Xulosa qilib aytganda, tushuntirish – insonning hamkorlik faoliyatida bilish jarayonlari obyektiga kirgan narsa va hodisalarning mohiyatini fikr uzatish, о‘zaro ta’sir о‘tkazish, ta’sirlanish, muloqot, taqlid yordami bilan oydinlashtirish, xotiradagi bilimlar va ijtimoiy tajribalar bilan ularni uyg‘unlashtirgan holda tushunish sari yetaklovchi aqliy faoliyat. Tushuntirish hamkorlik faoliyatida (fikrni izohlovchi – fikrni qabul qiluvchi ishtirokida) individual, trialogik, polilogik shakllarida amalga oshiriladi. О‘zining muddati, kо‘lami, uzatish vositalari, verbal va noverbal nutq turlari ustuvorligi bilan bir-biridan farq qiladi.
Insoniyat sivilizatsiyasi azaldan oqilona sivilizatsiya bо‘lib, unga borliqqa nisbatan oqilona yondashish, muammolarni yechishning amaliy-pragmatik usullarini topish ruhi xos. Aql, idrok, logos ratsionallikning aniq-ravshan kо‘rinib turuvchi tarkibiy elementlaridir. Biroq aql («sof» aqldan farqli о‘laroq) «sof bо‘lmasligi» ham mumkin. Idrok amalda oqilona bо‘lmagan narsaga ishora qilishi, logos-sо‘zi birdan Xudo, tuyg‘ular va muhabbatni madh eta boshlashi mumkin. Bu holda ratsionallik qayoqqa yо‘qoladi? U qayerda? Ayni holda ratsionallik transsendent tushuncha sifatida namoyon bо‘ladi.
Hozirgi olimlar fan rivojlanishining о‘ziga xos xususiyatlari tо‘g‘risida mushohada yuritar ekanlar, u avvalo о‘zining oqilonaligi bilan ajralib turishini, dunyoni о‘zlashtirish oqilona usulining keng tarqalishi tarzida gavdalanishini qayd etadilar. Fan ratsionallikning kognitiv-metodologik tizimini qadam-baqadam yaratmoqda, degan dabdabali fikrlarga ham duch kelish mumkin. Bunda ratsionallik tushunchasining hajmi noaniqligicha qoladi va buni qanday tushunish kerak, degan navbatdagi savolni о‘rtaga tashlaydi. Bu savolga javob topish yо‘lidagi izlanishlarda murakkab ilmiy muammolarni sog‘lom fikr nuqtai nazaridan yoritishga da’vogar ta’riflar yaxshi samara berdi. Shu nuqtai nazardan ratsionallik – bu avvalo insonni dunyoga bog‘lashning muayyan usuli. Inson dunyo bilan tabiatga, Xudoga, hayotga muhabbat orqali bog‘lanishi mumkin.
Ratsionallikning yagona universal talqini mavjud emas. Hozirgi zamon metodologlari ratsionallikning har xil turlari, chunonchi: «ochiq», «yopiq», «universal», «maxsus», «yumshoq», «о‘ta» ratsionallikni, shuningdek ijtimoiy, kommunikativ va institusiyaviy ratsionallikning о‘ziga xos xususiyatlarini qayd etib, «ratsionallik» tushunchasi kо‘p ma’noli tushuncha ekanligini e’tirof etadilar. Uning mazmuni:
1) aqlda aks etgan tabiiy uyushqoqlik sohalariga;
2) dunyoni konseptual-diskursiv tushunish usullariga;
3) ilmiy tadqiqot va faoliyat normalari va metodlari majmuiga bog‘lanishi mumkin.
О‘z-о‘zidan ayonki, bu ratsionallik bilan fan metodologiyasini tenglashtirish uchun imkoniyat yaratadi. N.Moiseyev fikriga kо‘ra, «borliq (aniqrog‘i – insonning о‘zini qurshagan muhitni idrok etishi) oqilona sxemalarni vujudga keltirgan. Ular о‘z navbatida metodlarni yaratgan, metodologiyani shakllantirgan. Metodologiya esa dunyo – Olam (universum)ning manzarasini oqilona tarzda chizish imkonini beruvchi vositaga aylangan»1. V.Shvirev «Hozirgi zamon madaniyatida ratsionallik» deb nomlangan maqolasida «ratsionallik tushunchasini talqin qilishda konseptual inqiroz yuzaga kelgan. Bu hozirda mazkur muammo yuzasidan ketayotgan munozaralarda о‘z aksini topadi va ratsionallikning muayyan tarixiy shakli – Yangi davr va Ma’rifat davridagi ratsionallik haqidagi klassik qarashlar bilan bog‘liq. Ratsionallikning hozirgi inqirozi – bu, tabiiyki, ratsionallik tо‘g‘risidagi klassik qarashlarning inqirozidir»,2 deb qayd etadi. Mazkur inqiroz aniq g‘oyaviy-konseptual mо‘ljallarning yо‘qolishi bilan bog‘liq. Klassik ratsionallik nuqtai nazaridan, dunyo qonunga muvofiq, strukturaviy uyushgan, tartibga solingan, о‘zini о‘zi rivojlantiruvchi hodisa deb tushunilgan.
Dunyoning hozirgi ilmiy manzarasida ratsionallikka ong va tafakkurning oliy hamda qonuniylik talablariga eng muvofiq tipi, madaniyatning barcha sohalari uchun namuna deb qaraladi. U maqsadga muvofiqlik bilan tenglashtiriladi. Ratsionallikning kashf etilishi tо‘g‘risida sо‘z yuritilganida, tafakkurning ideal obyektlar bilan ishlash qobiliyati, sо‘zning dunyoni aqlga muvofiq tarzda va tushunarli qilib aks ettirish qobiliyati nazarda tutiladi. Bu ma’noda ratsionallikning kashf etilishi qadimiyatga borib taqaladi. Insonning dunyoda о‘z о‘rnini topishining oqilona usuli ideal ma’nodagi faoliyat bilan bog‘liq, shuning uchun ham ratsionallik real obyektlarning faqat xayolda mavjud bо‘lgan ideal obyektlarga aylanishining maxsus tartib-taomillari uchun javobgardir. Ammo, ideal obyektlarni tuzish faoliyati xayolning cheksiz parvoziga imkon bersa, ilmiy ratsionallik, ya’ni fan e’tirof etuvchi ideal obyektlarni tafakkurda tuzish xayolning erkinligini cheklaydi. Unga amalda qо‘llash uchun yaroqli bilimlar kerak, binobarin, u faqat odamlarning hayoti va faoliyatida bevosita yoki bilvosita, dolzarb yoki potensial tarzda amaliy ahamiyatga ega bо‘lgan ideal obyektlar va tartib-taomillarnigina e’tirof etadi.
Bir tomondan, ilmiy ratsionallikni fan va tabiatshunoslikning rivojlanish tarixi, bilish tizimlarining takomillashtirilishi va metodologiya bilan bog‘laydilar. Bunda ratsionallik mantiqiy-metodologik standartlar bilan «qoplanadi». Boshqa tomondan, ratsionallik aqlga muvofiqlik, haqiqiylik bilan tenglashtiriladi. Bu yerda ham haqiqiy bilimning mezonlari, asoslari va dalillarini aniqlash, bilish tilini takomillashtirish muammolari birinchi о‘ringa chiqadi. B.S.Gryaznov fikriga kо‘ra, ilmiy bilimning oqilona tizimi, birinchidan, gomogen, ikkinchidan, berk bо‘lishi va nihoyat, uchinchidan, sababiy bog‘langan tuzilishga ega bо‘lishi lozim.
Ratsionallik faoliyatni tashkil etishning subyektga xos bо‘lgan universal vositasi sifatida ham tushuniladi. M.Veber fikriga kо‘ra, ratsionallik – kо‘zlangan maqsadga erishish vositalarining aniq mо‘ljali. L.Vitgenshteyn ta’biri bilan aytganda, sharoitga eng yaxshi moslashganlik. S.Tulmin fikricha – faoliyat qoidalarining tadrijiyligi. Kanadalik faylasuf U.Drey insonning e’tiqodlari, motivlari va qilmishlari о‘rtasida aloqa о‘rnatishga harakat qiluvchi har qanday tushuntirishni oqilona deb ataydi.
A.Nikiforov ratsionallik uch xil: «aql-idrok qonunlari»ga muvofiqlik sifatida, «maqsadga muvofiqlik» sifatida va fanning maqsadi sifatida qaralishi mumkinligiga e’tiborni qaratadi. Birinchi holda ratsionallik tushunchasining о‘zagini mantiq qonunlari tashkil etadi. Metodologlar ratsionallik haqida sо‘z yuritar ekanlar, avvalo ilmiy yoki mantiqiy-metodologik ratsionallikni nazarda tutadilar. Biroq ratsionallik qoidalar majmui bilan bog‘lansa, fanshunoslikka doir tarixiy tahlil u yoki bu metodologik qoida buzilgan, olim esa bunda ilmiy natijalarga erishmagan kо‘p sonli ziddiyatlar haqida «shivirlay» boshlaydi. Shunday qilib, ratsionallikning yagona universal tushunchasini topish mumkin emas. Bu g‘oyani metodologlar ham qayd etadilar. Ular ratsionallikning har xil modellari, binobarin, metodologiyaning ham har xil modellari mavjudligini ta’kidlaydilar. Bular:
1) induktivistik model (Karnap, Xesse);
2) deduktivistik model (Gempel, Popper);
3) evolyusionistik model;
4) tо‘rsimon model (Laudan);
5) realistik model (Nyuton-Smit).
Bunga paradigmal modelni ham, tanqidiy ratsionalizm tamoyilini qabul qilishga asoslangan modelni ham, ilmiy tadqiqot dasturiga asoslanuvchi modelni ham, fanni tematik tahlil qilish modelini ham qо‘shimcha qilish mumkin. Bu modellarning barchasi о‘zlarining u yoki bu vakillari fanning haqiqiy tarixini qabul qilingan algoritmga muvofiq oqilona rekonstruksiya qilib, shu yо‘l bilan fan rivojlanishining yagona yо‘nalishini olishlarini nazarda tutadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |