III.Yangi mavzu bayoni: Germaniyaning siyosiy taraqqiyoti Fransiya va Angliyanikidan farq qilardi. Bu ikki davlat tobora markazlashib borgan bo’lsa, Germaniyada feodal tarqoqlik hukm surardi. Mamlakat kichik-kichik knyazliklarga bo’linib ketgan edi. Imperator hokimiyati zaif edi. Imperator bor-yo’g’i feodallarning eng yirigi edi, xolos. Knyazliklar unga nomigagina vassal hisoblanardi. Buning asosiy sababi Germaniya imperatorlarining bosqinchilik siyosati edi. Bunday siyosat Germaniya imperatorlarini yirik va mayda feodallarga butunlay bog’lab qo’ygan. Chunki bosqinchilik urushlarini ularning madadisiz amalga oshirib bo’lmas edi. Fransiya va Angliyada shaharlar qirol hokimiyatining ittifoqchisiga aylangan bir paytda Germaniyada bu hodisa ro’y bermagan. Bunga bosqinchilik urushlarining imperatorlarni shaharlar taqdiriga befarq qilib qo’yganligi sabab bo’lgan.
1125- yilda Germaniyada hokimiyat tepasiga shtaufenlar sulolasi keldi. Bu sulolaning imperatori Fridrix I Barbarossa edi. U 38 yil imperatorlik taxtida o’tirgan. Uning hukmronlik yillari bosqinchilik urushlariga to’la bo’ldi. Chunonchi, 1158-yilda Italiya bosib olindi. Bu Germaniya tomonidan Italiyani ikkinchi marta istilo qilinishi edi. Italiya erkin shahar kommunalari shaharlarga imperator noiblarining tayinlanishiga rozilik berishga majbur etilgan. Sodiq huquqshunoslar imperator Fridrix I ni "yerdagi jonli qonun" deb madh etganlar. Erkinlikka ko’nikkan Italiya shaharlari ittifoqqa birlashganlar. Bu ittifoqda Milan shahri yetakchi rol o’ynagan. Germaniya ta’sirining kuchayishidan cho’chigan Rim Papasi ham shaharlar ittifoqiga qo’shilgan. 1176-yilgi jangda imperator qo’shini mag’lubiyatga uchragan. Fridrix I Italiya shaharlarining erkin kommuna huquqlarini tan olgan. Buning evaziga shahar kommunalari sifatida imperatorning oliy hokimiyatini tan olganlar. Ayni paytda Fridrix I Rim Papasi davlati ishlariga aralashmaslikka rozi bo’lgan. Biroq Fridrix I Italiyadan butunlay voz kechgan emas. U mamlakat janubidagi Sitsiliya qirolligini oilaviy nikoh yordamida Germaniya ta’sirida saqlab qolishga erishgan.
1212-yilda Rim Papasi Sitsiliya qiroli Fridrix II Shtaufen (Fridrix I nabirasi)ni Germaniya imperatori deb e’lon qildi. Ammo u Sitsiliyada yashar edi. Natijada Germaniyada hokimiyat amalda yirik feodallar qo’liga o’tgan. Fridrix II yirik feodallarning imperatorlikka yangi nomzod ko’rsatib qo’ymasliklari uchun ularga har qanday masalada yon bosgan. Rim Papasi esa Fridrix II ni o’z vassali deb hisoblardi. Papa hatto Fridrix II ni salib yurishida ishtirok etishga ham majbur etgan. Biroq u papa kutganidek muvaffaqiyatga erisha olmagan: Bu esa Papani ranjitgan. Rim Papasining Italiya shaharlari Ittifoqini qayta tiklashi ularning munosabatlarini keskinlashtirgan. Tez orada imperator bilan Papa o’rtasida urush boshlangan. Papa Rimdan qochib ketishga majbur bo’lgan. U Fridrix II ni dindan qaytgan deb e’lon qilgan. Germaniya knyazlarini yangi imperator saylashga chaqirgan. 1245-yilda Rim Papasi Fridrix II ning barcha fuqarolarini imperatorga sodiqlik qasamlaridan xalos etgan. Imperator tarafdorlari bilan Papa tarafdorlari o’rtasidagi kurashda Fridrix II yengilgan. 1250-yilda uning vafot etishi shtaufenlar sulolasini halokatga uchratdi. 1273-yilgacha Germaniyada amalda imperator bo’lmagan. Bu holat mamlakatda ishlab chiqarishni butunlay izdan chiqargan.
Bu davrlarda. feodal tarqoqlik tobora kuchaydi. Germaniya yanada maydalashdi. Imperatorlik hokimiyati hech qachon o’z qaddini avvalgidek qayta tiklay olmadi. 1273-yilda gabsburglar sulolasi vakili imperatorlik taxtini egalladi. 1347-yilda hokimiyat lyuksemburglar sulolasi qo’liga o’tdi. Bu sulola davrida Germaniya imperatori yetti nafar saylovchi tomonidan saylanadigan tartib qaror topdi. Ularning to’rt nafari qudratli knyazlardan, uch nafari esa arxiyepiskop (oliy ruhoniy)lardan iborat bo’lgan. Lyuksemburglar sulolasi 1437-yilgacha hukmronlik qilgan. 1437-yilda hokimiyat yana gabsburglar sulolasi qo’liga o’tgan. Bu sulola hokimiyatni 469 yil davomida o’z qo’lida saqlab turdi. Xususiy merosiy knyazlik yerlari gabsburglarning tayanchi edi. Ular oilaviy nikoh vositasi orqali o’z mulklarini kengaytirib borganlar. Shu yo’l bilan keyinchalik hatto Ispaniya taxtiga ham merosxo’r bo’lib olganlar. Lekin Germaniyaning gabsburglar imperatorlari hech qanday real hokimiyatga ega bo’lmagan. Ularda na doimiy qo’shin, na imperiya markaziy boshqaruv mahkamasi bo’lgan. Imperiyada umumimperiya sudi va umumimperiya solig’i ham bo’lmagan. Imperator avvalgidek birinchi feodal - knyazlarning nomigagina boshlig’i bo’lib qola bergan.
Feodal tarqoqlik Germaniyani zaiflashtirdi. Oqibatda Polsha Prussiyani, Daniya esa Klezvig-Golshteynni bosib olgan. 1481- yilda Germaniyaning tarkibidan Shveysariya mustaqil davlat bo’lib ajralib chiqqan.