Davlat ekologik ekspertizasini tashkil etish va oʼtkazish Oʼzbekistonning atrof tabiiy muhiti va tabiiy resurslarini muhofaza qilishni davlat yoʼli bilan tartibga solishning asosiy vositalaridan biridir. U xoʼjalik qarori qabul qilinishidan oldin oʼtkazilishi shart boʼlgan atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish tadbiri boʼlib, uning asosiy maqsadi atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan ratsional foydalanish sohasida ogohlantiruvchi nazoratni amalga oishirishdan iboratdir.
Davlat ekologik ekspertizasi moʼljallanayotgan yoki amalga oshirilayotgan xoʼjalik faoliyati yoki boshqa faoliyatning ekologik jihatdan xavflilik darajasini aniqlash, ularning tabiatni muhofaza qilish qonunlarining talablariga muvofiqligini baholash, loyihalarida nazarda tutilayotgan tabiatni muhofaza qilish tadbirlarining yetarli yoki asosli ekanligini aniqlash maqsadlarida oʼtkaziladi.
Ishlab chiqarish-xoʼjalik va boshqa faoliyatning davlat ekologik ekspertizasi davlatning u yoki boshqa faoliyatini roʼyobga chiqarishga, obʼektlarni hududiy joylashtirishga ruhsat va rozilik berishi hisoblanadi.
Davlat ekologik ekspertizasining obʼekti Oʼzbekiston Respublikasi qonunchiligi talablariga muvofiq tayyorlangan xujjatlar va xujjatlashtirish ishlari hisoblanadi. Ushbu talablar bajarilmagan taqdirda xujjatlashtirish ishlari, qoida tariqasida, ekologik ekspertizaga qabul qilinmaydi.
Oʼzbekiston Respublikasining «Ekologik ekspertiza toʼgʼrisida» qonuniga muvofiq quyidagi obʼektlarni ekologik ekspertizadan oʼtkazish majburiydir (11-modda): davlat dasturining, kontseptsiyalarining, ishlab chiqarish kuchlarini, iqtisodiy va ijtimoiy soha tarmoqlarini joylashtirish hamda rivojlantirish sxemalarining loyihalari; barcha turdagi qurilishlar uchun yer uchastkalarini ajratish materiallari; loyihaoldi va loyiha xujjatlari; tabiiy resurslardan foydalanish bilan bogʼliq xoʼjalik va boshqa xil faoliyatni tartibga soluvchi normativ-texnik va yoʼriqnoma uslubiy xujjatlarning loyihalari;
texnika texnologiya, materiallar, moddalar, mahsulotlarning yangi turlarini yaratishga doir xujjatlar; atrof tabiiy muhit xolatiga va fuqarolar sogʼligiga salbiy taʼsir koʼrsatuvchi ishlab turgan korxonalar va boshqa obʼektlar; keyinchalik ularga alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, favqulodda ekologik vaziyat va ekologik ofat zonalari maqomini berish maqsadida oʼtkazilgan hududlarni kompleks tekshirish materiallari; • shaharsozlik xujjatlarining barcha turlari; • maxsus xuquqiy rejimli obʼektlar.
Davlat ekologik ekspertizasining asosiy yoʼnalishlarini quyidagicha klassifikatsiyalash mumkin:
Oʼzbekiston Respublikasi hududida ishlab chiqarish kuchlari xalq xoʼjaligi tarmoqlarining rivojlanish va joylashishining loyiha oldi materiallarining ekspertizasi. Masalan shaharlarning planirovkasi va imorat qurilishi boʼyicha loyihalari ekspertizasida suvni tozalash, atmosferani muhofazalash va boshqalar boʼyicha normativ talablarga amal qilishga erishish kerak.
Respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi maqsadi dasturlarining loyiha oldi materiallarining, shuningdek yer, suv, biologik resurslar, foydali qazilmalardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sxemalarining ekspertizasi. Masalan, aholi yashash manzillari planirovkasi va imorat qurilishida aholi yashash joylari shunday joylashishi kerakki, unda zararli omillarning aholi salomatligi va sanitariya-maʼishiy sharoitlarga taʼsiri maksimal darajada kamayishi kerak.
Ekologik ahamiyatga ega boʼlgan obʼektlar yoki tabiatdan foydalanishga taʼsir koʼrsatadigan obʼektlar. Аholining ekologik xavfsizligi talablariga javob bermaydigan yangi texnika, materiallar, moddalarni qonun talablariga koʼra ishlab chiqarishga ruhsat berilmaydi. Shunga koʼra sanoat maxsulotlari, mashinalar tabiat muhofazasi normalari va qoidalari talablariga mos kelishini aniqlash uchun ekspertizadan oʼtkaziladi.
Davlat ekologik ekspertizasini Oʼzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʼmitasi tomonidan tuzilgan ekspertlar guruhi yoki komissiyasi oʼtkazadi. Davlat ekologik ekspertizasi natijalari boʼyicha ekspertiza xulosasi tuziladi. Davlat ekologik ekspertizasi xulosasi rasmiy davlat xujjati boʼlib, unda davlat ekologik ekspertizasi obʼektini roʼyobga chiqarish mumkinligi yoki mumkin emasligi toʼgʼrisidagi xulosalar bayon qilinadi.
Davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi quyidagilarni tasdiqlovchi xujjat hisoblanadi: asoslovchi xujjatlarni tayyorlashda ekologik talablarga amal qilinishi; roʼyobga chiqariladigan obʼektning ekologik sharoitlari kafolatlanganligini; roʼyobga chiqariladigan obʼektni moliyalashtirish imkoniyatining ochilganligini bildiradi.
Davlat ekologik ekspertizassining davlat ekologik ekspertizasi obʼektini roʼyobga chiqarish mumkin emasligi toʼgʼrisidagi xulosasi boʼlgan taqdirda, xulosada koʼrsatilgan taklifga koʼra loyiha maromiga yetkazilishini taʼminlash hamda materiallarni davlat ekologik ekspertizasi uchun qayta taqdim etish lozim. Davlat ekologik ekspertizasining xulosasi davlat ekologik ekspertizasi obʼektini moliyalash va roʼyobga chiqarishda yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ijro etilishi majburiydir.