Joyning geografik tavsifi
Jizzax viloyati 1973-yil tashkil etilgan bo‘lib, ma’muriy markazi Jizzax shahri. Viloyat maydoni 21,2 ming kv.km bo‘lib, respublika umumiy maydonining 4,7 foizini tashkil etadi. Aholisi 2022-yil 1-yanvar holatiga 1443,4 ming kishi yoki respublika aholisining 4,1 foiziga teng. Viloyat O‘zbekistonning markaziy mintaqasida joylashgan. Uzunligi sharqdan g‘arbga 180 km, janubdan shimolga 175 km ni tashkil etadi.
Viloyat shimol va shimoliy-sharq tomonidan 216,9 km uzunlikda Qozog‘iston Respublikasi bilan, sharq tomondan 91,9 km uzunlikda Sirdaryo viloyati bilan, sharq va janubiy-sharq tomondan 326,7 km uzunlikda Tojikiston Respublikasi bilan, janub va janubiy-g‘arb tomondan 199,8 km uzunlikda Samarqand viloyati va g‘arb tomondan 83,7 km uzunlikda Navoiy viloyati bilan chegaradosh.
Viloyat relyefi pasttekisliklar, cho‘l va dashtlar, qirlar va tog‘lardan hamda tabiiy ko‘llardan iborat. Tog‘ yon bag‘irlaridagi adirlarda lalmikor dehqonchilik, bog‘dorchilik, uzumchilik va chorvachilik rivojlangan.
Noyob va ekzotik relyefi o‘ziga xos mo‘tadil iqlimga ega. Zomin, Baxmal, Forish va Yangiobod tog‘lari va tog‘ yon bag‘irlarida archazorlar, bodomzorlar, yong‘oqzorlar, kamyob shifobaxsh o‘simliklar mavjud.
Viloyatning Arnasoy, Do‘stlik, Mirzacho‘l, Zarbdor, Zafarobod va Sharof Rashidov tumanlari viloyat qishloq xo‘jaligi yukini yelkasiga olgan. Bu tumanlarda dehqon va fermerlar g‘alla, paxta, pilla va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda yuqori samaradorlikka erishmoqdalar.
Viloyatning umumiy ekin ekiladigan maydonlarining 261,2 ming gektari sug‘oriladigan, 993,4 ming gektari lalmi yerlardir. Ushbu yer maydonlari asosan Sirdaryo daryosidan 127 km uzunlikdagi Sarkisov nomli Janubiy Mirzacho‘l kanali orqali suv oladi. Shuningdek, uzunligi 143 km bo‘lgan Sangzor daryosi va 94 km uzunlikdagi Tuyatortar kanali orqali Zarafshon daryosidan suv oladi.
Tog‘ tizmalari shimoldan esadigan sovuq havo oqimini birmuncha to‘sadi. Yog‘in ko‘proq (250-800) yog‘adi. Sho‘rxok maydonlar deyarli yo‘q. Bo‘z va o‘tloq tuproqli yerlar kattagina maydonni tashkil qiladi. Bu viloyatning tabiiy sharoiti mevali daraxtlar o‘stirish uchun qulay.
Jizzax viloyati, Sharof Rashidov tumani 1926-yil 29-sentabrda tashkil topgan. Maydoni-1,32 ming kv.km (132 ming 486 ga), chegara uzungligi (181,0 km). Shundan, Baxmal (21,2), G‘allaorol (45), Forish (29,8) Zafarobod (19,3), Paxtakor (16), Zarbdor (19,4) va Zomin (30,3) tumanlari bilan chegaradosh.
Aholi soni 232300 nafar, shundan 91800 nafari shaharda, 140500 nafari qishloqda istiqomat qiladi(2022-yilning 1-yanvar holatiga). Fuqarolar milliy tarkibi: o‘zbeklar (97,2%), tojiklar (0,9%), qozoqlar (0,3%), tatarlar (0,3%), boshqa millat vakillari (1,3%) tashkil qiladi.
Tuman iqtisodiyoti meva-sabzavot, chorvachilik, bog‘dorchilik, yengil sanoat sohalariga ixtisoslashgan.
Sharof Rashidov tumani dengiz sathidan 310 m balandlikda joylashgan. Cho‘l zonasida, gipslashgan qumloq tuproq. Relyefi tog‘ va tog‘ oldi cho‘l zonasi. O‘simliklari efemerlar, shuvoq, yantoq, qo‘ziquloq, yarimbuta efemerlar. Sho‘radoshlardan sho‘ra, baliqko‘z, yaylovlarda bir yillik o‘t o‘simliklar ko‘p. Iqlim sharoiti keskin o‘zgaruvchan, mavsumiy va sutka davomida harorat tez-tez o‘zgarib turuvchi, yozda nihoyatda issiq va quruq yoz, qishda sovuq havosi bilan farq qiladi.
Havoning o‘rtacha yillik harorati 15,20C. Eng issiq oy iyul, bu oyda harorat 470C gacha ko‘tariladi. Dekabr, yanvar oylari eng sovuq oy hisoblanadi. Bunda harorat 20C dan absolyut – 21- 21,50C gacha bo‘lganligi qayd qilingan. Havo namligi nisbati o‘rtacha yillik hisobi 30 %, yozda 10 %gacha tushishi mumkin, yillik yog‘ingarchilikni o‘rtacha 162 mm, eng kam miqdori 82 mm va maksimall 310 mm.
Tumanning tabiiy sharoiti va xo‘jalik yuritishdagi tafovutlarga muvofiq aholi joylashuvida ham tafovut yaqqol ko‘zga tashlanadi. Adirlarda va tog‘larda har bir km.kv.ga 5-10 kishi to‘g‘ri keladi. Jizzax viloyati hududida aholi qadimdan obikor dehqonchilik bilan shug‘ullanib kelgan.
Jizzax hududiy ishlab chiqarish majmuida qishloq xo‘jaligi alohida o‘rin tutadi. Dehqonchilik qishloq xo‘jaligi yalpi mahsulotining 75% ini tashkil qiladi. Texnik ekinlardan kunjut, zig‘ir va safsar (maxsar) yetishtiriladi. Bahorikor yerlarda bug‘doy va arpa ekiladi. Shaharlar atrofidagi jamoa va shirkat xo‘jaliklarida, aholining tomorqa yerlarida ko‘plab turli xil sabzavot va poliz ekinlari yetishtiriladi.
Viloyatning tabiiy sharoiti mevali daraxtlar o‘stirish uchun qulay. Bog‘dorchilik va uzumchilik tarmoqlari yuksak taraqqiy etgan. Mamlakat aholisining 4,2 % yashaydigan bu viloyatga mevali daraxtlarning 15 % to‘g‘ri keladi.
Sharof Rashidov tumanida hosildor yerlar ko‘p va bu yerlardan unumli foydalanib kelinadi. Tuman xo‘jaliklarida dehqonchilik yerlari bo‘lib, u yerlarda asosan donli ekinlar, sabzavot, poliz ekinlari, tokzorlar va mevali daraxtlar ekilib, ko‘paytiriladi.
Qishloq xo‘jaligi asosan paxtachilik va bog‘dorchilikka ixtisoslashgan. Bu yerlarda mevali daraxtlar ko‘p yillardan beri ekilib kelinadi. Bog‘dorchilik uchun ajratilgan yerlarda turli xil mevali daraxtlar ekiladi: olma, shaftoli, o‘rik, xurmo, behi, olxo‘ri va hokazolar.
Do'stlaringiz bilan baham: |