3. Sanoat mulki ob’ektining huquq sub’ektlari Sanoat mulki ob’ektining muallifi. Ijodiy mehnati bilan sanoat mulki ob’ektini yaratgan jismoniy shaxs shu ob’ektning muallifi deb e’tirof etiladi.
Agar sanoat mulki ob’ekti bir nechta jismoniy shaxsning birgalikdagi ijodiy mehnati asosida yaratilgan bo’lib, ular o’rtasida tuzilgan shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilgan bo’lmasa, ularning barchasi shu ob’ektning teng huquqli hammualliflari deb e’tirof etiladi.
Mualliflik huquqi boshqaga o’tkazilmaydigan va topshirilmaydigan shaxsiy nomulkiy huquqdir.
Patent egasi. Sanoat mulki ob’ektining patenti quyidagilarga beriladi:
sanoat mulki ob’ektining muallifiga (hammualliflariga) yoki uning (ularning) merosxo’riga (merosxo’rlariga);
muallif yoki uning merosxo’ri tomonidan patent berish haqidagi talabnomada yoki sanoat mulki ob’ekti ro’yxatdan o’tkazilgunga qadar Agentlikka topshirilgan talabnoma beruvchini o’zgartirish haqidagi arizada ko’rsatilgan yuridik va (yoki) jismoniy shaxslarga (ularning o’zi rozi bo’lgan taqdirda);
ushbu moddada nazarda tutilgan hollarda ish beruvchiga.
Xodim tomonidan o’z xizmat vazifalarini yoki ish beruvchidan olgan aniq topshiriqni bajarish munosabati bilan yaratilgan sanoat mulki ob’ektining patentiga bo’lgan huquq, agar bu hol ular o’rtasida tuzilgan shartnomada nazarda tutilgan bo’lsa, ish beruvchiga tegishli bo’ladi.
Ish beruvchi sanoat mulki ob’ektini sir saqlagan taqdirda muallifga (hammualliflarga) mutanosib ravishda haq to’lashi shart, haq miqdori shartnomada belgilanadi.
Patent egasi bo’lmagan, o’z xizmat vazifalarini yoki ish beruvchidan olgan aniq topshiriqni bajarish munosabati bilan yaratilgan sanoat mulki ob’ektining muallifi (hammualliflari) tegishli sanoat mulki ob’ektidan foydalanilganligi yoxud unga oid litsenziya sotilganligi uchun haq olish huquqiga ega. Sanoat mulki ob’ektidan foydalanilganlik yoki unga oid litsenziyani sotganlik uchun tushayotgan mablag’lar hisobidan muallifga (hammualliflarga) to’lanadigan haqning miqdori, uni to’lash shartlari va tartibi muallif (hammualliflar) hamda ish beruvchi o’rtasidagi shartnomada belgilanadi.
Patent egasining sanoat mulki ob’ektidan foydalanish huquqi.Agar sanoat mulki ob’ektidan o’z xohishicha foydalanish boshqa patent egalarining huquqlarini, shu jumladan boshqa shaxslarning mazkur ob’ektdan foydalanishini taqiqlab qo’yish huquqini buzmasa, bunday foydalanish patent egasiga tegishlidir, shu zaylda foydalanish ushbu Qonunga muvofiq patent egasining huquqini buzish deb hisoblanmaydigan hollar bundan mustasno.
Bir nechta patent egasiga qarashli bo’lgan sanoat mulki ob’ektidan foydalanish borasidagi o’zaro munosabatlar ular o’rtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi. Bunday kelishuv bo’lmagan taqdirda, har bir patent egasi muhofaza qilinayotgan sanoat mulki ob’ektidan o’z xohishicha foydalanishi mumkin, lekin qolgan patent egalarining roziligisiz ob’ektga mutlaq litsenziya berishga yoki patentni o’zga shaxsga topshirishga haqli emas.
Patent egalari patent ro’yxatga olingan sanadan boshlab uch yil mobaynida sanoat mulki ob’ektidan foydalanmasa yoki etarli darajada foydalanmasa, ushbu muhofaza etilayotgan sanoat mulki ob’ektidan foydalanishni xohlovchi va foydalanishga tayyor har qanday shaxs, patent egasi litsenziya shartnomasi tuzishdan bosh tortgan taqdirda, o’ziga majburiy nomutlaq litsenziya berishni so’rab sudga iltimosnoma bilan murojaat qilishi mumkin.