Donalarim marjoncha,
Bir boshim – naq bir jomcha.
Quritsangiz mayizman,
Dasturxonga fayzman.
Kuzda yeb-yeb toʻyishar,
Qishga osib qoʻyishar.
Boqar shod yosh-qarilar,
Maqtar hatto arilar.
Bunday sheʼrni oʻqigan bolalargina emas, barcha yoshdagi sheʼrxonlar qalbida rohat tuyadi. Anvar Obidjonning bolalarga bagʻishlangan sheʼrlarining asosiy xususiyati xuddi ana shunda – ular barcha yoshdagi kitobxonlar diliga emin-erkin kirib bora oladi, ularni ham bolaligiga, ham hayot zavqiga oshno qiladi.
Bugun mustaqil Oʻzbekistonimizning bunyodkor yosh avlodi yetishuvida Anvar Obidjon asarlarining oʻrni katta, deb oʻylayman. Shu oʻrinda men Anvarjonning bundan qirq yil avval yozilgan “Ajoyibxona qoploni” nomli qoplon tilidan aytilgan bir sheʼrini keltirmoqchiman:
Bobom tutqun oʻtmagan,
Tugʻilganman men ozod.
Sendan yiroq yursam ham,
Tinch qoʻymading, odamzod.
Meni zoʻrlab qafasga
Sola olding sen faqat.
Biroq ruhan oʻlmadim,
Soʻramadim hech shafqat.
Gʻururimga sodiqman,
Orzumandman erkimga.
Toʻqlik vaʼda qilsang ham,
Tuflagayman sirkingga.
Dunyoda koʻp yuvosh It,
Nasab-nasli past Ayiq.
Oʻshalarni oʻynatsin
Ermaktalab xaloyiq.
Men zotimni faxr-la
Eslarman har nafasda…
Zoʻrdirmanki, xavfsirab –
Saqlashyapti qafasda.
Shoirning “qoplon”i bugun ozod va erkin, dunyo nazarida…
Demoqchimanki, Anvarjonning bolalarga bagʻishlab yozilgan beozorgina va benihoya goʻzal, hazil-mutoyibalarga boy sheʼrlari qatorida tagzaminida juda chuqur ijtimoiy maʼno va maqsadlar tovlanib turuvchi bunday asarlari oʻz davridagi sheʼriyatimizni bezab turishi bilan bir qatorda muallifning ijodiy jasorati sifatida ham qimmatlidir.
Anvar Obidjon nafaqat bolalar, kattalar adabatiyoti rivojiga ham munosib hissa qoʻshib kelmoqda.
Kattalarga yozgan asarlari orasida, ayniqsa, “Turmush kechinmalari” rukni ostida eʼlon qilingan, avtobiografik ruh chuqur oʻrin egallagan, yosh ijodkorning shakllanish jarayonlari oʻz aksini topgan, Oybekning “Bolalik”, Gʻafur Gʻulomning “Shum bola”, Abdulla Qahhorning “Oʻtmishdan ertaklar” asarlari tipidagi, lekin ulardan oʻziga xoslik hamda badiiy talqin tomondan keskin ajralib turadigan “Ajinasi bor yoʻllar” nomli nasriy kitobi; hamda “Toshkentda toʻlgan daftarlardan” deb ataluvchi umumiy nom ostida berilgan saralanma nazmiy jamlanmasi Anvar Obidjon timsolida bugungi oʻzbek adabiyotining yangi, goʻzal va yorqin iqlimlarini namoyon qiladi. Ayniqsa, “Ajinasi bor yoʻllar”da turmushimizda oʻz vaqtida hukm surgan ijtimoiy adolatsizliklar bejalmay koʻrsatilgani, har bir jabhadagi aldam-qaldamlar, nopokliklar, ularning milliyat va ruhiyat puchmoqlarida qoldirgan izlarining, bir jihatdan nihoyatda oddiy va sodda, ikkinchi bir jihatdan betaraflik hamda kuyunchaklik bilan aks ettirilgani bu asar adabiyotimizning yangi namunalari qatoridan oʻrin olishiga asos boʻlganini taʼkidlash joiz.
