2-bob. Davlat inspeksiyasining, markaziy apparat va hududiy inspeksiyalarning vazifalari hamda funksiyalari
§ 1. Davlat inspeksiyasining vazifalari va funksiyalari
9. Quyidagilar yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish Davlat inspeksiyasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
1) aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, davriy bosma nashrlarni tarqatish sohasida qonun hujjatlari, normativ hujjatlar va davlat standartlari talablariga rioya qilish;
2) o‘z vakolati doirasida pochta aloqasi, axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalari xizmatlarining sifatli taqdim etilishi, davriy bosma nashrlar, fonogrammalar, audiovizual asarlar va EHM uchun dasturlar tarqatilishida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish choralarini ta’minlash;
3) fonogrammalar, audiovizual asarlar, EHM uchun dasturlar tarqatish (sotish, ijaraga berish va barchaning e’tiboriga yetkazish)da mualliflik huquqlari sohasidagi qonun hujjatlariga va normativ hujjatlarga rioya qilish;
4) normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiq davlat organlari va tashkilotlarida, shuningdek, boshqa tashkilot va idoralarda “Elektron hukumat” tizimida infratuzilmani rivojlantirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish;
5) ish va boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish, integratsiyalashgan axborot tizimlarini, ma’lumotlar uzatish va almashishning idoralararo tarmoqlarini joriy etish va ulardan foydalanish, davlat axborot resurslari integratsiyasi, shu jumladan elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish samaradorligi;
6) “oxirgi milya” tamoyili bo‘yicha Internet tarmog‘idan keng polosali foydalanishni, multiservis aloqa tarmoqlari texnologiyalarini, mobil aloqa bozorini, boshqa zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlarini, shuningdek, pochta aloqasi xizmatlarini va davriy bosma nashrlar tarqatishni kengaytirish yo‘li bilan telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish.
10. Davlat inspeksiyasi o‘ziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
1) aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, davriy bosma nashrlarni tarqatish sohasida qonun hujjatlari, normativ hujjatlar va davlat standartlari talablariga rioya qilinishi yuzasidan nazorat sohasida:
xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan litsenziyalash haqidagi qonun hujjatlari, litsenziya bitimlari bajarilishi, radiochastota spektridan foydalanish, pochta aloqasi va telekommunikatsiyalar tarmoqlaridagi, ma’lumotlar uzatishdagi xavfsizlik, axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik, teleradioeshittirish va axborot tizimlarida xavfsizlik bo‘yicha texnik va texnologik talablar bajarilishini nazorat qiladi, o‘rganadi va tekshiradi;
aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida litsenziya talablari va shartlarini buzgan holda, shuningdek, tegishli litsenziyani rasmiylashtirmasdan faoliyatni amalga oshirayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarni aniqlaydi, o‘rganadi va tekshiradi;
telekommunikatsiyalar, pochta aloqasi, davriy bosma nashrlarni tarqatish xizmatlarini ko‘rsatishda, shuningdek, telekommunikatsiyalar tarmoqlarini, shu jumladan mobil aloqa, radioelektron vositalar, yuqori chastotali qurilmalar va telekommunikatsiya tizimlari tarmoqlarini loyihalash, qurish, qayta qurish, kengaytirish va foydalanishda qonun hujjatlari, normativ hujjatlar va davlat standartlari, amaldagi normalar va qoidalarning bajarilishini nazorat qiladi va tekshiradi;
elektr aloqa tarmoqlarining umumiy foydalanishdagi aloqa tarmoqlariga ulanishi qoidalarining, jumladan ulanish shartlarining bajarilishini nazorat qiladi, o‘rganadi va tekshiradi;
radioelektron vositalarni, yuqori chastotali qurilmalarni va telekommunikatsiya tizimlarini O‘zbekiston Respublikasi hududida sotib olish (berish) hamda chet eldan olib kelish tartibini, pochta va telekommunikatsiyalar tarmoqlari va inshootlarida sertifikatlashtirilgan asbob-uskunalar qo‘llanishini nazorat qiladi, o‘rganadi va tekshiradi;
radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarning elektromagnit moslashuvchanligini ta’minlash bo‘yicha tashkiliy-texnik tadbirlar bajarilishi ustidan nazorat, tekshiruv va monitoring olib boradi;
radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalar radionurlanishlari parametrlari, radiochastota spektridan foydalanish qoidalariga rioya qilinishi ustidan nazorat, tekshiruv va monitoring olib boradi, aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, radiochastota spektridan foydalanish va elektron raqamli imzo sohasida monitoringni olib borish, huquqbuzarliklarning oldini olish va ularga chek qo‘yish masalalarida huquqni muhofaza qilish organlari va boshqa organlar bilan o‘zaro hamkorlik qiladi;
Do'stlaringiz bilan baham: |