7-mavzu: AMIR TEMUR VA TEMURIYLAR DAVRIDA IJTIMOIY-IQTISODIY, SIYOSIY VA MADANIY HAYOT
Reja:
1. Amir Temurning ulkan saltanat tashkil etishi.
2. Markazlashgan Temur davlatining ma’muriy va harbiy tuzilishi. Temur tuzuklari. Davlatning ichki va tashqi siyosati.
3. Amir Tеmur vafotidan kеyin tеmuriy shahzodalar o‘rtasida toju-taxt uchun ichki kurashlar. Markazlashgan davlatning parchalanishi.
4. Temur va temuriylar davrida ilm-fan va madaniyat.
1. Amir Temurning ulkan saltanat tashkil etishi.
XIV asr o‘rtalarida Movarounnahrdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat. Amir Tеmur Movarounnahr siyosiy kurash maydonida. Amir Temur turkiy barlos urug‘ining biy (urug‘ oqsoqoli) laridan bo‘lmish Muhammad Tarag‘ay va Buxoro shariat qonunlarini sharhlovchisining qizi Takina Mohbegimlarning farzandi bo‘lib, 1336-yilda Shahrisabzga yaqin Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘ida tavallud topgan. Uning to‘liq ismi sharifi Sohibqiron Amir Temur ibn Amir Tarag‘ay ibn Amir Barquldir. Temur siyosiy kurash maydoniga kirib kelgan XIV asrning 60-yillarida mo‘g‘ullarning Chig‘atoy ulusidagi hukmronligi davom etayotgan edi. 1346-yili Chig‘atoy ulusi xoni Qozonxon amir Qazag‘on tomonidan o‘ldiriladi. 1358-yilda amir Qazag‘on ham o‘ldiriladi, ulusda parokandalik jarayoni kuchayadi. O‘lkaning turli hududlarida mustaqillik da’vosi bilan ish ko‘rayotgan 10 ga yaqin mahalliy bekliklar, chunonchi, Xorazmda so‘fiylar, Qashqadaryoda barloslar, Ohangaron vodiysida jaloyirlar, Buxoroda sadrlar, Termiz atrofida sayidlar, amirlarining va hokazo kuchlarning ajratuvchilik harakatlari yurt butunligiga jiddiy havf tug‘dirayotgandi. Ulus o‘ntacha mustaqil bekliklarga bo‘lingan bo‘lib, ularning beklari o‘rtasida doimo nizo, janjal bo‘lardi. Buning ustiga o‘z hukmronligini mustahkamlash maqsadida 1360-yilda Movarounnahrga katta qo‘shin tortib kelgan Mo‘g‘uliston xoni Tug‘luq Temur xuruji ham dard ustiga chipqon bo‘lgan edi. Bunday qaltis vaziyatda siyosiy kurash maydonida hozir bo‘lgan yosh Temurbek oldida nihoyatda ehtiyotkorlik, aql-zakovat bilan ish ko‘rish, o‘z atrofiga yurtparvar, vatanparvar kuchlarni to‘plash, so‘ngra qulay imkoniyat tug‘ilishi bilan yurt dushmanlariga qaqshatqich zarba berish vazifasi turardi.
Amir Tеmurning Amir Husayn bilan ittifoqi. Ularning mo‘g‘ul hukmdori Ilyosxo‘jaga qarshi kurashi. Loy jangi, Ilyosxo‘janing Samarqandga yurishi. 1360-1370-yillarda Movaraunnahr siyosiy hayotida Amir Temur bilan bir qatorda ta’sir o‘tkazgan shaxslardan yana biri Amir Qozog‘onning nabirasi Amir Husayn edi. Balx va uning atrofidagi yer-mulklar uning tasarrufida edi. 1361-yilda Amir Temur Amir Husaynga yaqinlashgan edi. Endi ikkala hukmdor birlashib, mo‘g‘ul xonlariga qarshilik ko‘rsatish imkoniga ega bo‘ldilar. Ma’lumki, Amir Temur mo‘g‘ul hokimiga qaram edi. Vaqti kelib, Movaraunnahrni boshqarishni Tug‘luq Temur o‘z o‘g‘li Ilyosxo‘jaga topshirdi. Mustaqil bo‘lishga harakat qilib yurgan Amir Temur yangi hukmdorga itoat etmadi. Buning oqibatida yangi ziddiyat yuzaga chiqdi. Amir Husayn bilan Sohibqiron Temurning bir-birlari bilan juda yaqinlashgan va yaxshi munosabatda bo‘lgan davrlar 1361-1365-yillarni o‘z ichiga oladi.
