7 – mavzu: Jamiyat va inson falsafasi.
Mavzu rejasi :
Jamiyatning vujudga kelishi. Tabiatning jamiyat vujudga kelishi va taraqqiyotidagi ahamiyati. Ijtimoiy rivojlanish va geografik muhit aloqadorligi. Biosfera va Noosfera haqidagi ta’limotlar. Tabiatga oid koevolyusion nazariyalar.
Jamiyat falsafiy tahlil ob’ekti sifatida. Tarixning mazmuni, yo‘nalishlari va konsepsiyalari.
Jamiyat hayotining asosiy sohalari. Jamiyat sohalarining o‘zaro birligi va aloqasi.
Inson falsafasi (Falsafiy antropologiya). Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida inson va shaxs rolining oshib borishi.
Mavzuga oid tayanch tushuncha va atamalar:
Ijtimoiy falsafa, jamiyat, iqtisodiy tizim, ijtimoiy ishlab chiqarish, moddiy ishlab chiqarish, ma’naviy ishlab chiqarish, ishlab chiqarish kuchlari, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar, mulk va mulkchilik, ma’naviy tizim, ijtimoiy ong, ijtimoiy psixologiya, mafkura, ijtimoiy tizim, ijtimoiy jamoa va guruhlar, etnik guruh, tabaqa, sinf, ijtimoiy institutlar, siyosiy tizim, davlat, partiyalar, siyosat va siyosiy ong, fuqarolik jamiyati, siyosiy erkinlik, demokratiya, fuqarolik uyushmalari, tarix, tarix falsafasi, tarixni bilishga monistik va plyuralistik, chiziqli va siklik (davriy), formatsion va sivilizatsion yondashuvlar, tarixiy taraqqiyot, zaruriyat va erkinlik, shaxsning roli, inson borlig‘i, falsafiy antropologiya, hayotning mazmuni, insonning vazifasi.
1-savol bayoni: Olamning moddiy birligi tamoyiliga ko‘ra jamiyat borliqning, ob’ektiv reallikning ko‘rinishlaridan biri, uning kichik tizimidir. Jamiyatning vujudga kelishi haqida ajdodlarimiz hayotining arxeologlar topgan va odamlarning ko‘plab avlodlari bosib o‘tgan murakkab va fojialarga to’la tarixiy yo’ldan dalolat beradigan izlarga qarab xulosa chiqarish mumkin. Jamiyatning kelib chiqishini ilmiy tavsiflash borasidagi qarashlar mehnat va mehnat qurollari nazariyasi doirasida amalga oshirilgan. Bu nazariyaga ko‘ra mehnat, so‘ngra burro nutq inson jamiyatini yaratgan.
Hozirgi zamon antropologiya va etnografiya fanlari nuqtai-nazaridan odam bundan taxminan 5 million yillar muqaddam shu Yer deb atalgan Quyosh sistemasi tarkibidagi sayyora – Ona tabiat harakati natijasida tirik mavjudotlar ichida bir tur sifatida vujudga kelgan. Odam miya tuzilishining hayvonlarnikidan sifat jihatidan farq qilishi va ongli mehnat tufayli asta-sekin fiziologik va intellektual (aqliy) jihatdan takomillashib borib, bundan qariiyb 50-40 ming yillar burun Kromanon tipidagi odam jamiyat bo‘lib yashashga o‘tgan. Odamzotning jamiyat bo‘lib yashashi uchun ma’naviy madaniyat kerak edi. Ana shu ehtiyojlar sababli ilgarigi odam tiplari (avstralopitek, pitekantrop, sinantrop, neandertal)dagi instinktlar o‘rnini ahloq normalari egallab bordi. Natijada dunyoning turli mintaqalarida vujudga kelgan odamlar jamoasida ruxsat va ta’qiq tizimi shakllandi. Ibtidoiy jamiyat odamlari mifologik dunyoqarash asosida shakllangan. Dastlab ular sehrli kuchlar borligiga ishonganlar, ulardan najot tilab yashash tarziga o‘tganlar. Diniy dunyoqarashning shakllanishi tufayli ruxsat va ta’qiqlar o‘rniga savob va gunoh haqidagi tushunchalar tarkib topdi; odamzotning keyingi uch ming yillik ma’naviy madaniyati ana shu qarashlar doirasida takomillashib bordi. Davlatning demokratik shakllari yuzaga kelgach, jamiyat ma’naviyati qonun ustivorligi ruhida shakllanib bordi.
Jamiyat muammosi qadimgi yunon faylasuflari qarashlarida markaziy o‘rin tutadi. Platon va Aristotel ta’limotida jamiyat, davlat masalalari muhim o‘rin tutadi. Platon jamiyatga tizim sifatida yondoshib, uning tarkibi, davlat boshqaruvi haqida qimmatli fikrlar bildirgan. Aristotel jamiyatni o‘rganuvchi fanlar orasida siyosatga alohida o‘rin bergan. Uning fikricha, jamiyat siyosiy mavjudotlardan tashkil topgan.
Jamiyat to‘g‘risidagi izchil ilmiy-falsafiy qarashlarning rivojlanishiga Markaziy Osiyo mutafakkirlari, qomusiy bilim egalari: Farobiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino singari ulug‘ mutafakkirlar salmoqli hissa qo‘shganlar. Ularning ilg‘or qarashlari ko‘p asrlar davomida ijtimoiy munosabatlarni takomillashtirish, komil inson shaxsini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi va hozirgacha o‘z ahamiyatini saqlab kelmoqda.
Abu Nasr Forobiy asarlarida jamiyat muammosi falsafiy tahlil qilingan. U Platon va Aristotel asarlariga tayanib, jamiyatning kelib chiqishi asosida tabiiy ehtiyojlarni qondirish yotadi, degan nazariyani ilgari surgan. Tabiiy ehtiyoj kishilarni birlashishga, jamoaga uyushuviga, o‘zaro yordamga olib kelgan. O‘zaro yordam tufayli ehtiyojlar qondirilgan. Kishilar o‘rtasidagi o‘zaro yordam jamiyatni keltirib chiqargan. Insoniyat jamiyati turli xalqlardan tashkil topgan bo‘lib, ular o‘zaro bir-birlaridan tillari, urf-odatlari, malakalari, xususiyatlari bilan farqlanadilar.
Butun tarix mobaynida odamlar o‘zlarining atrof muhitga ta’sir ko‘rsatish qobiliyatlarini tinimsiz rivojlantirdilar va takomillashtirdilar. Shu tariqa jamiyatning tabiat bilan o‘zaro munosabatlari ham o‘zgarib bordi. Bugungi kunda tarix, arxeologiya, geografiya, etnografiya sohasida va boshqa fanlarda mavjud ilmiy ma’lumotlar tabiatga antropogen ta’sir insoniyatning son va sifat jihatidan o‘sishiga mutanosib ravishda tinimsiz kuchayib borgani va pirovard natijada ijtimoiy rivojlanishning asosiy bosqichlarini aks ettirganini tasdiqlaydi. Bu bosqichlarning har biriga atrof muhit bilan inson munosabatlarining o‘ziga xos shakllari va uning ongida tabiatning har xil in’ikosi xosdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |