6.4. Chigʻatoy ulusida ijtimoiy-iqtisodiy holat va davlat boshqaruvi
Zabt etilgan oʻlka va viloyatlarni Chingizxon hayotlik paytidayoq oʻgʻillari va nabiralariga taqsimlab berdi. Sharqiy Turkiston, Yettisuv va Movarounnahrga uning ikkinchi oʻgʻli Chigʻatoy ega boʻldi. Chingizxon vafotidan soʻng (1227- y.) Oʻqtoy moʻgʻullar davlatining ulugʻ xoqoni qilib tayinlandi. Turkiy aholi odati boʻyicha podshoh yoki xoqon deb, ulus hukmdorlari esa xon deb yuritilardi.
Chigʻatoy davlatini boshqarishda oʻziga boʻysundirilgan xalqlarning yuqori tabaqa vakillari xizmatidan foydalanar edi. U Movarounnahrni bevosita idora etish ishlarini xorazmlik savdogar sudxoʻr Mahmud Yalovochga beradi. Mahmud Yalovoch xalqdan turli soliqlar undirib berar edi. Kalon dehqonlardan olinadigan asosiy soliq boʻlib, xosilning 10/1 qismini tashkil qilgan. Kopchur chorvadordan olinib, “Yasoq” qonuni boʻyicha aholidan Shulsi deb atalgan soliq undirilgan. Yuqoridagi soliq va majburiyatlardan tashqari aholi yana mahalliy toʻralarning zulmidan azob chekar edilar.
Bosqinchilar va mahalliy zodagonlarining zulm va sitamlariga qarshi xalq bir necha bor kurashga koʻtarildi. 1238- yilda Buxoroga yaqin Torob qishlogʻida boshlangan qoʻzgʻolonga shu qishloqlik hunarmand Mahmud Torobiy boshchilik qildi. qoʻzgʻolonga Buxoro ruhoniylarining boshligʻi Shamsuddin Mahbubiy ham qoʻshildi. Qoʻzgʻolonchilar moʻgʻul lashkarlarini Buxoro ostonalarida tor-mor keltirdilar. Magʻlubiyatga uchragan moʻgʻullar Karmanaga chekinadilar. Mahmud Torobiy oʻzini Buxoro va atrof yurtlarning hukmdori deb, Shamsuddin Mahbubiy esa sadr deb rasmiy ravishda e'lon qildi.
Karmana ostonalarida qoʻzgʻolonchilar bilan moʻgʻullar oʻrtasida qattiq jang boʻladi. Bu jangda moʻgʻullardan 10 ming kishi oʻldiriladi. Ammo qoʻzgʻolonchilarning rahbari Mahmud Torobiy va Shamsuddin Mahbubiylar ham jangda xalok boʻladi. Mahmud Torobiyning ukalari Muhammad va Ali qoʻzgʻolonga rahbarlikni oʻz qoʻllariga olgan boʻlsalar-da, ular yoshlik va tajribasizlik qildilar. Xoʻjandga yetib kelgan Mahmud Yalovoch qoʻzgʻolonni shafqatsizlik bilan bostiradi va qoʻzgʻolonchilar qattiq jazolanadi. Mahmud Torobiy qoʻzgʻolonining ahamiyati katta edi.
Mahmud Yalovoch amalidan chetlatiladi va Pekinga hukmdor qilib tayinlanadi. Chigʻatoy ulusiga Yalovochning oʻgʻli Ma’sudbek noib hamda ijarador qilib tayinlanadi.
XIII asrning oʻrtalarida moʻgʻullar davlatining umumsiyosiy ahvoli ogʻirlashdi. Chingiziylar oʻrtasida ziddiyatlar kuchayadi. 1251- yil Qoraqurumda chaqirilgan qurultoyda ziddiyatlarga chek qoʻyish maqsadida Guluxonning bosh farzandi Munka ulugʻ xoqon etib saylanadi. Munka davrida Chigʻatoy ulusi tugatiladi. Ammo tez orada Chigʻatoy nabirasi Olquxon Oltin oʻrdaga qarshi keskin choralar koʻrib, 1260- yillarda Chigʻatoy ulusini qaytadan tiklashga muvaffaq boʻladi.
XIII asrning 70-80- yillarida Movarounnahrda sekinlik bilan boʻlsada, shahar hayoti, hunarmandchilik va savdo munosobatlari jonlana boshladi. Ma’sudbek pul isloxoti oʻtkazib, oʻlkaning 16 shahar va viloyatlarida bir xil vazn va oʻlchovda yuqori qiymatga ega boʻlgan kumush tangalar zarb ettirib, muomalaga kiritdi. Chigʻatoy avlodlari oʻtroq madaniy hayotga intilib, asta-sekin mahalliy aholi bilan qoʻshilib ketadilar. Ular hokimiyatlarini mustahkamlash maqsadida islom dinidan foydalanadilar Chigʻatoyning nabirasi Muborakshoh (1364) moʻgʻul hukmdorlaridan birinchi boʻlib islomni qabul qilgan.
Chigʻatoy xonlaridan biri Kebek (1318-1326) qadimgi Nasaf shahri yonida oʻziga saroy qurdirgan. Saroy moʻgʻul tilida "Qarshi" deb yuritilgan. Keyinchalik bu saroy atrofida yangi shahar qad koʻtaradi va u ham "Qarshi" deb atala boshlanadi.
Kebek davlatni idora etish tizimini va uning iqtisodiy hayotini tartibga solish maqsadida ma’muriy va pul sohasida isloxot oʻtkazadi. Bu isloxotlar qadimiy ananalarga barham bera olmagan boʻlsada, u Movarounnahrda feodal davlatni mustahkamlashda ijobiy rol oʻynadi. Kebek davrida ichki va tashqi savdoni yaxshilash maqsadida mamlakatda yagona pul birligi joriy qilindi.
Chigʻatoy ulusi hukmdorlari davrida yerga egalik qilishning toʻrt turi mavjud edi:
1. Mulki devon, ya’ni davlatga qarashli yerlar;
2. Mulki inju-xon noiblari va ularning avlod-ajdodlariga qarashli yerlar;
3. Mulki vaqf-masjid, madrasa, xonaqoh, mozor va maqbaralarga tegishli yerlar;
4. Xususiy mulk yerlar.
1269- yilda Chigʻatoy ulusi ikki qismga boʻlinib ketadi. Uning Sharqiy qismida – Sharqiy Turkiston, Yettisuvda moʻgʻullarning Duqlat amirligi, harbiy qismida esa Movarounnahr amirligi tashkil topadi. Moʻgʻullar bosqini oʻlkamiz moddiy va madaniyati taraqqiyotini bir necha yuz- yillar orqaga yubordi.
Do'stlaringiz bilan baham: |