2-savol bayoni: Jamiyat hayoti va rivojlanishining eng umumiy qonunlari to‘g‘risidagi falsafiy fan sohasi ijtimoiy falsafadir.
Jamiyat – kishilar uyushmasining maxsus shakli, kishilar o‘rtasida amal qiladigan juda ko‘plab munosabatlar yig‘indisi; tabiatning bir qismi; ijtimoiy borliq.
Kishilik jamiyatini o‘rganadigan fan sohalari ko‘p. Jamiyatning iqtisodiy hayoti iqtisodiyot nazariyasi, unda kechadigan tarixiy jarayonlar tarix, jamiyatni boshqarish sohasi «Davlat va huquq nazariyasi»ning tadqiqot ob’ekti bo‘lib hisoblanadi. Ijtimoiy falsafa boshqa fanlardan farqli o‘laroq jamiyatni o‘z-o‘zini tashkillovchi va boshqaruvchi yaxlit bir tizim sifatida o‘rganadi va bu tizimga xos bo‘lgan qonunlarni ochishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi.
Falsafa fanida jamiyatni anglashning asosiy tamoyillari quyidagilar:
Jamiyat moddiy olamning, xususan tabiatning o‘ziga xos bir qismi, tabiat va uning qonunlari ijtimoiy hayotning mavjudligini ta’min etadi, ya’ni tabiat – jamiyat hayotining zarur sharti, deb o‘rganiladi;
Jamiyat – bir butun, yaxlit ijtimoiy organizm, yaxlit tizim sifatida tahlil qilinadi;
Jamiyat – uni tashkil etuvchi kishilar faoliyatining majmuidir, jamiyat hayotining barcha tomonlari va ularning rivojlanishi kishilar o‘rtasidagi munosabatlar bilan taqozolangandir. Shunga ko‘ra ijtimoiy hayotning mohiyatini kishilar amaliy faoliyatining tahlili asosida bilish mumkin.
Jamiyat to‘g‘risidagi sotsiologik fikr tarixida unga turlicha ta’riflar berilgan. Bu tushunchani quyidagicha ta’riflash mumkin: Jamiyat – murakkab bir butun ijtimoiy organizm (tizim) bo‘lib, kishilar faoliyati jarayonida ular o‘rtasida amal qiladigan axloqiy, diniy, siyosiy, iqtisodiy, huquqiy, mafkuraviy va hokazo munosabatlarning, tarixan tarkib topgan oila, din, davlat, axloq, siyosat, huquq va shu kabi ijtimoiy institutlarning majmuidir.(Qarang: Falsafa: qomusiy lug‘at.- T.: Sharq, 2004, 124-bet).
Jamiyatlar ochiq jamiyat, yopiq jamiyat, axborotlashgan jamiyat, fuqarolik jamiyati kabi shakl va ko‘rinishlarga ega. Ochiq va yopiq jamiyat tushunchalarini ijtimoiy falsafaga ingliz olimi Karl Popper (1902-1994) kiritgan. U yopiq jamiyatni totalitar siyosiy tuzumning mahsuli sifatida ta’riflaydi. Ochiq jamiyatda fuqarolar shaxs hisoblanadi. Bunday jamiyatda muayyan qarorlarni qabul qilishda fuqarolar qatnashadilar. Karl Popper ochiq jamiyatni bozor iqtisodi (bozor erkinligi) bilan bog‘laydi1. Axborotlashgan jamiyat tushunchasi amerikalik faylasuf, sotsiolog Olvin Toffler (1928 yilda tug‘ilgan) tomonidan muomalaga kiritilgan, u postindustrial jamiyatni axborotlashgan jamiyat, deb ataydi. Axborotlashgan jamiyat deganda informatsiya, ijodiyot va intellektual texnologiyaning ahamiyati ortib borgan jamiyat nazarda tutiladi. Bu jamiyat kompyuterlar, lazer texnikasi, biotexnologiya, gen injeneriyasi, informatika, elektronika, televideokommunikatsiya rivoji bilan bog‘liq ravishda mavjud bo‘la oladi. Bu jamiyatda asosiy e’tibor mashinalarni o‘zgartirishga emas, balki kishilar ongi va madaniyatini o‘zgartirishga qaratiladi.
Ijtimoiy falsafa fani doirasida ideal jamiyatga nisbatan «fuqarolik jamiyati» tushunchasi qo‘llanadi. Garchi fuqarolik jamiyati tushunchasi iste’molga nisbatan keyin kiritilgan hisoblansa-da, aslida u haqidagi falsafiy fikrlar qadimiy davrlardan shakllangan. Aristotel «Siyosat» asarida fuqarolik jamiyati muammosiga diqqatini qaratgan va uni «polis» sifatida ifodalagan. Abu Nasr Forobiy «Fozil odamlar shahri» asarida fuqarolik jamiyatiga xos xususiyat – boshqaruvning jamoatchilik asoslari haqidagi g‘oyalarni ilgari surgan.
Jamiyat mohiyatini falsafiy idrok etish, uning kelib chiqishi, tarkibi, insonning jamiyatdagi o‘rni va roli kabi masalalar ijtimoiy falsafaning predmetidir. Ijtimoiy falsafada jamiyat yaxlit va umumtarixiy rivojlanishda bo‘lgan jarayon sifatida mohiyatan o‘rganiladi. Inson borlig‘i va ijtimoiy jarayonlar umumiy aloqadorlikda tahlil etiladi. Barcha yondashuvlar va muammolarning diqqat markazida inson bilan jamiyat hamda jamiyat bilan shaxs o‘rtasidagi murakkab va ko‘p qirrali munosabatlar yotadi. Zero, falsafiy mushohadadan maqsad oxir-oqibat inson, jamiyat, borliqning mohiyatini, o‘zlikni anglashdir. Murakkab tizimga ega bo‘lgan ijtimoiy fanlarning xususiy yo‘nalishlari yoki maxsus tarmoqlaridan (tarix, sotsiologiya, psixologiya, antropologiya, etnografiya, iqtisodiy nazariya va h.lardan) farqli o‘laroq ijtimoiy falsafa ijtimoiy hayotni yaxlit va bir butun hodisa, tizim sifatida o‘rganadi.
Ijtimoiy falsafa jamiyat tuzilishi va tarixiy rivojlanishidagi umumiylikni ochishi, ijtimoiy hayot sohalarining o‘rnini ko‘rsatib berishi, inson borlig‘i va uning ijtimoiy mohiyatini yoritishi, insoniyat tarixining mohiyatini tushuntirib berishi bilan boshqa xususiy ijtimoiy fanlar uchun o‘ziga xos metodologik asos vazifasini bajaradi. Bu uslubiy vazifani bajarish ijtimoiy fanlarning fundamental yo‘nalishlari orqali amalga oshadi. O‘z navbatida, ijtimoiy falsafaning o‘zi ham bu fundamental ijtimoiy fanlar tadqiqotlariga tayanadi, ularning natijalarini umumlashtirish bilan o‘zini uslubiyot sifatida takomillashtirib boradi.
Jamiyatni falsafiy tahlil qilishda falsafa, xususan, ijtimoiy falsafa bir qancha xususiy tarmoqlarni o‘z ichiga oladi. Ular orasida tarix falsafasi, falsafiy antropologiya (inson falsafasi) kabi yo‘nalishlar muhim o‘ringa ega.
Tarixiy jarayonlarning falsafiy tahlili bilan tarix falsafasi yoki istoriosofiya shug‘ullanadi. U mustaqil falsafiy fan sifatida o‘zining predmeti, kategoriyalar apparati va metologik yondashuvlariga ega. Ilk bor “tarix falsafasi” tushunchasini Volter qo‘llagan. Nemis ma’rifatparvari Iogann Gotfrid Gerder (1744-1803) o‘zining “Insoniyat tarixi falsafasiga doir g‘oyalar” (1784) asarida ushbu fan asoslarini yaratdi. Demak, tarix falsafasi – bu falsafaning tarixiy jarayon mazmuni, uning qonuniyatlari va asosiy yo‘nalishlarini tushuntirish bilan shug‘ullanuvchi, shuningdek tarixiy bilish metodlarini asoslovchi bo‘limidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |