’zining eng kuchli qismlarini markazga emas, balki yon qanotlarga joylashtirgan. Avval boshda ritsarlar ruslarning bo’sh markazini osonlikcha yorib o’tgan. Shiddatli jang boshlangan. Og’ir sovutlardagi nemislar muzlagan Chud ko’li ustida sirg’anib yiqilaverganlar. Rus askarlari har tomondan zarba beravergach, dushman bardosh berolmay qochishga tushgan. Yengilgan nemislar shu tariqa rus yerlariga bo’lgan da’volaridan voz kechishga majbur bo’lganlar. Rus mo’g’ullar zulmi ostida bo’lgan bir vaqtda bu juda muhim edi.