Xalqaro ekologik jamg’arma – xalqaro miqyosda atrof-muhitni muhofaza qilish loyihalarini moliyaviy ta’minlashga qaratilgan fondlar.
Umumjahon ekologik jamg’armalarga BMTning YuNEP tashkiloti qoshidagi «Atrof-muhit jamg’armasi»ni olsak bo’ladi. Bu jamg’arma o’zining moliyaviy mablag’larini BMTga a’zo davlatlarning badal to’lovlaridan, xalqaro tabiiy ob’ektlardan davlatlarning maxsus foydalanganlik uchun yig’ilgan to’lovlaridan, xalqaro Gaaga sudi qaroriga binoan, atrof-muhitga etkazilgan zararlarni xalqaro ekologiya huquqi sub’ektlari tomonidan iqtisodiy qoplash bo’yicha to’lovlardan, yuridik va jismoniy shaxslardan tushgan xayriyalardan va turli-tuman lotereya, shou, sport o’yinlari kabi tadbirlardan tushgan pul yig’imlaridan to’ldirib boradi. Uning mablag’lari faqatgina atrof-muhit muhofazasi va sanitar-epidemiologik holatini yaxshilashga yo’naltiriladi. Bu jamg’arma orqali Markaziy Osiyo mamlakatlariga 1994–2010 yillar mobaynida bir necha yuzlab millionlik AQSh dollarida Orolni qutqarish bo’yicha moliyaviy va moddiy yordam ko’rsatilgan.
Regionlararo ekologik jamg’armalar turiga Minsk shahrida qarorgohi bo’lgan, MDH mamlakatlari orasida tashkil qilingan va Xalqaro Iqtisodiy Kengash (XIK) davlatlarining badal to’lovlari asosida tashkil qilingan «Xalqaro ekologik jamg’arma» kiradi. Uning nizom kapitali 60 mln rubldan iborat. Yiliga unga a’zo mamlakatlar, jumladan, O’zbekiston Respublikasi, yalpi milliy daromadning 0,05 foizi miqdorida pul mablag’larini o’tkazib turadilar. Jamg’arma XIK davlatlarining o’zaro Kelishuviga binoan (1-modda) tuzilgan Milliy ekologik dasturlarni moliyalab turadi.
XIKning keyingi yillarda o’tkazgan Oliy darajadagi uchrashuvlarida xalqaro ekologik jamg’arma tomonidan moliyaviy yordam ko’rsatish kerak bo’lgan quyidagi ob’ektlar aniqlandi: Chernobil zonasi, Amudaryo va Dnepr havzalari, Balxash ko’li, Qora, Azov, Kaspiy dengizlari, Orol bo’yi zonasi.
Markaziy Osiyo mintaqasidagi regional jamg’arma – xalqaro «Ekosan» jamg’armasi. Nodavlat notijorat Ekosan tashkiloti 1992 yil Toshkent shahrida tuzilgan bo’lib, hozirgi kunda uning faoliyati ancha susaygan. Ekosan – grekcha «oikos» va «sanos» so’zlaridan tashkil topgan bo’lib, ekologiya va salomatlik degan ma’noni anglatadi. Uning maqsadi va vazifalari Markaziy Osiyo davlatlarida dolzarb ijtimoiy-ekologik muammolarni tadqiq qilish, ilmiy konstepstiyalarni ishlab chiqish va dastavval bajarilishi kerak bo’lgan muammolarga tadqiqotlarni yo’naltirish, ilmiy asoslangan ekologik siyosatni ishlab chiqish, ekologik xavfsizlikning yagona tizimini yaratish, ekologik o’quv, ong va madaniyatni shakllantirish, yagona region uchun iqtisodiy-ekologik tizimni tuzish borasida davlat, nodavlat va xalqaro tashkilotlar, olimlar va mutaxassislarning sa’y-harakatlarini birlashtirishdir.
Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Qizilo’rda uchrashuvida 1993 yil 4 yanvarda Orolni qutqarish xalqaro jamg’armasi tashkil qilindi. Jamg’arma davlatlararo tashkilot bo’lib, uning mablag’i ishtirokchilari (O’zbekiston, Qirg’iziston, Qozog’iston, Tojikiston, Turkmaniston Respublikalari)ning yillik badal to’lovlari orqali tashkil qilinadi. Badal to’lovi har bir ishtirokchi mamlakat uchun byudjetning 0,3 foizi miqdorida belgilangan. Uning ijroiya qo’mitasi tuzilgan bo’lib, jamg’arma raisi uch yillik muddatga, ketma-ketlik asosida, biron-bir davlat Bosh vazirining birinchi o’rinbosari darajasida saylanadi. Jamg’arma Prezidenti esa bir yillik muddatga davlat rahbarlaridan saylanadi. Orolni qutqarish xalqaro jamg’armaning asosiymaqsadi Orol dengizi atrofidagi ekologik inqirozli holatni yumshatish va aholining sanitar-gigienik hayot tarzini yaxshilashdan iborat.
Do'stlaringiz bilan baham: |