Fitogelmintlarning anatomo-morfologik, ekologik tavsifi
O‘rganilgan mevali daraxtlar ildizi va ildiz atrofi tuprog‘i nematodalar tur tarkibini xilma-xilligi, topilgan turlarning soni 40 taligidan ham ko‘rinib turibdi. Bularni barchasi turgacha aniqlandi. Hamma topilgan fitonematodalarga tavsif berish imkoni bo‘lmagani uchun faqat fitogelmintlarga haqiqiy va yarim parazit turlarga anatomo-morfologik, ekologik tavsif berildi. Bu tavsif shaxsiy materiallar asosida tayyorlandi.
Avlod Xiphinema Cobb, 1913
Xiphinema avlodi vakillari fitoparazitlikka xos. Bularni turlari o‘simlik ildiz sistemasi ektoparazitlari va bular haydalma qatlamda juda kam uchraydi. Vaysher (Weischer,1960) fitonematodalarning tuproqda tarqalishini o‘rganib, Xiphinemalar 0-20 cm da juda oz (sanoqli) tuproqning 40-45 cm chuqurligida yashashga moslashgan va shunday chuqurliklarda ko‘plab uchrashini aniqlaydi.
Ektoparazitlikka moslashish natijasida bularda kuchli stilet (kopyo) fitogelmintlardan farqli o‘laroq uzun chiqadi. Kopyosi ikki qismdan iborat: distal- ingichka, perforator vazifasini bajaradi, ildiz to‘qimalarini teshadi va proksimal qismdan, qalinlashgan kopyo asosini tashkil qiladi. Kopyosi juda uzun, halqum korpusi ingichka, trubkasimon, keyingi qismi kengaygan, proksimal qismi boshsimon kengaygan. Bu avlod vakillaridan bitta tur uchradi. Bu avlod vakillari asosan olma ildiz atrofi tuprog‘i, o‘rganilgan tuproq qatlamlarining barchasida, asosan bahorgi namunalarda uchradi: (0-20, 20-40, 40-60 cm).
1. Xiphinema americanum Cobb, 1913(…rasm)
I.Andrassy bo‘yicha, 1959. samka: L-1242 mkm; a-79,9; v=7,5; s=19,7; V=50,9%.
Shaxsiy ma’lumotlar, samka: L=1200 mkm; a=35,9; v=5,5; s=17,7; V=52,7%.
Fitogelmint, ektoparazit AQSh, Niderlandiya, Vengriyada keng tarqalgan.
O‘zbekistonda g‘o‘za va ildiz atrofi tuprog‘ida uchragan. Bizning materiallarimizda olma daraxti ildiz atrofi tuprog‘idan aniqlandi.
11-rasm. Xiphinema americanum
Avlod: Aphelenchus Bastian, 1865.
Ancha kichik, tana uzunligi 1mm va undan uzunroq. Kutikulasi halqali keng yon halqalari, bo‘ylama liniyalar bilan dum uchigacha boradi. Stileti sodda. Protraktorlari stilet burchagiga qiyshiq. Metakorpal bulbusi yirik. Keyingi matka bor, spermatekasi bor. Erkaklarida bursal qanotchalari peloder yoki leptoder tipda
2. Aphelenchus avenae Bastian, 1865.
12-rasm. Aphelenchus avenae
Tulaganov, 1958 bo‘yicha: samka: L=639-1000(850) mkm, a=26,9-33(29,4), v=4,4-7 (5,9), s=10-18,9 (15,4), V=50-58,9 (55,5)%.
Shaxsiy ma’lumotlar: samka: L=575,5 mkm; a=35; v=5,25; s=17,5; V=59%
Nematoda tanasi silindrsimon va birmuncha bosh va dum tomonidan siqilgan. Kutikulasi yupqa halqali. Bosh kapsulasi ajralgan va oltita halqadan iborat. Stileti yaxshi rivojlangan, dumaloq bazal boshchalardan iborat. Kardiysi sharsimon, kamsezilarli, yon chiziqlari to‘rt chiziqli. Dumi favvorasimon, uchi o‘tmas bo‘lib, halqali.
Nospetsifik fitogelmint, mikogelmint. Germaniya, Ispaniya, Avstraliya, Shvetsiya, Daniya, Angliya, Belgiya hamda Belorussiya, Latviya, Litva, Qozog‘iston, Armaniston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Moldaviya, Estoniya, Ukraina, Gruziya va Rossiyada topilgan.
O‘zbekistonda ko‘pchilik olimlar tomonidan turli o‘simliklar ildizi va ildiz atrofi tuprog‘idan topilgan. Bizning tadqiqotlarimizda o‘rik daraxti ildiz atrofi tuprog‘i chuqur qatlamdan topildi.
Avlod: Aphelenchoides Fischer, 1894.
Tana hajmi ancha kichik, uzunligi 1mm, undan kichik. Bular ektoparazit mikogelmintlardan tanasini to‘g‘ri, ixchamligi bilan farqlanadi. Dum tuzilishi ham o‘ziga xos, o‘zgaruvchan. Turli vakillarida turlicha. Kutikulasi halqali. Bo‘ylama yon liniyalari soni lateral zonalarida katta emas. Bosh kapsulasi bo‘rtib chiqqan, labiotuberkulum bosh bo‘rtmasi bilan qo‘shilib ketgan. Tangoretseptorlar papillasimon, amfidlar porali. Stilet sodda, ba’zida boshchasiz, ba’zida sust, yoki yaxshi rivojlangan stilet diametri korpusidan aniq ajralgan bo‘ladi. Ikki xil prokorpusga ega: a) keyingi qismi biroz kengaygan, b) oldingi qismi kengaygan. Metakorpal bulbus kuchli va yirik. O‘rta bulbusga ega. Ekologik jihatdan turli tuman. Ayrim turlari hasharotlar bilan bog‘liq bo‘lib, ularning ekto-endoparazitlari hisoblanadi. Ayrim turlari o‘simliklar bilan bog‘liq. Boshqa turlari ektoparazit mikogelmintlar bo‘lib, zamburug‘ mitseliylari bilan oziqlanadi. Xilofaglik ham kuzatiladi (chilos-shira). Juda ko‘p turlari spetsefik va nospetsefik patogen xususiyatga ega.
3. Aphelenchoides limberi Steiner, 1936.
L-550 mkm, a-30, b-6,5,c-16, V-70%
Ektoparazit mikogelmint. Tuproqning turli qatlamlarida va o‘simliklarning turli qismlarida uchragan. Piyoz, kartoshka, sabzi, karam, makkajo‘xori, g‘o‘za ildiz atrofi tuprog‘ida topilgan. Bizni tadqiqotlarda o‘rik va olma daraxti ildiz atrofi tuprog‘idan toildi.
13-rasm. Aphelenchoides limberi
4. Tylenchus baloghi Bastian, 1865.
L-1200 mkm, a-30, b-7,5,c-14, V-65%
Pararizobiont. Ko‘proq ildiz atrofi tuprog‘ida, ba’zida ildizda ham topilgan. O‘zbekiston sharoitida turli xil qishloq xo‘jalik ekinlari ildiz atrofi tuprog‘idan, turli mevali daraxtlar ildizi, ildiz atrofi tuprog‘idan topilgan. Yaxshi o‘rganilgan tur. Asosan tuproq va turli o‘simliklar ildizida uchragan. Bizning materiallarimizda olma va o‘rik daraxti ildiz atrofi tuprog‘idan topildi.
5. Tylenchus kirjanova (Butscli, 1873) Mel, 1961.
L-1100 mkm, a-24,5, b-5,5, c-13, V-69%
Pararizobiont. Ko‘proq ildiz atrofi tuprog‘ida, ba’zida ildizda ham topilgan. O‘zbekiston sharoitida turli xil qishloq xo‘jalik ekinlari ildiz atrofi tuprog‘idan, turli mevali daraxtlar ildizi, ildiz atrofi tuprog‘idan topilgan. Bu tur keng tarqalgan, tuproqda, moxlarda va chuchuk suvlarda uchragan. Bizning materiallarimizda olma daraxti ildiz atrofi tuprog‘idan aniqlandi.
14-rasm. Tylenchus kirjanova
6. Ditylenchus destructor (Kuhn, 1857) Filipjev, 1936.
G.Thorne bo‘yicha, 1945: samka L=l000-1300 mkm; a-36-40; v=6,5-7,1; s=14-18; V=80%. samets: L= 1000-1300 mkm; a=37-41; v=6.5-7.3; s=12-15.
Shaxsiy ma’lumotlar: samka: L=1000 mkm; a=38; v=7.0; s=14; V=75%. Kelishgan, yetarlicha uzun nematodalar. O‘zlarini anatomo-morfologik belgilariga ko‘ra Ditylenchus dipsaciga yaqin, ulardan fiziologik xususiyati bilan farqlanadi. Ayrim morfologik farqlar ham kuzatiladi. Kardial bulbusning keyingi qismi kesilgan bo‘ladi. Yon maydonida 4 insizurasi bor. Metakorpal bulbus oval tuzilishga ega. Stilet boshi aniq yumaloqlangan. Ekskretor porasi bosh tomoniga yaqin joylashgan. Samkalari monodelf, tuxumdonlari to‘g‘ri (ba’zida bukilgan), oligopropagator. Rudiment bachadonni keyingi yarimini egallagan. Bursasi leptoder xilda. Spikulalari kuchli, ventral qayrilgan boshchasi keng korpusli. Rulchasi to‘g‘ri, dorsal qismi qalinlashgan. Dumlari urg‘ochi va erkaklarida qisqa bo‘lib, uchlari o‘tkir.
15-rasm. Ditylenchus destructor
Geografik keng tarqalgan. D.destructor hamma joyda uchraydi. Arktika muzliklaridan tortib, to cho‘l zonalarigacha, tabiiy biogeotsenozlarda va agrotsenozlarda tarqalgan. Haqiqiy parazit(spetsifik patogen effektli fitogelmint). Gollandiya, Germaniya, Fransiya, AQSh, Kanada, Bolgariya, Rossiya, Latviya, Litva, Ukraina, Moldova, Gruziya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikistonda tarqalgan. O‘zbekistonda A.Tulaganov tomonidan [52, 53, 54, 55] turli o‘simliklarni ildizi va ildiz atrofida topilgan; K.V.Belyayeva [22], N.X.Xakimov [31] tomonidan qo‘riq yerlardan; S.M.Karimova tomonidan [29, 30] qishloq xo‘jalik ekinlari rizosferasidan; O.M.Mavlonov [37, 38] kanop va g‘o‘zada, X.Eshova [26, 27] cho‘l o‘simliklari rizosferasidan, G.Abduraxmanova [2, 3, 4] tomonidan beda, g‘o‘za agrotsenozlaridan topilgan. Bizning materiallarimizda o‘rik ildiz atrofi tuprog‘i (20-40 cm) dan topildi.
7. Merlinius dubius (Steiner, 1914) Siddiqi et Klingler, 1980.
L-620 mkm, a-30, b-5, c-12, V-54%.
Nospetsefik fitogelmint. O‘zbekiston sharoitida turli xil o‘simliklarni ildizi va ildiz atrofi tuprog‘idan topilgan. Biz olma daraxti ildiz atrofi tuprog‘idan aniqladik.
16-rasm. Merlinius dubius
8. Pratylenchus pratensis (De Man, 1880) Filipjev,1936.
P.A.Loof, 1960 bo‘yicha: samka: L=0,39-0,61 mkm, a-22-33; v=5-6,4; V=76-80%; samets: L-0,38-0,54 mkm; a-24-33; v-4,7-6,5; c=16-20.
Shaxsiy ma’lumotlar: L=ZZOmkm; a=Z; v=4,5; s=16; V=78%.
Bosh kapsulasi uchta halqali. Stilet uzunligi-17-19 mkm. Bazal boshchasi yirik, oldinga chiqqan yelkalari bor. Farqlovchi belgilari favvorasimon, dumini uchlari halqali, yon maydonlari to‘rt insizurali, ulardan ikkitasi fazmidlarga yetib boradi.
17-rasm. Pratylenchus pratensis
Geografik ubikvist. Haqiqiy parazit. Endoparazit fitogelmint, qishloq xo‘jaligiga katta zarar keltiradi. Spetsifik patogen effektli fitogelmint.
Gollandiya, AQSh, Germaniya, Angliya, Rossiya, Ukraina, Ozarbayjon, Gruziya, Moldaviya, Estoniya, Litva, Tojikiston, Qozog‘istonda keng tarqalgan. O‘zbekistanda g‘o‘za, tamaki, beda va boshqa o‘simliklar ildizi va ildiz atrofi tuprog‘ida uchragan. O‘zbekistonda o‘simliklarning turli qismlaridan va tuproqlaridan topilgan. Adabiyotlar bo‘yicha turli xil qishloq xo‘jalik ekinlarida parazitlik qiladi. Biz bu turni olma daraxti ildiz atrofi tuprog‘i, o‘rganilayotgan barcha tuproq qatlamlaridan aniqladik.
Do'stlaringiz bilan baham: |