Adibning bolalarga atalgan “Ona Yer” nomli dastlabki (1974) toʻplamidan tortib, hozirgacha eʼlon qilgan oʻnlab kitoblari ichida kattalar uchun deymizmi, barcha kitobxonlar uchun deymizmi, keng ommaga bagʻishlab yozgan sheʼrlari bisyor. Ular qatorida, markaziy qahramoni Gulmatdan iborat yoxud “Oltiariq hangomalari” umumiy nomi ostida jamlangan – Erkin Vohidovning “Matmusa va Donishqishloq hangomalari”ga ruhiy jihatdan yaqin, biroq badiiy talqin va uslub jihatidan tamoman oʻziga xos hajviy asarlari bor. Bularga ilgari qator maqolalar bagʻishlanganini nazarda tutib, keng taʼriflab oʻtirmasdan, eʼtiborni bir jihatga qaratmoqchiman. Hajviy yoʻnalishda ustoz va shogird oʻrtasida oʻzaro ijodiy taʼsir shu qadar kuchliki, bu yaqinlik ayrim mavzu, obraz va ijodiy prinsiplarda ham yaqqol koʻzga tashlanadi. Matmusaga bagʻishlangan qator sheʼrlar zamirida hajv, kulgidan tashqari, ularning bahonasida chuqur koʻchma ijtimoiy poetik maqsad va maʼnolarni yashirish uslubi Gulmat obrazi talqiniga ham xosdir. Gulmat hangomalaridan tashqari, Erkin Vohidovning “Arslon oʻrgatuvchi”si va Anvar Obidjonning yuqorida tilga olingan “Ajoyibxona qoploni” degan shu tipdagi sheʼri ham ustoz-shogird ijodiy yaqinligiga yana bir dalildir.
Anvar Obidjon sheʼrlaridagi badiiy goʻzallik haqida gap ketar ekan, uning asarlarida shu xususiyatni keltirib chiqaradigan garmoniyani alohida taʼkidlash oʻrinli boʻladi. Bu garmoniya asoslarini Anvar Obidjon sheʼrlarida talqin etilayotgan ruhiy-hayotiy muammo ifodasiga eng aniq, tiniq, qisqa, ixcham, sunʼiylikdan holi bayon, haqqoniylik va hayotiy obrazlilik tashkil etadi. Ular oʻzining samimiyligi, ifoda yoʻsini va ruhiyatdagi xalqonaligi, ayniqsa, milliyligi, hatto, maʼlum maʼnoda vodiyonaligi hamda barchasi juda soddaligi bilan ajralib turadi.
Vatan haqida ne-ne sheʼrlar bitilgan. Lekin Anvar Obidjon Vatanning qisqa, moʻjazgina, yangi talqinini topa oladi.
Dehqonvachcha shu Vatan
Ikkimizga onadir.
Tuprogʻining taftidan
Tovonimiz yonadi.
Biroq, munis shu ona
Ikkimiz-chun ikki zot:
Sen uchun u boshpana,
Men uchun u eʼtiqod.
Shoirning aksar lirik sheʼrlarida keraksiz “kirish”laru ortiqcha “chiqish”lar, xulosa qismlar yoʻq hisobi. U tasvir va talqinni asosiy badiiy muammoni yoritishdan boshlaydi, asosiy maqsadni qisqa ravishda badiiy yoritish bilan asarni tugallaydi. Bu oʻrinda, uning soʻzga tejamkorligiga moliya sohasida tahsil olganining taʼsiri yoʻqmikan, degan fikrga ham boradi kishi.
Anvar Obidjon haqida uslubiy yoʻnalishlari teran; xilma-xil janrlarda, rang-barang shakllarda bolalar va kattalar uchun sheʼr, gʻazal, doston, hajviya, qissa, roman, dramalar yaratib, barakali ijod etib kelayotgan koshif sanʼatkorlarimizdan biri deb xulosa chiqarish xato boʻlmaydi. Mana, u kashf etgan “ignabarg” (bir misrali) sheʼrlardan ayrim misollar:
Shu eshakning ustozi qani?
Elsiz shoir ersiz suluvdir.
Ilhom – turma tugʻruqxonasi.
Toʻrt misrada – alohida-alohida toʻrt mustaqil asar. Bularni tahlil etishga birmuncha sahifa bagʻishlash mumkin edi. Biroq, bu vazifani zukko sheʼrxonlarning, ushbu yoʻnalish tadqiqotchilarining zimmasida qoldira qolaylik. Zotan, bir satrdan iborat bu har bir asar sizni befarq va loqayd qoldirmasligiga, ular ustida, shaksiz, chuqur oʻyga berilishingizga va har biringiz oʻz ruhiy holatingiz, muammolaringiz, badiiy tayyorgarlik darajangizdan kelib chiqib, ularni oʻzingiz mustaqil talqin etishga kirishuvingizga va har biringiz oʻz xulosangizni chiqarishga qodirligingizga ishonaman va hatto, ular bir-biridan farqlanishi ham mumkinligini istisno etmayman. Zero, aslida Anvar Obidjonning biron-bir sheʼri oʻquvchini befarq qoldirmaydi. Bunga ulardagi gʻoya, mazmun, mavzugina sabab boʻlmaydi. Bunga uning sheʼrlaridagi aniqlik va tiniqlikdan iborat qisqa va kichik shaklga toʻyingan, obrazli talqinda namoyon boʻluvchi badiiy goʻzallik ham sabab boʻladi.
Zamon senga tursa chap,
Sen zamonga boqaver.
Zamonni goh olqishlab,
Oʻz yoʻlingda oqaver.
deydi shoir sheʼrlaridan birida.
Mana shu oʻz yoʻlida oqa olish, oʻz yoʻlida yura bilish, oʻz yoʻlidan boraverish Anvar Obidjonning ijodkor sifatidagi badiiy zaminini belgilaydi. Bu juda muhim. Bu har bir shoirga zarur boʻlgan xususiyatdir. Anvar Obidjon sheʼriyatimizga ana shunday yangi xususiyatlarni olib kirdi.
Yuqorida keltirilgan toʻrtlikdagi birgina “goh” soʻziga eʼtibor bering. U bir jihatdan asar yozilgan istiqlolgacha boʻlgan davrni va ayni vaqtda oʻz mustaqil yoʻlingdan qaytma degan chuqur, zarur va teran fikrni ayta olish imkoniyatini tugʻdiradi.
Badiiy obrazlarda, sanʼatlarda namoyon boʻluvchi bunday topqirliklar Anvar Obidjonning lirikasi uchungina emas, nasriy, hajviy asarlari uchun ham xosdir. “Ogʻzingning kapotini yop” deydi uning qahramonlaridan biri tortishuvda suhbatdoshiga. Bu oʻzbek adabiyotidagi Abdulla Qodiriycha, Gʻafur Gʻulomcha, Abdulla Qahhorcha hajvning obrazlilik qatiga Anvar Obidjoncha obrazlilik boʻlib qoʻshiladiki, bunday misollarni uning barcha janrdagi asarlaridan koʻplab keltirish mumkin.
Maqolamizni shoirning Vatan haqidagi sheʼrlaridan birini tahlil etishdan boshlagan edik, xulosani uning ona tilimizga oid kichik bir sheʼri toʻgʻrisidagi mulohazalar bila yakunlasak:
Oʻquvchilar oʻtar hansirab,
Orqalab bir uyum daftarni.
Bu shovvozlar taniydi hatto
Lomonosov, Arximedlarni.
Garchi bugun olamga sirdosh
Qishloqdagi pastqam maktablar,
Ming shukurki derazalardan
Eshitilar oʻzbekcha gaplar.
Sheʼr oʻzbek tili nihoyatda xoʻrlanib ketayotgan 1981 yilda yozilgan. Ochiq-oydin aytish mumkin boʻlmagan zamonlarda oʻzbek tilidan gʻururlanish, uni ulugʻlash, unga alohida mehr-eʼtibor berish zarurligi oʻz davrining imkoniyati drajasida ustalik va mahorat bilan tarannum etiladi.
Xulosa qilib aytganda, Hozirga kelib, tilimiz ham, dinimiz ham oʻzimizniki boʻlgan zamonda oʻzligimizni yanada qadrlash, mustaqilligimizni yanada mustahkamlash yoʻlida bir-biridan jozibador yangi badiiy asarlar yaratishda hormay-tolmay mehnat qilayotgan Oʻzbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon ijodiga ulkan yutuqlar yor boʻlaverishini tilab qolamiz.
Adabiyotlar:
1. ЖумабоевМ. Узбек болалар адабиёти (дарслик) -Т.: Ўқитувчи, 2002 83.8(5Уз)Ж92 923869(50)
2. Жумабоев М Болалар адабиёти (дарслик) -Т.: Ўқитувчи, 20 83.3 (5Уз) Ж 92 923851 (50 ta)
Do'stlaringiz bilan baham: |