Tekshirilayotgan o‘simliklarga tavsif.
Olma daraxti O‘zbekistonda qadimdan ma’lum bo‘lib, o‘rik va uzumdan keyingi o‘rinlarni egallaydi. Ko‘proq Yevropa va Shimoliy Amerikadan keltirilgan olma navlari Qrim ko‘chat yetishtiruvchi xo‘jaliklarida ko‘paytirilib, (Dudchenko, Krivenko, [24]) yurtimizga keltirilgan.
Ulug‘ Vatan urushigacha olmazor maydonlari mevali bog‘larni 20-27,7% ni, urushdan keyingi yillarda esa 30,33%dan, 41,5 %ni tashkil qildi. Olma mazali bo‘lganligidan yangiligicha, qayta ishlangan holda iste’mol qilinadi. Olmadan konserva, povidlo, pastila, pyure, marmelad, murabbo, sharbat, vino, kompot, qoqi va boshqa mahsulotlar tayyorlanadi.
Olmaning (qishda yangi uzilgan mevalar kam bo‘lganda) vitaminlarga boy, yaxshi saqlanadigan qishgi navlari ayniqsa, qimmatlidir. 100 g yangi uzilgan olmada bor-yo‘g‘i 47 kilokaloriya mavjud. Unda yog‘lar deyarli yo‘q. Biroq tarkibi uglevodlarga boy bo‘lganligi uchun to‘yimlilik darajasi yuqori. Olmada S, V1, V2, R, E, A vitaminlari, kaliy, marganes va temir moddalari ko‘p miqdorda mavjud. S va V vitaminlari barcha a’zolarda modda almashinuvini yaxshilaydi. R va E darmondorilari organizmni yoshartirib, teri va to‘qimalar holatini tiklaydi. Olma tarkibidagi pektin esa organizmdan ortiqcha xolesterinni chiqarib yuborishga ko‘maklashadi, shuningdek, qandli diabet kasalligidan uzoqlashtiradi.
Undagi A vitamini apelsindagidan 50 foiz ko‘p. U tanani shamollashdan va ko‘zni xiralashishdan saqlaydi. Mazkur mevada boshqa ne’matlarda uchramaydigan G vitamini mavjud. U, ayniqsa, yosh bolalar uchun foydali bo‘lib, ishtahani ochish va o‘sib rivojlanishni ta’minlaydi.
O‘zbekiston sharoitida olmaning: Renet semirenko, Oq razmarin, Sinap qandil, Sari sinap, Oq renet, Qishki parmen, Orlean reneti, Kalvil, Napaleon, Vagner, Boyken, Belfler, Papirovka va boshqa navlari ekiladi. Markaziy Osiyo seleksionerlari tomonidan Bogari, Oq olma, Qizil olma, Olmaz, Xorazm olmasi, Achchiq olma, Qimizon olma va boshqalar yetishtirilgan. O‘zbekistonning o‘ziga xos iqlimi, aholisini yil bo‘yi olma bilan ta’minlash imkonini beradi.
Toshkent Shreder nomli mevachilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tekshirish institutining agrokimyo laboratoriyasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda yetishtirilgan olma tarkibida 80,5-86,5% suv, 12-16,4% ekstraktiv moddalar, 9-12,6 qand, 0,196-0,946% olma kislotasi, 0,295-1,201% pektin kislotasi, 1,05-70,6 mg temir va boshqa minerallar bor.
Mahalliy olma navlari sovuqqa, issiqqa chidamli bo‘lib, mevasini ta’mi turlicha shirin, achchiq, nordon, asosan erta pishib turli organik kislotalar, minerallarga boy foydali hisoblanadi.
G‘arbiy Yevropa, Amerika olma navlari: Rozmarin, Mantuaner, Vaynsep, Orlean renit. Rossiya olma navlari: Oq naliv, Papirovka, Renet, Semirenko. Qrim olma navlari: Kandil sinap, Sari sinap. Bu olma navlari sifatli, yuqori hosil beradi, lekin issiq, sovuqqa ancha chidamsiz bo‘lib, tez-tez issiq, sovuqqa, chalinib turadi.
Toshkent Shreder nomli mevachilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tekshirish institutining seleksionerlari tomonidan olmaning: Samarqandi, Registoni, Afrosiyobi, Saratoni, Toshkent reneti, Toshkent borovinkasi, Yozgi rozmarin, Mehmoni kabi navlari mahalliy sharoitga moslashtirilgan. Bu navlar issiq-sovuqqa ancha chidamli bo‘lib, mahsuloti sifatli va mazali.
Olma (Malus mill) turkumining 50 ga yaqin turi bor. Ularning asosiylari: O‘rmon olmasi, Sibir olmasi, Yumshoq olma, Yovvoyi (Sivers) olma, Turkman olmasi, Qizil olma, Olxo‘ri bargli olma (kitayka), Kavkaz yoki Sharq olmasi, Pakana olma, Dusen, Paradizka (rayka) hisoblanadi.
1-rasm. Olma (Malus mill) mevasi.
Olma bog‘larini barpo qilganda ular uchun nav tanlashga katta ahamiyat beriladi. Chunki navlar majmuasi bog‘ning hosildorligini va uning iqtisodiy samaradorligini ko‘p jihatdan hal qiladi. Nav tanlaganda bog‘ tashkil qilinayotgan hududda qaysi navlar o‘sishi, rivojlanishi, hosildorligi, mevasining sifati va iqtisodiy samaradorligi yuqori bo‘lgan navlar tanlanadi. Har bir xo‘jalikning tuproq, suv sharoitidan, uning yo‘nalishidan kelib chiqqan holda navlar tanlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |