III.Yangi mavzu bayoni: Kiyev Rusining bo’linib ketishi. Natural xo’jalik hukmronligi mamlakatning turli hududlari o’rtasidagi iqtisodiy aloqalarni zaiflashtirgan. Bu hodisa XII asrga kelib Kiyev Rusining mustaqil knyazliklarga bo’linib ketishiga olib keldi. Ular ichida Kiyev, Buyuk Novgorod, Galich-Volin, Vladimir-Suzdal knyazliklari eng yiriklari edi. Ularning har biri mustaqil o’z ichki va tashqi siyosatiga ega edi.
Feodal tarqoqlik oqibatlari. Kiyev Rusining bo’linib ketishi, avvalo, knyazliklar o’rtasida o’zaro urushlarning kuchayishiga olib kelgan. Bundan tashqari, feodal tarqoqlik mamlakat mudofaa qobiliyatini ham pasaytirgan. Ayni paytda knyazlarning o’zlariga qarashli ayrim hududlarni vorislari o’rtasida taqsimlashlari knyazliklarning yanada maydalashib ketishiga olib kelgan. Feodal tarqoqlik knyaz hokimiyati bilan yirik feodal (boyar)lar o’rtasida nizolarning kuchayishiga ham sabab bo’lgan. Chunki knyazlar cheklanmagan hokimiyatga ega bo’lishga intilganlar. Yirik feodallar esa bunga qarshilik ko’rsatganlar. Novgorod boyarlar respublikasi. Kiyev Rusidan ajralib chiqqan dastlabki knyazliklardan biri - Novgorod knyazligi edi. Kiyev Rusi tarkibida bo’lgan davrida Novgorod Kiyev Buyuk knyazining o’g’li tomonidan boshqarilar edi. Novgorod shahri knyazlikning poytaxti bo’lgan. Novgorod eng muhim savdo yo’llari kesishgan yerda joylashgani uchun "dengiz porti" deb atalgan. Novgorod knyazligida boyarlar ta’siri kuchli edi. 1136-yilda ular knyazni taxtdan ag’darganlar. Knyazlik boyarlar respublikasiga aylangan. Novgorod hukmdorini xalq vechesi saylagan. U "Boyarlar kengashi" oldida javobgar bo’lgan. Xalq vechesini ham boyarlar boshqargan. Shu tariqa butun hokimiyat boyarlar qo’lida to’plangan. Novgorod respublikasi amalda boyarlar respublikasi edi. Kiyev knyazligi.Kiyev Rusi parchalangach, Kiyev knyazligi kichrayib qoldi. Turli knyazliklar Kiyev knyazligini bo’ysundirishga harakat qilib ko’rganlar. Bu ishda ular boyarlar madadiga tayanganlar. Biroq Kiyev knyazligining katta harbiy kuchga egaligi ularga o’z maqsadlarini amalga oshirishga imkon bermagan. Knyazlikka qipchoqlar tomonidan solingan xavf knyazni katta qo’shin saqlashga majbur etardi. Bu qo’shin o’z ichki dushmanlariga qarshi kurashishda knyazning tayanchi ham edi. XIII asrga kelib vaziyat o’zgardi. Knyaz bilan boyarlar o’rtasidagi nizo knyazlikni zaiflashtirdi. Oqibatda 1203-yilda Volin knyazi Roman Mstislavich Kiyevni egalladi. Knyazlar va boyarlar o’rtasidagi kurash. 15 mustaqil knyazlikning har birida knyazlik sulolasi qaror topa bordi. Shu tariqa hokimiyat meros sifatida qoldiriladigan bo’ldi. Boyarlar oldini ololmadilar. Ular har bir knyazlikda o’zlari xohlagan kishini knyazlik taxtiga o’tqazishni istar edilar. Dvoryanlar soliq va jarima yig’uvchi, xo’jalik yurituvchi hamda ish boshqaruvchilar qatlamidan kelib chiqqan. Davlat oldidagi xizmatlari uchun knyazlar ularga yer in’om etardi. Bu toifa shu tariqa dastlab mayda feodallarga, keyinchalik dvoryanlarga aylanganlar. Knyazlar ayni paytda shaharlarga ham suyanganlar. Knyaz va boyarlar o’rtasidagi kurash, ayniqsa, Galich-Volin va Vladimir-Suzdal knyazliklarida keskin tus olgan. Galich-Volin knyazligi. Bu knyazlikning poytaxti Dnestr daryosi bo’yidagi Galich shahri edi. XII asr o’rtalarida Galich boyarlari hokimiyat uchun kurash boshlaganlar. Knyaz Yaroslav boyarlar bilan murosa qilishga majbur bo’lgan. XII asr oxirida Galich va Volin knyazliklari yagona knyazlikka birlashtirildi. Vladimir-Suzdal knyazligi. Yuriy Dolgorukiy (Vladimir Monamaxning o’g’li) knyazligi davrida Vladimir-Suzdal kuchli knyazliklardan biriga aylandi. Ayni paytda u Kiyev knyazligi yerlarini egallash uchun ham intilgan va o’z maqsadiga erishgan. 1147-yilda Moskva shahriga asos solgan. Suzdalni boshqarishni o’g’li Andreyga topshirgan. U Vladimir shahrini poytaxtga aylantirgan. Andrey 25 yil knyazlik qildi. Andreyning keyingi yillarda olib borgan harbiy yurishlari boyarlar tomonidan qo’llab-quvvatlanmagan. Oqibatda ikki tomon o’rtasidagi nizo yanada keskinlashgan. 1174- yilda Andrey boyarlar fitnasining qurboni bo’ldi. 1176- yilda knyazlik taxtini uning ukasi Vsevolod egalladi. U Vladimir-Suzdal knyazligini 1212- yilgacha boshqardi.