Mavzu Nazariy ma’lumot
XALQ DOSTONLARI VA ULARNING TURLARI
Ta`limiy maqsad: Nazariy ma`lumot berish
Tarbiyaviy maqsad: Komil inson ruhida tarbiyalash ;
Rivojlantiruvchi maqsad: Mustaqil fikrlashni, og`zaki nutq ravonligini rivojlantirish
Dars tipi: yangi bilimlar berish
Dars uslubi: suhbat, zinama- zina texnologiyasi
Dars jihozi: rasm, kitoblar,texnik vosita
Darsning borishi: 1. Tashkiliy qism; davomat, uy vazifani aniqlash
2. Uy vazifasi tahlili.
3. Yangi mavzu bayoni
Xalq og’zaki ijodi badiiy adabiyotning eng qadimgi shaklidir. Negaki, odamlar badiiy asarlarni dastlab og’zaki shaklda yaratishgan va ular og’izdan-og’izga ko’chib yurgan. Bu asarlar qattiq ta’sir kuchiga ega bo’lganliklari uchun ham xalqning badiiy xotirasi tufayli davrlar osha avlodlarga yetib kelgan. Kim tomonidan yaratilgani noma’lum bo’lgani uchun ham bunday asarlarga xalq og’zaki ijodi namunalari deyiladi.
O’zbek folklorida xalq dostonlari alohida o’rin tutadi. Olimlar XIX asr oxiridan XX asrning ikkinchi yarmiga qadar o’zbek baxshilari tomonidan kuylangan yuz ellikka yaqin doston borligi aniqlashgan va variantlari bilan qo’shib hisoblaganda, ulardan to’rt yuztacha asar yozib olingan. Folklorchi olimlarning aytishlaricha, birgina «Go’ro’g’li» turkumidagi dostonlar yuzdan oshadi, yolg’iz «Alpomish”ning qirqdan ortiq yozib olingan varianti bor.
«Doston» forscha so’z bo’lib, qissa, hikoya, sarguzasht, ta’rif ma’nolarini bildiradi. Adabiy atama sifatida ham folklorning, ham yozma adabiyotning muayyan janrini anglatadi. Xalq og’zaki ilodiga mansub asarlarni yozma dostonlardan farqlash uchun ular xalq dostonlari deb yuritiladi. Favqulodda xususiyatlarga ega qahramonlarning boshidan o’tgan qaltis voqealar she’r va nasriy yo’lda aralash tasvirlangan yirik hajmli, muallifi noma’lum epik asarlar xalq dostonlari deyiladi.
Xalq dostonlar olimlar tomonidan quyidagi turlarga ajratilgan: 1. Qahramonlik dostonlari. 2. Jangnoma dostonlar. 3. Romanik dostonlar. 4. Tarixiy dostonlar. 5. Kitobiy dostonlar.
Yozma dostonlar aniq muallif tomonidan she’riy yo’lda yozilib, biror personaj kechirgan hodisalar shoirning tuyg’ulari bilan uyg’unlikda tasvirlanadi. Bu xil asarlar adabiyotshunoslikda «poema» deb ham yuritiladi.
She’r bilan nasrning aralash kelishi xalq dostonlarining muhim belgisidir. Dostonlardagi she’rlar, asosan, o’n bir bo’g’inli bo’lib, barmoq vaznida aytilgan bo’ladi. Qahramonlarning o’y-mulohazalari, nisbatan tinch ruhiy holati tasviri, o’zaro so’zlashuvlari o’n bir bo’g’inli she’r bilan ifodalanadi Ba’zan dostonlarda tasvir talabiga ko’ra yetti, sakkiz bo’g’inli she’riy ifodalar ham uchraydi. Otlar chopishi, jang manzaralari, personajlarning tezkor harakatlari aks etgan o’rinlar yetti-sakkiz bo’g’inli she’rlar bilan ifodalanadi. Siz 7-sinfda o’qigan «Ravshan» dostonida o’g’lini qutqarish uchun shoshilinch ketayotgan Hasanxon tasviri aynan yetti bo’g’inli misralarda berilgan: «Qulon yurmas yerlardan Quvib o’tib boradi, Bulon yurmas yerlardan Buvib o’tib boradi». Sakkiz bo’g’inli misralar esa maydon talashayotgan otlar holati yoki jang ko’rinishi tasvifiga qo’llaniladi: «Dushmanlarni to’plab olib, Yetganiga qilich solib, Har dara o’likka to’lib, Bosh kesar maydon ichinda».
Xalq dostonlaridagi nasriy tasvirlar ham juda o’ziga xos bo’lib, ko’pincha, saj’ yo’lida, ya’ni qofiyali sochma ko’rinishida keladi. Nasriy tasvirlarning bu tarzda berilishi xalq dostonlarining ifoda darajasini yuksaltirib, badiiy ta’sirchanligini orttiradi. Chunonchi, «Go’ro’g’lining zo’r deb ta’rifi ketgan, zarbasi toshdan o’tgan, qilichining ishlovi yetgan, tekkan omon qolmasin deb zaharning suvin yalatgan» nasriy parchasidagi «ketgan», «o’tgan», «yetgan», «yalatgan» so’zlari nasriy tasvirga ohangdorlik, musiqiylik baxsh etadi.
Xalq dostonlarining deyarli hammasida uchraydigan ifoda va tasvirlar folklorshunoslikda «epik qoliplar» deyiladi. Ular xalq dostonlarida takrorlanib turadigan holatlar tasvirida qo’llaniladi. Dostonlarning boshlanish va tugallanishi, personajlarning ko’rinishi, o’zaro munosabatlari, tulporlarga berilgan ta’riflar, safar yoki jang tasvirida epik qoliplardan foydalaniladi. Misol uchun: «Dam shu damdir, o’zga damni dam dema, Boshing eson, davlatingni kam dema» yoki: «Kokillarim eshilgandir tol-tol, Har toliga bersa yetmas dunyo mol».
Xalq dostonlarida asardan asarga ko’chib yuradigan, badiiy qolip holiga kelib qolgan she’riy qatorlar yoki folklorshunoslar tili bilan aytganda, uslubiy formulalar ham muhim badiiy ahamiyat kasb etadi. «Yana bahor bo’lsa, ochilar gullar, Gulni ko’rsa, mast bo’b sayrar bulbullar», «Qiyg’ir degan qush o’tirar qiyada», «Ot chopsa, gumburlar tog’ning darasi, Botirni ingratar nayza yarasi», «Xazon bo’lmay bog’da gullar so’ldimi, So’lgan gulga bulbul kelib qo’ndimi?» singari uslubiy formulalar ko’plab dostonlarda kelib, ham tasvirning ta’sirchanligini oshiradi, ham aytuvchi baxshining nafas rostlashiga, fikrini to’plab olishiga, quyilib kelayotgan tuyg’ularni yaxshiroq ifodalash uchun zarur so’zlarni topishiga imkon yaratadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |