SHaxs va jamiyat. Faollik va doimiy kamolotga intilish bilan bir qatorda shaxsning muhim xususiyatlaridan biri uning erkinligidir. Erkinlikning yo‘qligi turli ko‘rinishlarda namoyon bo‘lishi mumkin: qullik, krepostnoylik, qamoq, ma’naviy qullik va hokazo. Erkinlikning yo‘qligi shaxsiy mas’uliyatning yo‘qligini anglatadiki, u siz shaxs haqida so‘z ham yuritish mumkin emas. Bunda shuni esda tutish kerakki, erkinlik bu anarxiya emas, zero «jamiyatda yashab undan ozod bo‘lish mumkin emas».
Erkinlik va mas’uliyat ikkita o‘zaro dialektik bog‘langan qarama-qarshilikni tashkil etadi. Inson o‘zining ijtimoiy majburiyatlarini, jamiyat oldidagi burchini, o‘z mas’uliyatini tabiiy bir hol, o‘z erkinligi va ijtimoiy faolligining uzviy bir qismi sifatida qabul qilgandagina chinakam shaxsga aylanadi.
Insonning hayotiy faolligi uning shaxsining shakllanishining asosiy omili sifatida namoyon bo‘ladi. Mazkur jarayon davomida faqat tabiiy va ijtimoiy dunyoga moslashish yuz berib qolmasdan balki inson uni o‘z xohishiga mos ravishda o‘zgartiradi. Bunda chinakam insoniy, shaxsiy, ijtimoiy taqozo etilgan olam shakllantiriladi. Jamiyatning o‘zi, uning tizimi va tuzilishi, undagi munosabatlarni tashkil etuvchi unsurlar - bularning hammasi shaxsning bunyodkorlik faoliyatining, uning dunyoni o‘zgartiruvchi ijodiy faoliyatining natijasi.
Ushbu o‘zgarish jarayoni cheksizdir, chunki faoliyat, faollik inson shaxsining mohiyatini tashkil etuvchi kuchlarning namoyon bo‘lishi, ochilishi va rivojlanishi demakdir. Dunyoni o‘zgartirar ekan, faol shaxs ayni paytda o‘z qobiliyatlari, mahorati, ko‘nikma va bilimlarini uzluksiz ravishda takomillashtirib borgan holda o‘z-o‘zini yaratadi. Faol hayoti va ishi davomida shaxs doimiy ravishda sotsium ichidagi o‘z aloqalarini kengaytiradi. Bunda insoniy ehtiyojlar doirasi kengayib boradi va shu bilan bir paytda mazkur ehtiyojlarni qondirish vositalarining sifat va son jihatdan o‘sishi yuz beradi.
Individ ijtimoiy fazilatlar va sifatlar majmuasini kasb etish butun insoniy sivilizatsiya, jamiyatning butun tarixi tomonidan to‘plangan tajribani uzluksiz va har tomonlama o‘zlashtirish orqali shaxsga aylanadi.
SHaxsning jamiyatdagi o‘rni va rolini Kantning quyidagi so‘zlari bilan tavsiflash mumkin: «Inson faqat vosita sifatida emas, balki maqsad sifatida ham o‘z-o‘zicha mavjud bo‘ladi..., o‘zining barcha xatti-harakatlarida u maqsad sifatida ham qaralishi zarur»56
Inson shaxsi – sotsium markazi. Jamiyatning rivojlanish tarixi shaxsning, ayrim olingan insonning o‘rni va ahamiyatining oshib borishi bilan uzviy bog‘liqdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |