6-MAVZU. FALSAFANING METOD, QONUN VA KATEGORIYALARI
REJA:
Falsafa tarixida rivojlanish haqidagi qarashlar evolyusiyasi.
Umumiy o‘zaro aloqa va rivojlanishning dialektik tamoyillari.
Qonun va uning tasnifi.
Falsafa tarixida rivojlanish haqidagi qarashlar evolyutsiyasi. Harakat, taraqqiyot, umumiy bog‘lanish va aloqadorlik to‘g‘risidagi falsafiy ta’limotlar ham falsafa fani bilan birga paydo bo‘lgan. Bu muammolar tahlili falsafada «dialektika» tushunchasi orqali ifodalangan. Bu tushuncha falsafa tarixida turli davrlarda turli ma’nolarni ifodalab kelgan. Dialektika dastlabki davrlarda o‘zaro bahs, munozara olib boruvchi mutafakkirlarning muhokamalaridagi qarama-qarshi, zid fikrlarning to‘qnashuvi va shular asosida haqiqatni aniqlash ma’nosini ifodalagan. Antik davr mutafakkirlarining ma’lumotiga ko‘ra, munozarada ishtirok etuvchilar, o‘z muhokamalarida bir-birlariga muqobil savollarni berib, bu savollarga har tomonlama yondoshib, ulardagi bir tomonlamaliklarni bartaraf qilishga uringanlar. Bunda, ular, o‘z muhokamalarida har xil nuqtai nazarlarni hisobga olgan holda, ilmiy, nazariy, ahloqiy, siyosiy, huquqiy va shu kabi voqea-hodisalar to‘g‘risida o‘z qarashlarini ishlab chiqqanlar. Ular shundan kelib chiqib, dialektika deganda o‘zaro bahslashuv san’atini, munozara asosida haqiqatga erishish usulini tushunganlar. Masalan, antik davr mutafakkiri Suqrot dialektikani bahslarda yo‘l qo‘yiladigan qarama-qarshi fikrlar o‘rtasidagi ziddiyatlarni ochish orqali haqiqatga erishish san’ati, deb tushungan. Dialektikani bahs san’ati sifatida tushunish hatto o‘rta asrlarda ham davom etgan. Buni o‘rta asrlar mutafakkiri Per Abelyarning «Ha va yo‘q» nomli asari yaqqol tasdiqlaydi.
nazariyasi faqat nemis klassik falsafasidagina paydo bo‘ldi. Bu falsafaning asoschilaridan biri Immanuil Kant rivojlanish g‘oyasini quyosh sistemasi va barcha yulduzlar dunyosini izohlashga tatbiq etib, uni hatto insonning ijtimoiy rivojlanishiga, xususan, insonning ahloqiy rivojlanishiga ham joriy etishga urinadi. Kantning shogirdi Gerder esa rivojlanish g‘oyasini butun xalqlarning tarixi taraqqiyotiga va insoniyat madaniyati taraqqiyotiga birinchi bo‘lib tatbiq etadi. Bu davrga kelganda, dialektika tushunchasi endi rivojlanish g‘oyasini ifodalay boshlaydi.
Dialektika borliq, ya’ni tabiat, jamiyat va inson tafakkuridagi aloqadorliklar va rivojlanishlarning umumiy qonuniyatlari haqida bizga to‘g‘ri yo‘nalish berib, dunyoni o‘zlashtirish va o‘zgartirish yo‘llarini ko‘rsatib beruvchi nazariyadir, usuldir. Dialektika dunyoning haqiqiy ilmiy manzarasini yaratib, kishilarda ilmiy dunyoqarashni shakllantirishga yordam beradi. Chunki ilmiy asoslangan dialektika, birinchidan, dunyodagi har bir narsa yoki hodisaning hamma tomonlarining bir-birlariga bog‘liq bo‘lishi va bir-birlari bilan juda mustahkam aloqador ekanligi to‘g‘risida chuqur ma’lumot bersa, ikkinchidan, u bosib o‘tilgan bosqichlarni takrorlanayotgandek bo‘lib ko‘rinadigan, lekin ularni boshqacha, yanada yuqoriroq negizda takrorlaydigan taraqqiyot, to‘g‘ri chiziq bilan emas, balki spiral tarzda boradigan, ma’lum holatlarda boshlang‘ich holga go‘yo qaytganday bo‘lib ko‘ringan, ma’lum tanazzullar va bo‘hronlar bilan bo‘ladigan ilg‘or taraqqiyot to‘g‘risidagi ta’limot hisoblanadi. Dialektika kishilarning, ularni qurshab turgan dunyoni bilishining umumiy usuli sifatida dunyoga dialektik qarashni vujudga keltirgan. Dunyoga dialektik qarash — bu barcha narsa va hodisalarni, ularning inson miyasidagi in’ikoslari — inson bilishini ham o‘zaro aloqadorlikda va bog‘lanishda, qarama-qarshiliklar birligi va kurashida, miqdor va sifat o‘zgarishlarining bir-biriga o‘tishida, eskining o‘rnini yangi egallashida, xullas, ularni «o‘z harakati»da, o‘zgarib va rivojlanib turishida, paydo bo‘lib va yo‘q bo‘lib turishida, va ayni vaqtda hamma narsa o‘zaro bog‘liqlik va aloqadorlikda va o‘zaro munosabatda, deb tushunishdir. Bunday tushunish dialektik qarashni vujudga keltiradi. Dunyoga dialektik qarash dialektik tafakkurni yuzaga keltiradi.
Dialektik tafakkur sub’ekt tafakkurining rivojlanish darajasiga ham bog‘liqdir. Tabiat va jamiyatda pirovard natijada hamma narsa dialektik tarzda yuz beradi. Bu dialektik jarayon sub’ekt miyasida in’ikos etganda, paydo bo‘lgan tasavvur va tafakkur yo metafizik yoki dialektik yo‘l bilan hosil qilinishi mumkin. Dialektik tafakkur shu jihatdan inson tafakkuri taraqqiyotining nisbatan yuqori bosqichiga xosdir. Dialektik tafakkur borliqdagi narsa va hodisalar asli qanday bo‘lsa, ularning sub’ekt miyasida muayyan fikr shaklida xuddi shunday aks etishidir. Dialektik tafakkur — bu dialektik fikrlash usuli. Dialektik tafakkur ham tabiatshunoslik va ijtimoiy fikr taraqqiyoti bilan o‘zgarib, rivojlanib boradi. Uning keyingi davr ijtimoiy taraqqiyot bilan, jahon xalqlari hamjamiyatlarining vujudga kelishi bilan bog‘liq yuzaga kelgan shakli, bu — yangicha tafakkurdir. Yangicha tafakkurning asosini jamiyatni dialektik tushunish tashkil qiladi. Dialektik tafakkur usuli o‘z mohiyati bilan sofistik, eklektik va dogmatik tafakkur usullaridan tubdan farq qiladi. Tafakkurning sofistik, eklektik, metafizik-dogmatik usullari dialektik tafakkur usulining muqobillaridir. Ular inson tafakkuri faoliyatining turli qirralari sifatida bir-birlariga ham qarama-qarshi, ham, ayni vaqtda, bir-birlarini to‘ldiradilar. Ularning har birining inson tafakkuri jarayonida o‘z o‘rni bor. Biz ularning har biri bilan qisqacha tanishib chiqamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |