Avtomobilning ergonomik xususiyatlari. Mashinalar odamlar uchun yaratiladi. Bu oddiy jumla aslida erusti transport vositalariga nisbatan ergonomika va dizaynning vazifalarini aniqlab beradi.
Ergonomika (grekchadan «ergon» - ish, «nomos» - qonun) - mehnat qurollari va sharoitlarining insonga moslashishi haqidagi fan.
Avtomobilning ergonomik xususiyatlari deb, haydovchining faoliyatini oshirish maqsadida shakllantiradigan xususiyatlarga aytiladi. Avtomobilning ergonomik xususiyatlari to’rt guruhga bo’linadi:
- gigienik;
- antropometrik;
- fiziologik;
- psixologik.
Gigienik ko’rsatkichlar –haydovchilar ish joyining sanitariya me’yorlariga javob berishini hisobga oladi. Ularga ichki shovqin darajasi, haydovchi ish joyining vibroyuklanishi va haydovchi ish joyidagi mikro iqlim (harorat, namlik, havoning kimyoviy tarkibi va b.) kiradi.
Antropometrik ko’rsatkichlar haydovchi ish joyining ishlashga qulayligini harakterlaydi. Ularga haydovchining o’rindiqda joylashishi, boshqaruv organlarining boshqarishga qulayligi va haydovchi atrofidagi bo’shliq kiradi. Haydovchining o’rindiqda qulay joylashishi uning harakatlari aniq va tez bajarilishiga olib keladi, natijada haydovchi uzoq vaqt charchamasdan ishlashi mumkin.
Fiziologik ko’rsatkichlar avtomobilning boshqaruv organlariga sarflanadigan kuchning haydovchi organizmining jismoniy imkoniyatlariga muvofiq kelishini belgilaydi. Fiziologik ko’rsatkichlarga avtomobilning boshqaruv organlariga qo’yilgan kuch va boshqarishni avtomatlashtirish kiradi.
Psixologik ko’rsatkichlar haydovchiga ta’sir qilayotgan barcha axborotlarning uning psixofiziologik imkoniyatlariga mosligini belgilaydi. Ularga avtomobilning agregat va tizimlaridan kelayotgan axborot, haydovchi ish joyidan ko’rinuvchanlik, tovush orqali uzatiladigan axborot kiradi.
Xaridorgirlik talablargazamonaviy talablarga javob beradigan yuqori sifat; patent tarafdan toza; xalqaro tan olish; eksport qilinishi mo’ljallanayotgan davlatlarning maxsus talablarga javob berishi kiradi.
Yuqorida sanab o’tilgan barcha talablarni bir vaqtda qondirib bo’lmaydi, chunki ba’zi talablar bir-biriga qarshi bo’lishi mumkin. Shuning uchun avtomobilning vazifasi va ishlatilish sohasiga qarab avtomobilni loyihalash chog’ida o’rtacha echim qabul qilinadi.
Har bir avtomobil ma’lum ekspluatatsiya sharoiti uchun yaratiladi. Transport vositalarini ekspluatatsiya qilish sharoiti uch qismdan iborat:
- transport sharoiti;
- yo’l sharoiti;
- ob-havo sharoiti;