Amir Temurning hayotida ro‘y bergan va bir umrga unga tan jarohatini muhrlagan voqea 1362-yilda Seyistonda bo‘lib o‘tgan. Amir Temur jang vaqtida o‘ng qo‘lini tirsagidan va o‘ng oyog‘idan kamon o‘qi tegishidan qattiq jarohatlanadi. Buning oqibatida u bir umr oqsoqlanib yuradi. Shu bois undan dahshatga tushgan dushmanlari Amir Temurni hasad bilan “Temurlang” deb atashgan.
Tug‘luq Temur o‘limidan so‘ng 1363-yilda Movaraunnahr tuprog‘idan haydalgan Mo‘g‘ul xoni Ilyosxo‘ja yangidan juda katta lashkar bilan avvalgi mulklarini egallab olish maqsadida Movaraunnahr tomon harakat qila boshlaydi. Mo‘g‘ul xoni ayniqsa o‘zining raqiblariga nisbatan qahrli kayfiyatda ekanligi ham ma’lum edi. Temur va Amir Husayn bo‘lg‘usi qaqshatqich to‘qnashuvga imkon boricha harbiy kuchlarni yig‘dilar. Tarixda “Loy jangi” nomi bilan kirgan mazkur jang Chinoz bilan Toshkent o‘rtasida 1365-yilning bahorida ro‘y bergan. Amir Temur va Amir Husayn Chirchiq daryosi bo‘yidagi bu jangda mag‘lubiyatga uchraganlar. Mazkur mag‘lubiyat sabablarini, har xil bayon etishadi. Ayrim solnomachilar mo‘g‘ul xonining g‘olib chiqishida Amir Husaynning sust va layoqatsizlik bilan harakat qilishi deb izohlaydi. Ehtimol shundandir, yoki mo‘g‘ul xoni qo‘shinining soni ko‘pligi hamda yaxshiroq tayyorlanganligi bu yutuqning asosiy omili bo‘lsa kerak.
Qayta urinish behuda ekanligini anglab yetgan Amir Temur jang maydonini tark etib, qolgan-qutgan askarlari bilan Samarqand tomon qaytib ketgan. Samarqand shahriga kelgandan so‘ng bu yerda ham uzoq turmasdan avvaliga Keshga so‘ngra Amudaryo orqali Balxga o‘tib ketadi. Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, bu paytda Movarounnahrning bosh amiri Husayn edi. Biror qarorga kelish esa uning irodasiga bog‘liq bo‘lgan. Shu sababli Amir Temur ham uning ko‘rsatmasi bilan, ko‘p hollarda Husaynning roziligi bilan ish tutishga majbur edi. Samarqand shahri, qolaversa, butun Movaraunnahr o‘z holiga tashlab qo‘yildi. Mo‘g‘ul xoni changalidan qutilish samarqandliklarning o‘ziga bog‘liq edi. Bu sharoitda Samarqand mudofaasini sarbadorlar o‘z qo‘llariga oldilar.
Sarbadorlar harakati. Mo‘g‘ullarning chеkinishi. Sarbadorlar mo‘g‘ullar zulmidan ozod bo‘lish yo‘lida o‘zlarini qurbon qilishga tayyor edilar. Sarbadorlar harakati XIV asrning 30-yillarida Eronda ijtimoiy-siyosiy harakat sifatida paydo bo‘lib, 50-60-yillarda Movarounnahrga ham yoyildi. Harakat qatnashchilarining asosiy maqsadi mo‘g‘ul istilochilari va zulm o‘tkazuvchi mahalliy qatlamlarga qarshi kurash edi. Xurosondagi singari Samarqandda ham bu harakat qatnashchilarning ijtimoiy tarkibi aynan bir xil bo‘lgan. Hunarmandlar, do‘kondorlar ayrim madrasa mudarrislari va talabalar mazkur harakatga faol qo‘shildi. Ilyosxo‘ja to‘g‘ridan-to‘g‘ri Samarqandga tomon yo‘l oldi. Shahar jome’ machitiga yig‘ilgan aholi oldida sarbadorlarning bo‘lajak rahbaridan biri bo‘lgan, madrasa mudarrisi Mavlonozoda chiqib, shaharning har bir a’zosidan katta miqdorda soliq va to‘lov yig‘ib, uni o‘z bilganicha sarf etib yurgan hukmdorning shaharni o‘z holiga tashlab qo‘yganligini uqtirib o‘tadi.
Mudofaa rahbarligiga Mavlonozoda qatoriga Mavlono Xo‘rdak Buxoriy va Abu Bakr Kalaviy ham qo‘shildilar. Mudofaa tashkil etilganligidan xabarsiz mo‘g‘ullar hukmdorsiz shaharni himoyasiz deb o‘ylashardi. Ularning asosiy qo‘shinlari shaharga kiraverishdagi bosh ko‘chadan hujum qiladilar. Xavf-xatardan shubhasi bo‘lmagan bosqinchilar Mavlonozoda kamonchilari bilan pistirmada turgan joyga yaqinlashganlarida to‘satdan kamon o‘qlariga duch keladilar. Shahar mudofaachilari mo‘g‘ullarga uch tarafdan hujum qildilar. Birinchi hamladayoq shaharni egallaymiz deb o‘ylab bostirib kirgan mo‘g‘ullar katta talofat ko‘rib, orqaga chekinishga majbur bo‘ldilar.
Samarqandliklarning ishlab chiqqan harbiy rejasi puxta chiqdi va o‘z samarasini berdi. Bir necha hujum samarasiz tugagach, mo‘g‘ullar shahar atrofini qurshab olib uzoq vaqt qamal qilish rejasini o‘ylab chiqdilar. Lekin lashkar safida yuqumli kasallik tarqaldi. Buni ot vabosi (o‘lati) deb atashadi. O‘lat oqibatida Ilyosxo‘ja qo‘shinlariga mansub otlarning katta qismi qirilib ketdi. Ilyosxo‘ja katta yo‘qotishlar bilan dastlab Samarqandni keyin esa Movaraunnahrni tashlab ketishga majbur bo‘ldi.
Husayn va Tеmurning Samarqandni egallashi. Ular o‘rtasida o‘zaro nizoning kuchayishi va uning sabablari. Bu paytda Keshda bo‘lgan Amir Temur bu xabarni Amudaryo bo‘ylarida bo‘lgan Amir Husaynga yetkazdi. 1366-yilning bahorida ular Samarqandga yetib keladilar va sarbadorlar rahbarlarini o‘z huzurlariga chorladilar. Uchrashuv Samarqanddagi Konigil degan joyda bo‘ldi. Bu yerda sarbadorlarning rahbarlari bilan kelishmovchilik yuz beradi va ular qatl etiladi. Amir Temurning iltimosi bilan faqat Mavlonozoda omon qoldirilib, Xurosonga jo‘natiladi. Sarbadorlar harakati bostirilgandan so‘ng Amir Husayn va Amir Temur o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashadi. Bunga Amir Husaynning sarbadorlarga nisbatan adolatsizligi ham bir qadar sabab bo‘lgan edi.
Sohibqiron Amir Tеmur hokimiyatining o‘rnatilishi. Amir Temur amir Husayn o‘rnashib olgan Balxga 1370-yilning bahorida qo‘shin tortib boradi va uni mahv etadi. Shundan so‘ng Amir Temur Movarounnahrning yagona hukmdori bo‘lib qoldi. Samarqand mamlakat poytaxtiga aylandi. Endilikda yurtni boshqarish jilovini qo‘lga kiritgan Amir Temur oldida hali g‘oyatda katta, murakkab vazifalar ko‘ndalang bo‘lib turardi. Eng asosiysi, mamlakat hududlarini birlashtirish, yagona markazlashgan davlat tuzishdan iborat bosh vazifani hal etish kerak edi. Buningsiz mamlakat taraqqiyotini olg‘a bostirish, uning dovrug‘ini jahon miqyosiga ko‘tarish mumkin emasdi. Shu boisdan dastlab Sirdaryo va Amudaryo oralig‘idagi hududlar diplomatik yo‘l bilan birlashtirildi. Amir Temur sharqiy hududlarni mo‘g‘ullar ta’siridan ozod etish uchun 1370-yil oxiri va 1371-yil boshida Sharqiy Turkiston tomon yurish qiladi. Mo‘g‘ul xoni Kepak Temurxonga qaqshatqich zarba berilishi orqasida Farg‘ona mulki va boshqa bir qator hududlar egallanadi. Ko‘p o‘tmay Afg‘oniston shimolidagi Shibirg‘on viloyati ham uning tasarrufiga olindi. Tarixiy manbalarda Amir Temurning Mo‘g‘uliston tomon 7 marta harbiy yurishlar qilgani tilga olinadi. Uning qudratli mo‘g‘ul hukmdorlaridan sanalgan amir Qamariddin bilan olib borgan ko‘p yillik urushlari mamlakatining sharqiy hududlarini mo‘g‘ullar asoratidan xalos qilish, yurt tinchligi, osoyishtaligini qaror toptirishga qaratilgan edi. O‘z tasarrufida Qoshg‘ar, Issiqko‘l va Yettisuv vohasini birlashtirgan hamda 1369-yili Ilyosxo‘jani taxtdan ag‘darib, Mo‘g‘uliston xoni bo‘lib ko‘tarilgan Qamariddin bilan 1370-1389-yillar davomida Amir Temur hayot-mamot janglari olib bordi. Bu jangu jadallar oqibatida Movarounnahrga qarashli asosiy sharqiy hududlar uning tarkibiga qo‘shib olindiki, bu hol yurtimiz hududida markazlashgan davlatning vujudga kelishida hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |